O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta
Download 1.35 Mb.
|
53511c77e324f
15.3. Yengilroq jazo tayinlash
Odatda, aybdorga sodir etgan jinoyati uchun qonunda nazarda tutilgan jazo qo‘llanishi kerak. Yengilroq jazo qo‘llashga asos bo‘lib, qilmish va aybdor shaxs uning aybi darajasi va shakli shaxsning jinoyat sodir etgungacha hamda undan keyingi xulq-atvori jinoyatni sodir etish sabablari va shart-sharoitlarining jami asos bo‘lishi mumkin va sudning hukmiga ko‘ra, mazkur holatlarda aybdorni tuzatish, jinoyatning umumiy oldini olish vazifalariga erishish uchun mazkur jinoyat uchun qonunda ko‘rsatilganidan ham yengilroq jazo tayinlanadi. Bu qoida Jinoyat kodeksining 57-moddasida ko‘rsatilgan bo‘lib, unda shunday bayon qilinadi: «Sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlarni e’tiborga olib, alohida hollarda ushbu kodeks «Maxsus» qismining moddasida nazarda tutilgan mazkur jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham qamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazoni tayinlashi mumkin». Qonun chiqaruvchi organ Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismi dispozitsiya va sanksiyalarini tuzib chiqar ekan, har bir jinoyat uchun undagi holatlar, vaziyatlar, yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni to‘la e’tiborga ololmaydi. Ayrim hollarda sud sanksiyada ko‘rsatilgan jazoning eng oz qismini tayinlaganda ham jazo qattiq bo‘lib qolishi va Jinoyat kodeksining 42-moddasida nazarda tutilgan jazoning maqsadiga javob bermasligi ham mumkin. Shuning uchun sud buni jazo tayinlashda e’tiborga oladi. Sodir etilgan jinoyatda ana shunday vaziyatlarning bo‘lib qolishi mumkinligini e’tiborga olib, qonun chiqaruvchi organ Jinoyat kodeksining 54-moddasida nazarda tutilgan qoidalardan istisno tariqasida, ya’ni sanksiya doirasida jazo tayinlash qoidasidan chetga chiqib, Jinoyat kodeksining 57-moddasida ko‘rsatilganidan ham yengilroq jazo tayinlash qoidasi kiritildi. Ammo qonunda faqat favqulodda holatlarda sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi, yengillashtiruvchi holatlarda mavjud bo‘lsa, jazo tayinlashning umumiy qoidalaridan bunday chetga chiqishga yo‘l qo‘yiladi. Ammo qonunda aynan qanday holatlarda yengilroq jazo tayinlanishi mumkinligi ko‘rsatilmay, faqat Jinoyat kodeksining 57-modda, 3-qismida: «Sodir etilgan qilmish xususiyatlarini ifodalovchi holatlar, ya’ni aybdorning shaxsi, aybining shakli va darajasi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, shaxsning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvori jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar, deb topilishi mumkin»ligi ko‘rsatilgan. Bunday holatlarga jinoyat sodir etish motivi va maqsadini, yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini kiritish mumkin. Jinoyat kodeksining 57-moddasida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha yengilroq jazo tayinlash uchun Jinoyat kodeksining 55-moddasida belgilangan holatlardan farq qiluvchi, qandaydir alohida yengillashtiruvchi holatlarda jinoyatning sodir etilishi talab qilinmaydi, sud amaliyotiga ko‘ra sudlar Jinoyat kodeksining 55-moddasida belgilangan va belgilanmagan yengillashtiruvchi bir nechta holatlarning mavjudligini e’tiborga olib, agar qilmishda og‘irlashtiruvchi holatlar bo‘lmasa, yengilroq jazo tayinlashni qo‘llamoqdalar. Bunda sudlar yengillashtiruvchi holatlar sifatida aybdorning jamiyat va davlat oldidagi xizmatlarini, keksaligi, yoshligi, sog‘lig‘ining yomonlashganligini, qaramog‘ida yosh bolalari, mehnatga yaroqsiz ota-onasi borligi va boshqalarni hisobga oladilar. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 1996-yil 19-iyuldagi «Jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorida «Jinoyat kodeksining 57-moddasiga muvofiq, qonunda nazarda tutilgan jazoning eng kam qismidan ham qamroq jazo tayinlash yoki boshqa yengilroq jazo turiga o‘tish faqat sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavfliligi darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar mavjud bo‘lgandagina mumkin bo‘ladi, masalan, ma’naviy zararning yo‘qligi yoki yetkazilgan mulkiy zararning qoplanganligi, ota-onasining jiddiy kasalligi, ularning mehnatga yaroqsizligi, aybdorning oilada yagona boquvchi ekanligi, sudlanuvchining keksaligi, jabrlanuvchining g‘ayriqonuniy harakatlari jinoyat sodir etilishining sababi bo‘lganligi va shunga o‘xshash holatlar bo‘lishi mumkin». Qonun yengilroq jazo tayinlashning ikki usulini nazarda tutadi va sud ulardan birini ish holatiga qarab, qo‘llashi mumkin. Bular: a) sanksiyada ko‘rsatilgan jazoning eng kam qismidan ham kamroq jazo tayinlash; b) yengilroq jazo turini tayinlashdir. Eng kamidan ham qamroq jazo tayinlashda sud aybdorni qilmishi kvalifikatsiya qilingan normaning sanksiyasida belgilangan jazo turlarini birini, lekin berilgan jazo turi uchun sanksiyada belgilangan jazoning eng kam miqdordan ham kamrog‘ini tayinlaydi. Masalan, Jinoyat kodeksining 137-moddasi, 1-qismi bo‘yicha odam o‘g‘irlaganlik uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan, sud esa, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda aybdorga bir yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashi mumkin. Jinoyat kodeksining 57-moddasida sud tayinlanayotgan jazo turining muddati yoki miqdorini qancha miqdorga kamaytirishi mumkinligi ko‘rsatilmagan, sud tomonidan tayinlangach jazo muddatining eng kam qismi ushbu jazo Jinoyat kodeksining «Umumiy» qismida ko‘rsatilgan muddatining eng kam qismigacha bo‘lishi mumkin (masalan, Jinoyat kodeksining 44–46-moddalar va hokazo). 18 yoshga to‘lmasdan jinoyat sodir etgan shaxsga jazo tayinlashda sud Jinoyat kodeksining 82–84-moddalarida ayrim turdagi jazolar uchun belgilangan jazolarning eng kam qismini qo‘llashi lozim. Jinoyat qonuni, ya’ni Jinoyat kodeksining 57-moddasida boshqa yengilroq turdagi jazo tayinlash, shuningdek, sanksiyada belgilangan eng kam doiradan ham qamroq jazo tayinlash uchun sudga katta imkoniyat bergan. Ammo ba’zan ushbu holatga hojat qolmaydi, chunonchi agar sud qo‘llayotgan huquqiy normaning sanksiyasida berilgan jazo turining faqat eng ko‘p muddati belgilangan bo‘lsa, sud yengilroq jazo tayinlash usulini qo‘llay olmaydi. Masalan, jinoyat uchun 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish nazarda tutilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 57-moddasiga murojaat qilinmaydi. Agar «Maxsus» qism moddasining sanksiyasida jazoning eng ko‘p qismi ko‘rsatilib, eng kam qismi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining «Umumiy» qismi tegishli moddasidagi jazo turining eng kam qismi bu jazoning minimal muddati hisoblanadi. Yengilroq jazo tayinlashning ikkinchi usuli sud qo‘llayotgan huquqiy normaning sanksiyasida belgilangan jazo turi o‘rniga aybdorga boshqa, Jinoyat kodeksining 43-moddasida yoki jinoyat voyaga yetmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 81-moddasida belgilangan jazo turlaridan yengilrog‘ini tayinlashi mumkin. Bunda sud tanlagan yengilroq jazo turining miqdori Jinoyat kodeksining «Umumiy» qismi moddasida belgilangan doirada tayinlanadi. Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, jazo tayinlashda qonun Jinoyat kodeksining 43-moddasida belgilangan yengilroq jazo turini tanlashni cheklamaydi. Agar bunday jazo turi aybdorning qilmishi kvalifikatsiya qilingan huquqiy normaning sanksiyasida belgilangan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llamasdan tayinlanishi ham mumkin. Jinoyat kodeksining bir qator moddalarining sanksiyalarida muayyan huquqdan mahrum qilish aybdorga majburiy qo‘shimcha jazo sifatida tayinlanish belgilangan. Lekin, bunday talabga qaramasdan sud Jinoyat kodeksining 57-moddasida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lsa, uni qo‘llamasligi ham mumkin. Shunday qilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lsa, sud aybdorga yengilroq asosiy jazoni sanksiya doirasida tayinlashi, majburiy qo‘shimcha jazoni esa qo‘llamasligi mumkin yoki aybdorga yengilroq asosiy jazo tayinlashi mumkin yoki aybdorga yengilroq asosiy jazo tayinlash va majburiy qo‘shimcha jazoni qo‘llamasligi ham mumkin. Amaliyotda ba’zi sudlar Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab jazo tayinlashda oldin aybdor sodir etgan jinoyat uchun javobgarlik to‘g‘risidagi huquqiy normalar sanksiyasi doirasida jazo tayinlaydilar, keyin hukmning qaror qismida yengillashtiruvchi holatlarni ko‘rsatadilar, so‘ngra esa, Jinoyat kodeksining 57-moddasi asosida tayinlangan jazoni kamaytiradi, yoki yengilrog‘i bilan almashtiradi. Chunonchi, agar shaxs Jinoyat kodeksining turli moddalarida ko‘zda tutilgan bir necha jinoyat uchun sudlanayotgan bo‘lsa, yengilroq jazo tayinlash Jinoyat kodeksining 57-moddasi jinoyatlar jami bo‘yicha tayinlanadigan jazodan keyin emas balki alohida jinoyatlar uchun jazo tayinlash vaqtida qo‘llaniladi. Masalan, fuqaro S.ning jinoyat ishini olaylik. U. Jinoyat kodeksining 25–97-moddasi, 2-qismi, «a» bandi hamda Jinoyat kodeksining 248-moddasi, 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, sud tomonidan jazo tayinlash vaqtida har ikki modda bo‘yicha umumiy tarzda 57-modda qo‘llanilib, jazo tayinlangan. Ushbu ish bo‘yicha yuqoridagi qoidaga zid ravishda jazo tayinlash amalga oshirilganini ko‘ramiz. S. ning jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan hukm Oliy sud plenumining 1996-yil 19-iyuldagi «Jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi 16-qarorining 8.1-bandida ko‘rsatilgan talablar bajarilmaganligini ko‘rsatib, Oliy sud o‘z qarori bilan hukmni bekor qilgan1. S.ning jinoyat ishi bo‘yicha jazo tayinlash quyidagi tartibda amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi, ya’ni S.ning Jinoyat kodeksi 25, 97-moddasi, 2-qismi, «a» bandida ko‘zda tutilgan jinoyati hamda Jinoyat kodeksining 248-moddasi, 1-qismida nazarda tutilgan jinoyati uchun jazo tayinlashda har bir jinoyat uchun alohida-alohida og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni e’tiborga olib, 57-modda qo‘llanishi uchun asoslar mavjud bo‘lsa, ushbu modda ham har bir jinoyati uchun alohida tatbiq etilib, so‘ng 59-moddada ko‘zda tutilgan qoidaga ko‘ra, har bir jinoyati uchun tayinlangan jazolarni to‘la yoki qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar jami bo‘yicha jazo tayinlanishi kerak. Download 1.35 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling