Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Ey, (kiyimlariga) o'ralib olgan kishi (Muhammad), tunda (bedor bo'lib, namozga) turing! Faqat ozgina (uxlashga vaqt qolsin). Ya'ni, yarmi (qolsin) yoki yarmidan ham bir oz kamaytiring. Yoxud unga (bir oz) ziyoda qiling (yarmidan ko'prog'ida uxlang) va Qur'onni tartil bilan (dona-dona qilib) tilovat qiling! Zero, Biz Sizga og'ir So'zni (Qur'onni) tushirajakmiz. Albatta, kechasi (ibodat uchun bedor bo'lib) turish faoliyat jihatidan og'irroqdir, (lekin) so'z (so'zlash, qiroat qilish) jihatidan to'g'ri keladiganroqdir. Albatta, Siz uchun kunduzi davomli mashg'ulot bordir. Rabbingizning nomini (mudom) yod eting va Unga butunlay ajraling! (U) mashriq va mag'ribning Parvardigoridir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Bas, Unigina vakil (homiy) qilib oling! Ular (mushriklar) aytayotgan so'zlarga (ozorlariga) sabr qiling hamda ularni chiroyli tarzda tark eting! (Sizni) inkor etuvchi (o'sha) ne'mat ahlini Menga qo'yib bering va ularga ozgina muhlat bering! Haqiqatan, Bizning huzurimizda kishanlar va do'zax bordir. Yana (tomog'dan) yaxshi o'tmaydigan (yiring va qon kabi) "taom" hamda alamli azob bordir. U Kunda Yer va tog'lar larzaga kelar va tog'lar to'zib ketuvchi qumtepalarga aylanib qolur! (Ey, Makka ahli,) Biz sizlarga xuddi Fir'avnga payg'ambar yuborganimiz kabi sizlarga guvohlik beruvchi payg'ambarni (Muhammadni) yubordik. (O'shanda) Fir'avn (Muso) payg'ambarga itoatsizlik qilgach, Biz uni qattiq ushlash bilan ushladik. Bas, agar sizlar kofir bo'lsangizlar, (o'z dahshati bilan) bolalarni qaritib, oqsochlarga aylantirib qo'yadigan Kun(ning azobi)dan qanday saqlanursizlar?! U (dahshat) sababli osmon ham yoriluvchi, (Allohning) va'dasi amalga oshuvchidir. Albatta, ushbu (oyatlar) eslatmadir. Bas, kim xohlasa, (u sababli) Parvardigori sari yo'l tutar. (Ey, Muhammad,) albatta, Rabbingiz Siz va Siz bilan birga bir toifa (sahobalaringiz) kechaning uchdan ikkisidan ozrog'ida, ba'zida uning yarmida va (goho) uchdan birida (bedor bo'lib, namozda) turishlaringizni bilur. Kecha va kunduz (miqdori)ni Alloh belgilar. U sanog'iga yeta olmaslaringizni bilib, tavbalaringizni qabul etdi. Endi (kechalari namozlaringizda) Qur'ondan oson bo'lgan miqdorda o'qiyveringizlar. U sizlarning orangizda bemorlar bo'lishini, boshqalar Allohning fazli (rizqi)ni istab, yer yuzida safar qilishlarini va yana boshqalar esa Alloh yo'lida jangga chiqib ketishlarini bildi. Bas, (qiynalmay Qur'ondan) oson bo'lgan miqdorda o'qiyveringlar. Namozni to'kis ado etinglar, zakotni (o'z joyiga) beringlar va (miskinlarga ehson qilish bilan) Allohga "qarzi hasana" beringlar! O'zlaringiz uchun taqdim qiladigan yaxshilikni (Qiyomat kuni) Allohning huzurida yanada yaxshiroq va ulug'roq mukofot holida topursizlar. Allohdan mag'firat so'ranglar! Albatta, Alloh mag'firatli va rahmlidir. MUDDASSIR SURASI Muddassirning ma'nosi ham oldingi suradagi muzzammil ma'nosi bilan bir xildir. Surada Islom diniga da'vat etishda Payg'ambar (a. s.)ga yuklangan burch va vazifalar, bu yo'ldagi mashaqqatlarga sabr qilish zarurligi, qiyomatda bo'ladigan ishlar, jannat, do'zax, hisob-kitob, jannat ahli bilan do'zax ahli o'rtasidagi savol-javoblar va boshqa ilohiy o'gitlar mavjud. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling