Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida


Download 0.71 Mb.
bet22/184
Sana31.03.2023
Hajmi0.71 Mb.
#1313146
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   184
Bog'liq
Документ

Izoh: Ya'ni shahidlikka sizlar emas, balki Uhud jangida sheriklaringiz yetishganini guvohi bo'ldingiz.

  1. Muhammad payg'ambardir, xolos. Undan oldin ham payg'ambarlar o'tgan. Mabodo, u o'lsa yoki o'ldirilsa, ortlaringiz (kufr)ga qaytib ketasizmi?! Kimki ortiga qaytsa, Allohga sira zarar yetkaza olmaydi. Alloh shukr qiluvchilarni mukofotlar.


  1. Har bir jon (egasi) Allohning izni bilangina muhlati belgilab qo'yilgan bitik (ajal) yetganda o'ladi. Kim dunyo savobi (o'lja)ni iroda qilsa, unga o'shandan berurmiz. Kim oxirat savobini iroda qilsa, unga (ham) o'shandan berurmiz. Shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlaymiz.


  1. Qaysi bir payg'ambar (o'tgan bo'lsa), u bilan birga ko'p jamoalar jang qilganlar. (Lekin) Alloh yo'lida ularga yetgan narsalar sababli sustlik, zaiflik qilmaganlar, (yovga) taslim ham bo'lmaganlar. Alloh (esa) sabrlilarni sevgay.

Izoh: Bu oyat orqali Alloh taolo Uhud jangida sustlik, zaiflik va irodasizlik ko'rsatgan bir guruh musulmonlarni tanqid qilmoqda.

  1. Ularning gaplari faqat quyidagi bo'ldi: "Ey, Rabbimiz! Bizlarning gunohlarimizni va ishimizdagi isrofgarchiligimizni kechir, (jang asnosida) qadamlarimizni mustahkam qil va bizga kofirlar qavmi ustidan g'alaba nasib et!"


  1. Bas, Alloh ularga ham bu dunyoning savobi (g'alaba va o'lja)ni, ham oxiratning chiroyli savobi (mag'firat va jannat)ni berdi. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar.


  1. Ey, mo'minlar! Agar kofirlarga bo'yin sunsangiz, sizlarni ortingizga (kufrga) qaytarurlar.

(Natijada) ziyon ko'ruvchilarga aylanib qolursizlar.

  1. Aslida Alloh himoyachingizdir va U yordam beruvchilarning afzalidir.


  1. Alloh hujjat nozil qilmagan (but, sanam kabi) narsalarni Unga sherik qilganlari uchun kofirlarning dillariga vahima solurmiz. Ularning borar joylari do'zaxdir. Zolimlarning joyi naqadar noxush!


  1. Sizlar Uning izni bilan ular (kofirlar)ni tor-mor qila boshlaganingizda, Alloh o'z va'dasiga sodiq chiqdi*. Loqaydlik qilib, (Payg'ambar) buyrug'idan chiqib, tortisha boshlamaguningizcha va yoqtirgan narsangiz (g'alaba)ni sizlarga ko'rsatgunga qadar (yutuq sizlar tomonda bo'ldi). Oralaringizda dunyoni yoqtiradiganlar ham, oxiratni yoqtiradiganlar ham bor edi. So'ngra sizlarni sinovdan o'tkazish uchun (g'alabangizni mag'lubiyat sari) burib yubordi va gunohlaringizdan o'tdi. Alloh mo'minlarga nisbatan fazl sohibidir.

Izoh: Bu va keyingi oyatlarda hijratning uchinchi yili kechgan Uhud jangi to'g'risida ma'lumot beriladi. Madina hududidagi Uhud tog'i etagida po'y bergan bu to'qnashuvda dastlab Makka qo'shini ustidan musulmonlar g'alaba qila boshlaydi. Lekin jang so'ngida ba'zi musulmonlarning aybi bilan mag'lubiyatga uchraydilar. Rasululloh bir guruh kamonchilarni hozirgi "Rumot" deb ataladigan tepalikda turishga buyurganlarida, ular itoatsizlik qilib, ijozat bo'lishini kutmasdan o'z joylaridan o'lja tomon jilib ketishadi. Harbiy intizomning buzilishi musulmonlarning mag'lubiyatiga sabab bo'ladi. Kamonchilarning joyi bo'shab qolganini payqagan yov qo'shinlari o'sha tarafdan hujum uyushtiradilar va natijada Rasulullohning amakilari buyuk sarkarda Amir Hamzadek pahlavonlarning ham ko'pchiligi shahid bo'ladi. Janob Payg'ambarimiz (a. s.)ning ham muborak tishlari shu jangda sinadi.

  1. O'shanda hech kimga qayrilib boqmay, (joyingizdan) tez jilib ketdingiz. Payg'ambar esa ortingizdagi (harbiy) bo'linmadan (turib) sizlarni chaqirganicha qoldi. Qo'lingizdan ketgan narsalar (g'alaba, o'ljalar) hamda sizlarga yetgan musibatlar uchun tashvish tortmang, deb, (Alloh) sizlarga g'am ustiga yana g'am berib jazoladi. Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.


  1. So'ngra bu g'amning ketidan sizlarga bir tinch uyqu nozil etdiki, u sizlarning bir qismingizni mudratib qo'ydi. Boshqa bir qism (munofiqlar) esa jon talvasasiga tushib, Allohning sha'niga nohaq johilona badgumonlik qildilar va aytdilarki: "Endi bizga bu ishdan biror narsa (g'alaba) bo'larmidi?!" Ayting: "Barcha ish Allohga (oid)dir". Ular ichidagi sirlarini Sizdan yashiradilar. Aytadilarki: "Agar bizda bu ish yuzasidan ixtiyor bo'lganda edi, bu yerda qatl qilinmagan bo'lur edik". Ayting: "Agar uylaringizda bo'lganingizda ham (taqdirda) qatl qilinishlik yozilgan kimsalar o'zlarining (o'ladigan) joylariga borib qolgan bo'lar edilar". Ko'ksingizdagi (imon)ni sinash va dillaringizni (shayton vasvasasidan) poklash uchun (Alloh shu mag'lubiyatni ravo ko'rdi). Alloh ko'ngillardagi kechinmalarni (ham) yaxshi biluvchidir.


  1. Ikki (harbiy) bo'linma to'qnashgan kunda orangizdan yuz o'girib ketganlarni shayton ba'zi qilmishlari tufayli yanglishtirgan edi. Alloh ularni afv etdi ham. Zero, Alloh kechiruvchan va halim zotdir.


  1. Ey, imon keltirganlar! O'zlari kofir bo'lib, Yer (yuzi) bo'ylab safarga yoki g'azot (jang)ga ketgan birodarlari haqida: "Agar biz bilan qolganlarida o'lmagan va qatl qilinmagan bo'lur edilar", - deb, ularning dillariga Alloh hasrat (nadomat) solishini xohlovchi kishilar kabi bo'lmangiz! Alloh tiriltiradi ham, o'ldiradi ham. Alloh qilayotgan ishlaringizni ko'rib turuvchidir.


  1. Albatta, Alloh yo'lida qatl qilinsangiz yoxud o'lsangiz, Allohning mag'firati va rahmati (ularning) to'plagan (boyliklari)dan afzalroqdir.


  1. Qasamki, xoh o'ling, xoh qatl etiling, albatta, Alloh huzuriga jam etilursizlar.


  1. Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyim bo'ldingiz. Agar dag'al, toshbag'ir bo'lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so'rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling! Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar.


  1. Agar sizlarga Alloh madad bersa, hech kim sizlarga g'olib bo'lmas. Bordiyu qarovsiz qoldirsa, Undan o'zga sizlarga kim ham madad berar edi?! Allohga tavakkulni mo'minlar qilsin!


  1. Payg'ambar (zoti) xiyonat qilishi mumkin emas. Kimda-kim xiyonat qilsa, qiyomat kuni o'sha xiyonati bilan birga (huzurimga) kelur. So'ngra har bir jon (egasi) O'z amallariga (yarasha) mukammal jazo olur. Ular (haqqi)ga zulm qilinmagay.

Izoh: Bu yerdagi xiyonat so'zidan urushdan qo'lga kiritilgan o'lja nazarda tutiladi. Demak, hech bir payg'ambar o'lja taqsimida xiyonat qilib, undan o'ziga nohaq yo'l bilan o'zlashtirib olishi mumkin emas.

  1. Allohning rizosini izlagan kishi bilan Allohning g'azabiga uchragan kimsa barobar bo'lurmi?! Uning (g'azabga uchraganning) borar joyi - jahannam! Naqadar behuzur joy u!


  1. Ular Alloh huzurida (turli) darajalar (sohibidirlar). Alloh ularning qilayotgan amallarini ko'rib turuvchidir.


  1. O'zlari ichidan Allohning oyatlarini o'qib beradigan, (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta'lim beradigan Payg'ambarni yuborib, Alloh mo'minlarga mehribonlik qildi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar.


  1. Sizlarga (Uhud jangida) bir musibat yetgan bo'lsa - sizlar (Badr jangida) ularga ikki barobar musibat yetkazgansiz. "Bu qayoqdan keldi?" - deysizmi?! "Bu (mag'lubiyat) o'zingizdan", - deb ayting! Albatta, Alloh har narsaga qodirdir.


  1. Ikki (harbiy) bo'linma to'qnashgan kuni sizlarga yetgan musibat, albatta, Allohning izni bilan (sodir bo'lgan) va chinakam mo'minlarni bilish


  1. hamda munofiqlarni aniqlash uchun edi. Ularga: "Kelinglar, Alloh yo'lida jang qilinglar yoki (dushmanni) daf qilinglar!" - deyilsa, (ular): "Agar (jiddiy) urush bo'lishini bilganimizda, ortingizdan borgan bo'lar edik", - degan edilar. O'sha kuni ular imondan ko'ra kufrga yaqinroq edilar. Ular dillarida yo'q narsalarni og'izlari bilan gapiradilar. Alloh (esa) yashirgan narsalarini yaxshiroq biluvchidir.


  1. Birodarlariga: "Agar (Uhud jangida halok bo'lgan musulmonlar) bizga bo'yin sunib (urushdan chiqib ketganlarida) o'ldirilmagan bo'lur edilar", - deb, (o'zlari jangdan g'olib) o'tirgan kimsalarga ayting: "Agar gaplaringiz rost bo'lsa, o'zlaringdan o'limni daf qilinglar-chi?!"


  1. Alloh yo'lida o'ldirilganlarni aslo o'lik deb hisoblamang! Aslida (ular) tirikdirlar, Parvardigorlari huzurida rizqlanib tururlar.


  1. (Mazkur shahidlar) Alloh o'z fazli bilan ato etgan (ne'matlardan) xushnud, ortlarida (tirik) g'olib, hali ularga qo'shilmagan (g'oziylar)ga (qiyomatda) xavf va tashvish bo'lmasligi haqida bashorat bergan hollarida (yashaydilar).


  1. (Yana bir) bashoratlari Alloh beradigan ne'mat, fazl va mo'minlarning mukofotini Alloh zoye qilmasligi haqidadir.


  1. Ularga jarohat yetgandan keyin ham Alloh va Payg'ambar (buyruqlariga) itoat qilgan edilar.

Ularning chiroyli ish qilib, taqvoli bo'lganlariga ulkan mukofotlar bordir.

  1. Ularga odamlar: "Sizlarga qarshi (hujum uchun makkalik) odamlar (lashkar) to'pladilar. Ulardan qo'rqingiz!" - deganlarida, (bu gap) ularning imonlarini yanada ziyoda qildi va aytdilarki: "Bizga Allohning o'zi kifoya. U vakillikka o'ta loyiqdir!"


  1. Ular (Badr jangidan) Allohning ne'mati va fazli ila biror yomonlikka uchramay qaytdilar va Allohning rizosini izladilar. Alloh, albatta, buyuk fazl egasidir.


  1. Albatta, o'sha shayton o'z do'stlari (munofiqlar)ni qo'rqitadi. Agar (chinakam) mo'min bo'lsangizlar ulardan qo'rqmangiz, (balki) Mendan qo'rqingiz!


  1. Kufrda tez harakat qilayotganlar Sizni g'amgin etmasin! Ular Allohga hech qanday zarar yetkaza olmaydilar. Alloh ularga oxiratda biror nasiba (savob) bermaslikni xohlaydi. Ularga ulkan azob (muhayyodir).


  1. Albatta, imonni kufrga almashtirganlar Allohga zinhor zarar yetkaza olmaydilar. Ularga alamli azob (bordir).


  1. Kofir bo'lganlar, ularga muhlat berib turganimizni yaxshilik deb o'ylamasinlar! Muhlatni ularga gunohlari yanada ko'payishi uchun beramiz. Ularga xor qiluvchi azob (bordir).


  1. Alloh mo'minlarni sizlardagi hozirgi holatdek o'z hollariga tashlab qo'yuvchi emas. U hali pok kimu nopok kim ajrim etadi. Alloh sizlarni ilmi g'aybdan xabardor qilmadi, lekin Alloh O'z payg'ambarlari ichidan xohlaganlarini (ilmi g'aybdan qisman bildirish uchun) tanlab oladi. Bas, Allohga va Uning payg'ambarlariga imon keltiringiz! Imon keltirib, taqvoli bo'lsangiz, sizlarga buyuk mukofot (bordir).


  1. Allohning fazli bilan bergan narsasi ustida baxillik qiluvchilar buni o'zlariga yaxshi deb hisoblamasinlar! Aslo! Bu ular uchun yomondir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari (o'z bo'yinlariga) bo'yinturuq qilib ilib qo'yiladi. Osmonlar va Yerning merosi Allohga (qolur). Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.


  1. "Alloh faqir, biz boymiz" degan odamlarning gapini Alloh eshitdi. Ularning (bu) gaplarini hamda payg'ambarlarni nohaq qatl etganlarini yozib qo'yamiz va (qiyomatda): "Yong'in azobini totib ko'ring!" - deymiz.


  1. Bu - o'z qilmishlaring mahsuli va Allohning bandalarga zulm qilmasligidandir.


  1. "Biror payg'ambar kelsa, (uni sinab ko'rish uchun) qilgan qurbonligini (osmondan tushgan) o't yeb bitirmaguncha unga ishonmasligimiz uchun Alloh biz bilan ahdlashgan", - degan kimsalarga ayting: "Mendan oldin ham sizlarga (ajdodlaringizga) payg'ambarlar hujjatlar va sizlar aytgan (qurbonlik kabi mo''jizalar) bilan kelgan edilar. Gaplaringiz rost bo'lsa, nima uchun ularni qatl etgansizlar?"


  1. Agar Sizni yolg'onchiga chiqarayotgan bo'lsalar, (xafa bo'lmang, zero,) Sizdan ilgari hujjatlar, ilohiy bitiklar va nur taratuvchi kitoblarni keltirgan (qator) payg'ambarlar ham yolg'onchiga chiqarilganlar.


  1. Har bir jon o'lim (achchig'i)ni totuvchidir. Qiyomat kunida, albatta, mukofotlaringiz sizlarga to'lato'kis berilur. Bas, (o'sha kuni) kim do'zaxdan uzoqlashtirilib, jannatga kiritilsa, demak, u (katta) yutuqqa ega bo'libdi. Bu dunyo hayoti esa, faqat g'urur (aldov) matohidir.


  1. Mol-mulklaringiz va jonlaringiz (ofati va musibati) ila sinalursizlar. Shuningdek, sizlardan oldin Kitob berilganlar va mushriklardan ko'p aziyatli (achchiq) gaplarni eshitasizlar. Agar sabr qilsalaringiz va taqvoli bo'lsalaringiz, albatta, bu ishlarning puxtaligidandir.


  1. Eslang (ey, Muhammad,) Alloh ahli kitoblardan, uni (Kitobni) odamlarga, albatta, aniq bayon qilasizlar, uni (hech kimdan) sir tutmaysizlar, deb ahd olgan edi. Lekin, ular uni ortlariga uloqtirib, uni ozgina bahoga sotib yubordilar. Bu savdolari naqadar noxush!


  1. O'z qilmishlariga suyunadigan, qilmagan (yaxshi) ishlari uchun maqtalishni sevadiganlar azobdan xalos bo'ladilar deb, aslo hisoblamang! Ularga alamli azob (bordir).


  1. Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga tegishlidir. Alloh har narsaga qodirdir.


  1. Osmonlar va Yerning yaratilishida, tun va kunning o'rin almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir.


  1. Ular turib ham, o'tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar: "Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do'zax azobidan saqlagin!

Izoh: Ya'ni aql egalari bo'lmish musulmonlar imkoniyatlariga qarab namozlarni tik holda, o'tirib, unga ham ojiz bo'lsalar, yotgan holda imo-ishora bilan o'qiyveradilar. Boshqa bir tafsiri shuki, bu yerdagi zikrdan maqsad namoz emas, balki Allohni yod etish, duo va iltijo, tasbeh kabi zikrlardir.

  1. Ey, Rabbimiz! Kimni Sen do'zaxga kirgizsang, albatta, uni xor qilgan bo'lursan. Zolimlarga esa yordamchilar yo'qdir.


  1. Ey, Rabbimiz! Biz "Rabbingizga imon keltiring" deb, imonga chorlagan jarchi (Muhammad)ni eshitdik va darhol imon keltirdik. Rabbimiz! Gunohlarimizni kechir, xatolarimizni o'chir va bizlarni solih kishilar qatorida vafot ettir!


  1. Ey, Rabbimiz! Yana bizlarga payg'ambarlaring vositasi ila va'da qilgan narsalaringni ato et va bizlarni qiyomat kunida sharmsor qilmagin! Albatta, Sen va'daga xilof qilmagaysan".

Izoh: Bu oyatdagi "payg'ambarlaringga" degan so'zni payg'ambarlaringga imon keltirganimizga qilgan va'dang yoki ularning tili bilan va'da qilgan savoblaringni ato et, deb tushunish ham mumkin.

  1. Bas, Parvardigorlari ularni (duolarini) ijobat etib, (dedi:) "Albatta, Men sizlardan amal qiluvchining - xoh erkak bo'lsin va xoh ayol bo'lsin - amalini zoye qilmasman. O'z (vatanlaridan) hijrat qilgan, (yurtlaridan) badarg'a qilingan, Mening yo'limda aziyat chekkan, jang qilgan va qatl etilganlarning gunohlarini kafforat qilurman va Allohning mukofoti sifatida ularni ostilaridan anhorlar oqib turadigan, abadiy yashaladigan jannat (bog'lari)ga kirgizurman. Allohning huzurida esa, (yanada) yaxshiroq savob (bordir).

Izoh: Ya'ni qilgan xayrli ishlarining savobini albatta ato qilurman. Ummu Salama (r. a. ) Rasulullohdan: "Nima uchun Alloh taolo hijrat qilgan erkaklarni maqtayveradi, lekin ayollarni maqtamaydi?" - deb so'raganlarida shu oyat nozil qilingan.

  1. Kofir bo'lganlarning shaharma-shahar sayr etib (yayrab) yurishlari Sizni zinhor aldab qo'ymasin!


  1. Arzimas rohat. Keyin esa boradigan joylari - jahannam. Naqadar mudhish joy u!


  1. Lekin, Parvardigorlaridan qo'rqqan (taqvoli)lar uchun esa ostidan anhorlar oqib turadigan jannat (bog'lari) bo'lib, (ular) u yerda abadiy bo'lurlar. Bu Alloh tomonidan berilajak ziyofatdir. Allohning huzuridagi (maxsus savoblar esa) yaxshilar uchun (hammasidan) afzaldir.


  1. Darvoqe, ahli kitoblar ichida Allohga, sizlarga nozil qilingan (Kitob)ga hamda o'zlariga nozil qilingan (Kitob)ga ishonib, Allohga itoat ila bosh eguvchilar ham bor: ular Alloh oyatlarini ozgina bahoga sotib yubormaydilar. Aynan ular uchun Parvardigorlari huzurida mukofot muhayyodir. Alloh hisob-kitobda tezkordir!


  1. Ey, mo'minlar! Sabr qilingiz, bag'rikeng bo'lingiz va (Alloh yo'liga) taxt bo'lib turingiz va Allohdan qo'rqingiz, zora (shunda) tole topsangizlar!

NISO SURASI
Niso - ayollar.
Bu surada asosan oila, turmush, meros masalalari, yetimlarga munosabat, er-xotin huquqlari, fahsh va zino ishlarining zararlari va boshqa muhim ma'lumotlar o'z aksini topgan.

Download 0.71 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   184




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling