Diqqat turlari
Psixik jarayonlar ixtiyorsiz (irodaga bog'liq bo'lmagan) yo'nalganlikka ham
ega bo'lishi mumkin. Bunday holatlarda ular ixtiyorsiz diqqat shaklida namoyon
bo'ladi. Masalan, kutilmagan, keskin signal bizning irodamizga bog'liq bo'lmagan
holda diqqatimizni o'ziga jalb qiladi. Lekin, psixik jarayonlarni namoyon
bo'lishining asosiy shakli bo'lib, ongning rejali yo'nalganligini xarakterlovchi,
ixtiyoriy (oldindan ko'zlangan) diqqat hisoblanadi. Ixtiyoriy diqqat zarur
ma'lumotni ajratib olish bilan ajralib turadi.
Psixik faoliyatni ixtiyoriy ravishda biron-bir ob'ektga yo'naltirish qobiliyati -
odam ongining asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Faoliyat jarayonida
ixtiyoriy diqqat, doimiy irodaviy zo'r berish talab qilmaydigan, ixtiyoriydan
so'nggi diqqatga o'tishi mumkin. Diqqatning barcha turlari odam ustanovkalari
bilan, uning ma'lum bir xatti-harakatni amalga oshirishga tayyorligi bilan
bog'liqdir. Ustanovka analizatorning sezgirligini, barcha psixik jarayonlar
darajasini orttiradi. Shunday qilib, agar biz ma'lum bir vaqtda va ma'lum bir joyda
biron bir ob'ektni paydo bo'lishini kutsak, unda uning namoyon bo'lishini osonroq
va yaxshiroq his qilamiz, sezamiz.
Diqqatning xususiyatlari
Diqqatning - yo'nalganligi, ko'lami, taqsimlanishi, jamlanishi, jadalligi
va ko'chishi kabi xususiyatlari - odam faoliyati tuzilishi bilan bog'langan.
Faoliyatning dastlabki bosqichida, umumiy oriyentatsiya amalga oshirilayotgan
vaqtda, bu vaziyat predmetlari xali bir xil darajada bo'lib turganida, diqqatning
kengligi (ko'lami), ongning bir necha ob'ektlarga teng taqsimlanishi diqqatning
asosiy xususiyati hisoblanadi. Faoliyatning bu bosqichida xali diqqatning
turg'unligi kuzatilmaydi. Lekin, o'zgaruvchan ob'ektlar orasidan mazkur faoliyat
uchun ahamiyatliroq bo'lgan ob'ekt tanlab olinganidan so'ng, bu sifat muhim
ahamiyat kashf etadi. Psixik jarayonlar shu ob'ektlar ustida jamlanib, to'planib
boradi.
Faoliyatning ahamiyatliligiga bog'liq ravishda psixik jarayonlar yanada
jadallashib boraveradi. Xatti-harakatlarning davomiyligi psixik jarayonning zarur
turg'unligini yuzaga keltiradi (21-rasm). Diqqatning yuqorida ko'rsatib o'tilgan
xususiyatlarini qisqacha tavsiflab o'tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |