Reja: Salb yurishlarining boshlanishi sabablari Salb yurishlarining Rim papaligi tomonidan uyushtirilishi
Mavzu: Sо‘nggi о‘rta asrlarda Eron
Download 1.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Jahon tarixi 2 majmua.
Mavzu: Sо‘nggi о‘rta asrlarda Eron
Reja: 1. Safaviylarning hokimiyat tepasiga kelishi.2. Safaviylarning olib borgan ichki va tashqi siyosati.3.Shoh Abbos I ning islohotlari.4.Safaviylar sulolasi davrida Eronning iqtisodiy ahvoli.5. Eronni mustamlakaga aylantirishning boshlanishi. Safaviylar davlati (1502-1736 yillarda ) yashagan. Poytaxti- Tabriz (1502-1548), Qazvin (1548-1598), Isfahon (1598-1736). Hududi-3,5 mln.km.kv (1512). Davlat tuzumi- monarxiY. Davlat tili- ozar tili va fors tili. Safaviylar turkiy tilda gaplashganlar, ular etnik jihatdan turkiylar (ozarbayjonlar) bо‘lishgan. Islomning shia mazhabiga e’tiqod qilishgan. Safaviylar sulolasini vakillari: Ismoil I (1502-1524), Tahmosp I (1524-1576), Ismoil II (1576-1578), Muhammad Xudobanda (1578-1587), Abbos I (1587-1629), Safiy I (1629-1642), Abbos II (1642-1666), Sulaymon I (Safiy II) (1666-1694), Husayn I (1694-1722), Tahmosp II (1722-1732), Abbos III (1735-1736) yillarda Eronni boshqarganlar.Yangi dinastiya о‘z nomini shayx Sayfiddin Isxoq nomidan olgan bu shayx (1253-1334 yillarda yashagan).XV asr oxirida feodal tarqoqlik davrida Safaviylar sulolasining ta’siri ortib boradi. Safaviylarning asosiy tayanchi “qizilboshlilar” deb ataluvchi kо‘chmanchi turk qabilalari edi. (Qizilboshlilar- Erondagi kо‘chmanchi turk qabilalari birlashmasi. Safaviylar davlatida shoh Ismoil I ning asosiy harbiy kuchi. Ular Kichik Osiyo, Suriya va Ozarbayjonda ham bо‘lgan. Ular 12 shia imomi sharafiga 12 qizil yо‘llik matodan salla о‘rab yurishgan. Shuningdek, peshonada ozgina soch qoldirib sochlarini va uzun mо‘ylov qо‘yib soqollarini olib yurishgan. Shoh Abbos I о‘tkazgan harbiy islohotdan sо‘ng ularning mavqei pasaygan).1500 yili Ismoil I (1487yil 17 iyul-1524 yil 23 may) G’ilondan ketib qizilboshlilarni o’z atrofiga yig’ib, 7 ming kishini to’plab, Oqquyunlilar davlatiga (Oqquyunlilar-(1468-1508 yillar) –XIV-XV asrlarda Kurdistonda hamda Kavkazoldi va Kichik Osiyoning ba’zi mamlakatlaridagi о‘g‘uz qabilalari ittifoqi va ular tashkil qilgan sulola va davlat nomi) yurish qildi, ushbu davlat sultoni Murod ibn Yoqub qarshilik kо‘rsatsa-da, 1501 yilda Naxichevan yaqinidagi Sharur yalangligida hal qiluvchi jang bо‘lib, g‘alabaga erishdi. Sо‘ng Shirvondan janubiy Ozarbayjon tomon yurilib, kuzda Tabriz egallandi. Tabrizda Ismoil о‘zini shahanshoh deb e’lon qildi va tanga zarb ettirib, shialikning davlat dini bо‘lganligini ma’lum qildi. Boshqa hukmdorlardan ajralib turish uchun “Shialar shohi” unvonini ham oldi. U 1501 yili Eron hududini deyarli egallab Safaviylar davlatiga asos soldi.Ismoil I Tabrizni egallagach, Oq quyunlilar davlati markazi Hamadonga yurish qildi. 1503 yil 21 iyunda Alma Qulagi jangida Murod ibn Yoqub qoshinini tor-mor keltirdi. Oq quyunlilar davlati tugatilib, butun Iroqi Ajam Ismoil hukmronligiga otdi. 1508 yilda Bagdodni istilo qildi. XVI asrning boshlarida safaviylar barcha Eron yerlarini birlashtirish va yangi hududlarni egallash uchun janglar olib bordi. Ismoilshoh davridayoq Garbiy Eron yerlari bо‘ysundirilib, Musha’sha davlati yо‘q qilindi. Bundan tashqari, ular Iroqni Bag‘dod bilan birga, hamda muhim savdo yо‘llari kesishadigan, shialarning muqaddas shaharlari hisoblanmish Najaf va Karbaloni ham egallashdi. 1510 yili qizilboshlilar Eronga hujum boshlagan kо‘chmanchi о‘zbeklarni yengib, Xurosonda mustahkamlanib oldi. 1514 yili Ismoil shialarni ayblagan Usmoniylar sultoni Salim I ga qarshi harakat boshladi va Kavkazorti, Kurdiston va Mesopatamiya uchun 40 yil davom etgan urush boshlandi.1514-1555 yillarda rasmiy ravishda islomdagi ikki yо‘nalish- sunniylik va shialik bayroqlari ostida olib borilgan bu urush aslida Eron shohlari va usmoniy sultonlarning boy yerlarni egallash, harbiy о‘ljalarga ega bо‘lish va xazinani boyitishga bо‘lgan qiziqishlari tufayli sodir bо‘layotgan edi. Turk va Eron hukmron doiralari Buyuk ipak yо‘lini nazorat qilish, Kavkazorti va Bag‘dod orqali о‘tadigan Yevropa- Osiyo savdo yо‘llarini qо‘lga kiritish edi. 1514 yil 23 avgustda sulton Salim I boshchiligidagi turk qо‘shinlari Kichik Osiyoda 40 ming kishilik shialar qо‘shinidan yengildi, biroq turk armiyasi Chaldiron tekisligida qizilboshlilarni yengib, Tabrizni egallashdi. Lekin yanicharlar orasidagi notinchlik va mahalliy ozarbayjonlarning norozilik harakatlari tufayli turklar bu hududni tashlab chiqishga majbur bо‘ldilar. Ular chekinayotib, Tabrizning eng yaxshi hunarmandlarini о‘zlari bilan olib ketdilar. Bu urush Amasida (Kichik Osiyo) sulh shartnomasining imzolanishi bilan yakunlandi. Unga binoan Safaviylar Iroq, G‘arbiy Gruziya va Armanistonning bir qismini turklarga berishga majbur bо‘ldi.XVI asr 60-70-yillarida soliqlarning oshib borishi, urushlar va mahalliy mojarolar oqibatida xalqning ahvoli yomonlashdi. Mamlakat bо‘ylab tez-tez vabo tarqalib, ochlik va kasallikdan minglab odamlar qurbon bо‘lardi. Bu holat markaziy hokimiyatga qarshi xalq qо‘zg‘olonlarini keltirib chiqardi. Safaviylarga qarshi xalq qо‘zg‘olonlarining eng kattasi 1569 yilgi G‘ilon qо‘zg‘oloni bо‘ldi. Safaviylar bо‘ysundirganga qadar G‘ilonda ikkita xonlik mavjud edi. Mustaqillikni tiklash uchun kurash olib borayotgan g‘ilonliklar 18 ming kishilik qо‘shin tuzdi. Ammo g‘ilonliklarga qarshi jо‘natilgan qizilboshlilar bu armiyani yengib, qо‘zg‘olonni bostirdi. G‘ilon viloyatining hukmdori etib shohning о‘g‘li tayinlandi, yerlar esa qizilbosh amaldorlarga bо‘lib berildi. 1572 yilga kelib qо‘zg‘olon tо‘liq bostirildi. 1571-1573 yillarda Tabrizda ham qо‘zg‘olon bо‘lib о‘tdi. Bu paytda Tabriz savdo va hunarmandchilik shahri bо‘lib, 300 mingdan ziyod aholi yashardi. Qо‘zg‘olonning boshlanishiga xalq harakati qatnashchilaridan qatl qilinganlarning dafn marosimiga mahalliy hukmdorlarning aralashuvi sabab bо‘ldi. Kambag‘al shaharliklar qо‘zg‘olon kо‘tarib shahar hukmdorining, bir qancha boy zodagonlarning va shialar oliy ruhoniysining uylarini buzib tashladi. Bu haqda “...har bir kо‘chada oddiy xalq orasidan kimdir о‘z hokimiyatining bayrog‘ini о‘rnatgan edi” -deb yozgan edi Eron tarixchisi Hasan Rumli. Qо‘zg‘olonga rahbarlik qilishda polvonlar (kurashchilar) faollik kо‘rsatishdi. Yari ismli polvon qо‘zg‘olonning umumiy rahbari edi. Shoh Tahmosp I (1524-1576) Tabrizga yangi hukmdor tayinlashga majbur bо‘ldi. Yangi hukmdor qо‘zg‘olonchilar rahbarlari bilan muzokaralar olib borib, ularni qо‘zg‘olonni tо‘xtatishga chaqirdi. Muzokaralar natija bermagach, shia ruhoniylari qо‘zg‘olonni kuch bilan bostirishga fatvo berdilar va qо‘zg‘olon bostirildi. Qо‘zg‘olon rahbarlaridan Yari, Avaz, Kо‘kcha, Shundti, Hasan va Husan polvonlar hamda yana 150 kishi qatl qilindi. Ammo qо‘zg‘olon behuda ketmadi. Yangi qо‘zg‘olonlarning oldini olish maqsadida shoh yon berishga majbur bо‘ldi va Tabrizni xazinaga tо‘lanayotgan barcha soliqlardan ozod qildi, bu esa shaharning keyingi taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bо‘ldi. 1528 yil 24-28 sentabr kunlari shayboniy sultonlaridan biri Kо‘chkunjixon bilan Tahmosp I о‘rtasida Jom viloyatining Zurobod mavzesida Jom jangi bо‘lgan, unda shayboniylar mag‘lubiyatga uchragan. Tahmosp I hukmronligi davrida Usmoniylar bilan urush davom etdi. Usmoniylar 1534, 1538 va 1543 yillarda Eronga yurish qildi. Urush natijasida safaviylar hozirgi Iroq ustidan nazoratni yо‘qotishdi. Urushda muvaffaqiyatsizlikka uchragan Tahmosp I davlatning iqtisodiy va boshqa sohalari bilan shug‘ullandi. Tahmosp I 1576 yil 14 mayda Qazvinda vafot etdi. Uning о‘rniga о‘g‘li Ismoil II taxtga о‘tirib (1576-1577 yillarda boshqardi). 1577 yil 24 noyabrda unga fitna uyushtirilib, unga fitnani tug‘ishgan singlisi Parixonim uyushtirib, haram kanizaklaridan biri tomonidan u zaharlangan edi. Ismoil II о‘ldirilgach, qizilboshlilar yoshligidan kasalmand va kо‘zi ojiz va kо‘ngli yumshoq Muhammad Xudobandani taxtga chiqarishdi. U 1578 yil fevralda toj kiydi, ammo uning xotini Xayriniso shoh nomidan ish yurita boshladi. Xayrinisoning birinchi farmoni shohning singlisi Parixonimni qatl etish haqida bо‘ldi. Bundan tashqari Ismoil II ning о‘g‘li shoh Shujo ham о‘ldirildi. Shunday qilib, Xayriniso davlatni faqat о‘zi boshqarishga kirishdi. Shoh esa xotinining muhri shohning muhri bilan tengligi haqida farmon chiqardi. Mamlakatda о‘zboshimchalik va boshboshdoqlik avj olib ketdi. Bundan foydalangan turk sultoni Murod III Eronga yurish qildi va Chaldir kо‘li atrofida qizilboshlilar mag‘lub bо‘lishdi. Bir guruh zodagonlar 1579 yil iyulda Xayrinisoni о‘ldirishadi. Taxtga Muhammad Xudobandaning uchinchi о‘g‘li Abbos chiqadi, qari shoh esa qolgan umrini tinch va osoyishta о‘tkazadi. XVI asr oxiri- XVII asr boshlariga kelib Eronning iqtisodiy ahvoli ancha yaxshilandi, Safaviylar davlati ham mustahkamlandi. Davlatga qarashli yerlar- mulki devoniy (amlok) shohning mulki- xos yerlar ancha kengaydi. Shoh yerlari dastlabki safaviylar davrida ham katta edi. Lekin eng kо‘p yerlarni Abbos I (1587-1629 yillarda boshqargan) egalladi. Fransuz sayohatchisi Shadrenning yozishicha, shohning mulklariga Eronning eng hosildor yerlari va iqtisodiy rivojlangan hududlari kirib, bu yerlar mamlakat umumiy yerlarining 2/3 qismini tashkil qilardi. Davlat va shoh yerlaridan tashqari vaqf yerlari ham mavjud bо‘lib, bu yerlardan qoladigan foyda shia ruhoniylariga tegishli edi. Safaviylar о‘z xizmatida bо‘lgan zodagonlarga yerlarni suyurg‘ol shaklida emas, asosan tyul shaklida (ya’ni yerni bir umrga, lekin meros bо‘lib qolmaslik sharti bilan berish) berishardi. Bu davrda Eronda qishloq xо‘jaligi, yо‘llar, sun’iy sug‘orish inshootlari barpo qilindi. Mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy barqarorlik bir qator islohotlar о‘tkazish uchun sharoit yaratdi. Bu islohotlar shoh Abbos I davrida о‘tkazilib, asosan markaziy hokimiyatni mustahkamlashga qaratildi. Abbos I 1587 yili 17 yoshida qizilboshlilar qabilalarining oqsoqollari tomonidan taxtga о‘tqazilgan bо‘lsa-da, u qizilboshlilarni tezda hokimiyatdan chetlashtirdi Tashqi siyosat ham mamlakatda barqarorlik о‘rnatishga xizmat qildi. Abbos I 1590 yili turklar bilan Istanbul shartnomasini imzoladi. Unga kо‘ra Sharqiy Gruziya, Sharqiy Armaniston, Kurdiston, butun Ozarbayjon va Luristonning bir qismi usmoniylarga о‘tdi. Abbos I esa turklar bilan sulh imzolagandan sо‘ng butun kuchini о‘zboshimcha feodallarni bо‘ysundirishga va shimoldagi о‘zbek xonlariga qaratdi. Natijada 1597 yili Nishopur va Marv о‘zbek xonlaridan (shayboniylar) dan tortib olindi. Harbiy islohotlar о‘tkazish natijasida Abbos I 12 ming kishidan iborat о‘qchilar, 10 ming kishilik otliq g‘ulomlar (о‘rta asrlarda kо‘ngilli qо‘shin askarlari), 12 ming kishi va 500 tо‘pdan iborat qо‘riqchilar korpusi tuzildi. Shoh qizilboshlilarning qо‘zg‘olonlarini bostirdi. 1596 yili shohning buyrug‘i bilan qizilboshlilarning taqali qabilasi qirib tashlandi. Shohning xizmatiga sodiq qolgan qabilalar “shohsevar” (shohni sevuvchilar) nomini oldi.1599 yil Abbos I о‘zbeklardan (Buxoro xonligini boshqargan shayboniylardan) Mashhad va Hirotni tortib oldi. Harbiy islohotlarni о‘tkazgandan sо‘ng, Abbos I 1602 yili Turkiyaga qarshi urush boshladi. Urush davom etgan о‘n yil ichida u Ozarbayjon, Luriston, Kurdistonning bir qismi, Sharqiy Armaniston va Sharqiy Gruziyani usmoniylardan qaytarib oldi. Safaviylar tashqi siyosatdagi singari ichki siyosatda ham shafqatsiz edilar. Masalan, Abbos I yaxshi jang qilmaganligi uchun, о‘z о‘g‘illaridan birini о‘ldirishni, ikki nafarini esa kо‘zlarini kо‘r qilishni buyurgan. Abbos I davrida butun davlatni boshqarish ishlari shoh saroyida tо‘plangan edi. Saroyda “ulug‘lar majlisi” deb ataluvchi davlat kengashi ham faoliyat yuritardi. Shohning hokimiyati cheklanmagan bо‘lsa-da, muhim masalalarni hal qilishda shoh “ulug‘lar kengashi” bilan hisoblashardi. Abbos I davlat daromadlarining asosini tashkil qiluvchi soliqlar yig‘ishda ham ehtiyotkorlik bilan siyosat olib bordi. U о‘z hokimiyati uchun xavfli hisoblangan hududlardan olinadigan qо‘shimcha va favqulodda soliqlarni qisqartirdi, markaziy tumanlarni bundan ozod qildi. Ammo qolgan yerlarning dehqonlari davlat va armiya uchun juda kо‘p sonli soliqlar tо‘lar edi, shuningdek, sug‘orish inshootlari, kо‘priklar, saroylar qurish kabi majburiyatlarni bajarardilar. Vaqti-vaqti bilan shohning maxsus farmoniga kо‘ra aholidan о‘smirlar va qizlar saralab olinardi. Yigitlar kо‘proq Kavkazortidagi xristianlardan olinib, muntazam g‘ulomlar korpusiga yoki saroy soqchilari safiga qо‘shilardi. Qizlar esa shoh haramiga olinar yoki boshqa amaldorlarga chо‘ri qilib berilardi. Pul islohoti о‘tkazib 1 misqolga (4,6 grammо‘lchov birligi) teng “abbosiy” deb nomlanuvchi kumush tanga zarb ettirdi Abbos I hukmronligi davrida Ganjada juma masjidi va arman cherkovini qurdirdi. Tbilisini olgandan sо‘ng shaharda bir-biriga qarama-qarshi shia musulmonlar uchun masjid va xristianlar uchun cherkov qurdirdi. Bu ibodatxonalar ta’minotiga 40 tadan dо‘konni vaqf qilib berdi. Masjid kirish joyiga quyidagilarni yozdirgan: “Mendan keyin bu shaharda hukmronlik qiladigan musulmon shohlardan qо‘shni cherkov huquqini himoya qilishlarini sо‘rayman”. Shuningdek, cherkovning kirish joyiga ham shu mazmunda xat bittirdi: ”Bu yerda hukmronlik qiladigan xristian hukmdorlardan qо‘shni masjid huquqini hurmat qilishlarini sо‘rayman”. Shariat bо‘yicha bir musulmon ikkinchisiga tobe emas edi. Abbos I davrida poytaxt 1598 yilda Qazvindan Isfahonga kо‘chirildi. Isfahon ajoyib saroylar majmuidan iborat qilib qayta qurildi. Shoh saroyi va shoh machiti mahobatli va serhasham qilib qurilgan edi. Poytaxtda hunarmandchilik va savdoni jonlantirish maqsadida shoh Julfa shahridan mashhur savdogar va hunarmand arman oilalarini bu yerga kо‘chirishni buyuradi. Julfadan kо‘chirilgan 15 ming oiladan Isfahonga 3 mingi yetib keladi, qolganlari esa yо‘lda vafot etadi. Shu tariqa Isfahonning yonginasida Yangi Julfa deb ataluvchi savdo markazi paydo bо‘ldi. Umuman Isfahonda 6 ta yirik savdo-hunarmandchilik markazlari vujudga keldi. Shahar aholisi tez sur’atlar bilan о‘sib, XVI asr boshlarida 500-600 ming kishiga yetdi. Shu paytda Isfahonda 162 ta machit, 49 ta madrasa, 1802 ta karvonsaroylar, markaziy yopiq bozor va 273 ta hammom mavjud edi. Hunarmandchilikning sohalari orasida, ayniqsa, tо‘qimachilik keng rivojlandi. Isfahon atrofida bozor uchun turli-tuman mato ishlab chiqaradigan 1460 ta mahalla bor edi. Isfahondan tashqari Sheroz, Tabriz, Mashhad kabi boshqa shaharlarda shoyi, baxmal, parcha kabi matolar ichki va tashqi bozor uchun ishlab chiqarilgan. Eronda tо‘qilgan zardо‘zlik mahsulotlari ayniqsa, Yevropa bozorlarida yuqori baholangan. Ipak va zar iplardan dо‘ppi va belbog‘lar tikish, gilam tо‘qish ham keng tarqalgan edi. Ayniqsa, Eron gilamlari mashhur bо‘lib, о‘sha paytdagi Yevropa monarxlarining saroylarini bezab turgan. XVI-XVII asrlarda Eronda ishlab chiqarilgan badiiy san’at buyumlari-gilamlar, sopol va bronza buyumlari, qurollar pishiqligi va bezaklarining nafisligi bilan ajralib turgan. Eronlik ustalar metallga ishlov berishda katta yutuqlarga erishganlar. Ular tayyorlagan metall buyumlar-mushaklar, astronomiya asboblari, idishlar Garbiy Yevropa va Rossiya bozorlarida xaridorgir edi. Hunarmandlar ichki bozor uchun о‘simliklardan olingan bо‘yoqlar, teri buyumlari, oyna, sovun va boshqa xalq iste’mol buyumlarini ham ishlab chiqarardi. Eron shaharlari о‘z-о‘zini boshqarish tizimiga ega emasdi. Ammo savdogarlarning uyushmalari va hunarmandlarning esnaf (sex) lari ichki boshqaruv tizimiga ega edi. Esnaflar ustalarning malakasini belgilar, ishlab chiqarishning yо‘nalishi va miqdorini о‘rnatardi. Yakka tartibdagi hunarmandlar ham mavjud bо‘lsa-da, hunarmandlar asosan korxonalarga birikkan bо‘lib, ularda 70 tadan 80 tagacha ishchi ishlardi. Hunarmandchilikning mutaxassislashgan 32 ta tarmog‘i mavjud edi. Tashqi savdoda ipak savdosi va boshqa ayrim tovarlar ustidan shoh monopoliyasining о‘rnatilganligi xazinaga juda katta foyda keltirdi. Savdo kompaniyalari orasida shoh nomidan tashqi savdoda ishtirok etadigan armanlarning “Yangi Julfa” kompaniyasi ajralib turgan. Eron savdogarlari Osiyodagi boshqa mamlakatlarga va Yevropaga mahsulot olib borishardi. Ayrim kompaniyalar, hatto Shvetsiya va Xitoyda ham о‘z vakillik idoralariga ega edilar. Savdogarlar katta huquqlarga ega bо‘lib, hukmdorlar tomonidan himoya qilinar edi.Bu davrda Rossiya va Yevropaning boshqa davlatlari turklarga qarshi ittifoq tuzushdan manfaatdor bо‘lganliklari uchun ham bir necha marotaba Eronga о‘z elchilarini jо‘natdilar, shuningdek, Safaviylar ham Yevropa davlatlari bilan turklarga qarshi birgalikda kurash olib borishga harakat qilardi. Abbos I Germaniya imperatori, Ispaniya va Portugaliya qirollari, Rim papasi va Fransiya, Gollandiya, Rossiya hukumatlari bilan о‘zaro elchilar almashdi. Safaviylar davrida Moskva Rusi bilan doimiy aloqalar о‘rnatildi. О‘zaro elchilar almashuv XV asrdayoq boshlangan edi. XVI asrning 50-yillarida Povolje va Kaspiy bо‘ylarini egallab olganidan sо‘ng Rus davlatining Eron va boshqa Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalari sezilarli ravishda kengaydi. 1588 yildan 1676 yilga qadar 20 ta rus elchisi Eronga jо‘natilgan bо‘lsa, Erondan Rossiyaga 15 ta elchi yuborilgan. Eron savdogarlari Astraxanga kelib doimiy savdo qiladigan bо‘lishdi. Abbos I vafot etgach safaviylar sulolasida uning ishini davom ettiruvchi qolmadi. Abbos I ning tо‘rt о‘g‘illaridan biri qatl etildi, ikkitasi kо‘r qilindi, tо‘rtinchisi vafot etdi. Shuning uchun shohning nevarasi Safiyni valiahd deb e’lon qilishdi. U 1628-1642 yillarda boshqargan. Safiy bobosiga о‘xshamas, mayxо‘tlikka mukkasidan ketgandi. Hokimiyat ichidagi beqarorlik Qandahorning boburiy Shohjahon tomonidan egallanishiga olib keldi. G‘arbda esa turklar bilan yangi urush boshlandi. 1630 yili Murod IV qо‘shini Hamadonni egallab vayron qildi va aholini qirib tashladi. 1635 yili turklar Yerevan va Tabrizni, 1638 yili Bag‘dodni olishdi. 1639 yil 17 maydagi Qasri Shirin bitimi bо‘yicha, Yerevan va Ozarbayjon Eronga qaytarildi, Bag‘dod va Iroqi Arab uzil-kesil Usmoniylar davlatiga о‘tdi. Safiy I 1642 yili Koshonda mayxо‘rlik oqibatida vafot etdi. Dehqonlardan yoki bog‘dorlardan juda katta yer rentasi olinardi. Shoh xonadoniga qarashli yerlar tarkibiga kiruvchi chek yerda yoki chek yeri tiul yoki mulk deb ataladigan yerning bir qismi bо‘lishidan yoki dehqon vaqf yerlarining bir uchastkasiga ega bо‘lishidan qat’iy nazar — ishlab chiqaruvchi dehqon yerga birkitib qо‘yilgan bо‘lsa, hamma joyda о‘z hosilining deyarli hammasini yer egasiga topshirishi kerak edi, ishlab chiqaruvchining о‘zida esa yalpi hosilning kupi bilan beshdan bir yoki tо‘rtdan bir qismi qolardi. Dehqon yer uchun, suv uchun, ish hayvoni uchun (agar unda yetarli miqdorda ot-ulov bо‘lmasa) haq tо‘lar edi. Chek yerlariga ega bо‘lgan jamoa dehqonlardan tashqari safaviylar davrida kо‘plab yersiz dehqonlar bо‘lib, ular bir parcha yerni korandalik (korandalik. forscha. yerni ijaraga olish turi bо‘lib, ijara haqi yer egasiga hosildan tо‘langan) sharti bilan ijaraga olardilar, bunday hollarda ijaraga yer olgan kishida mahsulotning yanada kamroq qismi qolardi. Eronning ayrim rayonlarida XVI— XVII asrlarda ham о‘z yeriga ega bо‘lgan dehqonlarning bir qismi saqlanib qolgan edi, ammo ularning yerlarini feodallar bosib olishi yoki boyib ketgan savdogarlar va sudxо‘rlar tomonidan sotib olinishi natijasida tez kamayib borardi. Ocharchiliklar, yuqumli kasalliklarning tarqalishi natijasida butun-butun dehqon qishloqlarining qirilib ketishi safaviylar qishlog‘idagi tez-tez bо‘lib turadigan oddiy voqea edi.Fors kо‘rfazini egallab olish uchun dastlabki harakatni XVI asrda portugallar boshlab berishdi. 1507 yili Ormuz orolini va undagi juda yirik savdo portini egallab olishdi, lekin aholi qо‘zg‘olon kо‘tarib ularni bu yerdan haydab yubordi. Oradan bir necha yil о‘tib, portugallar о‘zlarining dengizdagi harbiy ustunligidan foydalanib yana Ormuzni egallashdi. Bu yerda garnizon joylashtirilib, savdo faktoriyasi tashkil etildi. Portugallar Fors kо‘rfazida hukmron bо‘lib olganlaridan sо‘ng ingliz savdogarlari Eron va Hindiston bilan savdoni shimoliy yо‘l, ya’ni Volga- Kaspiy yо‘li orqali rivojlantirishga harakat qilishdi. XVI asr 60-yillarida inglizlarning Moskva kompaniyasi katta qiyinchiliklar bilan Shirvon chegaralarida erkin savdo qilish huquqini qо‘lga kiritdilar va Shemaxada savdo faktoriyasini ochdilar. Inglizlarning Shirvon bilan savdo aloqasi turklarning bosqini tufayli tо‘xtab qoldi. Rossiya hukumati о‘z hududidan ingliz tovarlarini о‘tkazishga ruxsat bermaganligi sababli bu savdo yо‘li rivojlanmadi. XVII asr boshlarida Eronga inglizlarning Ost-Indiya kompaniyasi о‘z vakillarini jо‘natdi. 1616 yili shoh Abbos I ingliz savdogarlari bilan yaxshi muomalada bо‘lish, о‘z portlarida ingliz savdo kemalarini qabul qilish tо‘g‘risida buyruq berdi. Bir yildan sо‘ng kompaniya vakillari juda kо‘p tovarlar bilan kelganida Abbos I Sheroz va Isfahonda ingliz faktoriyalarini ochishga ruxsat berdi. Inglizlar shoh saroyida о‘z vakiliga ega bо‘lish, butun mamlakat bо‘ylab erkin savdo qilish, о‘zi bilan qurol olib yurish va zarur hollarda uni qо‘llash va diniy e’tiqod erkinligi kabi huquqlarga ega bо‘lishdi. Fors kо‘rfazi orqali Eron ipagi bilan savdo qilish foydali bо‘lib chiqdi. Chunki Erondan ipak bozori Halab (Aleppo) dagidan 50 foiz arzonga tushardi. Inglizlar butun Erondagi ipak savdosi ustidan tо‘la monopoliya о‘rnatishga harakat qilishdi. Buning evaziga ular Abbos I ga portugallarga qarshi kurashda Ost-Indiya kompaniyasining harbiy qismlaridan foydalanishni taklif qilishdi. 1623 yili Safaviylarning qо‘shini kо‘magida Ormuzni egallashga va portugallarni quvib chiqarishga muvaffaq bо‘lishdi. Ularning qurilmalari buzib tashlandi, port esa (Gombrun) ga kо‘chirildi va Bender- Abbos (Abbos bо‘g‘ozi) deb qayta nomlandi. Shu vaqtdan boshlab inglizlar Eronda yangi huquqlarni olishdi. Ularning asosiylari Bender- Abbos portida tushadigan bojlarning yarmini olish, bu yerda о‘z faktoriyasiga ega bо‘lish, ipak olib chiqish edi. Bu huquqlar avval inglizlarga berilgan bо‘lsa, keyin gollandlarning Ost-Indiya kompaniyasiga ham berildi. XVII asr о‘rtalariga kelib gollandlarning Ost-Indiya kompaniyasi inglizlar bilan raqobatda muvaffaqiyatga erishib ularni ortda qoldirdi. Chet el kompaniyalari tovar olib chiqishdan kо‘ra kо‘proq uni Eronga olib kirishni afzal bilishardi. Eron iqtisodiyoti uchun xavfli bо‘lgan holatlardan biri, kumush tangalarning, shuningdek, oltin va kumush buyumlarning olib chiqib ketilayotgani edi. Safaviylar tomonidan savdo sohasida chet elliklarga berilayotgan yengilliklar nafaqat tashqi savdoni kengaytirish uchun, balki siyosiy manfaatlarni ham kо‘zlab qilinayotgan edi. Biroq bu yengilliklardan Yevropa savdo kompaniyalarining agentlari shu qadar jadal foydalandiki, natijada Eron Yevropa davlatlari uchun daromad manbaiga aylanib qoldi va Eron iqtisodiy va siyosiy tushkunlikni о‘z boshidan kechirdi. Bu narsa Eronni mustamlakaga aylantirish uchun zamin yaratdi. Download 1.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling