Samarkand davlat universiteti
Download 3.33 Mb.
|
Sodiqlik va vijdonlilik. Odamlarga ish qilish va vijdonlilik jamiyat e`tiborini ijtimoiy muammolarga jalb qiladigan, ochiq hamda o’ziga xos ishonch uyg’otadigan tarzda odamlarga yordam ko’rsatishni nazarda tutadi. SHu qadriyatlar bilan bog’liq ravishda tamoyillar quyidagilarni anglatadi:
- Ijtimoiy ishchilarning boshqa odamlar manfaatlari va jamoatchilik farovonligiga erishish bo’yicha faoliyati shaxsiy, moddiy yoki moliyaviy foydani kutmaydi. - Mijoz va uning ijtimoiy atrofidagilar manfaatlari, mijozning qiziqishlari va ijtimoiy ishchining shaxsiy qiziqishlari; umuman olganda, ijtimoiy ishchining vijdonliligi vositasida mijoz manfaatlari, professional hamjamiyat va jamiyat manfaatlari muvozanatini ta`minlash. Birlarining manfaatlari boshqalarining manfaatlaridan yuqori qo’yilmasligi, qay birigadir zarar etkazilmasligi lozim. - Ijtimoiy ishchilar tomonidan ijtimoiy ish missiyasiga professional faoliyat, uning qadriyatlari va axloqning etik standartlari sifatida rioya qilishi. - Ijtimoiy ishchilar tomonidan mijoz bilan ishlashda maxfiylikka amal qilinishi, uni ta`minlash uchun choralar qo’llanishi darkor. Ijtimoiy ishchi mijozni u yoki bu axborot uning ruxsati bilan qaror qabul qilish uchun boshqa tashkilot, ijtimoiy ishga berilishi mumkinligi haqida o’z vaqtida xabardor qilisha lozim. Maxfiylik mijoz yoki boshqa shaxslar hayoti uchun xavfli bo’lgan sharoitda buzilgan bo’ladi. - Ijtimoiy ishchi yordam uchun murojaat qilgan mijozni muammoni hal qilish uchun uning manfaatida qo’llanadigan harakatlar haqida to’liq va ochiq xabardor qiladi. - Ijtimoiy ishchining etik tamoyillarni qo’llab quvvatlash uchun sharoitni vijdonan va mas`uliyat bilan yaratish hamda ko’maklashish faoliyati. Ijtimoiy ishchining professional vakolatliligi ishtimoiy ishning qadriyati hisoblanadi va ularning o’z majburiyatlarini doimiy professional rivojlanish va professional o’sishning etik tamoyillariga asoslangancha, samarali bajarishni o’zi ichiga oladi. Bu quyidagilarni anglatadi: - Professional majburiyatlarni sifatli bajarishga yo’naltirilgan ijtimoiy ishchining munosib va mas`uliyatli axloqi; - Professional majburiyatlarni bajarishda ijtimoiy ishchilarning beg’araz axloqi, professional tamoyil va standartlarga zid bo’lmagan axloq; - Mijozlar, tadqiqot ishtirokchilari, talabalar, hamkasblar bilan muloqotda xatar va ekspluatasiyani kamaytirish va ularning oldini olish uchun aniq professional chegara o’rnatish; - Ijtimoiy ishchilarning professional chegarani buzadigan harakatlar, shu jumladan, katta vakolatga ega bo’lgan mijozlar, tadqiqot ishtirokchilari, talabalar, hamkasblari bilan yaqin yoki jinsiy xarakterdagi munosabatdan qochishlari zarur; - Ijtimoiy ishchining o’z amaliy faoliyatida bilimi, malakasi va mahoratidan samarali foydalana bilishi; - Ijtimoiy noxushlik omillari va ijtimoiy muammolarni hal qilish yo’llarini aniqlash uchun tadqiqot faoliyatida ishtirok etish, olingan ilmiy natijalarni o’z hamkasblari orasida tarqatish, bilimlarni ommaviy axborot aloqalari orqali ommalashtirish; - O’z bilimlari chegarasini tan olish va o’zlarining ish beruvchilarini ishga boshqa professionallarni jalb qilish zaruriyati to’g’risida xabardor qilish. Professional axloq. Milliy tashkilotlar, Ijtimoiy Ishchilar Xalqaro Federatsiyasi, Ijtimoiy Ishchilar Maktablarining Xalqaro Assotsiatsiyasi a`zolariga yuklangan mas`uliyat - Ijtimoiy Ishchilar Xalqaro Federatsiyasi, Ijtimoiy Ishchilar Maktablarining Xalqaro Assotsiatsiyasi dekloratsiyasiga muvofiq etikada ularning shaxsiy qoidalari va etik me`yorlarni muntazam ravishda yangilab turish va rivojlantirishdan iborat. Milliy tashkilotlar ijtimoiy ishchilar va ”ijtimoiy ish” ixtisosligi bo’yicha ta`lim beradigan institut (maktab, fakultet, bo’linma) larni bu qoidalar va me`yorlar haqida xabardor qilishga mas`uldirlar. Ijtimoiy ishchilar ularning davlatlarida ayni lahzada harakatdagi etikaning qoidalari va me`yorlari bilan muvifiqlikda harakat qilishlari lozim. Bu qoidalar va me`yorlar, umuman olganda, milliy kontekstda ularni qo’llashni aniq belgilovchi hiyla mukammal tavsiyalardan iborat bo’ladi. Ijtimoiy siyosat tamoyillari ichida eng asosiy tamoyil bu ijtimoiy adolat tamoyilidir. U nafaqat ijtimoiy siyosatning balki davlat siyosatining barcha yo’nalishlarini asosiy tamoyili bo’lib hisoblanadi. Ulug’ bobokalonimiz Amir Temur siyosatining asosiy tamoyili «Kuch - adolatda» deb nomlanishi bejiz emas. Ijtimoiy adolat bu jamiyatni moddiy va ma`naviy rivojlanish darajasi bilan obektiv ravishda belgilanadigan odamlarni hayotiy ahvolidagi tenglik (va tengsizlik) o’lchovidir. Ijtimoiy adolat real xalq hokimiyatini va qonun oldida hamma fuqarolarni tengligini, millatlarni teng huquqliligini, shaxsni hurmat qilinishini va uni har taraflama rivojlanishi uchun sharoit yaratilishini qamrab oladi. Bu keng ijtimoiy kafolat hamdir. Ish bilan ta`minlash, ma`lumot olish, madaniy, tibbiy ish olish va uy-joyga ega bo’lish, keksalarga, onalik va bolalikka g’amxo’rlik qilish kafolatidir. Davlat ijtimoiy siyosatining muhim vazifalaridan biri bu ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarida ijtimoiy adolat tamoyilini to’liq amalga oshirishdan iborat. Ijtimoiy adolat faqatgina odamlarning ongida mavjud bo’lmaydi. Balki u tarixiy xarakterga ega bo’lib olg’a rivojlanib borayotgan real ijtimoiy munosabatlarni aks ettiradi. Ijtimoiy adolat ijtimoiy-iqtisodiy kategoriya bo’lgani kabi xuddi shunday bu axloqiy-huquqiy kategoriya hamdir. U odamlarni xohish va imkoniyatini, erkinlik va mas`uliyatini, huquq va majburiyatini, odamlarni ishini va jamiyatdagi o’rnini munosibligini anglatadi. Bundan tashqari ijtimoiy sohada ma`lum bir axloqiy normalar hukmronlik qilishi kerak-ki, zarur bo’lganda bu normalar o’zgalar manfaatini (yordamga muhtojlar manfaati) ustivorligini ta`minlashi lozim. Inson hayotini va birinchi navbatda yordamga muhtojlar hayotini farovon qilishga qaratilgan ijtimoiy siyosat vazifalarini samarali hal qilishda yuqorida qayd qilingan omillar ayniqsa ijtimoiy adolat tamoyilini roli muhim ahamiyatga ega. Faqat demokratik, huquqiy davlatgina bunday tamoyillarga rioya qilib, xalq hayotini farovonligini ta`minlashi mumkin. Har bir fan nazariy va amaliy bilimlar, nazariyalar, uslub va uslubiyat (texnologiya)lar qorishmasidan iborat. SHundan kelib chiqilsa, ijtimoiy ish faoliyatning universal turi, bilimning sohasi sifatida esa u boshqa fanlarning butun bir majmui bilan uzviy bog’liq, ijtimoiy ish tamoyillarining bir necha guruhini ajratib ko’rsatish mumkin: mazmuniga ko’ra: insonparvarlik; demokratizm; qonuniylik; kishilar faoliyatining muayyan shart-sharoitlari bilan bog’liqlik; ijtimoiy faollikni rag’batlantirish; ijtimoiy adolat; al’truizm; ijtimoiy, jamoaviy va shaxsiy manfaatlarning uyg’unlashuvi; o’zini-o’zi ta`minlash; ijtimoiy xizmatlar sohasida inson va fuqarolar huquqini himoya qilish va ularning davlat tomonidan kafolatlanishini ta`minlash, fuqarolar uchun ijtimoiy xizmatlarga ega bo’lishda teng imkoniyatlarni ta`minlash; xizmatlarga ega bo’lishda fuqarolarning roziligi; ijtimoiy xizmatlarga ega bo’lishning ochiqligi; ijtimoiy ishda sir saqlash; ijtimoiy xizmatning barcha tur va shakllari vorisiyligi; adreslilik; sog’ligi va hayoti xavf ostida bo’lgan fuqarolarga ko’mak berishdagi ustuvorlik; profilaktika yo’nalishi; ijtimoiy reabilitatsiya va adaptatsiyaga ko’maklashuv; idoralararo va fanlararolik; faoliyat nuqtai nazaridan yondashuv; ijtimoiy xizmatni hududiy tashkil qilish; aholiga ijtimoiy xizmat ko’rsatishda ko’ngilli jamoatchilik faoliyatini davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash va boshqalar; tashkiliy: ijroni nazorat qilish va tekshirish; xizmatchilarning vakolatlari va mas`uliyatlari, huquqlari va majburiyatlarining birligi; umumiylik; komplekslik; vositachilik; hamkorlik; yordam ko’rsatish va boshqalar; psixologik-pedagogik: kompleks va differentsiallashgan yondashuvlar; texnologik vakolatlilik; faollikni rag’batlantirish; maqsadga yo’naltirilganlik; hamdardlik, jozibadorlik, ishonch; vorisiylik; paydarpaylik; uzluksizlik; mijozning yosh va shaxsiy xususiyatlarini hisobga olish va boshqalar. Insonparvarlik ijtimoiy ishdagi insonni oliy qadriyat sifatida baholaydigan, uning fuqarolik sha`ni va huquqlarini himoya qiladigan, shaxsning o’z qobiliyatlarini erkin va har tomonlama namoyish qilishi uchun sharoit yaratadigan etakchi maqsadli ustanovkadir. Xizmat yo’riqnomalari, buyruqlar va farmoyishlar bilan tartibga solinadigan rasmiy munosabatlardan farqli o’laroq, ijtimoiy xizmatchi va mijoz o’rtasidagi norasmiy aloqalar, avvalo, sanktsiyalash ahamiyatiga ega bo’lmagan, shaxsiy sifatlarning ruhiy jihatdan mosligi, manfaatlarning umumiyligi, simpatiyalar va antipatiyalar asosida vujudga keladi. Ijtimoiy ishdagi munosabatlarning norasmiy xarakteri ruhiy fenomen sifatida namoyon bo’lsa ham ijtimoiy xizmatchining xizmat majburiyatlari, lavozim faoliyatlari doirasidan chetga chiqmaydi. Ijtimoiy ishdagi demokratizm mijoz bilan ruhiy aloqa o’rnatish ko’nikmalarini, muloqot me`yorlari va qoidalariga rioya qilinishini, mijoz shaxsiyatiga nisbatan hurmat va e`tiborni, uning shaxsiy muammolarini hal qilishga o’zini jalb etishni va aql kuchi, bilimlari, axloqi, tajribasi yordamida ta`sir o’tkazishni talab qiladi. Qonuniylik ijtimoiy ishdagi asosiy mazmuniy tamoyillardan biri sifatida qonunlar va unga asoslangan huquqiy hujjatlarga barcha davlat idoralari, mansabdor shaxslar, jamoat tashkilotlari va fuqarolar tomonidan qat`iy rioya qilinishini taqozo etadi. Me`yoriy-huquqiy hujjatlar shunday bir shaklki, unga davlatning siyosati, shu jumladan, ijtimoiy siyosat yo’g’riladi. xuquqning roli va maqsadi avvalo, siyosatni ro’yobga chiqarish uchun xizmat qilishdir, biroq bu rolni huquq faqatgina uning me`yorlariga barcha tomonidan rioya qilingani taqdirda bajarishi mumkin. Mana shunda qonuniylikning birlamchi va asosiy talabi, jumladan, ijtimoiy ishdagi qonuniylikning talabi namoyon bo’ladi. Ijtimoiy ishning eng muhim mazmuniy tamoyillaridan biri uning odamlar hayot faoliyati muayyan sharoitlari bilan bog’liqligidir. Bu tamoyilda ijtimoiy ish nazariyasi va amaliyotining birligi namoyon bo’ladi, uni amalga oshirish esa aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashning, uning huquq va manfaatlarini himoya qilishning ilmiy asoslangan tarzda qo’llanishi va realligini ta`minlab beradi. Hayot har doim nazariyadan ko’ra boyroq, ko’rsatma va yo’riqnomalardan ko’ra ko’p qirraliroqdir. Vaziyatlar va hayot faoliyatining shart-sharoitlari muttasil o’zgarib turishi, ijtimoiy guruhlar va shaxslarning madaniyat darajasi, ma`lumoti, jinsi, yoshi, mehnat qobiliyati va malakasi, sog’ligiga ko’ra turfaligi ijtimoiy xizmatchilar duch keladigan ijtimoiy muammolarning doimo yangilanib turishi va o’ziga xos bo’lishini ta`minlaydi. SHuning uchun ham ijtimoiy ishning shaxs hayot faoliyati muayyan sharoitlari bilan bog’liqligi tamoyili, avvalo, muayyan vaziyatni tahlil qilish va baholash, insonning hayot sharoitiga ijtimoiy tashxis qo’yishni nazarda tutadi. Bu tamoyil ijtimoiy xizmatchini ijtimoiy vaziyatdagi ijtimoiy ish maqsadlariga erishish uchun bevosita ahamiyatga molik xususiyatlarni aniqlashga yo’naltiradi. U mavhum nazariyalarga, qoliplarga, inertsiya va rasmiyatchilikka berilish uchun yo’l qo’ymaydi. Ijtimoiy ishning muhim tashkiliy tamoyillaridan biri ijroni nazorat qilish va tekshirishdir. Ijtimoiy xizmatlarning nazorat qilish-tekshirish funktsiyasi alohida bir soha bo’lmasdan uning ajralmas tarkibiy qismidir. Ijtimoiy xizmatlar va boshqaruv organlari faoliyatidagi nazorat qilish-tekshirish faoliyatining mazmuni davlat tomonidan aholi turli guruhlarini ijtimoiy muhofazalash bo’yicha belgilangan tadbirlarning ro’yobga chiqarilishini ta`minlashdan iborat. Ijtimoiy ishning asosiy tashkiliy tamoyillaridan biri vakolat va mas`uliyat, huquq va majburiyatlarning birligidir. Ijtimoiy xizmatlar va ularni boshqaruv organlari faoliyatini o’rganish shuni ko’rsatadiki, ularning aniq faoliyat yuritishiga har bir ijtimoiy xizmatchi o’z funktsiya va vazifalarini aniq bilishi orqali erishiladi. Hayot kichik mas`uliyat bilan ulkan vakolatlarning birikishi ma`muriy o’zi bo’larchilik, yaxshi o’ylanmagan qarorlar qabul qilish uchun qulay sharoit yaratishini ko’rsatmoqda. Ayni paytda, kadrlarning katta mas`uliyatga va kichik vakolatga ega bo’lishi tezkor, qat`iy harakat qilishga yo’l qo’ymaydi, amalda ijtimoiy xizmatlar mutaxassislarining tashabbusini bo’g’adi va mas`uliyatsizlikni keltirib chiqaradi. Mana shuning uchun ham ijtimoiy ish bo’yicha har bir mutaxassisning vakolatlariga mutanosib tarzda mas`uliyatini belgilash va ularga yuklatilgan funktsional majburiyatlarning aniq bajarilishini ta`minlash ijtimoiy ish samaradorligining zaruriy shartidir. Ijtimoiy ish nazariyasi va amaliyotida psixologik-pedagogik tamoyillarga katta o’rin ajratiladiki, ular ijtimoiy ishning shakl va usullariga, mijozlarga ko’rsatiladigan ta`sir usullariga qo’yiladigan talablarni ifodalaydi. Ijtimoiy ishning mana shu guruhga kiruvchi aosiy tamoyillaridan biri kompleks yondashuv tamoyilidir. Ijtimoiy ishdagi kompleks yondashuv bir tomondan ijtimoiy ish ob`ektiga o’tkazilayotgan ta`sirning bir butunligi va har tomonlamaligini ta`minlasa, ikkinchi tomondan, idorachilik, mahalliychilik va ijtimoiy muammolarni hal qilishdagi cheklanishlarga yo’l qo’ymaydi hamda odamlarning manfaatlari, ehtiyojlari, kayfiyatlarini o’rganishni, ularning xulq-atvori, o’zini-o’zi his qilishlariga o’tkazilayotgan ta`sir xarakterini prognozlashni; shuningdek, odamlarda ehtiyoj va istaklar, ularning kasbiy masu`lligi, ijtimoiy mavqei, maishiy turmush shart-sharoitlari va hayot tajribasi bilan bog’liq bo’lgan real shaxslarni ko’ra bilishni talab qiladi. Psixologik-pedagogik tamoyillar orasida differentsiatsiyalashgan yondashuvni alohida ajratib ko’rsatish lozim. Ijtimoiy ishdagi differentsiatsiyalashgan yondashuv turli ijtimoiy qatlamlar, guruhlar, kasblar va yoshlardagi moddiy va ma`naviy qadriyatlarga va atrofdagi voqelikka o’ziga xos qarashlar va munosabatlarning paydo bo’lishi qonuniy xarakterga ega ekani bilan belgilanadi. Ijtimoiy siyosat inson manfaatlarini qaysi shaklda ifoda etmasin, odamlar uni faqatgina natijalari ro’yobga chiqqan taqdirdagina his qiladilar. Muayyan harakatlar bilan mustahkamlanmagan deklaratsiyalar va shiorlar faqatgina ularning obro’sini ketkazish usuli bo’lib qoladi xolos. Aholini ijtimoiy muhofaza qilishga yo’naltirilgan tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ko’p jihatdan ijtimoiy xizmatchilar, ijtimoiy xizmatlarning boshqaruv organlari texnologik jihatdan vakolatliligiga bog’liq. Texnologik vakolatlilik – ijtimoiy xizmatchining vujudga kelayotgan muammolarni hal qilish sharoitlari va texnologiyasidan chuqur xabardorligi va o’z bilimlarini amaliyotga kasbiy savodxonlik bilan amalga oshirish ko’nikmasi bo’lib, u muntazam o’qishni va xizmatchilarni qayta tayyorlashni, aniq axborotni, boshqaruv tizimining barcha bo’g’inlaridagi tahliliy va prognozlash faoliyatini, ijtimoiy ish ob`ektlari to’g’risida chuqur va atroflicha bilimga egalik, ularning tasnifi va xususiyatlarini bilishni, ijtimoiy xizmat mijozlari bilan ishlashda ishchanlik va tashkiliylilikni taqozo qiladi. Ijtimoiy-psixologik tamoyillarning eng muhimlaridan biri ijtimoiy faollikni rag’batlantirish bo’lib, u insonni ongli, manfaatni anglagan holda uning kuch-g’ayratini sarflashdagi, qobiliyatlarini, axloqiy va iroda salohiyatini ijtimoiy muhim maqsadga erishish yo’lidagi faolligini oshirishga undaydi. Bunda har qanday faoliyat turida rag’batlantirish kuchining manbai bo’lib, manfaatlar va ehtiyojlarning o’zi emas, balki ularni qondirish darajasi xizmat qiladi. Ijtimoiy ishda rag’batlantirish tamoyili uning ma`naviy-axloqiy va moddiy shakllarining birligi va uyg’unlashtrilishini; shaxsning individual, kasbiy, ma`naviy-madaniy va ruhiy xususiyatlarini adekvat vositalar va usullar yordamida; insonning ishga, hayot faoliyatining ijtimoiy qadriyatlariga munosabatlarini baholashdagi xolislik va oshkoralikni taqozo qiladi. Ijtimoiy ishning psixologik-pedagogik tamoyillari jumlasiga maqsadga yo’naltirilganlik tamoyili ham kiradi. Ijtimoiy xizmatchining doimo diqqat markazida turadigan mijozga ta`sir o’tkazish maqsadi uning faoliyati xususiyatlari va usullarini belgilaydi, ijtimoiy ish mazmuni va shakllarini oldindan aniqlab beradi. Maqsadga erishish ijtimoiy xizmatchi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning ta`sirchanligi va samaradorligi uchun mezon bo’lib xizmat qiladi. Bularning barchasi maqsadga yo’naltirilganlik tamoyilining alohida mutaxassis faoliyatida ham, ijtimoiy xizmatlar tuzilmasi faoliyatida ham qanchalik muhim o’rin tutishini ko’rsatadi. Maqsadga yo’naltirilganlik ijtimoiy ishning barcha tamoyillarini bir butunlikka jamlab ish usuli va shakllarini tanlash jarayoniga ilmiylik baxsh etadi. ────────────────────────── Download 3.33 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling