119-modda. Ish yuritishni to‘xtatib turish tartibi
Ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi.
Sudning ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandi birinchi, o‘n yettinchi xatboshilari, 15-bandi birinchi, beshinchi xatboshilari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 20-bandi ikkinchi, uchinchi xatboshilari.
120-modda. Ish yuritishni to‘xtatib turishning huquqiy oqibatlari
Ish yuritish to‘xtatib turilganida, ushbu Kodeksda belgilangan yoki sud tomonidan tayinlangan muddatlarning o‘tishi to‘xtatib turiladi.
Ish yuritish tiklanguniga qadar sud biror-bir protsessual harakatlarni amalga oshirishga haqli emas, bundan da’voni va dalillarni ta’minlashga qaratilgan harakatlar mustasno.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 76, 78, 105, 107, 118-moddalari.
121-modda. Ish yuritishni tiklash
Ish yuritish uni to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar barham topganidan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga ko‘ra yoki sudning tashabbusi bilan tiklanadi.
Ish yuritish tiklangan taqdirda, sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarni umumiy asoslarda chaqiradi.
Ish yuritishni tiklash to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 116 — 120-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarorining 16-bandi birinchi,o‘n uchinchi xatboshisi.
11-bob. Arizani ko‘rmasdan qoldirish
Do'stlaringiz bilan baham: |