107-modda. Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ariza sudya (sud) tomonidan ariza tushgan kuniyoq javobgarni va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarni xabardor qilmagan holda hal qilinadi.
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019-yil 25-oktabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarori 3-bandi o‘n ikkinchi xatboshisi.
108-modda. Da’voni ta’minlashning bir turini boshqasi bilan almashtirish
Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini eshitib, da’voni ta’minlashning bir turini boshqasi bilan almashtirishi mumkin.
Da’voni ta’minlash turini almashtirish ishda ishtirok etayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra, ishni ko‘rib chiqayotgan sud tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Da’voni ta’minlashning bir turini boshqasi bilan almashtirish to‘g‘risidagi masala ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida hal etiladi. Biroq bu shaxslarning kelmaganligi da’voni ta’minlashning bir turini boshqasi bilan almashtirish masalasini ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Pul summasini undirish to‘g‘risidagi da’voni ta’minlashda javobgar qo‘llanilgan ta’minlash choralari o‘rniga da’vogar talab qilayotgan summani sudning depozit hisobvarag‘iga o‘tkazishga haqli.
Da’voni ta’minlash turini almashtirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 106-moddasi birinchi, ikkinchi qismlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandi o‘n birinchi xatboshisi.
109-modda. Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ajrimni ijro etish
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ajrim sud hujjatlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda darhol ijro etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning V bo‘limi (“Sud qarorlarining ijrosi”) va O‘zbekiston Respublikasining 29.08.2001-yildagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni.
Do'stlaringiz bilan baham: |