NUTQDA XALQ OG‘ZAKI IJODI NAMUNALARIDAN RIVOYATLAR, HIKMATLI SO‘ZLAR VA MAQOLLAR, MATALLARDAN FOYDALANISH
Notiqlik hammaning ham qo‘lidan kelaveradigan oson kasb emas. Notiqlik har bir aqlli, bilimli insondan katta salohiyat, qobiliyat talab qiladi. Inson – oliy mavjudot. Insonda eshitish qobiliyati bor, yoqimli ovozni, yoqimli gaplarni, yoqimli musiqani eshitib, maza qiladi, lazzatlanadi. Insonda ko‘rish qobiliyati bor. Go‘zalliklarni ko‘rib huzurlanadi. Tabiatda ko‘plab tog‘lar, sharsharalar, lolazorlar kabi manzaralarni ko‘rgan inson hayratlanadi, quvonadi. Tasviriy san’at, haykaltaroshlik san’ati kabi ko‘plab san’at turlarini inson ko‘rib, dunyoqarashi, aql-idroki o‘sadi, so‘z boyligi kengayadi, tasavvuri yanada ravonlashadi. Notiq nutqining ifoda ko‘lami kengayishida barcha ijodkorlar qatori yozuvchilar, shoirlarning alohida o‘z o‘rni bor. Masalan: Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Tohir Malik, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, To‘ra Sulaymon, Rauf Parfi, Tog‘ay Murod, Muhammad Yusuf, Iqbol Mirzo, Isajon Sulton, Botir Ergashev kabi so‘z san’atkorlarining har biri alohida olam. Ularning yangi so‘z, iboralar yaratishi, so‘z qo‘llashi, ifodalashi, yaratgan obrazlarining xususiyatlari – hamma-hammasi har xil. Ulardan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan qaysi notiqlardan nimalarni o‘rganish mumkin? Minhojiddin Mirzo, Ahmadjon Meliboyev, Muhammadjon Quronov, Sultonmurod Olim, Hamidulla Boltaboyev, Nizomiddin Mahmudov, Abdulhay Sobirov, Muslimbek Yo‘ldoshev, Qozoqboy Yo‘ldoshev kabi ko‘plab notiqlarimiz borki, ular nutqida qo‘llaydigan so‘zlar, iboralar, maqollar, hikmatlar, rivoyatlarni o‘z o‘rnidaligi diqqatga sazovordir. Bu notiqlarning gaplarini, ma’ruzalarini eshitgan inson katta ma’naviy ozuqa oladi, nutqlarida birorta ortiqcha jumla, so‘z, ibora bo‘lmaydi. Havas qilgulik darajada nafis, maqsadli, g‘oyali, mazmunli. Ba’zi insonlarda yozma nutq nihoyatda rivojlangan bo‘ladi. Buni ham esdan chiqarmaslik kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |