362-modda. Chet davlatlarga nisbatan da’volar
Chet davlatga nisbatan da’vo taqdim etilishiga, da’voning ta’minlanishiga va undiruvning chet davlatning O‘zbekiston Respublikasidagi mol-mulkiga qaratilishiga faqat tegishli davlatning vakolatli organlari roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Chet davlatlarning O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakillari hamda ularga tenglashtirilgan xalqaro tashkilotlar va ularning filiallari faqat O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari yoki xalqaro huquq normalari bilan belgilanadigan doiradagina O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining yurisdiksiyasida bo‘ladi.
363-modda. Chet davlat sudlarining sudga doir topshiriqlarini ijro etish va O‘zbekiston Respublikasi sudlarining chet davlat sudlariga topshiriqlar bilan murojaat qilishi
O‘zbekiston Respublikasi sudlari chet davlat sudlarining ayrim protsessual harakatlarni (chaqiruv qog‘ozlari va boshqa hujjatlarni topshirish, taraflar va guvohlarni so‘roq qilish, ekspertiza o‘tkazish, joyida ko‘zdan kechirish va hokazo) bajarish to‘g‘risida belgilangan tartibda bergan topshiriqlarini ijro etadi. Bundan quyidagi hollar mustasno:
1) topshiriqni ijro etish O‘zbekiston Respublikasi suverenitetiga, xavfsizligiga zarar yetkazsa yoki qonun hujjatlarining asosiy prinsiplariga zid bo‘lsa;
2) topshiriqni ijro etish sudning vakolati doirasiga kirmasa.
Chet davlat sudlarining ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi topshiriqlari O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari asosida ijro etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi sudlari chet davlat sudlariga ayrim protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risida topshiriqlar bilan murojaat qilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi sudlarining chet davlat sudlari bilan aloqada bo‘lish tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 103, 104-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 8-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |