MAZASI QOCHDI II– Biror ish yomonlashdi, inqirozga yuz tutdi.
Ma’nodoshi: mazasi ketdi.
MUM TISHLAMOQ–mutlaqo gapirmaslik, suhbatda mutlaqo qatnashmaslik.
Ma’nodoshi: og‘ziga tolqon solmoq; mog‘ziga qatiq ivitmoq.
O‘xshashi: «lom-mim» demadi; dami chiqmadi; damini chiqarmadi; og‘zini ochmadi.
NUTQNING MANTIQIYLIGI
Fikr tarkibi va qurilishining to‘g‘ri ifodalanishi nutq mantiqiyligining asosidir. Nutqda til vositalarining mantiq va to‘g‘ri tafakkur qonuniyatlariga mos tarzda mazmuniy birikishi nutq mantiqiyligini yuzaga keltiradi. Ana shunga ko‘ra mantiqiylik sifati nutqda so‘zlar, gaplar o‘rtasidagi mazmuniy va grammatik aloqalarning fikr mohiyati hamda uning rivojlanib borishiga qat’iy mosligi tarzida ta’riflanadi. Mantiq va grammatika har qanday nutqning tayanchi, har qanday nutq sog‘lomligining zaminidir. Ulug‘ donishmand bobomiz Farobiy grammatika va mantiq ilmining favqulodda ahamiyati haqida quyidagilarni qayd etgan: «Grammatika odamlar nutqini to‘g‘rilagani kabi – u shuning uchun ham vujudga kelgandir – mantiq ilmi ham xato kelib chiqishi mumkin bo‘lgan joyda tafakkurni to‘g‘ri yo‘ldan olib borish uchun aqlni to‘g‘rilab turadi. Grammatikaning tilga va til ifodalariga bo‘lgan munosabati mantiq ilmining aql va aqliy tushunchalarga bo‘lgan munosabati kabidir. Grammatika har doim til ifodalarida xatolar kelib chiqishi mumkin bo‘lganda, tilning o‘lchovi bo‘lganidek mantiq ham har doim aqliy tushunchalarda xato kelib chiqishi mumkin bo‘lganda, aql o‘lchovidir». Mantiqiy nutq tuzish uchun so‘zlovchi fikr predmetini atroflicha bilishi, mantiqiy tafakkur qoidalaridan boxabar bo‘lishi kerak, ayni paytda til birliklarining leksik-semantik va grammatik mohiyati, ularning bog‘lanish xususiyatlarini ham nazardan qochirmasligi zarur. Aytaylik, so‘zlarning jumla tarkibida mantiqiy-mazmuniy ziddiyatsiz birika olishi, mantiqqa uyg‘un qo‘llanishi uchun ularning leksik-semantik mohiyatini yetarli darajada bilish lozim.
Masalan, Traktor va mashinalar yelday uchadi gapini mantiqiy deb bo‘lmaydi, chunki unda mantiqiy-mazmuniy ziddiyat bor. Mashina mantiqan juda tez, ya’ni yelday uchishi mumkin, ammo traktor bu xususiyatga ega emas. Demak, jumlada mantiqiylik sifati buzilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |