Pedagogika kafedrasi
Xalq oʻyinlarining komil inson -shaxs sifatida shakllanishining shakl, metod va vositalari
Download 1.16 Mb.
|
2.2. Xalq oʻyinlarining komil inson -shaxs sifatida shakllanishining shakl, metod va vositalari
Oʻzbek xalq milliy oʻyinlari oʻzining uzoq oʻtmishi, boy tarixiga ega boʻlgan, ajdodlardan avlodlarga meros sifatida oʻtib kelayotgan, ma’naviy boyligimiz, qadriyatlarimizdan sanaladi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab, milliy qadriyatlarimiz, an’ana-yu udumlarimiz, shu jumladan, xalq oʻyinlarini qayta tiklashga katta e’tibor qaratildi. Sportning an’anaviy turlari bilan birgalikda milliy sport turlari hamda xalq oʻyinlari ham tobora rivojlanib borayotir. Bugungi kunda dunyoning koʻplab mamlakatlarida oʻzbek kurashi boʻyicha musobaqalar tashkil etilib, sportning shu turi ustalari oʻrtasida jahon chempionati muntazam oʻtkazib kelinayotgani Oʻzbekistonda yashayotgan har bir fuqaro qalbini gʻururga toʻldiradi. Aslida biz faxrlansak arziydigan milliy sport turlari juda koʻp. Ularning orasida “Turon” kurashi, Oʻzbek jang san’ati, uloq, koʻpkari, chovgon, belbogʻli kurash va kamondan oʻq otish alohida e’tiborga molik. Ayniqsa, oxirgi yillarda Oʻzbek jang san’atiga boʻlgan qiziqish kuchayib bormoqda. Bu sport turi milliy ruh bilan sugʻorilgan boʻlib, yoshlarda abjirlik, epchillik kabi xususiyatlarni shakllantirishda, ularning oʻtkir zehnli va koʻrkam qaddi-qomatli boʻlib ulgʻayishlarida muhim oʻrin tutadi. Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, ota-bobolarimiz azal-azaldan insonni jismonan chiniqtiruvchi, salomatlikka ijobiy ta’sir etuvchi mashqlarga jiddiy e’tibor qaratishganini koʻramiz. Masalan,koʻpkari musobaqasi har bir ishtirokchidan chavandozlik mahoratidan tashqari jismoniy kuch, oʻtkir zehn va yetti oʻlchab bir kesish salohiyatiga ega boʻlishni talab qiladi. Ajdodlarimiz shunga mos ravishda tayyorgarlik koʻrib, ham ruhiy, ham jismoniy oʻsishga erishganlar. Umuman olganda, milliy sport turlarining barchasi ota-bobolarimizning yashash tarzi, madaniyati va dunyoqarashidan kelib chiqqan holda rivojlangan. Oʻsha kezlarda kimdir chavandoz, kimdir qilichboz, yana kimdir mergan sifatida tanilgan. Shuningdek, turli oʻyinlar va mashqlar tufayli ajdodlarimizda har qanday holatdan olib chiqadigan chaqqonlik, yakkama-yakka olishuvga xos uquv shakllangan. Milliy sport turlari bilan bir qatorda xalq oʻyinlari ham aksariyat yoshlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu oʻyinlar, ayniqsa, bolalar orasida keng yoyilgan. Xususan, mahallalarda oʻtkazilayotgan turli tadbirlarda aksariyat bolalar “Quloq choʻzma”, “Oq terakmi, koʻk terak ?”, “Podachi”, “Charxpalak”, “Oʻrda toʻp”, “Chigi”, “Qoʻtir echki” kabi oʻyinlarda oʻzaro bellashib, kim epchilu, kim chaqqonligini aniqlab oladilar. Shuningdek, “Uzuk olish”, “Igna sanchish”, “Poyondoz”, “Sultonchalar jangi”, “Igna, ip, angishovna” singari xalq oʻyinlari ham yillar osha bizgacha yetib kelgan. Mazkur oʻyinlar ishtirokchilariga sinchiklab qarasangiz, har birida abjirlik, murakkab holatni toʻgʻri baholash, qiyin vaziyatdan chiqib ketish xususiyatlari qaror topganiga amin boʻlasiz. Shundan xulosa qilish mumkinki, milliy sport turlari va xalq oʻyinlari yoshlarni sogʻlom voyaga yetkazish, ularga ta’lim-tarbiya berishda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, milliy qadriyat va urf-odatlarni asrab-avaylashda ularning oʻrni beqiyos. Shuningdek, xalq oʻyinlariga e’tibor yildan-yilga ortib bormoqda. Darhaqiqat, milliy sport turlari va xalq oʻyinlari oʻziga xos qadriyat sifatida avlodlardan avlodlarga oʻtib boradi. Ularni ardoqlagan yoshlar qalbida Vatanga muhabbat tuygʻusi qaror topadi, milliy ruh shakllanib, xalqimizning an’ana va urf-odatlarini e’zozlash hissi yanada kuchayadi. Xullas, milliy oʻyinlar yoshlarni oʻzbekona tarbiyalashning eng ta’sirchan vositalaridan biridir. Bu oʻyinlar qanchalik keng yoyilsa, vatanparvar yoshlar safi shunchalik kengayadi. Oʻyinlarning takomillashuvi, oʻyin faoliyati dastlab syujet va mazmundan tashkil topadi. Odatda syujet deganda oʻyin faoliyatida bolalar aks ettiradigan voqelikning doirasi tushuniladi. Oʻyin syujeti turli davrga sinfiy xususiyatga, oilaviy turmush tarziga, geografik va ishlab chiqarish sharoitlariga bogʻliq holda yaratiladi. 7-8 yoshli bolalarga xos oʻyinlarni jismoniy sifatlarini rivojlantirishiga koʻra quyidagi guruhlarga ajratish mumkin 1. Tezkorlikni tarbiyalovchi oʻyinlar. 2. Kuchni oshiruvchi oʻyinlar. 3. Chaqqonlikni rivojlantiruvchi oʻyinlar. 4.Chidamlikni rivojlantiruvchi oʻyinlar. 5.Egiluvchanlikni tarbiyalovchi oʻyinlar; Ayrim oʻyin turlari bolalarning barcha boʻgʻinlariga mos kelishi mumkin, ya’ni jismoniy sifatlarni yaxlit holda tarbiyalashga qaratilgan oʻyinlar ham borki, ularda turli jismoniy sifatlar ketma-ket rivojlanishi mumkin. Oʻyinlardagi bunday izchillik bolaning bilim saviyasi, turmush tajribasini kengayishi, uning katta yoshdagi odamlarning turmushiga chuqurroq kirib borishi bilan bogʻliqdir. Darhaqiqat oʻyinlarning oddiydan murakkabga tomon oʻsishi turmushning tobora yangi qirralarini aks ettirish bilan cheklanib qolmay, muayyan oʻyinning oʻziga xos boshqa koʻrinishlari bilan boyishi sababli ham amalga oshadi. Download 1.16 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling