Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida


Download 0.71 Mb.
bet20/184
Sana31.03.2023
Hajmi0.71 Mb.
#1313146
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   184
Bog'liq
Документ

Izoh:Oyatdagi yaxshilik so'zini haqiqiy yaxshilik, savob, jannat yoki haqiqiy taqvo maqomi kabi mazmunda tushunish lozim bo'ladi.

  1. Tavrot nozil bo'lmay turib, Isroil (Ya'qub) o'ziga harom qilgan narsa (tuya go'shti bilan suti)dan boshqa barcha taomlar Isroil avlodiga halol edi. "Agar o'zlaringizni (buni inkor etishda) rostgo'y deb bilsangiz, Tavrotni keltirib, o'qib ko'ringiz", - deb ayting.

Izoh:Bu musulmonlar tuya go'shti va sutini iste'mol qilganlari tufayli yahudiylarning qilgan ta'nalariga javoban nozil bo'lgan oyatdir. Isroil (Ya'qub) payg'ambar faqat o'zlari uchun istisno sifatida tuya go'shti va sutini harom qilganlar. Bunga ikki sabab ko'rsatilgan. Birinchisi - Ya'qub (a. s.) bir og'ir kasallikka uchraganlarida, "Agar sog'ayib ketsam, o'zimga eng yoqimli bo'lmish tuya go'shti va sutini iste'mol qilmaslik yo'li bilan nafsimni qiynayman", - deb nazr qilganlar. Nazr esa qasamni bir turi. Ikkinchisi - mazkur og'ir kasallikdan forig' bo'lish uchun tabiblar shu xildagi parhezga buyurishgan.

  1. Shundan keyin ham kimki Allohga yolg'on to'qisa, ana o'shalar zolimlardir.


  1. "Alloh rost so'zlar. Bas, haq yo'lda sobit bo'lmish Ibrohimning diniga ergashinglar! U mushriklardan bo'lmagan", - deb ayting.


  1. Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy - Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo'lmish (Ka'ba)dir.


  1. Unda aniq alomatlar - "Maqomi Ibrohim" bordir*. Unga (Ka'baga) kirgan kishi omonda bo'lur. Yo'lga qodir bo'lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir*. Kimda-kim (buni) inkor etsa, bas, albatta, Alloh olamlardan behojatdir.

Izoh:Darhaqiqat, Makka shahrida Maqomi Ibrohim, Zam-zam bulog'i, Hajarul-asvad, Safo, Marva kabi osori atiqalar mavjudkim, ular uzoq o'tmish alomatlari hisoblanadi. Izoh(a): Haj ibodatining Alloh tomonidan farz qilinganiga ushbu oyat dalildir.

  1. Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Alloh qilayotgan kirdikorlaringizga guvoh bo'laturib, nega Allohning oyatlarini inkor etasiz?"


  1. Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Nega imon keltirganlarni Alloh yo'lidan to'sasiz va o'zingiz guvoh bo'la turib, uni (yo'lni) qing'irlashtirishga intilasiz? Qilayotgan ishlaringizdan Alloh g'ofil emas-ku!"


  1. Ey, imon keltirganlar! Agar Kitob berilganlarning biror guruhiga bo'yin sunsangiz, imon keltirganingizdan keyin sizlarni (yana) kofirlikka qaytaradilar.

Izoh:Shos ibn Qays ismli bir yahudiy Madinadagi Avs va Xazraj qabilalaridan imon keltirgan bir guruh musulmonlar yonidan o'ta turib bir yigitga: "Ularga oldingi o'rtalarida o'tgan qabila jangini bir eslatib qo'y", - deydi. U eslatgandan so'ng ikki qabila kishilari bir-birlari bilan janjallashib, hatto qilich yalang'ochlashgacha boradilar. Bu xabar Rasulullohga yetgach, ul zot: "Men hali oralaringda turib, sizlar yana johiliyat davriga qaytmoqchimisizlar?!" - deb tanbeh beradilar. Shundan keyin ular shayton yo'lidan qaytib, yana yarashib oladilar.

  1. Allohning oyatlari sizlarga o'qib turilgan, oralaringizda Uning payg'ambari turgan bir paytda qanday qilib (dinni) inkor etasiz?! Kim Alloh (dini)ni mahkam tutsa, demak, u to'g'ri yo'lga yo'llanibdi.


  1. Ey, imon keltirganlar! Allohdan chinakam qo'rquv bilan qo'rqingiz va musulmon bo'lmay dunyodan o'tmangiz!


  1. Hammangiz Allohning "arqoni" (Qur'on)ni mahkam tuting va firqalarga bo'linmang va o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do'zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo'lni topgaysizlar, deb, Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi.


  1. Sizlardan yaxshilikka da'vat etadigan, amri ma'ruf va nahiy munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat bo'lsin! Aynan ular, tole topuvchilardir.

Izoh:Bu yerdagi "sizlardan" so'zidan arab tili qoidasi bo'yicha ikki xil ma'no olish mumkin. Ya'ni, sizlardan bir jamoat chiqib, yaxshilikka da'vat qilish, amri ma'ruf, nahyi munkar ishlari bilan shug'ullansin, deb ham tushunish mumkin. Yana, sizlar hammangiz mazkur ishlarni qiladigan ummat bo'linglar, degan buyruqni olish ham joiz. Deyarli hamma tafsirlarda shu ikki xil tafsir bayon etilgan. Lekin mufassirlarning aksariyati ikkinchi tafsirni qo'llab-quvvatlaganlar. Ular jumlasidan Abu Mansur Moturidiy hazratlari ham "Ta'viloti Ahlis-sunna" nomli tafsir kitoblarida shu suraning 110-, Moida surasining 79-oyatlari va bir necha hadisi shariflardan dalil keltirib, amri ma'ruf, nahyi munkar ishlarini qilish har bir musulmon zimmasiga vojib qilingan, deb ta'kidlaydilar. Binobarin, ba'zi bir diniy oqimlarning mazkur 104-oyat asosida turli hizb va guruhlar tuzib, jamoatdan ajralib olishlarining ilohiy ko'rsatmalarga to'la mos emasligi ma'lum bo'ladi.

  1. Hujjatlar kelgandan keyin ham bo'linib, o'zaro ixtilofga berilgan kimsalarga o'xshamangiz! Ana o'shalarga ulkan azob bordir.


  1. Ba'zi yuzlar oqaradigan va ba'zi yuzlar qorayadigan Kun (qiyomat)ni eslang: yuzi qorayganlarga: "Imon keltirgandan keyin yana kufrga qaytgan edingizlarmi? Kufringiz tufayli mana shu azoblarni totib ko'ring, endi", - deyilur.


  1. Yuzlari oqargan zotlar esa Allohning rahmati (jannati)dadirlar. Ular u yerda abadiy qoluvchilardir.


  1. Bu Allohning oyatlaridir. Ularni Sizga haqqoniy ravishda o'qib bermoqdamiz. Alloh olamlarga zulmni ravo ko'rmas.


  1. Osmonlar va Yerdagi narsalar Allohnikidir va (barcha) ishlar Allohga qaytarilur (Alloh hukmiga oshirilur).


  1. Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz (ey, musulmonlar! Zero, siz) amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz. Agar ahli kitoblar (ham) imon keltirganlarida edi, o'zlari uchun yaxshi bo'lur edi. Ular orasida mo'minlari ham bor, ko'pchiligi esa fosiqlardir.


  1. Ular sizlarga (biroz) ozor berishdan boshqa zarar yetkaza olmaydilar. Agar sizlar bilan urushsalar, chekinib qochurlar. So'ng, ularga yordam berilmas.


  1. Alloh va (musulmon) odamlar himoyasiga olinmagan taqdirda, (ular) qayerda bo'lishlaridan qat'iy nazar, xorlikka mahkumdirlar. Ular Allohning g'azabiga uchradilar va miskinlikka mahkum bo'ldilar. Bunga sabab - Alloh oyatlarini inkor etishlari, payg'ambarlarni nohaq o'ldirishlari, itoatsizliklari va tajovuzkorliklaridir.


Download 0.71 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   184




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling