Mulkni qo`riqlashga vijdonsiz munosabatda bo`lish
(O`zR JK 172-moddasi)
Mazku jinoyatning obyekti mansabdor bo`lmagan shaxsga ishonib topshirilgan yoki uning muhofazasida turgan o`zganing mulkidir.
Bu qilmish obyektiv tomondan: shaxsning mulkni qo`riqlashga vijdonsiz munosabatda bo`lishi natijasida mulkning talon-toroj qilinishi, unga shikast yetkazilishida yoki uning nobud bo`lishi sababli mulk egasiga ko`p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo`lishida va bu qilmishda mansabdorlik jinoyatlarining alomatlari yo`qligida ifodalanadi.
Ko`pincha bu jinoyat shaxsning mulkni qo`riqlash bo`yicha o`z vazifalarini bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligida ifodalanib, buning natijasida mulkning talon-toroj qilinishi, unga shikast yetkazilishi yoki nobud bo`lishi tufayli yuz beradi.
Mulkning mansabdor bo`lmagan shaxs muhofazasida turishi yoki saqlash uchun shunday shaxsga ishonib topshirilishi, shuningdek, shaxs mulkni qo`riqlash bo`yicha o`z vazifalarini bajarmagani yoxud nomaqbul bajarganligi ushbu jinoyat obyektiv tomonining zaruriy belgisi hisoblanadi. Va nihoyat qilmishni 172-modda bilan kvalifikatsiya qilish uchun ko`p miqdordagi mulk talon-toroj qilinishi, shikast yetkazilishi yoki nobud qilinishi tarzidagi oqibatlarning ro`y berganligi zarurdir.
Shaxsning harakatlarini tahlil qilinayotgan modda bo`yicha kvalifikatsiya qilish uchun shaxsning mulkni qo`riqlash yuzasidan o`z majburiyatlarini bajarishga vijdonsiz munosabatda bo`lishi va uning talon-toroj qilinishi, ko`p miqdorda zarar yetkazilishi natijasida unga shikast yetkazilishi yoki uning nobud qilinishi o`rtasidagi sababiy bog`lanish mavjudligini aniqlash zarur. Agar sababiy bog`lanish bo`lmasa, shaxsni JK 173-moddasi bo`yicha javobgar qilib bo`lmaydi.
O`zganing mulkini qo`riqlash vazifasini bajaruvchi shaxsga zo`rlik ishlatilgan yoki yengib bo`lmas kuch (yong`in, toshqin, zilzila, tabiiy ofat va h.k.) ta`siri ostiga tushib qolgan va shu munosabat bilan mulkni qo`riqlash yuzasidan o`z vazifalarini lozim darajada bajara olmagan hollarda zarar yetkazilganligi uchun uning javobgar bo`lishi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |