Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida
Download 0.71 Mb.
|
Документ
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Nun. Qalam va (u bilan) yozishadigan narsa (bitik)larga qasamki, Izoh: Bitadiganlar farishtalar yoki insonlar bo'lishi mumkin. Har ikki tafsir ham o'rinlidir. (ey, Muhammad,) Siz Rabbingizning ne'mati bois majnun emasdirsiz! Albatta, Sizga (sabr qilganingiz uchun) tuganmas mukofot bordir. Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz! Izoh: Buyuk xulqning ma'nolari haqida turli tafsirlar bor. Avvalo xulq bu yerda o'zining asl ma'nosida ishlatilgani ma'qul. Hadisi sharifda Rasulullohning o'zlari: "Men makorimi axloqni takomillashtirish uchun yuborilganman", - deganlar. Siyrat va shamoillarga doir asarlardagi ma'lumotlar ham shunga dalolat qiladi. Xullas, Muhammad (a. s.) komil inson, buyuk xulq egasi deb atalishiga loyiq ekanliklarida hech qanday shubha bo'lishi mumkin emas. Boshqacha tafsir qiluvchilar bu oyatdagi buyuk xulqdan murod - Qur'on yoki ulug' din, ya'ni, islom dini deb yozadilar. Har holda o'quvchi bulardan qaysinisi munosibroq ekani to'g'risida o'zi ham fikr yuritar degan umiddamiz. Hali yaqinda ko'rajaksiz va ular ham ko'rajaklar qaysilaringiz (Sizmi yoki ularmi) maftun (majnun) ekaningizni . Albatta, Rabbingizning O'zi Uning yo'lidan ozgan kimsalarni yaxshi biluvchidir va U hidoyat topuvchilarni ham yaxshi biluvchidir. Bas, (ey, Muhammad,) (Sizni) inkor etuvchi kimsalarga itoat etmang! Ular (bilan) murosasoz bo'lishingizni, shunda ular ham (Siz bilan) murosasoz bo'lishni istarlar. (Ey, Muhammad,) har qanday tuban qasamxo'rga itoat etmang. Shuningdek, g'iybatchi, gap tashuvchiga, yaxshilikni man etuvchi (baxil), tajovuzkor, gunohkorga, qo'pol va bulardan tashqari benasab (haromi)ga (itoat etmang)! U mol-mulk va o'g'illarga ega bo'lgani uchun (shunday qiladi). Qachonki, unga oyatlarimiz tilovat qilinsa: "Bular avvalgilarning afsonalari-ku!"- deydi. Yaqinda uning tumshug'iga tamg'a bosib qo'yajakmiz. Izoh: Bu oyatlardagi salbiy sifatlar mashhur kofir Valid ibn Mug'iraga mansubdir. Darhaqiqat, u Badr jangida "tumshug'idan tamg'alanadi", ya'ni burnidan qilich yeb, so'ngra shu chandig'i bilan yuradi. Keyingi oyatlarda Yaman diyorida bir saxiy bog'bon bo'lib, u har yili kuzda mevalarni terish uchun kambag'al-miskinlarni taklif etib, daraxtdan tergani bog'bonga, yerga tushgani teruvchilarga deb ularni siylar ekan. U olamdan o'tgach, farzandlari baxillik ko'yiga kirib xatoga yo'l qo'yganliklari to'g'risida so'z boradi. Darhaqiqat, Biz ularni (Makka ahlini) bog' egalarini sinaganimizdek sinovga soldik. O'shanda ular, albatta, uni (bog' hosilini) erta tongda uzib olamiz deb qasam ichgan edilar. Lekin, istisno qilmagan edilar (Xudo xohlasa, demagan edilar). Bas, (tunda) ular uyquda bo'lgan chog'larida, u (bog') uzra Parvardigoringiz tomonidan bo'lmish aylanuvchi (ofat - olov) aylandi. Bas, (hosil) yig'ilgandek bo'lib qoldi (bog' kuyib kul bo'ldi). Erta tongda turishib, bir-birini chaqirishdi: "Agar (hosilni) uzmoqchi bo'lsangizlar, ziroatgohingizga bora qolinglar", - (deb). So'ngra shivirlashib jo'nadilar. "Bugun (bog'da hosil terayotgan vaqtda) ustilaringizga biror miskin kirib qolmasin-da", - der edilar. Ular (o'zlaricha mazkur) g'arazga qodir bo'lgan hollarida tong-saharlab bordilar. Bas, qachonki, uni (kulga aylangan bog'ni) ko'rishgach, (avval): "Shubhasiz, bizlar (yo'ldan) adashib qoldik (ya'ni, boshqa boqqa kelib qoldik)", - dedilar. (So'ngra:) "Yo'q, bizlar (bog'imizdan) mahrum bo'libmiz" (dedilar). (Shunda) ularning o'rtaholrog'i: "Men sizlarga (Allohga) tasbeh aytmaysizlarmi (hosil shukronasiga kambag'allar ulushini bermaysizlarmi) demaganmidim?" - dedi. Ular (kech bo'lsa-da): "Rabbimizga tasbeh aytamiz. Haqiqatan, bizlar (o'zimizga) zulm qiluvchi bo'ldik", - dedilar. So'ngra ular bir-birlariga qarab, malomat qila boshladilar. (Ular) dedilar: "Holimizga voy! Darhaqiqat, bizlar haddan oshuvchi bo'ldik. Shoyadki, Rabbimiz bizlarga u (bog')dan ham yaxshirog'ini almashtirib bersa. Bizlar, albatta, Rabbimiz sari intiluvchidirmiz". Azob mana shunday! Agar bilsalar, albatta, oxirat azobi yanada kattaroqdir. Albatta, taqvodorlar uchun Parvardigorlari huzurida ne'mat bog'lari bordir. Axir, Biz musulmonlarni jinoyatchi (kofir)larga barobar qilarmidik?! (Ey, mushriklar,) sizlarga ne bo'ldi? Qanaqa hukm chiqarmoqdasizlar?! Yoki sizlarda (osmondan tushirilgan) biror kitob bo'lib, undan o'rganayapsizlarmi?! Unda sizlar uchun o'zlaringiz xohlagan narsa bormi?! Yoki sizlar uchun Bizning zimmamizda: "O'zlaringiz hukm qilgan narsa sizlarniki bo'lur", - degan to qiyomat kunigacha yetuvchi qasamlar (ahd-paymonlar) bormi?! (Ey, Muhammad,) ulardan so'rang-chi, qaysilari bunga (da'volarining haq ekanligiga) kafil bo'la olar ekanlar?! Yoki ularning sheriklari bormi?! U holda rostgo'y bo'lsalar, o'sha sheriklarini keltirsinlar! "Boldirlar ochiladigan" (ishlar mushkillashadigan) va sajda qilishga chorlanishganda, (sajdaga) kuchlari yetmay qoladigan Kunni (eslang)! (O'shanda) ko'zlari quyida va ularni xorlik egallagan holda bo'lurlar. Ular sog'lom bo'lgan hollarida sajda qilishga chorlanar edilar (ammo undan bosh tortar edilar). Bas, (ey, Muhammad,) ushbu So'zni (Qur'onni) yolg'onga chiqaradigan kimsalarni Menga qo'yib bering! Yaqinda Biz ularni o'zlari bilmaydigan (sezmaydigan) tomondan darajama-daraja tutgaymiz (halokatga duchor qilajakmiz)! Men ularga muhlat berib turaman. Zero, Mening "makrim" juda qattiqdir. Yoki Siz (ey, Muhammad, da'vatingiz uchun), ulardan haq so'rayapsiz-u, ular qarzdan og'irsinayaptilarmi?! Yoki ularni huzurlarida g'ayb (Lavhul-Mahfuz) bor-u, ular (aytayotgan so'zlarini o'shandan) yozib olyaptilarmi?! Bas, (ey, Muhammad,) Rabbingizning hukmiga sabr qiling va nahang (baliq) sohibi (Yunus payg'ambar) kabi (betoqat) bo'lmang! Qaysiki, u (baliq qornida turib) g'amga to'lgan holda (Parvardigorga) nido qilgan edi. Agar unga Parvardigori (tomoni)dan ne'mat yetmaganida, albatta, qoralangan holida quruqlikka uloqtirilgan bo'lur edi. Bas, Parvardigori uni (qaytadan payg'ambarlikka) tanlab, solih (payg'ambar)lardan qildi. Albatta, kofir bo'lgan kimsalar Zikrni (Qur'onni) eshitgan vaqtlarida, Sizni ko'zlari bilan yiqitayozurlar va "albatta, u majnun", - derlar. Holbuki, u (Qur'on barcha) olamlar uchun eslatmadir. AL-HAQQA SURASI Al-hoqqa - haqiqatan ro'y beruvchi voqea, ya'ni qiyomat demakdir. Surada qiyomat manzarasi, uning boshlanishida ro'y beradigan hodisalar. Nomai a'mollarni o'ng yoki chap tomondan berilishi, Muhammad (a. s.)ning haq payg'ambar ekanining tasdig'i, Qur'oni karimning buyuk ilohiy kitob ekanligi va boshqa muhim ma'lumotlar mavjud. Download 0.71 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling