234-modda. Fuqarolarning shaxsiy yozishmalarini, telegraf xabarlari va boshqa xabarlarni o‘qib eshittirish
Fuqarolarning yozishmalari, telegraf xabarlari va boshqa xabarlar sir saqlash maqsadida ularning shaxsiy yozishmalari, telegraf xabarlari va boshqa xabarlari shu yozishma, telegraf xabarlari va boshqa xabarlarni o‘zaro almashgan shaxslarning roziligi bilan ochiq sud majlisida o‘qib eshittirilishi mumkin. Aks holda bunday yozishma, telegraf xabarlari va boshqa xabarlar yopiq sud majlisida o‘qib eshittiriladi hamda tekshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 12-moddasi uchinchi qismi.
235-modda. Hujjatning qalbakiligi to‘g‘risida arz qilish
Ishda mavjud bo‘lgan hujjat qalbaki ekanligi to‘g‘risida arz qilingan taqdirda, bu hujjatni taqdim etgan shaxs uni dalillar qatoridan chiqarishni va ishni boshqa dalillar asosida hal qilishni suddan iltimos qilishi mumkin.
Agar hujjatni taqdim etgan shaxs bunday arz bilan murojaat qilmasa yoki hujjat sudning o‘z tashabbusi bilan talab qilib olingan bo‘lsa, hujjatning qalbakiligi to‘g‘risida arz qilgan shaxs o‘z da’vosini isbotlashi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 236-moddasi.
236-modda. Hujjatning qalbakiligi to‘g‘risidagi arizani tekshirish
Hujjatning qalbakiligi to‘g‘risidagi arizani tekshirish uchun sud ekspertiza tayinlashi yoki boshqa dalillar talab qilishi mumkin.
Agar sud hujjat qalbaki degan xulosaga kelsa, uni dalillar qatoridan chiqaradi. Zarur hollarda, sud materiallarni prokurorga yuboradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 235-moddasi, 275-moddasi beshinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 2-oktabrdagi 11-sonli “Fuqarolik ishlarini ko‘rishda sudlar tomonidan dalillarga oid qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 29-bandi.
237-modda. Ashyoviy dalillarni tekshirish
Ashyoviy dalillar sud tomonidan ko‘zdan kechiriladi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, zarur hollarda esa ekspertlar, mutaxassislar va guvohlarga ham taqdim etiladi.
O‘ziga ashyoviy dalillar taqdim etilgan shaxslar ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq bo‘lgan u yoki bu holatlarga sudning e’tiborini qaratishi mumkin. Bunday arzlar sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi.
Ushbu Kodeksning 76, 93, 103, 104 va 239-moddalarida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirish bayonnomalari sud majlisida o‘qib eshittiriladi, shundan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘z tushuntirishlarini berishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 13-moddasi, 78-moddasi ikkinchi qismi, 91 — 94-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 2-oktabrdagi 11-sonli “Fuqarolik ishlarini ko‘rishda sudlar tomonidan dalillarga oid qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 6-bandi ikkinchi xatboshisi, 19-bandi ikkinchi xatboshisi, 25-bandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |