Panja muskullari Qo‘l fatsiyalari va topografiyasi
Download 183.5 Kb.
|
Bilakning lateral guruh muskullari
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kaft sohasidagi fassiya
- Qo‘l topografiyasi
- O‘mrov -ko‘krak uchburchagi
- Adabiyotlar
Bilak fassiyasi yelka fassiyasining davomi bo‘lib, bilakda joylashgan muskullarni o‘raydi. Lateral va medial muskullararo to‘siqlar orqa guruh muskullarni ajratadi. Bilak fassiyasi bilak-kaft bo‘g‘imi sohasida qalinlashib, orqa tomonda kaftni yozuvchi muskulni ushlab turuvchi ko‘ndalang pay boylami (retinaculum extensorum)ni hosil qiladi. Orqa tomondagi ko‘ndalang pay boylami ostida 6 ta suyak-do‘mboq kanalcha mavjud bo‘lib, undan pay qinlar (vaginae tendinum)ga o‘ralgan 6 ta fibroz kanalchalar o‘tadi. Birinchi kanaldan (bosh barmoq tomonidan hisoblaganda) m. extensor pollicis, m. adductor pollicis longi paylari, ikkinchi kanaldan mm. extensores carpi radialis longus et brevis paylari, uchinchi kanaldan (oldingi kanallarga nisbatan kesishib joylashgan) m. extensor pollicis longus payi, to‘rtinchi kanaldan m. extensor digitorum va m. extensor indicis, beshinchi kanaldan m. extensor digiti minimi va oxirgi, oltinchi kanaldan m. extensor carpi ulnaris paylari o‘tadi.
Kaft sohasidagi fassiya bosh barmoq va jimjiloq tomonidagi muskullarni o‘rab turadi. Kaft o‘rta chuqurchasini esa keng uchburchak shaklli kaft aponevrozi yopadi, uning uchi to‘rtga bo‘linib, barmoqlarga tarqaladi. Barmoqlarga bo‘lingan aponevrozlar oralig‘ida ko‘ndalang fassiyalar (fasciculi transversi) tortilgan. Panjaning kaft tomonida, aponevroz ostida ko‘ndalang boylam vaikkita fibroz kanalcha bo‘lib, ularning biridan pay qiniga o‘ralgan bosh barmoqni bukuvchi muskul o‘tsa, ikkinchisidan panjalarni bukuvchi muskul paylari o‘tadi. Pay qinlarida sinovial suyuqlik bo‘lganidan muskullar qisqarganda ular ravon sirg‘aladi. Pay (sinovial) qinlar kaftning o‘rtasida (jimjiloqqa boruvchi paydan tashqari) tugaydi. Jimjiloq tomondagi sinovial qin tirnoq falangalarigacha davom etadi. II–V barmoqlarga boruvchi muskul paylarining har biri alohida fibroz qinga egadir. Qo‘l topografiyasi. Fossa axillaris – qo‘ltiq osti chuqurchasini oldindan katta va kichik ko‘krak muskullari (mm. pectoralis major et minor), orqadan orqaning serbar muskuli (m. latissimus dorsi), katta va kichik dumaloq muskullar (mm. teres major et minor), kurak osti muskuli (m. subscapularis) chegaralaydi. Medial tomondan tishli muskul (m. serratus anterior), lateral tomondan yelka suyagi, yelkaning ikki boshli muskuli (m. biceps brachii), tumshuqsimon yelka muskuli (m. coracobrachialis) chegaralaydi. O‘mrov suyagi bilan birinchi qovurg‘a orasida joylashgan qo‘ltiq sohasining tepa bo‘shlig‘i (apertura superior) bo‘yinni qo‘ltiq osti bo‘shlig‘i bilan qo‘shib turadi. Qo‘ltiq osti chuqurida (fassiyasida qo‘ltiq osti arteriyasi va venasi) limfa tugunlari joylashgan. Qo‘ltiq osti chuqurining oldingi devori uchta uchburchakka ajratilgan. 1. O‘mrov-ko‘krak uchburchagi (trigonum clavipectorale) tepadan o‘mrov suyagi, pastdan m. pectoralis minor ning tepa qirrasi bilan chegaralanadi. 2. Ko‘krak uchburchagi (trigonum pectorale) ko‘krakning kichik muskuli sathiga to‘g‘ri keladi. 3. Pastki uchburchak (trigonum subpectorale) tepadan ko‘krakning kichik muskuli, pastdan katta muskulining pastki qirralari chegaralab turadi. Bu uchburchaklar qo‘ltiq bo‘shlig‘ida joylashgan nerv chigallari va qon tomirlarining yo‘nalishini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Qo‘ltiq osti chuqurchasining orqa devorida ikkita teshikcha bo‘lib, biriga to‘rt qirrali (foramen quadrilaterum), ikkinchisiga uch qirrali (foramen trilaterum) teshikcha deyiladi. Teshikchalar tepadan kurak osti muskuli (m. subscapularis), pastdan katta dumaloq muskul (m. teres major) bilan chegaralanadi. Bu bo‘shliq o‘rtasidan yelkaning uch boshli muskuli (m. triceps brachii) uzun boshi o‘tishi natijasida to‘rt qirrali va uch qirrali teshiklar paydo bo‘ladi. To‘rt qirrali teshik (foramen quadrilaterum)ning lateral devorini yelka suyagining xirurgik bo‘yni, medial devori uch boshli muskulining uzun boshi, tepadan kurak osti muskulining pastki qirrasi, pastdan esa katta dumaloq muskul chegaralaydi. Uch qirrali teshikning lateral devorini uch boshli muskulning uzun boshi, tepadan kurak osti muskulining pastki qirrasi, pastdan esa katta dumaloq muskul chegaralaydi. Yelkaning ikki boshli muskuli yonboshida medial va lateral egatchalar (sulcus bicipitalis medialis et lateralis) joylashgan. Medial egatchadan yelka arteriyasi bilan venasi va oraliq nervi o‘tadi. Yelkaning orqa sohasida uch boshli muskul bilan yelka suyagining aylanma joylashgan bilak egati (sulcus radialis) bor, uning orasida bilak nervi kanali (canalis nervi radialis yoki canalis humeromuscularis) joylashgan bo‘lib, chiqish teshigi yelkaning pastki qismida bo‘ladi. Kanaldan bilak nervi, yelkaning chuqur arteriyasi va venasi o‘tadi. Tirsak chuqurchasi (fossa cubitalis) ning tubini va tepa chegarasini yelka muskuli (m. brachialis) lateral tomondan yelka-bilak muskuli (m. brachioradialis), medial tomondan esa dumaloq pronator (m. pronator teres) chegaralab turadi. Bu chuqurchadan yelka arteriyasi, venasi va oraliq nervi o‘tadi. Chuqurcha sohasida, teri ostidan o‘tadigan venadan amaliyotda har xil dorilarni vena qon tomiriga quyish uchun foydalaniladi. Bilakda yelka muskuli (m. brachialis) bilan kaftni bilak tomonga bukuvchi muskul (m. flexor carpi radialis) oralig‘ida bilak egati (sulcus radialis) bor. Tirsak tomonda kaftni tirsak tomonga bukuvchi muskul (m. flexor carpi ulnaris) bilan panjani bukuvchi yuza muskul (m. flexor digitorum superficialis) oralig‘ida tirsak egati (sulcus ulnaris) joylashgan. O‘rta egat (sulcus medianus) esa m. flexor digitorum superficialis bilan kaftni bilak tomonga bukuvchi muskul oralig‘ida bo‘ladi. Bilak va tirsak egatlaridan shu nomli arteriya, vena va nervlar o‘tadi, oraliq egatida oraliq nervi joylashadi. Adabiyotlar: 1. «Нормал ва патологик анатомия билан физиология». Н.К. Ахмедов. Тошкенг 1990 й. 2. «Одам ва унинг Анатомияси» Б.Аминов; 'Г.Тилолов. Тошкент 1997 й. 3. «Морфология человека» В.П.Якимов 1989 й. Download 183.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling