96-modda. Qo‘shimcha va qayta ekspertizalar
Qo‘shimcha ekspertiza ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasidagi bo‘shliqlar o‘rnini to‘ldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa ekspert (ekspertlar komissiyasi) tomonidan o‘tkaziladi.
Ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi asoslantirilmaganda yoki uning to‘g‘riligiga shubha tug‘ilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki ekspertizani o‘tkazishning protsessual qoidalari jiddiy ravishda buzilganda qayta ekspertiza tayinlanadi.
Qayta ekspertiza tayinlanganda ekspert (ekspertlar komissiyasi) oldiga ilgari qo‘llanilgan tekshirish usullarining ilmiy asoslanganligi to‘g‘risidagi masala qo‘yilishi mumkin.
Qayta ekspertizani tayinlash to‘g‘risidagi sud ajrimida qayta ekspertizani tayinlagan sudning birinchi (ilgarigi) ekspertiza xulosasiga qo‘shilmaganligi sabablari keltirilishi kerak.
Qayta ekspertiza o‘tkazish boshqa ekspertga (ekspertlar komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (ilgarigi) ekspertizani o‘tkazgan ekspert (ekspertlar komissiyasi) qayta ekspertiza o‘tkazishda hozir bo‘lishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tekshirishlar o‘tkazish va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 95, 98, 99-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 01.06.2010-yildagi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunining 10, 18-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 12-dekabrdagi 24-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha ekspertiza tayinlash, o‘tkazish va ekspert xulosasiga baho berishda sud amaliyotida kelib chiqadigan ayrim masalalar haqida”gi qarorining 16, 17-bandlari, 20-bandi ikkinchi xatboshisi.
97-modda. Ekspertlarning xulosasi talab qilinadigan masalalar doirasini belgilash
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ekspertlar tomonidan tushuntirilishi kerak bo‘lgan masalalarni sudga taqdim etishga haqli.
Ekspertlarning xulosasi talab qilinadigan masalalar doirasini sud belgilaydi. Taklif qilingan masalalarning rad qilinishini sud asoslab berishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 58, 95, 98-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 01.06.2010-yildagi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasi, 14-moddasi birinchi qismi, O‘ zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 12-dekabrdagi 24-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha ekspertiza tayinlash, o‘tkazish va ekspert xulosasiga baho berishda sud amaliyotida kelib chiqadigan ayrim masalalar haqida”gi qarorining 9-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 14-sonli “Birinchi instansiya sudi tomonidan fuqarolik protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 17-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |