8. 4. Til siyosati
Til siyosati deganda, davlat, sinf, ijtimoiy guruhlarning mavjud tillar
yoki til osti tizimlari vazifalarini o‘zgartirish yoki saqlab qolish, yangi
lingvistik me’yorlarni joriy qilish yoki eski me’yorlarni saqlab qolishga
qaratilgan tadbirlar majmuyi tushuniladi.
Til siyosatini ichki va tashqi til siyosatiga ajratish mumkin. Ichki til
siyosati deganda, muayyan davlat doirasida bir yoki bir qancha tillarga
nisbatan qo‘llanilgan chora-tadbirlar majmuyi ko‘zda tutiladi. Ko‘p millatli
davlatlarda bir qancha tillar faoliyat ko‘rsatadi, shuning uchun ham bunday
davlatlarning til siyosati milliy siyosatning muhim tarkibiy qismlaridan biri
hisoblanadi. Masalan, Ispaniyada ispan (kastil), katalon, galisiy va bask
tillari rasmiy tillar hisoblanadi. Yoki Fransiyani oladigan bo‘lsak, uning
ichki til siyosati birinchi galda fransuz tilini unifikatsiya qilish, yoyish va
mashhur qilishga qaratilgan. Fransuz hukumatining 1989-yil 2-iyundagi
dekreti bilan Fransuz tili boshqarmasi (DGLF) tashkil qilingan. Mazkur
tashkilotning vazifasi fransuz tilini to‘g‘ri qo‘llash va uni yoyishga
ko‘maklashadigan boshqarmalar, davlat va nodavlat tashkilotlarini nazorat
qilish, til masalalari bilan shug‘ullanishdan iborat. Fransuz tili boshqarmasi
davlat til siyosatini uch tamoyil asosida hayotga tatbiq qilish vakolatini
olgan: 1) Respublika tili bo‘lgan fransuz tili obro‘yini oshirish; 2) fransuz
tilining xalqaro muloqotdagi rolini mustahkamlash; 3) turli til va
madaniyatlarni hurmat qilish hamda plurilingvizmni qo‘llab-quvvatlash.
O‘zbekistonning ichki til siyosatiga 1989-yildagi “O‘zbekiston
Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni, 1995-yildagi mazkur
qonunning yangi tahriri, 1993-yildagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek
alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi”, 1997-yildagi “Kadrlar tayyorlash milliy
dasturi to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi va h.k.ni misol qilib
keltirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |