O’zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi huzuridagi Toshkent Davlat Transport Universiteti


O’zbekiston Respublikasi davlat boshqaruv shakli


Download 113.99 Kb.
bet4/15
Sana03.04.2023
Hajmi113.99 Kb.
#1322657
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
Bog'liq
Suhrob kurs ishi DHN

2.2. O’zbekiston Respublikasi davlat boshqaruv shakli.


O’zbekiston Respublikasi davlat boshqaruv shakliga ko’ra prezidentlik respublikasi bo’lib davlat boshlig’i prezident hisoblanadi. Bosh vazir esa hukumat boshlig’i bo’lishi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasi raisi va ijroiya hokimyati boshlig’i hamdir.
O'zbekiston Respublikasining boshqaruv shakli. O'zbekistonning respublika shaklida boshqariladigan davlat ekanligini tavsiflovchi asosiy belgi va xususiyatlar O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o'zining teran ifodasini topgan. Jumladan, Asosiy Qonunning 11-moddasiga binoan, O'zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi - hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo'linishi printsipiga asoslanadi.
Konstitutsiyamizning 76-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo'lib, u qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat.
O'zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig'idir va u davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta'minlaydi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma'naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O'zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta'minlaydi. Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O'zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo'lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi41.


III. Davlat tuzilish shakli va siyosiy rejim.

3.1. O’zbekiston Respublikasida davlat tuzilish shakli va o’ziga xos xususiyatlari.


O’zbekiston Respublikasi davlat tuzilish shakliga ta’rif berish uchun oldin biz davlat tuzilishi shakli tushunchasiga to’xtalib o’tishimiz lozim. Quyida biz davlat tuzilish shakli bo’yicha umumiy ta’rif berib o’tamiz.
Maʼlumki, har qanday davlat muayyan hududda joylashgan boʼladi. Uning fuqarolari ham xuddi shu hududda istiqomat qilishadi. Davlat oʼzining ijtimoiy funktsiyalarini bajarar ekan, fuqarolarning iqtisodiy turmushi va himoyasini tashkil etish, sugʼurta zahiralarini yaratish va hokazolar uchun turli xil faoliyatni amalga oshiradi. Аmmo aholining soni ancha koʼp, hududiy koʼlami katta boʼlgan sharoitlarda bir markazdan turib bu faoliyatni amalga oshirish – qariyb uddalab boʼlmaydigan vazifadir.
Fuqarolar soni va hudud koʼlami muayyan chegaraga yetganda mamlakat hududini okruglar, viloyatlar, oʼlkalar, shtatlar, kantonlar, guberniyalar, uezd singari hududlarga boʼlish hamda shu hududiy tuzilmalarda hokimiyatning mahalliy (hududiy) organlarini tuzish zarurati tugʼiladi. Shu tariqa hokimiyat va boshqaruvning markaziy hamda mahalliy organlari oʼrtasida vakolatlarni boʼlish ehtiyoji ham paydo boʼladi. Bu davlat (hududiy) tuzilishi zaruratini keltirib chiqaradigan birinchi sababdir.
Ikkinchi sabab u yoki bu davlat aholisining koʼpmillatliligi bilan bogʼliq. Har bir xalq, millat oʼz anʼanalari, davlatchilik boʼyicha tarixiy tajribasi, madaniy, til va boshqa maʼnaviy ehtiyojlarga ega. Bularning hammasini davlat tuzilishi chogʼida nazarda tutish kerak.
Uchinchi sabab subʼekti va hatto tasodifiy omillar – oʼzlashtirib olish, mustamlakachilik taʼsiri, siyosiy manfaatlar va boshqa koʼpgina holatlardan iborat boʼlishi mumkin.42
Boshqaruv shakli singari hududiy tuzilish ildizlari ham juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Qadimgi Sharq zulmkor imperiyalariyoq viloyatlar, shaharlar, zabt etilgan hududlar va boshqalarga boʼlingandi. Ular oʼz hududiy tuzilmalari hamda oʼz hokimiyat va boshqaruv organlariga ega boʼlgan.
Shuni taʼkidlab oʼtish joizki, Qadimgi Turonzaminda tarixan ato etilgan va chegaralangan hudud ona-Vatan hisoblangan. «Vatan tushunchasi keng maʼnoda va tor maʼnoda ham qoʼllaniladi. Bir xalq vakillari jamuljam yashab turgan, ularning ajdodlari azal-azaldan istiqomat qilgan hudud nazarda tutilsa, bu keng maʼnodagi tushunchadir. Kishi tugʼilib oʼsgan uy, mahalla, qishloq nazarda tutilsa, bu tor maʼnodagi tushunchadir... Hazrat Аlisher Navoiy Vatan tushunchasini ona yurt, oʼrin, tugʼilib oʼsgan joy, maskan, manzil maʼnolarida ishlatganlar...
Vatan tushunchasi tarix davomida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot munosabati bilan oʼzgarib, kengayib, rivojlanib, boyib kelgan. Masalan, ibtidoiy jamoa tuzumi sharoitida muayyan qabila yashagan joy oʼsha qabilaning Vatani sanalgan. Jondosh va tildosh qabilalarning uzviy ittifoqidan elat paydo boʼlgan, elat yashagan hudud el deb atalgan. Masalan, oʼzbek xalqi dostonlarida Chambil eli iborasi koʼp uchraydi. Muayyan hudud doirasida markaziy boshqaruvning paydo boʼlishi bilan Vatan tushunchasi elat, yaʼni xalq va davlat tushunchalarini oʼziga qamrab olgan. Xalqning tili, madaniyati, iqtisodiy turmushi, ruhiy va ruhoniy, maʼrifiy va maʼnaviy ravnaq topa borishi natijasida shu xalqqa mansub kishilar orasida mushtaraklik shakllanadi. Xalq bilan millat oʼrtasidagi birinchi va birlamchi farq shundaki, millat vakillarida uyushqoqlik, jipslik, birdamlik, hamjihatlik, maslak va eʼtiqodda yagonalik, oʼzaro manfaatdorlik, bogʼliqlik va aloqadorlik, bugungi turmush va kelgusi maqsadlarda umumiylik xalq vakillaridagidan koʼra kuchli va qudratli boʼladi. Kishilik taraqqiyotining bugungi bosqichida ijtimoiy guruhlarning eng rivoj topgan boʼgʼinlari – bu millatlardir. Shuning uchun ham hozirgi kunda oʼziga jahonda 187 davlatni birlashtirgan eng nufuzli xalqaro uyushma Birlashgan Millatlar Tashkiloti deb ataladi, Xalqlar Tashkiloti deb emas. Biroq hali-hanuz Yer yuzida kishilik taraqqiyotining ilgarigi bosqichlarida yashayotgan qabilalar, elatlar va xalqlar ham mavjud. Demak, hozirgi talab nuqtai nazaridan yondashilsa, xalq millat deb hisoblanishi uchun boshqa asos va omillardan tashqari xalqaro huquqning subʼekti deb tan olingan mustaqil va suveren davlatiga ham ega boʼlishi kerak. Shundan kelib chiqib aytsak, Oʼzbekiston Respublikasi oʼzbek millatining Vatanidir.Bu oʼrinda davlat va Vatan ayni bir maʼnoni ifodalaydi, yaʼni Oʼzbekiston Respublikasi deganimizda Vatanimizni tushunamiz. Vatan deganda Oʼzbekiston Respublikasini idrok etamiz».43
Faxr va iftixor bilan ayta olamizki, O‘zbekiston jahonga ulug‘ mutafakkirlarni, buyuk olim va shoirlarni yetkazib bergan oltin beshik, qadimiy sivilizatsiya maskanidir. Prezident Islom Karimov haqli ravishda qayd etib o‘tganidek: «Hozir O‘zbekiston deb ataluvchi hudud, ya’ni bizning Vatanimiz, nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini butun jahon tan olmoqda. 44Bu qadimiy va tabarruk tuproqdan buyuk allomalar, fozilu fuzalolar, olimu ulamolar, siyosatchilar, sarkardalar yetishib chiqqan. Diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari mana shu zaminda yaratilgan, sayqal topgan. Eramizgacha va undan keyin qurilgan murakkab suv inshootlari, shu kungacha ko‘rku fayzini, mahobatini yo‘qotmagan osori-atiqalarimiz qadim-qadimdan yurtimizda dehqonchilik, hunarmandchilik madaniyati, me’morchilik va shaharsozlik san’ati yuksak bo‘lganligidan dalolat beradi.
Beshafqat davr sinovlaridan omon qolgan eng qadimgi toshyozuvlar, bitiklardan tortib, bugun kutubxonalarimiz xazinasida saqlanayotgan 20 mingdan ortiq qo‘lyozma, ularda mujassamlashgan tarix, adabiyot, san’at, siyosat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, fizika, kimyo, astronomiya, me’morchilik, dehqonchilikka oid o‘n minglab asarlar bizning beqiyos ma’naviy boyligimiz, iftixorimizdir. Bunchalik katta merosga ega bo‘lgan xalq dunyoda kam topiladi. Shuning uchun ham bu borada jahonning sanoqli mamlakatlarigina biz bilan bellasha olishi mumkin, deb dadil ayta olaman».45
Yana mavzuga qaytib, aytish mumkinki, albatta, davlat o‘z hududiy tuzilmalarining oddiy yig‘indisidan iborat emas. Lekin bu tuzilmalarsiz davlat mavjud bo‘la olmaydi.
Endi biz davlat tuzilishini ta’riflash masalasiga o‘tamiz hamda: «Davlat tuzilishi shakli deganda nima tushuniladi?» – degan savolga javob beramiz. Davlatshunos olimlar tomonidan bu tushunchaga ko‘plab ta’riflar berilgan. Lekin ular bir-birlaridan unchalik katta farq qilmaydi. Ularning qariyb barchasi, davlat tuzilishi shakli deganda – davlat hokimiyatining ma’muriy-hududiy tashkil etilishi, davlat bilan uni tashkil etuvchi qismlar o‘rtasidagi, davlatning alohida qismlari o‘rtasidagi, markaziy va mahalliy organlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar xususiyatini tushunish kerak, deb hisoblashadi.46
Shunday qilib, davlatning hududiy tuzilishi bir butun va qismlarning, markaziy va mintaqaviy hokimiyat organlarining o‘zaro nisbatini ifodalaydi.
Hududiy tuzilishning ikki asosiy farqlovchi jihati mavjud. Ya’ni: tuzilish tarkibiga ko‘ra davlatlar oddiy – unitar hamda murakkab – federativ va konfederativ davlatlarga bo‘linadi. Demak, davlat tuzilishi shakli nafaqat ommaviy hokimiyat bilan, balki davlatning yana bir jiddiy xususiyati – aholining hududiy tashkiloti bilan ham chambaras bog‘liqdir.
Unitar (yagona, lotincha «unus» – «bir» so‘zidan olingan) davlat oddiy tuzilishga ega yaxlit davlat bo‘lib, to‘la siyosiy birlik ekanligi bilan boshqalardan farq qiladi. Unitar davlatlarning aksariyati muayyan ma’muriy-hududiy bo‘linish (tumanlar, viloyatlar, kantonlar)ga ega. Biroq mazkur mustaqil qismlar davlat suvereniteti alomatlariga ega emas. Bunday davlatda oliy organlarning yagona tizimi hamda yagona qonunchilik mavjud bo‘ladi. Unitar davlatning yaxshi tomoni shundaki, uning tuzilishi sodda bo‘lib, oliy hokimiyat to‘laligicha uning tasarrufida bo‘ladi.
Barcha unitar davlatlarga xos bo‘lgan markazlashtirish turli shakllarda va turli darajada namoyon bo‘lishi mumkin. Ba’zi mamlakatlarda mahalliy organlar umuman bo‘lmaydi va ma’muriy-hududiy bo‘linmalar markaziy hokimiyat tayinlagan vakillar tomonidan boshqariladi.
Boshqa davlatlarda mahalliy organlar tashkil etiladi, lekin ular (bevosita yoki bilvosita) markaziy hokimiyat nazorati ostida bo‘ladi. Markaziy hokimiyat mahalliy organlar ustidan nazoratning qay turini amalga oshirishiga qarab, unitar davlatlar markazlashgan (Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Daniya va boshqalar) va markazlashmagan (Fransiya, Italiya, Ispaniya va boshqalar)ga bo‘linadi.
Bundan tashqari, ba’zi unitar davlatlarda bir yoki bir necha hududiy bo‘linmalarga boshqalardan imtiyozliroq huquqiy maqom berilishi mumkin. Bunday unitar davlat nisbiy ma’muriy mustaqil muxtoriyat (avtonomiya)ga ega bo‘ladi. Davlat tuzilishining yuqoridagi shakli hududiy bo‘linmalarning maxsus manfaatlarini hisobga olish zarur bo‘lgan joylarda qo‘llaniladi. Mazkur avtonom tuzilmalarda o‘zini o‘zi boshqarish huquqi boshqa aholiga qaraganda kengroq bo‘ladi. Biroq muxtoriyatlar mustaqilligiga markaziy hokimiyat belgilagan doiradagina yo‘l qo‘yiladi.47
Muxtoriyatlar qadimgi zamonlardan buyon ma’lum. Jumladan, sanoatlashishgacha bo‘lgan jamiyatda muxtoriyat imperiyalar doirasida mavjud bo‘lgan. Imperiya – davlatlararo birlashish shakli emas, shuningdek, murakkab davlat tuzilishining maxsus shakli ham emas. Bu aslida unitar davlat bo‘lib, unga kiruvchi o‘z suverenitetini yo‘qotgan etnik-siyosiy tuzilmalar muxtoriyati bunday davlatga xos xususiyatlardandir. Sanoat yuksak taraqqiyotga erishgan davrda imperiyalar parchalanib ketadi. Zero, imperiya doirasida siyosiy mavjud bo‘lgan etnoslar o‘zlarining suveren davlatlarini barpo etishga intiladi.Yana bir jihatni hisobga olish kerak bo‘ladi. Unitarizm yer egaliklari, knyazlik va boshqalarga bo‘linib ketgan feodal tarqoqligiga nisbatan o‘z davri uchun ilg‘or hodisa hisoblangan. Zero, u yagona bozorning vujudga kelishi, burjua iqtisodiy munosabatlarining rivoji uchun yo‘l ochib bergan. Lekin kapitalizmning rivojlanib borishi, fan-texnika taraqqiyoti bilan, yangi iqtisodiy muammolarning paydo bo‘lishi va boshqa omillar tufayli integratsiya jarayonlari boshlanib ketadi. Bular esa murakkab davlatlar va ularning tuzilmalari – federatsiya, konfederatsiya, hamdo‘stlik va hokazolarni yuzaga keltiradi48
Federativ (lotincha «foedus» – ittifoq, shartnoma) davlat – murakkab davlat. Davlat va huquq fanida davlatlarning shartnoma va qonuniy tartibga solingan birlashuvini ta'sis etishga asoslangan ittifoq federasiya deb ataladi. Demak, o'zaro birlashishga intiluvchi bir qancha mustaqil davlatlar mavjud bo'lgan joydagina federasiya tashkil etilishi mumkin.
Ko‘pchilik (hatto siyosatdonlar, yuristlar, jamoat arboblari ham) federatsiya nima ekanligi haqida juda mavhum tasavvurga ega. Shu munosabat bilan biz tirixga murojaat etish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Federatsiyaning kelib chiqishi tarixini taxminan shunday tasavvur etish mumkin: siyosiy jihatdan shakllanib bo‘lgan bir qancha kichik davlatlar mustaqil yashashga intilishadi, biroq tashqi xavf-xatar va ichki qiyinchiliklar ulardan boshqa o‘ziga o‘xshash davlatlar bilan birlashishni taqozo etayotganiga ishonch hosil qiladi. Shunday qilib, ular mazkur birlashuv nimalardan iborat bo‘lishi hamda qanday qonuniy tartibda bu amalga oshirilishi haqida shartnoma tuzib, yagona davlatni barpo etadi. Bu birlashuv, odatda, «abadiy» deb e’lon qilinadi49.
Shveysariyada xuddi shunday voqea sodir bo‘lgandi. U yerda kuchli qo‘shnilarga qarshi kurash davomida dastlab, 1321 yili Uri, Shvis, Nidvalden va Obvalden deb nomlangan kichik davlatlar (kantonlar) strategik maqsadlarda birlashishdi va keyinchalik «ittifoq yorlig‘i»ni yozishdi. 1332 yili ular federatsiyasiga Lyutsern kantoni qo‘shildi. 1352 yili Syurix, Glarus va Sug federatsiyaga birlashdi. 1353 yili Bern «abadiy» qo‘shildi. 1415 yili Aargau kantoni Avstriyadan ajratib olindi va federatsiya tarkibiga kiritildi. Shu yildan boshlab Shveysariyada har yili o‘tkaziladigan federal s’ezdlar o‘z ishini boshladi.
Ancha keyinroq Amerika Qo‘shma Shtatlari xuddi shunday asosda birlashdilar. Ular dastlab bir-biridan mustaqil 13 ingliz koloniyasidan iborat bo‘lib, ularning har biri o‘zining maxsus siyosiy va konstitutsiyaviy tarixiga ega edi. 1775 yili bu koloniyalar Angliyaga qarshi kurashda strategik maqsadlarda birlashishdi. 1781 yili, keyin esa 1787 yili shtatlar o‘z federal konstitutsiyalarini ishlab chiqishdi, ya’ni ular endi davlatchilik asosida birlashishgandi. Keyin ular safiga Fransiyadan sotib olingan Luiziana qo‘shildi. Rossiyadan Alyaska sotib olindi. Meksikadan «hududlar», Ispaniyadan Antil orollari tortib olindi.50
Yuz yilliklar mobaynida mustaqil siyosiy hayot kechirib kelgan 25 nemis mustaqil davlatlari va erkin shaharlari 1871 yili xuddi shu tarzda birlashishdi. Ular «abadiy konfederatsiya» sifatida yagona Germaniyani tashkil etdi.
1867 yilda Shimoliy Amerikadagi uch ingliz viloyati (Kanada, Yangi Shotlandiya va Yangi Braunshveyg) «Kanada nomli yagona mustaqil davlat»ga birlashdi.
1885-1886 yillarda ingliz suvereniteti asosida oltita Avstraliya koloniyasi, Yangi Zelandiya va Fiji orollari Avstralosiyo federal davlatiga birlashdi.
Mumtoz ma’nodagi federativ davlatlar pastdan – yuqoriga, kichikdan – kattaga, ko‘plikdan – birlikka shaklida tipik tarzda paydo bo‘lgan. Bunda federal konstitutsiyalar siyosiy jihatdan o‘sib-chatishib ketadigan kichik davlatlar aynan nimalarda o‘z mustaqilligini saqlab qoladi, nimalarda yo‘qotishini belgilab beradi. Odatda, ularning har biri uchun alohida taalluqli bo‘lgan hamda hamdo‘stlik birligiga xavf solmaydigan hamma narsada mustaqillik beriladi.
Agar, mabodo, ittifoq davlati o‘z vakolatini suiiste’mol qilib, mahalliy ishlarga aralashadigan bo‘lsa, mahalliy mustaqillik tarafdorlari federal konstitutsiyaga ishora qilib: «Biz — federalchilarmiz! Bizning davlatimiz unitar emas, federativ davlatdir», deyishadi. Shunday qilib, I. Ilin asosli ravishda ta’kidlaganidek: «federalizm» g‘oyasi o‘zining bosh, birlashtiruvchi, markazlashtiruvchi ahamiyatidan tashqari, aks ta’sir holatlarini ham o‘z ichiga oladiki, bular qismlarning so‘nmas o‘ziga xosligi, ularning qonun doiralaridagi mustaqilligi, katta ittifoq qa’ridagi jonli tashabbuskorliklaridan iborat. Muhimi, shuni ta’kidlash joizki, bu aks ta’sir holatlari yuridik emas, siyosiy ma’noga ega, zero, u konstitutsiyaviy normalarga emas, balki ularni hayotda qo‘llash va amalga oshirishga taalluqlidir».51
Shuningdek, federatsiya kichik davlatlarning bir-biri bilan chatishib ketishining hech ham birdan-bir va buning ustiga, eng yaxshi uslubi emasligini nazarda tutish kerak. Tarixning guvohlik berishicha, federatsiya asoslarida emas, balki unitar davlatga singib, to‘la chatishib ketish asosida yaxlit bir butunlikka aylanish hollariga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan, Fransiyani olaylik. U hozirgi holatdagi birlikka uch-to‘rt asr davomida erishgan. Vaholanki, dastlab Fransiya bir qirollik, bir kyurfyurshestlik, 26 gersoglik, olti knyazlik, bir markgraflik, bir erkin graflik, 77 graflik, 19 vitsegraflik, 14 «mulk», bir «markizlik», bir «kaptalat» va 13 vaqf yerlari (ularning ba’zilari keyinchalik Germaniya va Shveysariyaga o‘tib ketgan)dan tashkil topgandi. XIX asr boshlariga kelib, shunchalik ko‘p davlatlardan iz ham qolmadi.52
Italiya, Ispaniya, Angliya ham xuddi shunday holatni boshdan kechirdi. Shu holatlarning hammasida kichik davlatlar federatsiyaga kirish yo‘li bilan emas, balki bittasiga singib ketish yoki qo‘shilish orqali birlashgan. Millatlar aralashib, xalqlarning unitar siyosiy shakl doirasida siyosiy farqlanish jarayoni nihoyasiga yeta boshlagandi.
Shunday qilib, tarixda yirik davlatlar vujudga kelishining ikki yo‘li mavjud. Har ikki yo‘l bir nechta yoki ko‘pchilik alohida-alohida davlatlardan boshlanadi. Birinchi yo‘l — shartnomaviy birlashuv (federatsiya) yo‘li; ikkinchisi — unitar davlatga iqtisodiy va madaniy chatishib ketishning siyosiy qo‘shilish yo‘li.
Federativ tuzum o‘z asoslariga ega ekanligini ta’kidlash zarur. Bu asoslarsiz u yo «qog‘ozda» qolib ketadi yoki «soxta federatsiya»ga aylanib, mamlakatni parchalanishga, zaiflashuvga olib keladi hamda adoqsiz ichki nizolar, to‘ntarishlar, fuqarolik urushlari va fitnalarga yo‘l ochadi.
Federativ tuzumning birinchi asosi – ikki yoki bir necha mustaqil davlatning mavjud bo‘lishidan iborat. Agar bular bo‘lmasa, hech qanday federatsiya haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Federatsiyaga kiruvchi har bir davlat yo butunlay mustaqil bo‘lishi, yoki juda bo‘lmaganda, o‘z mustaqilligini e’lon qilib, uni amalga oshirish uchun kurashni boshlashi kerak. I.Ilin to‘g‘ri uqtirib o‘tganidek: «Ularning har biri o‘z ichida mustahkam hokimiyat, birlik va huquq-tartibotga ega bo‘lgan jipslashgan davlat jamoasi bo‘lmog‘i darkor. Siyosiy beqarorlikdek, ko‘chib yuruvchi qum baxanlaridek, qalbaki «davlatsifat narsalar»dek (hushi joyiga kelmaydigan jinnilardek) hamisha ezilgan — darg‘azab holatdagi jamoalar federatsiyani tashkil etolmaydi: zero, ular shakl-shamoyilsiz, mas’uliyatsiz, hushi joyiga kelmaydigan, davlat shartnomasini tuzishni ham, unga rioya qilishni ham uddalay olmaydigan mavhum, mubham narsalardir».53
Ikkinchi asos – bu davlatlar nisbatan uncha katta bo‘lmasligi kerak. Ya’ni yangi tashkil topgan davlat hayotiy-siyosiy ma’noga ega bo‘lsin. Jahonda ma’lum bo‘lgan federatsiyalar orasida mo‘’jazgina Shveysariya uchun federatsiyaga birlashish eng oson kechgandi, aksincha, ulkan Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun bu jarayon mashaqqatli kechgandi. Lekin, shunga qaramay, hatto Shveysariya ham yangi «kantonlar»ni qabul qilishdan qat’iyan bosh tortib kelmoqda. Qo‘shma Shtatlar esa o‘z tarkibiga Kanadaning kirishiga mutlaqo rozi bo‘lmayapti. «Shunday hududiy etnik va xo‘jalik miqyoslari mavjudki, – deb yozadi I. Ilin, – bunday miqyoslarda federativ shakl butunlay foydasiz: u tartibni, hayot va xo‘jalik xavfsizligini yengillashtirish o‘rniga uni bema’nilarcha qiyinlashtiradi. Aynan shuning uchun bironta ham jiddiy va tajribali siyosatchi Sho‘rolarning «federativ tuzum»ni amalga oshirayotganiga aslo ishonmagandi. Shuning uchun ham «butun jahon Sho‘rolar Ittifoqi» so‘zlari bir vaqtning o‘zida ham yuridik ahmoqlik, ham siyosiy aldamchilik bo‘lib yangraydi».54
Uchinchi asos shundan iboratki, shartlashayotgan davlatlar bir-birlariga haqiqatan ham strategik, ham xo‘jalik, ham siyosiy jihatdan aniq ehtiyoj sezishi zarur. Aks holda federatsiya tarkib topmaydi ham, o‘zini saqlab qololmaydi ham. Umuman, federatsiyalar o‘ylab topilmaydi, o‘zidan-o‘zi paydo bo‘lib ham qolmaydi — u jonli tana singari o‘sib-ulg‘ayadi. Lekin bu ham kam — xalqlar bu ehtiyojni tushunib yetishlari, uning foydasini e’tirof etishlari va shu birlashuvni ixtiyor etishlari darkor.55
Kichik davlatlar bir-birisiz yashay olmagan, lekin buni tan olishni istamagan, birlashishni uddalay olmay, fuqarolik urushlari yoxud istilolardan halokatga uchragan kichik davlatlar haqida misollar tarixda ko‘plab topiladi (masalan, Rus knyazliklari). Shuningek, boshqalar bilan shartnoma asosida birlashishga yo‘l topolmay, qirilib ketgan xalqlar haqida ham tarix shohidlik beradi.
Federativ tuzumning to‘rtinchi asosi shundaki, xalqda o‘z burchini anglash hissi tarbiyalangan, majburiyatlar va shartnomalarga xolisona, sadoqat bilan qarash, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini bilish, davlat sifatida o‘zini o‘zi boshqara olish qobiliyati shu xalqqa xos fazilatlar bo‘lgan joydagina bunday federatsiyani tuzish mumkin. Davlatlar ittifoqi sadoqatga asoslanib, abadiyatga tuziladi. Bu ittifoq «ixtiyoriy chiqib ketishlar»ni, xiyonatni tan olmaydi, siyosiy shuhratparastlik, buyuklik vasvasasi hamda boshqa xalqlarga nafrat bilan qarash kasalligiga mubtalo bo‘lgan xalqlar o‘rtasida bunday ittifoqning bo‘lishi mumkin emas. Davlatlarning shu tarzdagi ittifoqi uzoq yashay olmaydi — u yo unitar davlat shakliga almashadi yoki o‘zining barcha ishtirokchilarini harob qilib, o‘zi ham halokatga uchraydi.
Nihoyat, xalqqa (yoki xalqlarga) kelishuv san’ati yoki siyosiy murosa iste’dodi hadya etilgan joyda federatsiya vujudga kelishi mumkin (I.Ilin).56
Kelishuv san’ati iroda intizomini, umumiy ish uchun vatanparvarlik sadoqatini talab qiladi. Siyosiy murosa qobiliyati ikir-chikirlarni orqaga surib, asosiy masalalarda birlashishga erishishdan iborat. Xalqda bunday fazilatlar asrlar davomida tarbiyalanib boradi. Federatsiya asoslari shulardan iborat. Faqat ularni chuqur bilib va anglab olgandan keyingina, bizning fikrimizcha, federatsiya singari murakkab siyosiy hodisa haqida bahs yuritish mumkin.
Shunday qilib, federatsiya o‘z tarkibidagi sub’ektlari davlat mustaqilligiga ega bo‘lgan murakkab davlatdir. Hozirgi vaqtda federatsiyaning yuridik adabiyotlarda ittifoq va muxtoriyat ko‘rinishlari tilga olinishini ham qayd etish joiz.
Ittifoq federatsiyasi hududi uning sub’ektlari hududlaridan tashkil topgani uchun federatsiyaning har bir sub’ekti fuqarosi bir vaqtning o‘zida butun mamlakat fuqarosi hisoblanadi. Bunday davlat yagona federal Qurolli Kuchlariga, moliyaviy, soliq va pul tizimlariga ega bo‘ladi. Federatsiya sub’ektlari o‘z harbiy qismlariga ega bo‘lishlari mumkin bo‘lsa-da, asosiy tashqi siyosiy faoliyatni ham federal organlar olib boradi.
Federal davlatda davlat hokimiyatining umumfederal (qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud) organlari bo‘ladi. Ularning qarorlari federatsiya vakolatlarida qay darajada belgilangan bo‘lsa, o‘sha darajada uning sub’ektlari uchun majburiy hisoblanadi. Oliy federal organlar bilan bir qatorda, federatsiya a’zolari, qismlari, sub’ektlarining ham davlat hokimiyati oliy organlari bo‘ladi.
Shu tariqa federatsiya tarkibida davlat mahkamasining ikki darajasi – federal (ittifoq) hamda respublika (kanton, shtat, yer va hokazolar darajasi) miqyosidagi mahkamalar mavjud. Davlatning federativ mohiyati oliy darajada qo‘sh palatali ittifoq parlamentini tuzishda o‘z ifodasini topadi. Mazkur palatalardan biri (yuqori palata) federatsiya sub’ektlari manfaatlarini ifodalaydi. Uni shakllantirishda aholisining sonidan qat’i nazar, teng vakillik tamoyilidan foydalaniladi. Ikkinchi palata davlatning barcha aholisi manfaatlarini ifodalash uchun tuziladi. Qo‘sh fuqarolik federatsiya rasmiy belgilaridan biri bo‘lib, bu har bir fuqaro ayni vaqtda ham federatsiyaning, ham tegishli davlat tuzilmasi (masalan, respublika)ning fuqarosi hisoblanishini bildiradi.57
Federativ davlatda, garchi uning sub’ektlari o‘z huquqiy tizimlarini tuzishlari, o‘z konstitutsiyalariga ega bo‘lishlari mumkin bo‘lsa-da, yagona markazlashtirish prinsipi asosidagi huquqiy tizim amal qiladi. Lekin bu, konstitutsiya ham, qonunlar ham federal konstitutsiya va qonunlarga to‘la muvofiq kelishi va ularga zid bo‘lmasligi shart bo‘lgan subordinatsiya va qonunlar iyerarxiyasi (pog‘onama-pog‘onaligi) doirasida amal qiladi.
Federatsiya sub’ekti konstitutsiyada ko‘rsatilgan o‘z sudlov va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ega bo‘lish huquqidan foydalanadi. Oliy sud pog‘onasi, odatda, federatsiya sub’ektlari sudlari qarorlari yuzasidan shikoyatlarni qarab chiqmaydi yoki qonunda alohida ko‘rsatilgan holatlardagina ularni ko‘rib chiqishi mumkin.
Federatsiyada soliqlarning ikki yo‘nalishli tizimi: federal soliqlar hamda federatsiya sub’ekti solig‘idan foydalaniladi. Yig‘ilgan soliqlar umumfederal g‘aznaga tushadi, keyin ularning bir qismi (budjet orqali) federatsiya sub’ektlariga jo‘natiladi. Shu bilan bir vaqtda davlat tuzilmalari (respublikalar) daromadlari yetarli bo‘lmay, ular yordam puli va dotatsiyalarga ehtiyoj sezadi. Moliyaviy qaramlik konstitutsiyaviy mexanizmga qo‘shimcha muhim omillardan biri bo‘lib qoladi. Buning o‘z zaminlari mavjud. Federatsiya sub’ektlari o‘rtasidagi munosabatlar juda murakkab, ya’ni ularda xo‘jalik munosabatlarining shirkati (kooperatsiyasi) bo‘lib, federatsiyaning bir sub’ektidan ikkinchisiga moliyaviy mablaQlarning oqib o‘tishi yuz berib turadi. Shu bois federatsiya sub’ektlarining biri ushbu ittifoqdan chiqishni ixtiyor etsa, federatsiya boshqa a’zolariga bu narsa ma’qul bo‘lmaydi. Binobarin, buning uchun federatsiya barcha a’zolarining roziligi kerak bo‘ladi. Boshqacha aytganda, millatlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash prinsipi davlat yaxlitligiga putur yetkazmasligi lozim.
Hozirgi sharoitlarda federativ davlatda millatlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash huquqini amalga oshirish shunchalik murakkabki (xo‘jalik munosabatlarining uzilishi, etnik jihatdan ozchilikni tashkil etganlarning muammolari, to‘qnashuvlar, jumladan, qurolli to‘qnashuvlar, qochoqlar, inson huquqlarining buzilishi, ishlab chiqarishning pasayib ketishi), federatsiyadan chiqish uchun qilingan har bir da’vatning xalq, millat uchun qanchalik qimmatga tushishini yaxshilab mulohaza qilish zarur.
Har qanday federatsiyaning bosh masalasi ittifoq bilan federatsiya sub’ekti o‘rtasidagi vakolatlar chegaralarini aniqlashdan iborat. Davlat tuzilmalarining ahvoli va ular munosabatlarining mazmun-mohiyati aynan shunga bog‘liqdir. Qoidaga ko‘ra, bu federatsiya konstitutsiyasi yoxud federativ shartnomada belgilab qo‘yiladi.
Ma’lumki, federativ va mahalliy organlar vakolatlari masalasi uch tamoyil asosida hal etiladi:
birinchisi – beistisno federatsiya vakolati prinsipi, faqat federatsiya qaror qabul qilishi va me’yoriy hujjatlar chiqarishi mumkin bo‘lgan masalalarni aniq belgilashdan iborat. Qolgan barcha masalalarni hal etish federatsiya sub’ektlari vakolatiga kiradi;
ikkinchisi – ham federatsiya, ham federatsiya sub’ektlari hamkorlikda hal etadigan, ya’ni bir xil vakolatga ega bo‘lgan masalalar ro‘yxatini belgilash prinsipi;
uchinchisi – uch sohaviy vakolatlar prinsipi. U (federatsiya sub’ektlari) shtatlar, respublikalar, yerlar, kantonlar bo‘yicha federal vakolatlarni hamda federatsiyaning o‘zi va federatsiya sub’ektlarining birgalikda hal qilish huquqini beruvchi vakolatlarni belgilashni ko‘zda tutadi.58
Ba’zi federativ davlatlar (masalan, Rossiyada) amaliyotga vakolatlarni taqsimlashning shu vakolatlarni ixtiyoriy topshirish usuli ham paydo bo‘lganligiga e’tiboringizni qaratishni istardik. Bu qoida federatsiya sub’ektining markazga qat’iy tobeligi masalasini ancha yumshatadi hamda vakolatlarni taqsimlash prinsipining ixtiyoriyligidan dalolat beradi. Bu o‘z navbatida an’anaviy federatsiya sub’ektlaridan ko‘proq mustaqilligi bilan, vakolatlarning markazlashtirilgan taqsimoti o‘rniga ularning ixtiyoriy taqdim etilishi bilan ajralib turadigan «birlashgan a’zolik» tushunchasini vujudga keltirdi.
Millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, ya’ni federatsiya tarkibidan chiqish huquqi federatsiyaning eng murakkab masalalaridan biridir. Turli federatsiyalar konstitutsiyalarining tahlili ularning birontasida ushbu prinsip qonuniy mustahkamlab qo‘yilmaganini ko‘rsatdi. Faqat sobiq ittiqoq Konstitutsiyasi bundan mustasno bo‘lib, u ham aslida quruq bayonotdan nariga o‘tmagandi. Zero, unda mazkur huquqni amalga oshirish omillari ko‘rsatib berilmagandi.59
Buning o‘z sabablari bor. Federatsiya sub’ektlari o‘rtasidagi munosabatlar, odatda, chambarchas bog‘lanib ketgan bo‘ladi. Xo‘jalik aloqalarining kooperatsiyalashuvi, moliyaviy mablag‘larning federatsiyaning bir sub’ektidan ikkinchisiga oqib o‘tishi odatiy bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham federatsiya sub’ektining bir tomonlama ittifoqdan chiqish haqidagi xohish-irodasi boshqa barcha a’zolariga ma’qul kelmasligi mumkin. Binobarin, butun federatsiyadan to‘liq ruxsat olishga to‘g‘ri keladi. Boshqacha aytganda, millatlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilashi huquqi prinsipi davlatning bir butunligiga rahna solmasligi kerak.
Hozirgi zamon sharoitlarida federativ davlatda millatlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash huquqi prinsipini amalga oshirishning ijtimoiy qimmati shu qadar kattaki (xo‘jalik aloqalarining buzilishi etnik kamchilikni tashkil etuvchi elatlar muammolari, mojarolar, shu jumladan qurolli nizolar, qochoqlar, inson huquqlarining poymol etilishi, ishlab chiqarishning pasayishi), federatsiyadan chiqish da’vatini o‘rtaga tashlovchilar, eng avvalo, bunday g‘oyalar xalqqa, millatga qanchaga tushishini yaxshilab mulohaza qilib olishlari lozim.
Albatta, hayot juda murakkab, yuz berishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarni nazarda tutishning sira ham iloji yo‘q. Har bir xalq, mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, o‘z taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lishi lozim, biroq bu yo‘l «boshi berk ko‘cha»ga olib bormasligi kerak. Darhaqiqat, Yurtboshimiz aniq uqtirib o‘tganidek: «Yangilanish va ijtimoiy taraqqiyotning o‘zimiz tanlagan yo‘li – murakkab jarayon bo‘lib, respublika ijtimoiy turmushining iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy-madaniy va boshqa barcha sohalarini qamrab oladi. Bu yo‘l mustaqil O‘zbeksiton ichki va tashqi siyosatining umumiy strategiyasini belgilab beradi».60
Ayni paytda shuni ham qayd etish kerakki, biron-bir millatning muayyan bir federatsiyaga qo‘shilishi bilan o‘limga teng holatlar yuz berishi mumkinligini ham unutmaslik lozim. Bu holat o‘sha millatning an’analari, tili va nihoyat, uning sha’ni, qadr-qimmati rejali asosda yakson qilib borilishi tufayli sodir bo‘ladi. Biroq bunday davlatni rasman federativ deb atashga (hatto, u rasman shunday atalsa-da) til bormaydi – u aslida unitar, avtoritar, undan ham o‘tib ketgani – totalitar davlat bo‘lishi mumkin. Bu haqda alohida to‘xtalamiz.
Yuqorida ittifoq yoki muxtor (avtonom) federatsiyalar bo‘lishi mumkinligini eslatgandik. Endi ular o‘rtasidagi farqlarni asoslashga harakat qilamiz. Buni mustabid sho‘ro davlati federatsiyasi misolida yaqqol kuzatish mumkin. Sobiq ittifoq tarkibida federatsiyaning ikki turi — ittifoqdosh respublikalarni birlashtirgan (ya’ni ittifoq) federatsiyasi hamda muxtoriyatga asoslangan (ya’ni muxtor) federatsiya mavjud bo‘lganligi ma’lum. Ularning birinchisiga suveren (aslida qog‘ozda) davlatlardan tashkil topgan ittifoq misol bo‘la oladi. Ikkinchisiga esa RSFSR misol bo‘lib, uning tarkibiga 16 muxtor respublika, 5 muxtor viloyat va 10 muxtor okrug kirgan. Lekin ittifoq federatsiyasining muxtoriyatdan farqi shu bilan cheklanib qolmasdi. Sobiq ittifoq tarkibidagi federatsiyaning ikki turi o‘rtasidagi farq, shuningdek, ular davlat hokimiyati organlarining tuzilishidagi o‘ziga xos xususiyatlarda ham o‘z ifodasini topgandi. Chunonchi, SSSR Oliy Kengashi ikki palatadan iborat edi. RSFSR Oliy Kengashi muxtoriyatga asoslangan federatsiyaning oliy organi sifatida yolg‘iz bir palatadan iborat qilib tuzilgandi. Bundan tashqari, ittifoqdosh respublika federatsiyadan chiqish huquqiga ega bo‘lib, na muxtor respublika va na muxtor viloyat bunday huquqqa ega emasdi.61
Hozirgi vaqtda Rossiya, AQSH, Braziliya, Hindiston federativ davlatlar sifatida mavjud. Odatda, federatsiya normativ shartnoma asosida (bunga 1922 yili SSSRning tashkil topishi misol bo‘la oladi) yoxud konstitutsiya qabul qilinishi (1787 yili tashkil topgan AQSH misol bo‘la oladi) asosida vujudga keladi.
Konfederatsiya davlatlarning shunday ittifoqidan iboratki, u qat’iy muayyan maqsadlar (siyosiy, harbiy, iqtisodiy maqsadlar) yo‘lida shartnoma yoki bitim asosida tuziladi hamda muvaqqat xususiyatga ega bo‘ladi. Konfederatsiya keyinchalik yo federatsiyaga (AQSH, Shveysariya singari) o‘sib, birlashadi yoxud (Avstriya-Vengriya kabi) tarqalib ketadi.
Konfederatsiyani tashkil etuvchi davlatlar xalqaro huquqiy munosabatlar sub’ektlari sifatida saqlanib qolib, o‘z fuqaroliklari, hokimiyat organlari tizimiga – boshqarmalari, sud organlariga egalik qilishda davom etadi. Ular hokimiyatni mustaqil boshqarib, o‘z konstitutsiyalariga ega bo‘ladi. Shuning uchun konfederatsiya darajasida qabul qilinadigan hujjatlar shu konfederatsiyaga kiruvchi davlatlar oliy organlari tomonidan ma’qullanishi shart. Konfederatsiya a’zolari o‘z mustaqil daromad manbalariga ega bo‘lib, uning bir qismini konfederatsiya budjetiga o‘tkazishlari mumkin. Konfederatsiya Qurolli Kuchlari mazkur konfederatsiya a’zolari bo‘lgan davlatlar harbiy qismlaridan tashkil topadi va ularning qarorlari asosida konfederatsiya qo‘mondonligi ixtiyoriga yuboriladi.
Umuman, ta’kidlash lozimki, davlat hokimiyati tuzilishi biz yuqorida ko‘rsatib o‘tgan shakllardangina iborat, deb o‘ylash noto‘g‘ri bo‘lardi. Dunyo davlatlararo birlashish va oshkora huquqiy ittifoqlarning ko‘plab shakllari (shaxsiy va real uniya, vassallik, syuzerenitet, millatlar va davlatlar hamdo‘stligi, davlatlar hamjamiyati)ni, dominionlar va metropoliyalar, savdo ittifoqlari, harbiy bloklar munosabatlari va hokazolarni ko‘p ko‘rgan. Biroq bular endi davlatlar birlashmalarga kiradi.62
Davlatlararo birlashmalar. Davlatning hududiy tuzilishdan davlatlararo birlashma (tuzilma)ni farqlash kerak. Bunday birlashma davlatlarning shunday ittifoqini bildiradiki, uning doirasida umumdavlat yoki davlatlar ustida turuvchi organlar mavjud bo‘ladi. Lekin, ayni paytda, birlashadigan davlatlar o‘z suverenitetlarini saqlab qoladi. Shu mazmunda shaxsiy va real uniyalar, protektorat va uyushgan davlatlar, konfederatsiya, hamdo‘stlik va boshqa shakllarni ajratib ko‘rsatish mumkin.
Shaxsiy uniya — bu boshqaruv monarxik shakli oqibatida yuzaga keladigan davlatlararo birlashishning eng oddiy tuzilishidir. U yo tasodifan to‘g‘ri kelib qolgan taxtning merosxo‘ri sifatida yoxud bir davlat tojdorlik huquqini boshqa davlatga topshirishi tufayli monarx boshqa davlat tojini egallash huquqiga ega bo‘lganda yuzaga keladi.63
Bunda boshqa mamlakat monarxi davlat boshlig‘i bo‘lishi konstitutsiyaviy huquq bilan o‘rnatilmaydi. Natijada bir shaxsning o‘zi ayni paytda mutlaqo mustaqil davlat boshlig‘i lavozimini egallagan bo‘ladi. Shuning uchun ham shaxsiy uniya ikki davlatning yuridik ittifoqini anglatmaydi hamda umumdavlat organlarining tashkil etilishiga olib kelmaydi. Shu davlatlar taxtlarini boshqa shaxslar egallashi bilan u barham topadi. Shaxsiy uniyaga Polsha tojini qudratli Avgustga topshirish natijasida tashkil topgan Saksoniya bilan Polsha o‘rtasidagi uniya (1697-1763 yillar), shuningdek, Buyuk Britaniya bilan Gannover o‘rtasdagi uniya (1714-1837 yillar) misol bo‘la oladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Shaxsiy uniyaga qarama-qarshi o‘laroq real uniya davlat boshlig‘i umumiy instituti – monarx va davlat hokimiyatining boshqa umumiy organlarini tashkil etish asosidagi davlatlarning huquqiy ittifoqini bildiradi. Real uniya doirasida ittifoq davlatlarining suvereniteti saqlanib qolishi mumkin. Shunday ittifoqqa Shvetsiya bilan Norvegiya uniyasi (1814-1905 yillar)ni misol qilib keltirish mumkin bo‘ladi. Bu yerda umumiy monarxdan tashqari faqat tashqi aloqalar organlari umumiy bo‘lgan. Aksincha, Avstriya-Vengriya uniyasi (1867-1918 yillar)da imperatordan tashqari tashqi siyosat idorasi, moliya va Qurolli Kuchlar umumiy edi.
Hamdo‘stlik deyilganda, odatda, Millatlar hamdo‘stligi (ilgarigi Britaniya millatlar hamdo‘stligi) tushuniladi. Bu — tarkibiga Buyuk Britaniya va uning sobiq mustamlakalari bo‘lgan suveren davlatlar kirgan ittifoq davlatlari konstitutsiyalarida o‘z ifodasini topgan xalqaro-huquqiy ittifoqdir. Dastlab Hamdo‘stlik prinsipi quyidagilardan iborat bo‘lgandi: Britaniya monarxi Hamdo‘stlik barcha a’zolari uchun nominal davlat boshlig‘i hisoblanadi, har bir mamlakatda uning tomonidan tayinlangan bosh gubernator vakillik qiladi. Biroq hozir umumiy davlat boshlig‘i instituti Hamdo‘stlikning atigi bir nechta mamlakatida e’tirof etiladi va u faqat rasmiyatchilik xususiyatiga ega.64
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) qisman millatlar hamdo‘stligini eslatadi. MDH sobiq ittifoq tarqalib ketgandan keyin tashkil topgan. Biroq Rossiya davlati boshlig‘i MDH mamlakatlarida nomiga bo‘lsa-da, davlat rahbari hisoblanmaydi, balki faqat MDH davlatlari boshliqlaridan iborat muvofiqlashtiruvchi organning rahbari etib saylanadi.
Protektorat bir davlat amalda o‘ziga qaram bo‘lgan davlatga tashqi siyosiy va harbiy homiylik qilishiga asoslangan davlatlararo huquqiy ittifoqdir. Ichki siyosatda homiylikdagi davlat muayyan ma’nodagi mustaqillikka ega bo‘ladi. Bunda homiylik qiluvchi davlatning tegishli organlari ayni paytning o‘zida himoyadagi davlat vakolatlarini ham o‘zlashtirib oladi. Protektorat sobiq mustamlakalar va ularning metropoliyalari o‘rtasidagi munosabatlarning dastlabki bosqichida mavjud bo‘lishi mumkin.
Uyushgan davlatlar shaklida yuzaga kelgan davlatlararo munosabatlar protektorat munosabatlariga o‘xshab ketadi. Chunonchi, Puerto-Riko «asosiy» davlat — AQSH bilan uyushgan davlat hisoblanadi. Yuridik jihatdan bunday davlatlar faqat tashqi siyosatlarinigina «asosiy» davlat bilan kelishib olishlari kerak. Bu ularning tashqi suverenitetini rasmiyat nuqtai nazaridan cheklaydi. Lekin ular amalda ichki siyosatda ham, iqtisodiyotda ham «asosiy» davlatga qaramdir.65
Bundan tashqari, tantanali ravishda e’lon qilingan federatsiya aslida unitar davlat bo‘lib chiqqan holatlar ma’lum. «Sovet xalqi milliy sotsialistik davlatchiligining oliy shakli» hisoblangan sobiq ittifoq federatsiyasi xuddi shunday bo‘lgandi.
Ittifoqdosh respublikalar SSSR Konstitutsiyasida mustahkamlangan ixtiyoriy birlashuv asosida yagona ittifoq davlati sifatida SSSRga kiradilar, deb hisoblanardi. SSR Ittifoqini tuzish haqidagi shartnoma (1922 yil) bu birlashuvning huquqiy asosi bo‘lgandi. Biroq bu faqat qog‘ozdagina shunday, ya’ni huquqshunoslar tili bilan aytganda, de jure bo‘lib, amaldagi siyosat de facto markazdan turib amalga oshirilishi davom etavergan. Shunga o‘xshash holatni Rossiyada hozir ham kuzatish mumkin. Chunonchi, bu yerda ijro etuvchi hokimiyat rahbarlarini saylash – shahar va viloyatlar ma’muriyatlari boshliqlarini mamlakat prezidenti tomonidan tayinlanishi bilan qo‘shib olib boriladi. Lekin joylardagi oliy mansabdor shaxslarni poytaxtdan turib tayinlash va ularning vakolatlarini belgilab berish federatsiya emas, unitar davlatning belgisidir. Bunda oldingi xatolarining ham ta’siri katta. Aytaylik, davlat-hududiy chegaralanishi davrida sobiq ittifoq millatlar manfaatlari mutlaqo hisobga olinmagandi. O‘sha vaqtlarda boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Zero, millat, millatga mansublik qandaydir ikkinchi darajali, asta-sekin barham topib ketadigan tushuncha deb qaralardi. Faqat birgina «millat» — yagona sho‘ro xalqigina yashashga haqli edi.66
Darhaqiqat, milliy g‘ururi so‘ndirilgan, madaniyati, tarixi, tili, urf-odat va qadriyatlari kamsitilgan, haq-huquqlari, izzat-nafsi yerga urilib ruhan ezilib, umidsizlikka tushgan xalq va millat mustamlakachilar o‘ljasi edi. Mustabid sho‘ro tuzumi zamonida O‘zbekistonga nisbatan «mamlakat» atamasi hech qachon ishlatilgan emas. O‘sha davrda kishilarni bevatanlikka targ‘ib etuvchi, ona yurt, millat tushunchalarini ongdan, yurakdan butkul chiqarib yuborishga qaratilgan makkorona siyosat olib borilgandi. Ayniqsa, tarixni, milliy o‘zligimizni anglashga bo‘lgan har qanday intilish g‘alamislik, millatchilik, feodal o‘tmishni qo‘msash, baynalmilallikning ildiziga bolta urish sifatida baholanib, qattiq tayziqqa olingandi.Qolaversa, mustabid sho‘ro tuzumi davrida millatchilik deb atalgan hodisa aslida tub milliy qadriyatlarni, o‘ziga xos xususiyatlarni, an’analarni saqlab qolishga intilish bo‘lib, bu millatning ijtimoiy, ma’naviy va tarixiy rivojlanish sub’ekti sifatida o‘zini saqlab qolishga intilishdan iborat asosli ehtiyoji edi.
Har qanday millat, u naqadar kichik bo‘lmasin – insoniyatning boyligidir va har qanday milliy birlikning, uning til, madaniy va boshqa xususiyatlarining yo‘q bo‘lib ketishi Yer yuzidagi madaniy va genetik fondning, shaxs imkoniyatlarining qashshoqlashuviga olib keladi».
Biroq tarix hamma narsani joy-joyiga qo‘yishi yana bir bor o‘z isbotini topdi: bunday davlat, to‘g‘rirog‘i, davlat tuzilishining bu shakli o‘limga mahkum bo‘ldi.
Insoniyat uchun eng muhim saboqlardan biri shundan iboratki, davlat tuzilishining har qanday shaklida ham markaz bilan hududiy joylar o‘rtasida vakolatlar har qanday milliy-etnik mojarolarning kelib chiqish ehtimolini qariyb yo‘q darajaga olib boradigan omillarni yaratish imkonini beradigan tarzda taqsimlanishi darkor. Buni, albatta, yodda tutish lozim. Jumladan, Chechenistondagi voqealar buning yorqin dalilidir.


Download 113.99 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling