63-modda. Tarjimon
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda sud tomonidan tayinlangan tarjima qilish uchun zarur bo‘lgan tillarni biladigan shaxs tarjimondir. Sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tarjimon vazifalarini o‘z zimmasiga olishga haqli emas.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 11-moddasi ikkinchi qismi, 12-moddasi to‘rtinchi qismi, 54, 64 va 214-moddalari.
64-modda. Tarjimonning huquq va majburiyatlari
Tarjimon quyidagi huquqlarga ega: tarjimani aniqlashtirish maqsadida sud majlisi ishtirokchilariga savollar berish; agar tarjima qilish uchun tegishli bilimga ega bo‘lmasa, sud muhokamasida ishtirok etishni rad etish; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish; sud majlisi bayonnomasiga kiritilgan tarjimaning to‘g‘riligi yuzasidan e’tirozlar taqdim etish.
Tarjimon tarjimani to‘liq va to‘g‘ri amalga oshirishi, sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Tarjima qilishdan asossiz ravishda bosh tortganlik, shuningdek sud uzrsiz deb topgan sabablarga ko‘ra sudning chaqiruvi bo‘yicha kelmaganlik uchun tarjimon ushbu Kodeksning 146-moddasida belgilangan tartibda jarimaga tortiladi.
Jarima solinishi tarjimonni sudga kelish va tarjima qilish majburiyatidan ozod etmaydi.
Tarjimon bila turib noto‘g‘ri tarjima qilganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasiga muvofiq jinoiy javobgar bo‘ladi, bu haqda u sud tomonidan tilxat olib ogohlantiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 134-moddasi birinchi qismi, 145-moddasi birinchi, uchinchi qismlari, 209-moddasi uchinchi qismi va 222-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 3-iyuldagi “Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarning qilgan xarajatlarini to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”gi Qonuni.
7-bob. Sudda vakillik
65-modda. Vakillar orqali ish yuritish
Fuqarolar o‘z ishlarini sudda shaxsan yoki o‘z vakillari orqali yuritishi mumkin. Fuqaroning ishda shaxsan ishtirok etishi uni ish bo‘yicha vakilga ega bo‘lish huquqidan mahrum etmaydi.
Tashkilotlar ishlarni o‘z rahbarlari yoki vakillari orqali yuritadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 39-moddasi, 42-moddasi ikkinchi, uchinchi, beshinchi qismlari, 66 — 70 moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2010-yil 14-maydagi “Vakillikka doir fuqarolik protsessual qonunchiligi normalarining sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi qarori.
Do'stlaringiz bilan baham: |