Sepma qatlam. Suvoqning birinchi qatlami. Bu qatlamning qalinligi qo‘lda chaplanganda 3-5 mm bo‘ladi. Qorishma agar nasoslar bilan chaplansa, yog‘och yuzalarda 9 mm dan, tosh, beton, g‘isht yuzalarda esa 5 mm dan oshmasligi kerak. Sepma qatlam uchun suyuq qorishma tayyorlanadi. Qo‘l bilan chaplanadigan qorishmaning quyuqlik darajasi standart konusning shu qorishmada 8-12 sm cho‘kishiga mos kelishi zarur. Sepma qatlam chaplashdan oldin kun issiq vaqtlarida yuzaga suv sepib, ho‘llash kerak.
Sepma qatlam qorishmasi yuzaning bo‘shliq va g‘adir-budirliklariga oqib kirib, yuzaga mahkam yopishadi va o‘zidan keyingi qatlamlar - qorasuvoq va
pardoz suvoqning og‘irligini ko‘tarib turadi. Qorishma qanchalik yaxshi tayyorlanib, sepma qorishmasi qanchalik to‘g‘ri chaplangan bo‘lsa, u hamma g‘adir-budirliklarga shuncha zich kirib, yuzaga shunchalik puxta yopishadi va suvoq shunchalik mustahkam yopishib turadi.
Qorasuvoq. Suvoqning ikkinchi qatlami. Qorasuvoq qorishmasi sepma qorishmasidan bir oz quyuqroq tayyorlanadi. Suyuq qorishmaning yoyiluvchanligi chaplash paytida standart konusning quyidagicha cho‘kishiga mos kelishi kerak: gipssiz qorasuvoq uchun 7-9 sm atrofida, gips bilan 8-10 sm. Qorasuvoq suvoqning asosiy qatlami hisoblanadi. U kerakli suvoq qatlamini hosil qiladi va yuzani tekislaydi.
Agar suvoq qalinroq qilinadigan bo‘lsa qorasuvoqni bir necha qatlam qilib chaplanadi. Har qaysi qatlamning qalinligi ohakli va ohak-gipsli qorishmada 7 mm dan sementli qorishma bo‘lganda 5 mm dan oshmasligi kerak.
Pardozsuvoq. Suvoqning uchinchi qatlami. Uning qalinligi 2 mm bo‘lishi kerak. Pardozsuvoq qorishmasi ko‘zlarining o‘lchami 1, 51, 5 mm bo‘lgan elakdan o‘tkazilgan mayda qumdan tayyorlanadi. Pardozsuvoq qorishmasining quyuqligi standart konusning 10-12 sm chegarasida cho‘kishiga mos kelishi kerak. Pardozsuvoq qo‘l bilan yoki mashina yordamida qorasuvoq ustiga chaplanadi. Pardozsuvoq yuzada yupqa, yumshoq parda hosil qiladi, u osongina ishqalanadi va silliqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |