110-modda. Da’voni ta’minlash choralariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik
Ushbu Kodeks 106-moddasi birinchi qismining 2, 3, 6 va 7-bandlarida ko‘rsatilgan taqiqlar buzilganda aybdor shaxslar ushbu Kodeksning 146-moddasida nazarda tutilgan tartibda sudning ajrimi bilan jarimaga tortiladi. Da’vogar bu shaxslardan sudning da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ajrimini bajarmaganliklari oqibatida o‘zi ko‘rgan zararning o‘rni qoplanishini umumiy asoslarda talab qilishga haqli.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 4, 109, 188, 189-moddalari.
111-modda. Da’voni ta’minlash choralarini bekor qilish
Da’voni ta’minlash choralari ishni ko‘rib chiqayotgan sud tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Da’voni ta’minlashni bekor qilish to‘g‘risidagi masala ishda ishtirok etayotgan shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida hal etiladi. Biroq bu shaxslarning kelmaganligi da’voni ta’minlashni bekor qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Hakamlik sudining da’vo talablarini qanoatlantirishni rad etish haqidagi hal qiluv qarori da’voni ta’minlash choralari sud tomonidan bekor qilinishi uchun asos bo‘ladi.
Da’voni ta’minlash choralarini bekor qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi. Ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ajrim chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay yuboriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 106-moddasi birinchi, ikkinchi qismlari va 123-moddasi ikkinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarorining 10-bandi uchinchi xatboshisi.
112-modda. Da’voni ta’minlash choralarining saqlanish muddati
Da’vo rad qilingan taqdirda, da’voni ta’minlash choralari hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar saqlanib qoladi. Biroq sud da’voni ta’minlash choralarini bekor qilish to‘g‘risida hal qiluv qarori bilan bir vaqtda yoki u qabul qilinganidan so‘ng ajrim chiqarishi mumkin.
Da’vo qanoatlantirilgan taqdirda, da’voni ta’minlash choralari hal qiluv qarori amalda ijro etilguniga qadar o‘z kuchini saqlab qoladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 106-moddasi birinchi, ikkinchi qismlari, 109, 264-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni.
Do'stlaringiz bilan baham: |