Nishonga tushir
O‘yindan maqsad bolalarga koptokni yumalatishni va darvozaga tushirishni
o‘rgatish, chaqqonlikni mashq qildirishdir.
Bolalar skameykada o‘tirishadi, ulardan nariroqda chiziq tortilgan bo‘ladi,
chiziqdan ikki-uch qadam uzoqlikda darvoza (yoy) lar turadi. Bola o‘rnidan turib
chiziqqa yaqinlashib keladi, engashib, еrda yotgan to‘plardan birini qo‘liga oladi.
Uni darvozaga tushirishni mo‘ljallab, yumalatadi. Uch-to‘rtta to‘pni darvozaga
tushirgach, to‘plarni terib keladi. Keyin topshiriqni navbatdagi bola bajaradi.
To‘pni bir qo‘l bilan ham, ikki qo‘l bilan ham itarish mumkin. Bolalar uni
darvozaga tushirishni o‘rganib olganlaridan keyin, ularga keglini urib yiqitish
singari murakkabroq topshiriqlar berish mumkin.
Nishonni aniqroq mo‘ljalga ol
O‘yindan maqsad bolalarni chaqqon harakat qilishga o‘rgatish va mo‘ljalni
aniq olib, to‘pni masofaga еtkazishni mashq qildirishdan iborat.
Bolalar doira bo‘lib turishadi, har birining qo‘lida kichkina koptok yoki qum
to‘ldirilgan xaltacha bo‘ladi. Doiraning o‘rtasiga yashik yoki katta savat qo‘yiladi
(nishondan bolalargacha bo‘lgan masofa 1,5—2 m dan oshmasligi kerak).
Tarbiyachining ishorasi bilan bolalar koptokni qulochkashlab yashikka otadilar,
keyin yashikning oldiga kelib bittadan koptok oladilar, qaytib joylariga borib
turadilar va koptokni yana nishonga tashlaydilar.
O‘yinda bir yo‘la ko‘pi bilan sakkiz — o‘nta bola qatnashadi. Agar bola
koptokni nishonga tushira olmasa, u borib faqat o‘z koptogini olib keladi.
Koptokni nishonga tashlashda ko‘pchilik bolalar uni bir qo‘llab еlkadan
uloqtiradilar. Bolalarga koptokni bir qo‘llab pastdan otish usulini ham ko‘rsatish
kerak, chunki shu usul bilan bolalar koptokni nishonga osonroq tushiradilar.
Koptokni nishonga otishda bu yoshdagi bolalarga mashq-o‘yinlar ko‘proq yoqadi.
Bunday mashqlarda koptok, qum to‘ldirilgan xaltacha, shartli nishonga emas,
haqiqiy nishonga tegadi. Otilgan narsa ushlanib qoladigan nishon (savat, to‘r)
bo‘lsa yana ham yaxshi. Tarbiyachi mo‘ljalga olish o‘yinlarini tashkil etayotganida
mana shu holatni hisobga olishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |