139-modda. Arz qilingan talablardan voz kechilganda, kelishuv bitimi tuzilganda sud xarajatlarini taqsimlash
Da’vogar arz qilingan talablaridan voz kechganda u qilgan xarajatlarining o‘rni javobgar tomonidan qoplanmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 44-moddasi ikkinchi qismi, 127, 128, 132, 140-moddalari.
Agar taraflar kelishuv bitimi tuzish chog‘ida sud xarajatlarini taqsimlash tartibini nazarda tutmagan bo‘lsa, sud bu masalani kelishuv bitimini tasdiqlashda ushbu Kodeksning 136, 138 va 141-moddalariga muvofiq hal qiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 127, 128, 132, 140-moddalari, 167-moddasi uchinchi, to‘rtinchi qismlari, 251-moddasi ikkinchi qismi, 399-moddasi uchinchi qismi, 419-moddasi uchinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2009-yil 24-noyabrdagi 14-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 18-bandi uchinchi xatboshisi.
140-modda. Taraflarga sud xarajatlarining o‘rnini qoplash
Prokurorning, shuningdek boshqa shaxslarning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilib sudga murojaat qilgan davlat boshqaruvi organlarining, tashkilotlarning va fuqarolarning arz qilingan talablari to‘liq yoki qisman rad etilganda, javobgar qilgan sud xarajatlarining o‘rni unga budjet mablag‘lari hisobidan to‘liq yoki da’vogar arz qilgan talablarning rad etilgan qismiga mutanosib ravishda qoplanadi.
Talablarni qanoatlantirish rad etilgan taqdirda, ushbu Kodeks 46-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan jalb etilgan javobgar qilgan sud xarajatlarining o‘rni budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Mol-mulkni xatlashni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo qanoatlantirilgan taqdirda, da’vogar qilgan sud xarajatlarining o‘rni unga budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 51-moddasi birinchi qismi, 106-moddasi birinchi qismi 1-bandi, 138-moddasi beshinchi qismi, 251-moddasi ikkinchi qismi, 253-modda beshinchi qismi, 399-moddasi uchinchi qismi, 419-moddasi uchinchi qismi.
Do'stlaringiz bilan baham: |