O‘zbеkistоn xаlqаrо islоm аkаdеmiyаsi “himoyaga ruxsat etildi”


Bitiruv malakaviy ishining maqsad va vazifalari


Download 375.5 Kb.
bet5/13
Sana29.01.2023
Hajmi375.5 Kb.
#1139737
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
1edit S.Abbos BMI

Bitiruv malakaviy ishining maqsad va vazifalari. O’rta Osiyo mintaqasida xususan mamlakatimizda iqtisodiyotning tayanch sohalaridan bo’lmish vaqf ishiga bo’lgan e’tiborini kuchaytrirish va aholi diniy tarkibini hisobga olgan holda aynan musulmon aholi uchun vaqf tamoyillarini targ’ib qilish va kelajakda vaqf institutlariga yetarli asos bo’la oladigan nazariy bilimlarni tahlil qilish. Qo’yilgan maqsadga erishish quyidagi vazifalarning yechimi bilan bog’liq:

  • mintaqadagi aholining iqtisodiy- huquqiy ongini oshirish va hayotiy faoliyatda vaqf muhim o’rin tutishini tushuntirish;

  • musulmon aholi zich joylashgan va talab katta hududlarda vaqf fondlarini yaratish va faoliyatini keng yo’lga qo’yish;

  • mamlakat oliy ta’lim muassasalaridagi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi” yo’nalishlari tarkibida “Vaqf institutlari” bo’yicha maxsus nazariy va amaliy bilimlarni berish va bu bilimlar aholi orasida profilaktika qilinishini ta’minlash;

Bitiruv malakaviy ishining tarkibi. Ushbu bitiruv malakaviy ishi kirish, uchta bob, yettita paragraf, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati va ilovalardan iborat.
I BOB. VAQF TUSHUNCHASI VA UNING ILMIY-NAZARIY ASOSLARI
1.1. Vaqf tushunchasi va uning manbalarda yoritilishi
Jahon miqyosida turli ijtimoiy fondlarning amaliy ahamiyati, uni tushunish, anglash va tahlil qilish, jumladan vaqfning tub mohiyatini, vaqf institutlarining faoliyatini, shakllanish negizlarini o’rganish muhim ahamiyatga ega.
Vaqf — musulmon mamlakatlarida davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulkdir. U o‘z ichiga ko‘chmas mulk (bino va inshootlar, ekin maydonlari) va ko‘char mulkni (asbob-uskunalar, stanoklar, qurol-yarog‘lar) oladi. Ulardan foydalanganda, mulkning asli yo‘qolmaydi, ammo foydasi sarflanadi.
Vaqf bu «vaqafa» (to‘xtatmoq) fe’lining ish-harakat nomi (masdari) bo‘lib, lug‘atda «to‘xtatish», «tutib qolish» ma’nosini anglatadi. Ko‘pincha esa mazkur so‘z bilan masdar emas, balki vaqf qilingan narsa tushuniladi. Bir insonning bog‘i bor. U inson o‘sha bog‘ni undan chiqadigan mevalar xalqqa tarqatilishiga ko‘ra Alloh uchun vaqf qildim, desa yoki shu ishni rasmiylashtirib qo‘ysa, uning bog‘idan hosil bo‘lgan mevalar mudom xalq uchun xayr-ehson qilinadi. Vaqf bu biror obyektni Allohning mulki bo‘lishi uzra (oldi-berdi muomalasidan) to‘sib qo‘yish va undan hosil bo‘ladigan manfaatni esa muayyan qatlamga yoki barcha ehtiyojmandlarga yoxud omma musulmonlar uchun sadaqai joriya qilib qilib qo‘yishdir. Imom Abu Hanifaga ko‘ra1 faqat, bir holatdagina vaqf uning egasining mulkidan chiqib, lozimlik kasb etadi. U ham bo‘lsa, davlat boshlig‘i tayinlagan hokim shunday hukm qilsa, ya’ni vaqf qilingan mazkur mulkni egasining tasarrufidan butkul chiqarish qarorini qilsa, ana o‘shanda vaqf qilingan narsa egasining tasarrufidan chiqib ketadi. Lekin, masjid masalasida u zot ham boshqa fuqaholar singari masjid qurib bitkazib, u yerda hatto bir kishi tarafidan bo‘lsa ham namoz o‘qilishi bilan u uni qurgan insonning mulkidan chiqib, Allohning mulkiga aylanadi, deydilar. Faqat, bu masjid haqiqiy ma’nodagi masjid bo‘lishi kerak. Qandaydir bino ichida namozxona qilib qo‘yilgan joy garchi, namoz o‘qish joiz bo‘lsa-da fiqhiy ma’nodagi to‘laqonli masjid hisoblanmaydi.
Islom olamidagi yetakchi olimlarining aksari, shu jumladan, imom Ahmad va imom Shofeiylarga ko‘ra hamda imom Abu Hanifa rahimahullohning ikki buyuk izdoshi imom Abu Yusuf va imom Muhammadlar nazdida vaqf qilingan narsaning egaligi vaqf qiluvchi shaxs tasarrufidan chiqib, Allohning mulkiga qaytadi. Ushbu qarash jumhur ulamolarning fikri bo‘lishi bilan birga hanafiy mazhabida ham “muxtor” va “mufto bihi” jumlalariga kiradi. Imom Muhammadga ko‘ra vaqf egasining tasarrufidan chiqib ketishi uchun tegishli ob’yekt mutavalliy ya’ni vaqf ishlari uchun tayinlangan rahbar shaxsga topshirilishi va u esa uni qabul qilib olishi shart bo’ladi.
Imom Abu Yusuf nazdida vaqf kuchga kirishi uchun bir og‘iz so‘z kifoyadir. Ya’ni falon mulkimni vaqf qildim deb aytsa, shuning o‘zi bilan vaqf qilingan ashyo egasining mulkidan chiqib, luzumiyat kasb etadi. Zero, bu ham xuddi qul ozod qilish kabi o‘z mulkidan voz kechish demakdir. Buning uchun esa so‘z kifoya qiladi. Imom Abu Hanifa va Imom Muhammadga ko‘ra biror mulk vaqf qilinayotganda undan chiqadigan manfaatning abadiyyan sarflanish jihatini zikr qilish vaqfning to’g’ri bo‘lishi uchun shartdir.
Imom Abu Yusuf nazdida vaqf qilishda abadiy sarflanish jihatini tilga olish shart emas. Ya’ni, «abadiy» so‘zini aytish shart emas. Balki vaqf qiluvchi jismoniy shaxslardan iborat biror jihatni belgilaydi. Agar mazkur jihat qachondir uzilib qolsa, boyagi vaqf mulkidan chiqadigan manfaat faqirlarga sarflanadi. Imom Abu Hanifaga ko‘ra kitob, Mushaf, ro‘zg‘or buyumlari, libos va hokazolar kabi “manqul” ashyolarni vaqf qilish durust emas. Chunki, bu narsalar ishlatilish oqibatida o’z holatini yo’qotishi, eskirishi, ishdan chiqishi mumkinligi e’tiboridan ularga nisabatan abadiylik tushunchasini ishlatib bo‘lmaydi.
Vaqf vaqfnoma orqali rasmiylashtiriladi. Yer-suv, uy-joy, maktab, masjid, shifoxona va boshqalar vaqf mulki bo‘lishi mumkin. O‘z mulkini vaqfga topshirgan shaxs mazkur mulkka nisbatan egalik huquqini yo‘qotadi. Lekin uning o‘zi yoki oila a’zolari yoxud uchinchi bir shaxs vaqf mulkidan vaqfnomada qayd etilgan maqsadlarda foydalanilayotganligini aniqlash uchun vaqf mulkini boshqarish huquqini saqlab qolishi mumkin. O‘z mulkini vaqf mulki sifatida topshirgan shaxsning farzandlari yoki boshqa avlodlari mazkur vaqf mulkidan keladigan daromadlardan nafaqa olib turishi mumkin. Vaqf mulkini shariat qonuni bo‘yicha davlat boshlig‘i yoki qozi nazorat qiladi. Insonlar masjid, madrasa, shifoxona kabi ko‘chmas mulklarni, ilmiy kitoblarni va uy-ro‘zg‘or anjomlarini mo‘min-musulmonlarga vaqf qilib qoldirganlar. Vaqfni joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad: Allohga taqarrub hosil qilish. Ya’ni, savob umidida xayriya qilib, oxiratga savob jamg‘arish, Jamiyatdagi muhtoj kishilarning og‘irini yengil qilib, ularga yordam berishni yo‘lga qo‘yish tushuniladi. Buni bugungi iqtisodiy jarayonlar bilan talqin qiladigan bo’lsak, davlatlarning ijtimoiy yo’naltirilgan vazifalarining ma’lum qismi vaqf-xayriya fondlari tomonidan qoplanadi.
Vaqfning to‘rtta rukni bor:
1) Vaqf qiluvchi shaxs;
2) vaqf qilish lafzi;
3) vaqf qilinayotgan mol;
4) vaqf moli tasarruf etiladigan jihat.
«To‘xtatish», «tutib qolish» so‘ziga aloqadorligi shundaki, odatda vaqf qilingan narsa xoh u ko‘char mulk bo‘lsin, xoh ko‘chmas mulk bo‘lsin, odatiy ashyolar kabi odamlar bemalol sotib olib, so‘ng yana sotib yuboraverishlaridan va ular o‘rtasidagi muomalada boshqa tovarlar kabi aylanib yurishidan to‘sib, to‘xtatib qo‘yiladi. Islom shariatiga ko’ra, vaqf qiluvchi shaxs hur, oqil, mulkka ega bo‘lgan va vaqf qilishga majburlanmagan bo‘lishi shart hisoblanadi.
Vaqf qilishda vaqfga ochiqdan ochiq dalolat qiluvchi lafzlar ishlatilishi shart. Masalan, “vaqf qildim”, “Alloh yo‘liga sadaqa qildim” kabi. Yoki vaqf qilishga dalolat qiluvchi so‘z aytish yoki ishora qilish va vaqfni niyat qilish shart.
Vaqf qilinayotgan narsa yoki buyumga qo’yiladigan talablar quyidagilardan iborat:
– qiymatga ega bo‘lgan;
– foydalanish mumkin bo‘lgan (harom bo‘lmagan) narsa bo‘lishi;
– vaqf qilish vaqtida vaqf qiluvchining mulkida bo‘lishi;
– vaqf qilish vaqtida ma’lum bo‘lishi (noaniq bo‘lmasligi) shart.
Vaqfni tasarruf etiladigan jihat shariatda harom qilingan (ta’qiqlangan) jihat bo‘lmasligi kerak, masalan, tinchlikni buzish, urush olovini yoqishga yo’naltirmasligi lozim.
Mashhur musulmon sayohatchisi Ibn Battuta sakkizinchi hijriy yuz yillikda Bahriy Mamluklar hukmi ostidagi Damashq shahrida ko‘rgan o‘nlab turdagi, yuzlab vaqf muassasalarini ko‘rgandagi hayratini quyidagicha ifoda etadi2: «Damashqdagi vaqflarning turi va saflanish jihatlari shu qadar ko‘pligidan, ularning sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Masalan, hajga borolmaydiganlar uchun ularning nomidan haj qiluvchilarni yetarli mablag‘ bilan ta’minlaydigan vaqflar, qizlariga sarpo qilishga kuchi yetmaydigan oilalarning qizlariga barcha sarpo va jihozlarini tayyorlab, to‘yini o‘tkazib beradigan vaqflar; asirlarni ozod qilish uchun kerakli mablag‘larni beruvchi vaqflar; musofir yurtda puli tugab qolganligi tufayli uyiga qaytib ketolmayotgan “ibni sabil”lar uchun xoslangan vaqflar bor. Bunday turdagi vaqflar musofirlarga taom, kiyim-kechak va yurtlariga qaytish uchun kerakli narsalarni taqdim etadi. Shuningdek, yo‘llarni to‘g‘rilash va ularga tosh yotqazish uchun mo‘ljallangan vaqflar ham bularga misol bo‘la oladi.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, vaqf mulklarini yozma ravishda qayd etish ilk bor sahoba Umar tomonidan amalga oshirilgani aytiladi. Abu Dovudning Ibn Umardan qilgan rivoyati quyidagichadir: “Mu’ayqib yozdi: Abdulloh ibn Arqam guvoh bo‘ldi: Bismillahir Rohmanir Rohim. Bu Allohning bandasi Umar amir al-moʻmininning vasiyat qilgan narsasidir. Agar unga bir narsa bo‘lsa, Samg‘, Sorma ibn Akva’ va undagi qul hamda Haybardagi yuz ulush rafiqi ila va Muhammad (s.a.v.) unga taom uchun bergan vodiydagi makonlarga Hafsa umrining oxirigacha qaraydi. So‘ngra uning ahlidan oqili qaraydi. Sotilmaydi, sotib olinmaydi, o‘z qarori bilan so‘rovchiga, mahrumga, qarindoshlarga nafaqa qiladi. Unga nozir bo‘lgani uchun agar o‘zi yesa, birovga yedirsa yoki qul sotib olsa, tanglik yo‘q!”
Shundan ma’lum bo‘ladiki, guvohlar hozirligida vaqf qilinayotgan mulk va u joylashgan makon, vaqfni boshqarishga tayinlangan shaxs va guvohlar nomi vaqf hujjatida qayd etilishi kerak. Vaqf noziriga maosh tayinlash masalasi ham ushbu hujjatdan o‘rin olishi zarur. Vaqf munosabatlarida bu qoidaga ko‘p hollarda rioya qilib kelingan. Biroq tarixda og‘zaki ravishda vaqf qilish hollari ham uchragan, bu esa ba’zida vaqf qiluvchining merosxo‘rlari va vaqf haqdorlari o‘rtasida tushunmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Alouddin Abu Bakr ibn Mas’ud ibn Mahmud Kosoniy (vaf. h. 587 y.) qalamiga mansub “Badoi’ as-sanoi’ fi at-tartib ash-sharoi’” (“Din hukmlarini tartiblashda go‘zal san’atlar”) asari Movarounnahrda yozilgan muhim fiqhiy manbalardan biri hisoblanadi3. Bu asar ba’zi o‘rinlarda Kosoniyning ustozi bo‘lmish Alouddin Samarqandiyning “Tuhfa al-fuqaho” nomli asariga yozilgan sharh sifatida talqin qilinadi. “Tuhfa al-fuqaho” esa Quduriyning “Muxtasar” kitobi asosida yozilgani qayd etilgan. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, “Badoi’”ning yozilish uslubi sharh tarzida bo‘lmay, bu kitob yangicha tartib bilan qalamga olinganidir. Qolaversa, “Tuhfa al-fuqaho” bilan “Badoi’ as-sanoi’” solishtirilganda “Badoi’” ham mazmun jihatidan, ham uslub jihatidan mustaqil kitob ekani anglashiladi. “Badoi’ as-sanoi’”da, xususan, biz ko‘rib chiqayotgan “Vaqf bobi”da muallif bir necha olimlarning fikrlarini misol sifatida keltirib o‘tgan. Xususan, muallif Tahoviy va Quduriyning kitoblariga ko‘p o‘rinlarda murojaat etgan. Vaqf bobi “Badoi’ as-sanoi’”da uch yo‘nalishga bo‘lib tahlil qilingan4. Birinchisi – vaqf va uning joizligi bilan bog‘liq masalalar, hukmlar va dalillar; ikkinchisi – vaqfning to‘g‘ri va mukammal bo‘lish shartlari hamda uchinchisi – joiz vaqf va u bilan bog‘liq masalalardan iborat. Boshqa fiqhiy kitoblar qatorida bu kitobda ham vaqf mavzusiga alohida o‘rin ajratilgan. Mazkur asarda mulk kimning tasarrufida qolishi haqidagi farqli qarashlarni ham bayon qilgan Kosoniy Muhammad (s.a.v.), to‘rt xalifa – Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali, shuningdek, boshqa ko‘plab sahobalar vaqf qilganlarini, ular qilgan vaqflarda mulk vaqf qiluvchining tasarrufidan chiqqanini, vaqf shundagina amalga oshgan hisoblanishini, bu jihatdan vaqf xuddi qul ozod qilishga o‘xshashini ta’kidlaydi. Muallif Abu Hanifaning dalillarini ham keltirishni lozim deb topgan. Ibn Abbosning bir rivoyatlarida “Rasululloh (s.a.v.) Niso surasi (meros hissalari) nozil bo‘lganda bunday dedilar: “Niso surasidan so‘ng hubs yo‘qdir”. U kishining boshqa bir rivoyatlari esa “Allohning farizalaridan man etish yo‘qdir” shaklidadir. Avvalo, shuni aytib o‘tish kerakki, bu hadis sahih hadis deb topilmagan. Bayhaqiyning “As-Sunan as-sog‘iyr” asarida mazkur hadis “zaif” va “bu hadis bilan hujjat keltirilmaydi” deyilgan. Doraqutniy ham mazkur hadisning Ibn Lahiy’a va uning ukasi tomonidan naql etilganini va u ikkisining ham zaif ekanini zikr etgan.
Ibn Hazm “Al-Muhallo” asarida bu hadis haqida bunday deydi5: “Bu hadis mavzu’dir va Ibn Lahiy’a “la xoyro fiyhi (yolg‘onchiligi bilan mashhur, biror yaxshi sifati yo‘q)” odamdir, birodari ham shundaydir”. Rivoyat mavzu’ ekanini quyidagicha izohlash mumkin: Niso surasi yoki uning bir qismi Uhuddan so‘ng nozil bo‘lgan. Sahobalar esa Haybardan so‘ng va Niso surasidagi meros oyatlari nozil bo‘lgandan so‘ng vaqf qilishgan va bundan Rasululloh (s.a.v.)ning xabarlari bo‘lgan. Bu nasldan naslga o‘tib kelgan mutavotir jarayondir. Bu xabar to‘g‘ri bo‘lsa, habs/vaqf Rasululloh (s.a.v.)ning vafotlariga qadar nasx bo‘lishi kerak bo‘lardi. Ammo bir necha misollarda ko‘rib o‘tganimizdek, mol-mulkini vaqf qilish ishlari Rasulullohning hayotliklarida ham davom etgan va va keyinchalik ham uni to‘xtatish haqda hech qanday harakat bo‘lmagan. “Badoi’ as-sanoi’”da Abu Hanifaning dalili sifatida keltirilgan yana bir rivoyat Qozi Shurayhga oiddir. Yuqorida Ibn Abbosdan keltirilgan rivoyatlardan so‘ng Kufaning mashhur qozisi qozi Shurayh keltirgan rivoyatlar bu mavzudagi tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Qozi Shurayhdan naql qilingan ilk rivoyat ushbu hadisi sharifdir: “Muhammad (s.a.v.) habiysni sotishga hukm qildilar. Shu mazmunda kelgan yana bir rivoyat esa quyidagi hadisdir6: “Muhammad (s.a.v.) vaqfni ozod qilish hukmini berdilar. Mazkur ikki rivoyatdan Rasululloh ilgari mavjud bo‘lgan taqiqni bekor qilganlari tushu-niladi. Ato ibn Musayyabdan naql qilingan Shurayhdan so‘ralgan bir savol bilan bog‘liq rivoyat esa aynan qaysi vaqfga qo‘yilgan taqiq olib tashlangani jihatdan muhimdir. Rivoyat quyidagicha: Shurayhdan uyini boshqa farzandini qo‘yib bir farzandiga vaqf qilish haqda so‘radik. “Men qoziman, muftiy emasman”, - dedi. Masalani undan qayta so‘radim. “Allohning farizalaridan habs yo‘qdir”,- dedi. Bu o‘rinda masala bir kishining mulkini faqat bir farzandiga vaqf qilishi xususidadir. Bunda boshqa farzandlar chetda qolmoqdalar. Shurayh esa meros haqidagi oyatni shu o‘rinda qo‘llagan. Ibn Abbosdan naql qilingan rivoyat ham aslida Niso surasi bilan bog‘liq bo‘lib, meros haqidadir. Yuqoridagi hadis ma’nosi Allohning farizalaridan, ya’ni o‘rnatgan me’yordagi merosidan habs qilish, ya’ni man etish, ushlab qolish yo‘qdir, demakdir. Mavzumiz doirasida esa, buni hech kim mulkini vaqf qilish yo‘li bilan merosxo‘rlarini merosdan mahrum qilishi mumkin emas, degan mazmun kelib chiqadi. Shu o‘rinda, kishi sog‘ holatda mulkini boshqasiga sotishi, hadya qilishi, meros qoldirishi mumkin bo‘lsa, nega buni vaqf yo‘li bilan amalga oshirishimumkin bo‘lmaydi, degan haqli savol paydo bo‘ladi. Buning javobi shuki, vasiyat va hayotlik chog‘idagi tasarruf farqli tushunchalardir. “Vasiyat” o‘limdan keyin mulkka ega qilishdir, ya’ni “vasiyat” so‘zi bir gapni aytgan kishidan keyin uning talabini ado etishdir. Hayotlik chog‘idagi tasarruf esa o‘limga bog‘lanmagan taqdirda istalgan shaklda amalga oshirilishi mumkin. Rivoyatda kelgan “Faroiz (merosdagi ulush)dan hubs yo‘qdir” so‘zi yuqorida tilga olingan mavzuning o‘limdan keyin bilan bog‘liq ekanini anglatmoqda. Ya’ni mazkur taqiq qo‘yilgan mulk o‘limdan keyingi tasarruf haqidadir. Xuddi shu fikr Al-Bobartiyning “Hidoya”ga sharhi bo‘lmish “Inoya”da ham mavjud. “Inoya”da “Hidoya”da mavzuga doir matn sharhida habs sotilmasligining “bizdan oldingilarning shariati” (shar’u man qoblana) ekani, buning esa Rasululloh(s.a.v.)ning ushbu amrlari bilan nash qilingani qayd etilgan. Al-Bobartiy “Hidoya”dagi “as-Soiba kabi” iborasi sharhida esa Soibaning nazr qilinib mulkiyatdan chiqmaganini, shu shaklda kishi o‘z uyi va yerini vaqf qilishi bilan ular uning mulkiyatidan chiqmasligini aytadi. Bu bilan Abu Hanifaning vaqf majburiy (lozim) emasligi haqdagi fatvosiga dalil keltirgan bo‘ladi. Kosoniy esa “Badoi’ as-sanoi’”asarida Shurayhdan naql qilingan “Muhammad (s.a.v.) habiysni sotishni amr qildilar” rivoyati bilan vaqf qilingan narsaning vaqf qiluvchining mulkiyatidan chiqmasligini bildirishi qayd etilgan. Kosoniyning Rasululloh (s.a.v.) va sahobalar vaqflariga bergan izohi mazmunan ushbu shakldadir: Rasulullohning vaqflari “Biz, payg‘ambarlar, meros qoldirmaymiz, bizdan qolgan mulklar sadaqadir” hadislari sababli vaqf emas, sahobalarning vaqflari esa Niso surasining nuzulidan avval bo‘lgan bo‘lish ehtimoli mavjud, Rasulullohning vafotlaridan keyin bo‘lganlarini esa vorislari tasdiqlagan.

Download 375.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling