O‘zbеkistоn xаlqаrо islоm аkаdеmiyаsi “himoyaga ruxsat etildi”


Vaqf institutlarining tashkil etilishi va ularning ishlash tamoyillari


Download 375.5 Kb.
bet6/13
Sana29.01.2023
Hajmi375.5 Kb.
#1139737
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
1edit S.Abbos BMI

1.2. Vaqf institutlarining tashkil etilishi va ularning ishlash tamoyillari
Vaqaf institutlari ilk tashkil etilishni boshlagandan buyon to hozirgi kunga qadar har tomonlama mukammallashib bordi. Hozirgi davrda vaqf institutlarining tashkil etilishi boshqa ijtimoiy fondlar kabi har bir mamlakatning o’z qonunchilik doirasida olib boriladi. Institutlar davlatdagi huquqiy organ va iqtisodiy tizimlarga, qonun normalariga mos keluvchi, shuningdek ularga zid bo’lmagan tamoyillarda faoliyat olib boradi.
Zamonaviy huquqiy normalarda bo‘lgani kabi vaqf mulkchiligi munosabatlarini tartibga solishda ham vaqf qiluvchi shaxs, vaqfdan foydalanuvchi shaxs yoki shaxslar, vaqfni boshqaruvchi shaxs hamda vaqf qilingan mulk ishtirok etadi. Vaqf hujjati tuzilib yuqorida nomi tilga olingan subyekt va obyektlar guvohlar huzurida qayd etiladi. Vaqf hujjatida vaqf subyekti va obyektlari anglashilmovchilik keltirib chiqarmaydigan darajada aniq va ravshan qayd etiladi. Shuningdek, vaqf hujjatida vaqfning Alloh roziligi uchun qilingani va Allohdan vaqfni asrashini so‘rab qilingan duolar aks etadi. Vaqfning amalga oshishida muayyan shartlar mavjud bo‘lib, bu shartlar amalga oshganda vaqf ham doimiylik va bekor qilinmaslik asosida amalga oshirilgan hisoblanadi.
Vaqfning shartlari uch subyekt va obyektga qaratilgandir7: vaqf qiluvchi, vaqfdan foydalanuvchi va vaqf qilingan mulk.Vaqf qiluvchiga tegishli shartlar quyidagilardan iborat: vaqflarda shart qo‘yish masalasi islom huquqida vaqf munosabatlarini tartibga solishda muhim ahamiyatga egadir. Har bir huquqiy muomalaning zarur shartlarni amalga oshirish orqali ko‘zlagan huquqiy natijasi mavjud bo‘ladi. Masalan, oldi-sotdi shartnomasining huquqiy natijasi tovar/mulk va badalning o‘rin almashtirishi hisoblanadi. Ikki yoxud bir tarafli va shartnomalarning o‘z mohiyatiga mos keladigan huquqiy natijaga erishishi uchun taraflar uning amalga oshishini qiyinlashtiradigan yoxud imkonsiz qiladigan shartlarni qo‘ymasligi kerak. Taraflar kelishuv doirasida ba’zi shartlarni qo‘yishi mumkin. Shartnomani qo‘llab-quvvatlaydigan va urfda mavjud bo‘lgan shartlar, ko‘p hollarda, amal qiladigan shartlar shartlar hisoblanadi. Bu shartlar shartnoma tuzish va amalga oshirishda to‘siq bo‘lmaydigan xususiyatga ega bo‘lishi kerak.
Huquqiy me’yorlar asosida amalga oshiriladigan vaqf shartnomasida ham shart qo‘yishda yuqoridagi jihatlarni e’tiborga olish kerak bo‘ladi. Shar’iy va huquqiy jihatdan mulk deb qabul qilinmaydigan mulkni vaqf qilish, vaqfning doimiylik va bekor bo‘lmaslik shartlariga zid shartlar qo‘yish vaqf munosabatlarida nomunosib shartlar hisoblanadi. Shunday shartlar mavjud bo‘lganda vaqf amalga oshmagan hisoblanadi. Bular shar’iy normalarga zid shartlar hisoblanadi. Kelishuvga uyg‘un bo‘lmagan shartlar qo‘yilganda ikki xil tadbir amalga oshiriladi. Qo‘yilgan shartlar kelishuvni davom ettirshni imkonsiz qiladigan darajada nomunosib bo‘lsa, kelishuv amalga oshmaydi.
Kelishuvni buzmaydigan darajadagi nomaqbul shartlar qo‘yilganda esa shunday turdagi shartlar bekor qilinadi va kelishuv davom etadi. Vaqf munosabatlarida vaqf qiluvchining shartlari va unga amal qilish masalasi eng muhim mavzulardan hisoblanadi. Vaqf qiluvchi o‘zi vaqf qilgan mulkda o‘zi qo‘ygan shartlarning amalda bo‘lishini istaydi. Aks holda xalq orasida vaqf ta’sis etish ishtiyoqi o‘z-o‘zidan so‘nib boradi. Shunday ekan bu borada asosiy qoida huquqqa va vaqfning maslahatiga uyg‘un bo‘lish hisoblanadi.
Vaqf o‘z huquqiy mohiyatiga ko‘ra bir tarafli huquqiy operatsiyalar sirasiga kiradi. Vaqfdan ko‘zlangan natija esa ko‘zda tutilgan maqsadni amalga oshirish uchun mulkning vaqf qiluvchi egaligidan chiqishi va ko‘zlangan maqsadga taqdim etilishi hisoblanadi. Bu ish amalga oshishi uchun esa vaqfga qo‘yilgan shartlar vaqf davomiyligini ko‘zlagan bo‘lishi zarur. Ba’zan vaqt o‘tishi bilan qo‘yilgan shartlarning maslahatga uyg‘unlik xususiyati ham yo‘qolib borishi, davr va hodisalar sababli o‘zgarishi mumkin. Vaqflarning yangi jarayonlarga moslashuvchan bo‘lishi uchun imkoniyat va vakolati vaqf hujjatida vaqf qiluvchi tomonidan oldindan ko‘ra bilib qayd etilgan bo‘lishi vaqfning doimiyligi va dinamizmini ta’minlaydi. Bunday vakolat qayd etilmaganda yoki boshqa zaruriy hollarda tegishli qarorlar hokim tomonidan ham berilishi mumkin8. Vaqf shartnomasida uyg‘un shartlar qo‘yilib vaqf amalga oshgach e’tibor etilishi zarur bo‘lgan keyingi jarayon nazorat hisoblanadi. Tarix davomida vaqf nazorati, asosan, vaqf qiluvchi qo‘ygan shartlarga amal qilgan holda boshqarilayotgani nuqtai nazaridan amalga oshirilgan.
Mutavallilar bu shartlarni amalga oshirishga mas’ul bo‘lishgan. Zero vaqf hujjatida vaqf qilingan obyekt, uning daromad manbasi, xarajat yo‘nalishlari, vaqf davomiyligi uchun zarur bo‘lgan ta’mir, parvarish, qo‘riqlash, muhofaza qilish, foydalanuvchilarga qay tartibda taqsimot qilinishi kabi barcha detallar o‘z aksini topgan. Vaqfda qo‘yilgan shartlarni amalga oshirishda muayyan qurollar mavjud. Vaqf hujjati bo‘lmagan sharoitlarda vaqf qiluvchining qo‘ygan shartlari boshqa dalillar asosida isbot qilinishi; vaqf hujjati bo‘lsa-da tushunarsiz bo‘lgan taqdirda guvoh va boshqa dalillardan foydalanilishi; vaqf qiluvchining sharti ma’lum bo‘lmagan va boshqa dalillardan ham anglashilmagan taqdirda urfga ko‘ra boshqarilishi; vaqf hujjatida bir-biriga zid ikki shart mavjud bo‘lganda ikkinchisi birinchisini bekor qilishi; aksi ochiq qayd etilmasa daromad haqdorlar o‘rtasida teng taqsimlanishi; bir qisminiki ta’kidlangan bo‘lsa, ular o‘rtasida ta’kidlangandek, qolgani boshqa haqdorlar o‘rtasida teng taqsimlanishi shular jumlasidandir. Vaqf qiluvchining shartlari masalasida ham muayyan prinsiplarga amal qilinadi. Vaqf qiluvchining ma’qul va shariatga uyg‘un shartlariga muxolafat qilinmasligi, vaqfning huquqiy xususiyatini buzadigan shartlar uning sahihligini ham buzishi, qo‘yilgan shart vaqfning yoki haqdorning zarariga bo‘lgan taqdirda vaqf amalga oshgan hisoblanib shart bekor bo‘lishi shular jumlasidandir.
Vaqf mavzusidagi fiqhiy qarashlarda ayrim o‘rinlarda farqlar ko‘zga tashlanadi. Bu farqlar ko‘p hollarda vaqfning shartlari bilan bog‘liqdir. Shulardan biri vaqf shartnomasining doimiy lozim bo‘lishi yoki bo‘lmasligi masalasidir. “Luzum” so‘zi lug‘aviy jihatdan “majburiylik” ma’nosini anglatadi. Islom huquqida “luzum” quyidagicha izohlanadi: luzum – bu shartnomaning doimiy bo‘lib, tomonlardan faqat birining istagi bilan bekor qilinishi mumkin bo‘lmagan shartdir. Biz shartli ravishda “lozim” ifodasi o‘rnida “doimiy” so‘zini qo‘lladik. “Kelishuv, shartnoma” ma’nolarini beruvchi “aqd” atamasini esa o‘rniga qarab “shartnoma” yoki “kelishuv” so‘zlari bilan ifoda etdik.
Kelishuvning doimiy bo‘lmaslik holati ikki shaklda mumkin bo‘ladi:
1. Asliga ko‘ra doimiy bo‘lgan bir kelishuvning doimiylik xususiyatiga ega bo‘la olmasligi.
2. Kelishuvning maqsadi va tashkil topishiga ko‘ra doimiy bo‘lmasligi. Vaqfning kelgusida bekor qilinish ehtimoli, ya’ni doimiyligi masalasi bir kishi tomonidan amalga oshirilgan vaqfning o‘sha kishi yoki uning vorislari tomonidan bekor qilinishi, sotilishi, hadya qilinishi yoki meros qoldirilishi huquqlarining qaytarib olinishi mumkin yoki mumkin emasligi bilan bog‘liq muammolarni o‘z ichiga oladi. Bu masala, asosan, vaqf qiluvchi emas, balki uning merosxo‘rlari tomonidan ko‘tarilishini va oqibatda vaqflarning bir zumdayoq yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligi vaqf munosabatlarida uchraydigan holatdir. Vaqf shartnomasining doimiy bo‘lishi yoki bo‘lmasligi borasida, yuqorida ta’kidlanganidek, mazhablar o‘rtasida ham, bir mazhab doirasida ham o‘xshash hamda munozarali fikrlarni uchratish mumkin.
Vaqf shartnomasining doimiyligi haqidagi qarashlar, asosan, islom huquqi olimlarining vaqfga bergan ta’riflaridanoq ma’lum bo‘ladi. Xususan, Abu Hanifa vaqfni quyidagicha ta’riflagan9: Vaqf biror mulkning aslini vaqf qiluvchi voqifning egaligi mulkida ushlab turish va uning manfa’atini mulkni vaqtinchalik foydalanishga berish kabi sadaqa qilishdir. Ko‘rinib turibdiki, Abu Hanifa vaqfni islom huquqining muomalalar qismidan o‘rin olgan oriyaga o‘xshatgan. Oriya esa nafni evazsiz mulk qilib berishdir10. Oriyada narsani vaqtincha foydalanish uchun beriladi. Misol uchun, boy odam kambag‘al kishiga “Ushbu daraxtni senga bir yilga oriyaga – vaqtinchalik foydalanib turishga berdim”, deydi. Abu Hanifa vaqfni oriyaga o‘xshatish bilan uni keyinchalik bekor qilish mumkin bo‘lgan shartnoma aqdlar safiga kiritgan.
Zamonaviy yuridik normalarda hissadorlik deb yuritiladigan hissali mulk tushunchasi islom huquqiga oid manbalarda arabcha “shoi”, “musho” so‘zlari bilan ifodalanadi. “Musho” so‘zi lug‘atda “yoymoq, tarqatmoq” ma’nosidagi “isho’a” masdaridan kelib chiqqan bo‘lib, “keng tarqalgan, taqsimlanmagan” degan ma’noni bildiradi. Bu so‘z istilohda bir shaxsning taqsimlanmagan mulkka bo‘lgan egalik huquqidagi ulushini anglatadi. Bu ulushlar “musho’” yohud “shoi’” deb ataladi. Bunda taqsimlanmagan mulkdagi ulush uchdan bir, beshdan ikki kabi turli nisbatlarda bo‘lishi mumkin. Biror bir narsaning shunday ulushga ega bo‘lishi “shuyu” (isho’a) deyiladi. Bu so‘z ma’no jihatdan ulushning o‘zini bildiradi
Ammo ba’zida taqsimlanmagan mulk uchun ham shu so‘z ishlatiladi. Bir mulk bir necha shaxsga tegishli bo‘lsa, bu mulk taqsimlanmagan va hissali mulk hisoblanadi. Lekin bu mulkdagi hissalar o‘zaro ajratib olinmagan va ajratilishi ham qiyin masaladir. Masalan, bir uyning xonalari, g‘ishtlari, mixlari, toshlari va h.k. har bir qismida barcha mulkdorlarning mulk huquqi mavjuddir. Shuning uchun ham yoyilgan, tarqalgan va taqsimlanmagan kabi ma’nolarni beruvchi “shoi” so‘zi hissali mulkchilik uchun ishlatiladi
Islom huquqida “shuyu” va “musho” atamalari hamda “shirkat” atamasi boshqa-boshqa ma’nolarni anglatadi. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Kifoya” asarida shirkat so‘zi quyidagicha ta’riflanadi11: “Sharikat” yoki “shirkat” lug‘atda “aralashib ketish” ma’nosini anglatadi. Shariatda esa shirkat ra’sulmol (asosiy kapital) va foyda xususida sherik bo‘lganlar orasidagi aqd (kelishuv)dan iboratdir. Shirkat ikki xil bo‘ladi: Mulk shirkati va shartnoma shirkati. Mulk shirkatida ikki va undan ortiq kishi bir narsaga ega bo‘ladi. Ulardan har biri o‘z sherigining mulkiga nisbatan begona hisoblanadi. Shartnoma shirkatida sheriklik xususida shartnoma tuzilgan bo‘ladi”. Musho’ va mulk shirkati o‘rtasidagi farq shundaki, musho’da mulkni taqsimlab ajratish imkonsizdir, mulk shirkatida esa har ikki (yoki undan ko‘p) tomonning mulki ajratilgan bo‘ladi.
Hissali mulkni vaqf qilishda eng olijanob ko‘rinishlardan biri sifatida quyidagi hadisni keltirish mumkin: Nabiy (s.a.v.) masjidni qurishga buyurib: “Ey Abu Najjor! Mana bu chorbog‘ingizni men bilan baholashinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘q! Allohga qasamki, uning qiymatini Allohdan so‘raymiz”12, deyishdi. Hissali va o‘zaro taqsimlanmagan, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqsimlash imkoni bo‘lmay, bo‘lishish faqat tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilangina amalga oshirish mumkin bo‘lgan mulkni vaqf qilish muammosi boshqa moliyaviy masalalar qatorida alohida tahlilni talab etadi. Foydalanish turiga ko‘ra bevositamulkning o‘zidan foydalaniladigan ibodatxona, shifoxona, qabriston, kutubxona kabi vaqflarda vaqf qilinadigan mulkning ajratilgan bo‘lishi shart hisoblanadi. Hissali mol-mulk bu turdagi vaqflar uchun yaroqsizdir. Alloh rizosi uchun qilinadigan vaqfda sheriklik qabul qilinmaydi.
Bir ko‘chmas mulk bir oy ibodatxona, bir oy ish joyi sifatida ishlatilishi taomilga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Faqat pastki qavat do‘kon, ustki qavat masjid qilinishi vaqfga daromad keltirish maqsadida mumkin hisoblanadi. Mulkning aynan o‘zidan foydalanilmaydigan, faqat daromadidan foydalaniladigan hissali yerdan bir qismining vaqf qilinishini islom huquqi olimlarining aksari mumkin deb hisoblaganlar. Unda ajratish shart bo‘lmaydi. Imom Muhammad Shayboniy vaqfda mutavalliga topshirishni ham shart qo‘ygani uchun hissali mulk vaqfini mumkin emas degan fikrni ilgari surgan. Uning fikricha, vaqf sadaqa tasarrufiga o‘xshaydi. Endi islom huquqidagi mazkur mavzuda bildirilgan fikrlarni batafsil tahlil etishga to‘g‘ri keladi. Islom huquqi olimlari hissali mulk borasida o‘z fikrlarini bayon etishda mulkning quyidagi xususiyatlarini alohida ajratib ko‘rsatib o‘tgan:
1. Bo‘linishi mumkin bo‘lgan hissali mulk.
2. Bo‘linishi mumkin bo‘lmagan hissali mulk.
3. Aynan o‘zidan foydalaniladigan hissali mulk.
4. Daromadidan foydalaniladigan hissali mulk.
Bo‘linishi mumkin bo‘lgan hissali mulk borasidagi fikrlarni ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Abu Yusuf fikriga ko‘ra, bu turdagi taqsimlanmagan mulkni vaqf qilish mumkin hisoblanadi 3. Chunki mulkni taqsimlash bilan uni qabul qilib olinishi nihoyasiga yetgan hisoblanadi. Shunga ko‘ra, mulkni qabul qilib olish shart bo‘lmagani uchun uning nihoyasi bo‘lmish taqsim qilish ham shart emas. Ammo hanafiy imomlardan Muhammad Shayboniy taqsimlanmagan mulkni vaqf qilish mumkin emas, deb fikr bildirgan. Uning bu qarashi vaqfga qo‘ygan sharti bilan bog‘liq. Olimning fikricha, mulkni qabul qilib olish shart bo‘lgani uchun uning yakunlovchisi sifatida taqsimlash ham shart hisoblanadi.

Download 375.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling