O‘zbekiston tarixi
Qang‘ va Dovon davlatlari
Download 2.25 Mb. Pdf ko'rish
|
@Kutubxona Elektron-O zbekiston tarixi maruzalar matni
Qang‘ va Dovon davlatlari.
Vatanimiz hududida mil.av. III asr boshlarida vujudga kelib milodning I-II asrlarida o‘zining yuksak ravnaqiga erishgan mustaqil davlatlardan biri-bu Qang‘ yoki Qang‘a davlatidir. Bu davlat tarixiga, rivojlanish jarayoniga oid bo‘lgan eng ko‘p ma’lumotlar Xitoy manbalarida uchraydi. Aftidan, Xitoyning Xan sulolasi hukmdorlari O‘rta Osiyo xalqlari hayotiga va bu hududning muhim jug‘rofiy mavqei, tabiiy boyliklariga alohida qiziqish bildirib, o‘z elchilarini yuborganlar hamda ular bilan yaqindan bog‘lanishga harakat qilganlar. Bugina emas, hatto mil. av. II asr boshlarida bu hududni qo‘lga kiritish maqsadida katta qo‘shin tortib bostirib kelganlar ham. Qang‘ davlatiga saklar asos solishgan. Qang‘ davlati mil.av.III asrda Sirdaryoning O‘rta oqimi hududlarida (xususan Toshkent vohasi va unga tutash tog‘li va cho‘lli zonalarda) tashkil topgan. Keyinroq mil.av. II asr boshlariga kelib bu davlat kengayib, sharqda Farg‘ona (Dovon), shimoliy-sharqda usun, yuechji qabilalari bilan, shimoliy-g‘arbda Sarisu daryosi bo‘ylab chegaralangan. G‘arbda esa Sirdaryoning quyi oqimigacha etib borgan. Boshqacha qilib aytganda, Amu va Sirdaryo oralig‘idagi katta hududlar shu davlat tarkibiga kirgan. Qang‘ning yirik shahrlar sirasiga Aris daryosi sohilidagi O‘tror va hozirgi Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan Qanqa (Qang‘iz) shaharlari kiradi. Bu shaharlar o‘sha davr shaharsozligining yuksak namunalarini o‘zida mujassamlashtirgan. Qang‘ davlatini boshqarishda podshohning roli va o‘rni katta bo‘lgan. Shu bilan birlikda davlat va jamiyat hayotiga oid ko‘plab muhim masalalarni hal etishda urug‘ va qabila oqsoqollaridan iborat Oliy Maslahat kengashining mavqei ham alohida o‘rin tutgan. Binobarin, podshoh o‘z ichki va tashqi siyosatini yuritishda kengash bilan maslahatlashgan. Viloyat boshliqlari turkiy maqomda jobu yoki yobular deb atalganlar. Ular o‘z hududlarini boshqarishda bir muncha mustaqillikka ega bo‘lib, markaziy hokimiyatga boj to‘lab turganlar. Qang‘ hukmdorlari mintaqadagi siyosiy vaziyatga ham faol aralashib, undagi muvozanatni saqlash bobida izchil siyosat olib borganlar. Ayniqsa ular Xitoyga nisbatan mustaqil siyosat yuritganlar. Shuning uchun ham Qang‘ davlati o‘z qo‘shnilari - Dovon, Qashg‘ar, Yorkent singari mustaqil hududlarga nisbatan Xitoyning da’vosi va istilochilik yurishlariga keskin qarshi chiqqan va lozim bo‘lganda o‘z harbiy kuchlari bilan ularga yordamga kelgan. Qang‘a aholisining asosiy tarkibini turkiy etnoslar tashkil etgan. Ular asosan o‘troq hayot kechirganlar. Aholining ma’lum qismi ko‘chmanchilik bilan shug‘ullangan. Daryo va soylarga tutash vohalarda dehqonchilik madaniyati rivojlangan. Chunonchi, Toshkent vohasida boshoqli, dukkakli o‘simliklar ko‘p miqdorda o‘stirilgan, shirin- sharbat mevalar etishtirilgan. Shaharlarda savdo-sotiq, hunarmanchilik rivoj topgan. Mahaliy hunarmandlar tayyorlagan urush qurollari (qilich, xanjar, oybolta, o‘tkir uchli nayzalar va b.), xo‘jalik asbob-uskunalariga talab - extiyoj katta bo‘lgan. Qoramozor, Qurama va Chotqol tog‘larida temirchilik, miskarlik hunarini rivojlantirish uchun kerak miqdordagi mis, temir, kumush, qo‘rg‘oshin singari ma’danlar qazib olingan. Toshkent atrofidagi Oqtepa 1, Oqtepa 2, Choshtepa, Qovunchitepa, shuningdek O‘tror, Sirdaryo havzasida topilgan ko‘plab noyob dalillar Qang‘ davlatida yuksak moddiy va madaniy hayot tarzi mavjud bo‘lganligidan dalolat beradi. Buni «Qovunchitepa madaniyati» nomi bilan tarixga kirgan qadimgi madaniyat namunalari ham isbot etadi. Qang‘aliklar chorvachiligi va yilqichiligi to‘g‘risida ham alohida fikr aytish mumkin. Xitoyliklarni maftun etgan zotdor, tulpor otlar xuddi mana shu Qang‘ va qo‘shni Dovon yaylovlarida boqilgan. Xitoy solnomachilari Qang‘da chorva mollarining mo‘l- ko‘lligini, sut-qatiqlarning g‘oyatda mazali va to‘yimliligini ta’rif etganlar. Bu davlatning xalqaro karvon savdosidagi mavqei ham baland bo‘lganki, bunda Buyuk ipak yo‘lining roli katta bo‘lgan. Download 2.25 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling