342-modda. Yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish
Sud yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqishda ishning saqlanib qolgan qismlaridan, sud ishini yuritish yo‘qolguniga qadar ushbu ishdan fuqarolar va tashkilotlarga olib berilgan hujjatlardan, bu hujjatlarning ko‘chirma nusxalaridan, shuningdek ishga daxldor bo‘lgan boshqa hujjatlardan foydalanadi.
Sud protsessual harakatlarni bajarish chog‘ida hozir bo‘lgan shaxslarni, zarur hollarda esa, yo‘qolgan sud ishini ko‘rib chiqqan sud tarkibiga kirgan shaxslarni ham guvoh sifatida so‘roq qilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 225, 233, 240-moddalari.
343-modda. Yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi ariza bo‘yicha sudning hal qiluv qarori
Sudning yo‘qolgan hal qiluv qarorini yoki ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimni tiklash haqidagi hal qiluv qarorida sud tiklanayotgan sud hujjatining mazmuni sudga taqdim etilgan va yo‘qolgan ish bo‘yicha sud protsessining barcha ishtirokchilari ishtirokida sud majlisida tekshirilgan qanday aniq ma’lumotlar asosida aniqlangan deb hisoblashi ko‘rsatiladi.
Yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida, shuningdek qanday dalillar sud tomonidan tekshirilganligi va yo‘qolgan sud ishini yuritish bo‘yicha qanday protsessual harakatlar sodir etilganligi isbotlanganligi haqidagi sudning xulosalari ko‘rsatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 249, 251, 253-moddalari.
344-modda. Yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatish
To‘plangan materiallar yo‘qolgan sud ishini yuritishni aniq tiklash uchun yetarli bo‘lmasa, sud ajrim chiqarib, ish yuritishni tugatadi. Bu holda arizachi umumiy tartibda da’vo taqdim etishga haqli.
Yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uning saqlanish muddati bilan chegaralanmaydi. Biroq yo‘qolgan sud ishini yuritishni tiklash to‘g‘risidagi ariza bilan uni ijro etish maqsadida murojaat qilingan, bu vaqtga kelib ijro varaqasini ijroga qaratish muddati o‘tgan va u sud tomonidan tiklanmaydigan bo‘lsa ham sud ish yuritishni tugatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |