“DAVLAT-INSON UCHUN” TAMOYILI – DEKMOKRATIK ISLOHOTLAR MEZONI
Biz shu asnoda Oʻzbekistonni innovatsion, zamonaviy va samarali davlatga aylantiramiz.
Yangi Oʻzbekiston strategiyasi – fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytirish, ularning orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarish, ilgʻor tashabbuslarini amalga oshirish, hayotiy muammolarini hal etish, turmush darajasini yuksaltirish, mustaqil ravishda oʻz moddiy farovonligini oshirishi uchun yetarli va zarur sharoitlarni yaratish deganidir.
Davlat boshqaruvida biz uchun nisbatan yangi, lekin koʻplab rivojlangan demokratik mamlakatlarda amal qilayotgan “Davlat xalqqa xizmat koʻrsatishi shart” gʻoyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi “Xalqchil davlat” milliy dasturi ishlab chiqiladi, “Davlat xizmatlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinadi.
DAVLAT ORGANLARI – XALQQA XIZMAT QILISHNING SAMARALI VOSITASI
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlarining mahalliy hokimliklardan haqiqiy mustaqilligini taʼminlash, ulardagi siyosiy partiyalar guruhlari rolini yanada kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirish masalalariga ustuvor ahamiyat beriladi.
Aholimiz, fuqarolarning siyosiy-huquqiy saviyasini oshirib borish bilan hokimlarni toʻgʻridan-toʻgʻri saylash tizimiga oʻtiladi. Hokimlarning tegishli vakillik hokimiyatini boshqarish vakolati bekor qilinadi. Shu munosabat bilan “Xalq deputatlari Kengashlari toʻgʻrisida” va “Hokimning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunlarni qabul qilish zarur.
Asosiy maqsadimiz – Oʻzbekistonning dunyodagi davlat boshqaruvi sifati yuqori boʻlgan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilgan 30 ta davlati qatoriga kirishini taʼminlashdan iborat.
Yangi Oʻzbekiston strategiyasi ijro etuvchi hokimiyatni tom maʼnoda xalqqa xizmat qiluvchi organga aylantirishni nazarda tutadi.
HUDUDIY MASALALARNI HAL QILISH MASʼULIYATI
Qadimgi Rimning mashhur shoiri Publiliy Sirning bir fikrini eslash joiz deb bilaman. “Qonunlar kuchli boʻlgan joyda, xalq ham kuchlidir”, deb yozgan edi u. Darhaqiqat, xalq vakillari boʻlgan deputatlar oʻz vakolatiga asoslanib, jasur, talabchan va qatʼiyatli boʻlishi, fuqarolarning manfaatiga xizmat qilmaydigan qonunlar qabul qilinishiga yoʻl qoʻymasligi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |