99-modda. Ekspertizaning ekspertlar komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi
Ekspertiza bir xil (komissiyaviy ekspertiza) yoki turli xil (kompleks ekspertiza) sud-ekspert ihtisosligidagi bir necha ekspert tomonidan o‘tkazilishi mumkin.
Ekspertizaning ekspertlar komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi ekspertizani tayinlagan sud yoki mazkur ekspertizaning o‘tkazilishini tashkil etuvchi davlat sud-ekspertiza muassasasi yoxud boshqa korxona, muassasa, tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Ekspertizani o‘tkazish topshirilgan ekspertlar komissiyasi o‘z oldiga qo‘yilgan masalalarni hal etish zarurligidan kelib chiqib, o‘tkaziladigan tekshirishlarning maqsadi, ketma-ketligi va hajmini kelishib oladi.
Ekspertizani o‘tkazish topshirilgan ekspertlar komissiyasi tarkibidagi har bir ekspert tekshirishlarni mustaqil va alohida o‘tkazadi, shaxsan o‘zi olgan va komissiyaning boshqa a’zolari tomonidan olingan natijalarni baholaydi hamda qo‘yilgan savollar yuzasidan o‘z maxsus bilimlari doirasida fikrlarini shakllantiradi.
Tekshirishlarning ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiritilmagan shaxslar tomonidan to‘liq yoki qisman o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 96, 100, 101-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 01.06.2010-yildagi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunining 19, 20, 21-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 12-dekabrdagi 24-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha ekspertiza tayinlash, o‘tkazish va ekspert xulosasiga baho berishda sud amaliyotida kelib chiqadigan ayrim masalalar haqida”gi qarori 8-bandining o‘n beshinchi xatboshisi.
100-modda. Komissiyaviy ekspertiza
Komissiyaviy ekspertiza o‘tkazilayotganda ekspertlarning har biri tekshirishlarni to‘liq hajmda o‘tkazadi va ular olingan natijalarni birgalikda tahlil qiladi. Ekspertlar umumiy fikrga kelganidan so‘ng birgalikdagi xulosani yoki xulosa berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi dalolatnomani tuzadi va imzolaydi.
Ekspertlar o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklarni keltirib chiqargan barcha yoki ayrim masalalar bo‘yicha alohida xulosa beradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 96, 98-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 01.06.2010-yildagi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunining 19, 20-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 12-dekabrdagi 24-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha ekspertiza tayinlash, o‘tkazish va ekspert xulosasiga baho berishda sud amaliyotida kelib chiqadigan ayrim masalalar haqida”gi qarori 16, 17 va 19-bandlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |