Qo‘l yozma huquqida Himoya qilishga ruxsat udk 32(575. 1): 2: 34 Magistratura bo‘limi boshlig‘i D. Mamatkulov
Yangilanayotgan O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashning ma’naviy, siyosiy va huquqiy omillari
Download 214.19 Kb.
|
Yuldashova Qunduz Bozorovna11 (2)
2.1. Yangilanayotgan O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashning ma’naviy, siyosiy va huquqiy omillari
Jamiyat hayotining barcha jabhasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar o‘z samarasini berayapti. Binobarin, istiqlol yillarida Vatanimizda yashayotgan turli millatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, tenghuquqlilik hamda hamjihatlikni mustahkamlash, uning qonuniy asoslarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni saqlash, dinlararo va millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish hisobiga xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘si oshib bormoqda. Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida, avvalo, inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadi turadi. Fuqarolar manfaatlarini faqatgina tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yaratish orqali ta’minlash mumkin. Bugun dunyo koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq inqirozga duch kelgan bir sharoitda ko‘plab mintaqalarda millatlararo va konfessiyalararo ziddiyatlar kuchayayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Shu bois, boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish uchun birdamlikni saqlash muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda aholining ko‘p millatli bo‘lishiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning qulay omili sifatida qaralmoqda. Ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni saqlash, dinlararo va millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish hisobiga xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘si oshib bormoqda. Xususan, mamlakatimizdagi davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish etti tilda olib boriladi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z ko‘rsatuvlarini o‘n ikki tilda namoyish etmoqda, o‘ndan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi qoshida 138 ta milliy madaniy markaz, bundan tashqari, 16 ta konfessiyaga tegishli 2300 ga yaqin diniy tashkilot faoliyat yuritadi. Bu borada yaxlit, chuqur o‘ylangan siyosat va uni amalga oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilib, millatlararo va dinlararo totuvlikni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilmoqda. Bu islohot va o‘zgarishlarning negizida konstitutsion huquq va kafolatlar yotganini alohida qayd etish lozim. Shundan kelib chiqib, bu borada quyidagi dalillarni keltirib o‘tish zarur. Birinchidan, turli millat va din vakillarining o‘z salohiyatini to‘laqonli amalga oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun konstitutsiyaviy kafolatlar belgilangan. Bunda, eng avvalo, fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarini, ularning qonun oldida tengligini ta’minlash alohida e’tiborga olingan. Mazkur sohada O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy tamoyillari sirasiga fuqarolarning teng huquqliligi, ijtimoiy adolat, qonun ustuvorligi, millat va elatlarning madaniy, til va diniy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlarini o‘zaro hurmat qilish kiradi. Konstitutsiyaviy kafolatlar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, fuqarolarga jamoat va davlat qurilishida ishtirok etishni ta’minlaydi. O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarning optimal rivoji uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bu esa O‘zbekistonda yashovchi barcha xalqlarda umumfuqaroviy mentalitetning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning uchun huquqiy kafolot bor: O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 18-moddasida ko‘rsatilganidek, “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar qonun oldida tengdirlar”36. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularnig rivojlanishi uchun sharoit yaratadi. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga har qanday asoslarda ega bo‘lganligidan qa’tiy nazar, hamma uchun tengdir. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni o‘rnatish siyosati Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro huquqiy-me’yoriy hujjatlarga to‘la mos keladi. Ikkinchidan, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash O‘zbekistonning zamonaviy davlat sifatida rivojlanish strategiyasining ajralmas qismi hisoblanadi. Mamlakatimizda 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga37 muvofiq, mazkur sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga38 muvofiq, din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiya ishlari bo‘yicha kengashning yangi tarkibi tasdiqlandi. Kengash tarkibi 9 nafardan 17 nafar a’zoga — O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillari hisobiga kengaydi. e’tiborli jihati, kengash a’zoligiga a’zolari oz sonli diniy tashkilotlarning rahbarlari ham kiritildi. Jamoatchilik maslahatlashuv organi hisoblangan mazkur kengashning asosiy maqsadi O‘zbekistondagi mavjud diniy-ijtimoiy jarayonlarni muhokama qilish hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining asosiy vazifalari qatoriga davlat organlarining respublika hududida joylashgan milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari bilan o‘zaro aloqasi va hamkorligini ta’minlash va yanada rivojlantirish kiritildi. Qo‘mita qoshida fuqarolarning etnomadaniy talablarini o‘rganish, aniqlash va qanoatlantirishga, millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga, milliy sabablarga ko‘ra, ehtimoliy mojarolarning oldini olishga ko‘maklashuvchi Jamoatchilik kengashi tuzildi. Bundan kutilayotgan asosiy natija — mazkur sohada davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdir. Mamlakatimiz hududida yashayotgan millatlar urf-odati hamda islom dinining madaniy va tsivilizatsion merosi, ma’naviy-falsafiy ahamiyatini chuqur o‘rganish bo‘yicha ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — fundamental ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida diniy bag‘rikenglik, millatlararo munosabatlarning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish va uni bugungi kun sharoitida rivojlantirishdan iborat. Bu borada Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro tadqiqot markazlari tashkil etildi. Shu bilan birga, tegishli oliy ta’lim muassasalarida sifatli diniy ta’lim olish imkoniyati kengaymoqda. O‘rta, oliy diniy ta’lim, magistratura, boshlang‘ich doktorantura va doktoranturani o‘z ichiga olgan diniy ta’limning besh bosqichli tizimi shakllantirildi. Islomiy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish kvotasi ikki baravar oshirildi. Shuningdek, Toshkent pravoslav seminariyasi va Toshkent xristian seminariyasi o‘quv dargohlari ham o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. O‘zbekistonning xalqaro munosabatlarda ishonchli va mas’uliyatli sub’ekt sifatidagi roli mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Millatlararo tolerantlikning shakllanishi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida ta’lim-tarbiya jarayonida. Har qanday muammo singari millatlararo tolerantlik muammosi ham odamlarning muayyan tajribasida yetiladi, u real qiziqish ta’siridagina ko‘p qirrali mazkur tajriba doirasida hal qilinishi mumkin. Bunda global xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni alohidalik, xususiylik va umumiylik falsafiy kategoriyalari nuqtai nazaridan tahlil qilish, ya’ni ularni mazmunan mahalliy, milliy, mintaqaviy, xalqaro yoki global darajalarga ajratgan holda tahlil qilish ularning rivojlanish tendensiyalarini aniqlash imkonini beradi. Shuni ta’kidlab o‘tish zarurki, xalqimizning ma’naviy-tarixiy an’analari hozirgi zamon O‘zbekiston ijtimoiy voqeligini shakllantirishda muhim rol uynaydi hamda millatlararo tolerantlik, uning milliy va umuminsoniy o‘ziga xos xususiyatlarining tarkib topishida, ijtimoiy-axloqiy jarayondagi eng muhim nazariy-metodologik jihatlardan biri hisoblanadi. Ayni paytda hozirgi zamonda millatlararo tolerantlik muammosiga nisbatan yangi yondashuvlar, uning kengayib borayotgan umuminsoniy, mintaqaviy va milliy ijtimoiy-ma’naviy jarayonlar bilan uyg‘un bog‘liqligi, mazkur hodisaning shakllanishi va rivojlanishining tahlili bilan bog‘liq bir qator nazariy-metodologik muammolarni ko‘rib chiqishni taqozo qiladi. O‘zbek xalqining millatlararo tolerantligining shakllantirilishida milliy madaniy markazlar, O‘zbekiston Respublikasining milliy kutubxonalari, oila, maxalla, muqaddas dinimiz muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda tashkil qilingan turli milliy markazlar va jamiyatlar faoliyati milliy an’analar, urf-odatlarni tiklash, ma’naviyat va madaniyatni rivojlantirish, millatlararo munosabatlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Bugun respublika hududida yashovchi 130 dan ortiq millat va elat vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi millatlararo totuvlikni mustahkamlash, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. Mustaqillikning ilk daqiqasidan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi siyosatida millatlararo tenglik va totuvlik go‘yasiga alohida e’tibor qaratildi. Ko‘p o‘tmay bu umuminsoniy tamoyil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli moddalarida qat’iy qilib qayd etildi. “Muqaddima”sidayoq Asosiy Qonunimiz “respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib”, “fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida” qabul qilinayotgani aytilgan. 8-moddada: “O‘zbekiston xalqini, millatidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”39, deyiladi. Demak, tilshunoslik nuqtai nazaridan o‘zaro ma’nodosh (sinonim) hisoblansada, Konstitutsiya qabul qilgan kundan e’tiboran o‘zbek siyosatshunosligi huquqiy terminologiyasida “xalq” va “millat” so‘zlari o‘zaro ma’nodosh bo‘lmay qoldi. Chunki Konstitutsiyada “xalq” deganda mamlakatning butun aholisi, “millat” deganda esa bu yerda yashaydigan 136 millatdan biri tushuniladi. Hozirgi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Migratsiyaviy jarayonlar uchun biron-bir fuqaroning zarracha aybi yo‘q. 1989 yil 21 oktyabrida qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonun amalda respublikamizdagi boshqa tillar ravnaqi uchun ham keng yo‘l ochdi. Hozir mamlakatimizda 7 tilda – o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida umumiy ta’lim maktablari mavjud. Aslida, iqtisodiy jihatdan muayyan mushkulliklar tug‘dirsa ham, shu maktablar uchun darslik va qo‘llanmalar mamlakatimizning o‘zida tayyorlanib, chop etiladi40. O‘zbek maktablarida ona tili, rus tili va bir xorijiy (jami uch) til, rus maktablarida ona tili, davlat tili va bir xorijiy (jami uch) til, qoraqalpoq, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman maktablarida esa ona tili, davlat tili, rus tili va bir xorijiy (jami to‘rt) til o‘qitiladi. Til o‘rganish amalda kishining ong-tafakkurini o‘stiradi, uning axborot olish imkoniyatini kengaytiradi, fikrlashda qiyoslash ko‘nikmalarini paydo qiladi, shakllantiradi. Mamlakatimizda o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq va ingliz tillarida matbuot nashrlari mavjud. Mustaqillik yillarida amalda har bir millat va elat vakilining o‘z tilida badiiy ijod qilish imkoniyatlari ham kengaydi. Masalan, sho‘ro davrining so‘nggi o‘ttiz-qirq yili mobaynida Toshkentda tojik tilida birgina kitob chop etilgan. Ammo istiqlol zamonida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termiz va boshqa shaharlarda o‘zbekistonlik tojik shoirlarining 100 dan oshiq to‘plami bosilib chiqdi. Ularning aksariyatida Vatan haqida she’rlar bor. Ularning barida “Vatan” deganda jonajon O‘zbekistonimiz, uning vodiyu vohalari, shaharu qishloqlari, cho‘lu tog‘lari, dalayu bog‘lari ta’rifu tavsif etiladi. Tojik yozuvchilarining ko‘plab nasriy asarlari ham bosilyapti. Bugun mamlakatimizdagi boshqa millat va elatlar vakillari uchun ham osh – eng tansiq taom bo‘lib ulgurgan. To‘y-ma’rakalarimizni usiz tasavvur eta olmaymiz. To‘y-tantanalarimizda turli millat va elat vakillari bemalol xorazmcha “Lazgi”ga, buxorocha “Mavrigi”ga yoki “Andijon polkasi”ga zavq bilan raqsga tushadi. Turli millat va elatlar vakillari bir mahalla, bir ko‘p qavatli uyda yon qo‘shni – jon qo‘shni bo‘lib yashab kelyapti. O‘rtada “bor tovog‘im – kel tovog‘im” ham mavjud. Bugungi o‘zbek madaniyatini, sharqona va g‘arbona madaniyatlar uyg‘unligidan (sintezidan) iborat, deb hisoblashga to‘la haqlimiz. G‘arb madaniyatining ijobiy jihatlarini o‘zlashtirish – faqat yutuq. Ammo G‘arbda demokratiyaning suiste’mol qilinishi oqibatida yuzaga kelgan “ommaviy madaniyat”ning, yalang‘ochlik falsafasining kirib kelishidan ehtiyot bo‘lish kerak. 2017 yil 24 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni asosida Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan madaniy markazlarning bir guruh faollari mukofotlandi. Davlatimiz rahbari Vatanimizning yuksak mukofotlarini tantanali ravishda to‘shirdi. Respublika baynalmilal markazi tashkil etilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, Respublika baynalmilal madaniyat markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi. Respublika baynalmilal madaniyat markazi, 138 ta milliy madaniy markaz, shuningdek, O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, 34 ta do‘stlik jamiyati faoliyati o‘zaro birlashtirildi. Shu tariqa bu qo‘mita millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlovchi boshqaruv organi maqomiga ega bo‘ldi. Mamlakat taraqqiyoti bugun bevosita 32 milliondan ortiq kishining a’moliga sa’y-harakatiga bog‘liq. Shunday ekan, O‘zbekistonimizdagi barcha millatlar vakillari – hamyurtlarimiz, jondosh-qondoshlarimiz. Shuning uchun, millatimizdan qat’i nazar, shu Vatan taqdiriga barchamiz birdek mas’ulmiz. Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov alohida shior tarzida o‘rtaga tashlaganidek: “Shu aziz Vatan – barchamizniki!” Mamlakatimizda shu tariqa davlat va xalq o‘rtasidagi chambarchas bog‘liqlikni kuchaytirish davri boshlandi. Bundan buyon ham taraqqiyotimiz aynan ana shu davlat va xalqning jipsligiga tayanadi. Busiz hech bir mamlakat o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlarga erishgan emas. Mustaqillikni mustahkamlash, uni himoya qilish hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlikosoyishtalik, chegaralarimiz daxlsizligini asrash, Qurolli kuchlarimizning jangovar salohiyatini kuchaytirish, jahon miqyosida raqobat, qarama-qarshilik tobora beshafqat tus olayotgan, radikalizm, terrorizm, ekstremizm, “ommaviy madaniyat” kabi tahdidlar kuchayib borayotgan tahlikali zamonda doimo ogoh va hushyor bo‘lib yashash, safarbarligimizni yanada oshirish – bugun hayotning o‘zi talab qilayotgan eng muhim va dolzarb vazifamiz ekanini hammamiz teran anglashimiz darkor. Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida ijobiy va o‘zaro hurmatga asoslangan muhitni mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida millatlararo va dinlararo munosabatlarning yangi modeli yaratildi. Ushbu model` turli millat va din vakillari o‘rtasidagi millatlararo va dinlararo muloqot, konstruktiv yondashuv va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligiga asoslanadi. Shu ma’noda, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va din sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatda ushbu sohalarda yangicha yondashuv va strategik maqsadni birlashtirgan tizim shakllanishiga xizmat qildi. Mazkur tizimning muvaffaqiyati esa yurtimizda tinchlikni saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, barqaror rivojlanish uchun zamin yaratmoqda. Zero, zamonaviy davlatning bosh maqsadi jamiyatda hamjihatlik va barqarorlik, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta’minlashdan iborat. Bu borada Asosiy qonunimiz — Konstitutsiya nafaqat jamiyat va davlat taraqqiyotini belgilovchi oliy darajadagi siyosiy-huquqiy hujjat, balki mamlakatimizda yashovchi har bir fuqaroning munosib turmush tarzini kafolatlovchi muhim asosdir. Download 214.19 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling