Grunt sharoitlari. Murakkab geologik va gidrogeologik sharoit gruntlarning fizik, mexanik tavsiflarini dastavval yaxshilashni, maxsus suvdan himoyalash choralarini olib borishni va chuqur joylashgan va yer osti bino va inshootlarni barpo etishning alohida usullarini qo‘llashni talab etadi. Bular qurilish ishlarini murakkablashtiradi, qurilish narxini va mehnat sarfini, ish davomiyligini oshiradi. Asos, poydevorlarni va injener kommunikatsiyalarini qurishda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar bino va inshotlarning deformatsiyalarning jiddiy oshishiga, xatto ularning buzilishiga olib keladi.
Zilzilaviy (seysmik) faollik. Zilzilaviy faol xududlarda qurilish qo‘shimcha maxsus chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi: binoning “kub” shaklligini ta’minlash; devor va pardadevorlarda ochiq joylarni kamaytirish; binoning ustuvorligini oshirish maqsadida qo‘shimcha armaturalash va bog‘lovchilarni o‘rnatish; konstruksiyalar birikkan(tutashuv) choklari, tugunlarni nazoratini jiddiy kuchaytirish; bino va inshootlarni barpo etish jarayonida qo‘shimcha vaqtinchalik maxkamlash.
Mikroorganizmlar va termitlar ta’siri. Issiq iqlim xududlarida ko‘p xollarda qurilish materiallari va konstruksiyalari mikroorganizmlar, mayda o‘simlik (zamburug‘) termit (qirchumoli)lar va boshqa zararkunanda xashoratlarning jadal ta’siriga duchor bo‘ladi. Bakteriya va mayda o‘simliklarning yashash faoliyatining maxsuloti ayrim materiallarning ustki qatlamlarini yemiradi, mustaxkamligini pasaytiradi va xar xil infektsiyalarning ko‘payish muhitiga aylanadi. Nam muhitda mikroorganizmlar faollashadi va mayda o‘simliklar ko‘payadi. Termitlar asosan tsellyulozali materiallar (yog‘och, qog‘oz, somon va sh. o‘.) tashqi qismiga tegmay ichki qismini kemiradi va poydevor hamda devor taglarida ko‘p sonli kanallar va yo‘llar hosil qiladi. Bu holat poydevor va konstruksiyalarning mustaxkamligini jiddiy pasaytiradi. Termit va boshqa kemiruvchilar hatto elektr kabellarining qo‘rg‘oshin, alyumin va polimer qobiqlarini kemirib ishdan chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |