Sirtqi bo’limi Psixologiya yo’nalishi guruh talabasi ning Umumiy psixologiya fanidan yozgan kurs ishi mavzu
Download 121.22 Kb.
|
Umumiy tayyor 11
- Bu sahifa navigatsiya:
- 1.1. Shaxsning ijtimoiylashuvini psixolog olimlar tomonidan o’rganilishi
Kurs ishining tuzilishi va hajmi. kirish qismi, ikkita bob, 4 bo’lim xulosa va tavsiyalar, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati va ilovalardan iborat.
I.BOB O’SMIR SHAXSINING IJTIMOIYLASHUVIDA “MEN” KONSEPSIYASINING PSIXOLOGIK ASPEKTLARINI NAZARIY JIHATDAN O’RGANILISHI 1.1. Shaxsning ijtimoiylashuvini psixolog olimlar tomonidan o’rganilishi Inson hayoti davomida bu hayotga ijtimoiy moslashishi uning qonun va qoidalariga amal qilishi bir so’z bilan aytganda jamiyat bilan kelishib yashashi kerak. Aynan manashu kelishib yashash ba’zi bir yosh davrida hususan o’smirlik yoshiga yetganda yaqqol,nomoyon bo’ladi. Shaxs, uning dunyoni bilishi, o’zini va atrofidagi insoniy munosabatlarni anglashi, tushunishi va o’zaro munosabatlar jarayonida o’zidagi takrorlanmas individuallikni namoyon qilishi hamda ushbu jarayonlarning yoshga va jinsga bog’liq ayrim jihatlarini tahlil qilish bizga umumiy ravishda shaxs – jamiyatda yashaydigan ijtimoiy mavjudotdir, degan xulosani qaytarishga imkon beradi. Ya’ni, u tug’ilgan onidan boshlab o’ziga o’xshash insonlar qurshovida bo’ladi va uning butun ruhiy imkoniyatlari ana shu ijtimoiy muhitda namoyon bo’ladi. Chunki agar insonning ontogenetik taraqqiyoti, ya’ni tug’ilgan onidan, to umrining oxirigacha bo’lgan taraqqiyoti davriga e’tibor beradigan bo’lsak, hali gapirmay turib, odam bolasi hayotining ilk daqiqalaridayoq, o’ziga o’xshash mavjudotlar davrasiga tushadi va keyingina ijtimoiy muloqotning barcha ko’rinishlarining faol obyekti va subyektiga aylanadi. Shu nuqtai nazardan, har birimizning jamiyatdagi o’rnimiz, uning qachon va qanday sharoitlarda paydo bo’lgani, jamiyatga qo’shilib yashashimizning psixologik mexanizmlari fanning muhim vazifalaridan biridir. Bu jarayon psixologiyada ijtimoiylashuv yoki sotsializasiya deb yuritiladi.1 Demak, sotsializasiya yoki ijtimoiylashuv – inson tomonidan ijtimoiy tajribani egallash va hayot-faoliyat jarayonida uni faol tarzda o’zlashtirish jarayonidir. Sodda til bilan aytganda, ijtimoiylashuv – har bir shaxsning jamiyatga qo’shilishi, uning normalari, talablari, kutishlari va ta’sirini qabul qilgan holda, har bir harakati va muomalasida uni namoyon etishi, kerak bo’lsa, shu ijtimoiy tajribasi bilan o’z navbatida o’zgalarga ta’sirini o’tkaza olishi jarayonidir. Ijtimoiylashuv eng avvalo odamlar o’rtasidagi muloqot va hamkorlikda turli faoliyatni amalga oshirish jarayonini nazarda tutadi. Tashqaridan shaxsga ko’rsatilayotgan ta’sir oddiy, mexanik tarzda o’zlashtirilmay, u har bir shaxsning ichki ruhiyati, dunyoni aks ettirish xususiyatlari nuqtai nazaridan turlicha subyektiv tarzda idrok etiladi. Shuning uchun ham bir xil ijtimoiy muhit va bir xil ta’sirlar odamlar tomonidan turlicha harakatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, 10-15 nafar kishidan iborat akademik litsey talabalarini olaylik. Ularning bilimni, ilmni idrok qilishlari, ulardan ota-onalarining kutishlari, o’qituvchilarning berayotgan darslari va unda yetkazilayotgan ma’lumotlar, manbalar va boshqa qator omillar bir xilday. Lekin baribir ana shu 15 talabaning har biri shu ta’sirlarni o’zicha, o’ziga xos tarzda qabul qiladi va bu ularning ishdagi yutuqlari, o’quv ko’rsatgichlari va iqtidorida aks etadi. Bu o’sha biz yuqorida ta’kidlagan ijtimoiylashuv va individualizasiya jarayonlarining o’zaro bog’liq va o’zaro qarama-qarshi jarayonlar ekanligidan darak beradi. Ijtimoiylashuv jarayonlarining ro’y beradigan shart-sharoitlarini ijtimoiy institutlar deb ataymiz. Bunday institutlarga oiladan boshlab, mahalla, rasmiy davlat muassasalari (bog’cha, maktab, maxsus ta’lim o’choqlari, oliygohlar, mehnat jamoalari) hamda norasmiy uyushmalar, nodavlat tashkilotlari kiradi. Bu institutlar orasida bizning sharoitimizda oila va mahallaning roli o’ziga xosdir. Insondagi dastlabki ijtimoiy tajriba va ijtimoiy xulq elementlari aynan oilada, oilaviy munosabatlar tizimida shakllanadi. Shuning uchun ham xalqimizda biz yuqorida ta’kidlagan “qush uyasida ko’rganini qiladi” degan maqol bor. Ya’ni, shaxs sifatlarining dastlabki qoliplari oilada olinadi va bu qolip jamiyatdagi boshqa guruhlar ta’sirida sayqal topib, takomillashib boradi. Bizning o’zbekchilik sharoitimizda oila bilan bir qatorda mahalla ham muhim tarbiyalovchi – ijtimoiylashtiruvchi rol o’ynaydi. Shuning uchun bo’lsa kerak, ba’zan odamning qaysi mahalladan ekanligini surishtirib, keyin xulosa chiqarishadi, ya’ni mahalla bilan mahallaning ham farqi bo’lib, bu farq odamlar psixologiyasida o’z aksini topadi. Masalan, bitta mahalladan yaxshi kelin chiqsa, aynan shu mahalladan qiz qidirib qolishadi. Ya’ni, shu mahalladagi ijtimoiy muhit qizlarning iboli, aqlli, sarishtali bo’lib yetishishlariga ko’maklashgan. Masalan, ayrim mahallalarda sahar turib ko’cha – eshiklarni supurish odatga aylangan va barcha oilalar shu udumni buzmaydilar. Shunga o’xshash normalar tizimi har bir ko’cha-mahallaning bir-biridan farqi, afzallik va kamchilik tomonlarini belgilaydi, oxirgilar esa shu mahallaga katta bo’layotgan yoshlar ijtimoiylashuvida bevosita ta’sirini ko’rsatadi. Yana bir muhim ijtimoiylashuv o’choqlariga maktab va boshqa ta’lim maskanlari kiradi. Aynan shu yerda ijtimoiylashuv va tarbiya jarayonlari maxsus tarzda uyg’unlashtiriladi. Bizning ijtimoiy tasavvurlarimiz shundayki, maktabni biz ta’lim oladigan, bola bilimlar tizimini o’zlashtiradigan maskan sifatida qabul qilamiz. Lekin aslida bu yer ijtimoiylashuv tarbiyaviy vositalarda yuz beradigan maskandir. Bu yerda biz ataylab tashkil etilgan, oxirgi yillarda joriy etilgan “Ma’naviyat darslari”, “Etika va psixologiya” kabi tarbiyalovchi fanlarni nazarda tutmayapmiz. Gap har bir darsning, umuman maktabdagi shart-sharoitlar, umumiy muhitning tarbiyalovchi roli haqida. Masalan, dars paytida o’qituvchi butun diqqati bilan yangi darsni tushuntirish bilan ovora deylik. Uning nazarida faqat dars, mavzuning mazmuni va undan ko’zlangan maqsad asosiyday. Lekin aslida ana shu jarayondagi o’qituvchining o’zini qanday tutayotganligi, kiyim-boshi, mavzuga subyektiv munosabati va qolaversa, butun sinfdagi talabalarga munosabati hamma narsani belgilovchi, ijtimoiy tajriba uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan omildir. Shu nuqtai nazardan talabalar didi, kutishlari va talablariga javob bergan o’qituvchi bolalar tomonidan tan olinadi, aks holda esa o’qituvchining ta’siri faqat salbiy rezonans beradi. Xuddi shunday har bir sinfda shakllangan muhit ham katta rol o’ynaydi. Ba’zi sinflarda o’zaro hamkorlik, o’rtoqchilik munosabatlari yaxshi yo’lga qo’yilgan, guruhda ijodiy munozaralar va bahslar uchun qulay sharoit bor. Bu muhit tabiiy o’z a’zolari ijtimoiy xulqini faqat ijobiy tomonga yo’naltirib turadi. Yana bir muhim ijtimoiylashuv muhiti – bu mehnat jamoalaridir. Bu muhitning ahamiyati va o’ziga xosligi shundaki, bu yerga shaxs odatda ancha aqli pishib qolgan, ma’lum tajribaga ega bo’lgan, hayot haqidagi tasavvurlari shakllangan paytda keladi. qolaversa, egallangan mutaxassislik, orttirilgan mehnat malakalari va bilimlar ham juda muhim bo’lib, shu muhitdagi ijtimoiy normalar xarakteriga ta’sir qiladi. Lekin baribir shaxsning kimlar bilan, qanday o’zaro munosabatlar muhiti ta’sirida ekanligi uning yetuklik davridagi ijtimoiylashuvining muhim mezonlaridandir. Shuning uchun ishga kirishdagi asosiy motivlardan biri – o’sha jamoaning qanday ekanligi, bu yerdagi o’zaro munosabatlar, rahbarning kimligi va uning jamoaga munosabati bo’lib, ko’pincha oylik-maosh masalasi ana shulardan keyin o’rganiladi. Shuning uchun mehnat jamoalarida yaxshi, sog’lom ma’naviy muhit, adolat va samimiyatga asoslangan munosabatlar har bir inson taqdirida katta rol o’ynaydi. Katta yoshdagi ijtimoiylashuvning o’ziga xosligi shundaki, unda individualizasiya jarayoni aniqroq, sezilarliroq kechadi. Chunki katta odam nafaqat tashqi ta’sirlarni o’zlashtiradi, balki o’zidagi iqtidor, malakalar, hayotiy tajribasi bilan boshqalarga ham tarbiyaviy ta’sir ko’rsatadi, ish-amalda yoshlarga shaxsiy o’rnak ko’rsatish imkoniyaga ega bo’ladi. Shu nuqtai nazardan, qarilikning ijtimoiy mohiyati shundaki, ota-bobolarmiz, onaxonlarimiz asosan o’zlaridagi mavjud ijtimoiy tajribani boshqalarga (farzandlar, nabiralar, mahalladagi yoshlar va hokazo) uzatish bilan shug’ullanadilar va bu narsa ayniqsa, Sharq xalqlarida juda e’zozlanadi. Xalqimizdagi “qari bilganni pari bilmas” degan naql ham bobolar va momolar o’gitlarining tarbiyalovchi mohiyatini aks ettiradi. Shu sababli ham mustaqil yurtimizda qariyalar e’zozlanadi, mahallaning boshqaruv roli kun sayin oshirilmoqda, oila-tarbiyaning bosh o’chog’i sifatida davlat himoyasida bo’lib kelmoqda. Bu mustaqil davlat yoshlarida yangicha tafakkur va ongning shakllanishiga, yurtga sadoqat, vatanparvarlikning rivojiga o’z hissasini qo’shadi. Ijtimoiylashuvning institutlaridan tashqari uning oqibati masalasi ham psixologiyada muhim amaliy ahamiyatga ega. Shaxs ijtimoiylashuvining eng asosiy mahsuli – bu uning hayotda o’z o’rnini topib, jamiyatga manfaat keltiruvchi faoliyatlarda ishtirok etishidir. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, shaxsning yo’nalganligi masalasiga ham fanda katta e’tibor beriladi. Ijtimoiylashuv jarayonida shaxs hayot-faoliyatini yo’naltirib turadigan va real vaziyatlarga nisbatan turg’un, barqaror motivlar majmuiga ega bo’lishlik shaxsning yo’nalganligi deb ataladi. 1-rasm. Shaxs yo’nalganligining eng muhim tarkibiy qismlari Bu ijtimoiylashuv jarayonida shaxsning yetukligini belgilovchi muhim ko’rsatgichlardan sanaladi. Oxirgi yillarda G’arb va rus psixologiyasida nazorat lokusi nazariyasi (teoriya lokusa kontrolya) keng tarqaldiki, unga ko’ra, har bir insonda ikki tipli mas’uliyat kuzatiladi. Birinchi tipli mas’uliyat shundayki, shaxs o’zining hayotida ro’y berayotgan barcha hodisalarning sababchisi, mas’uli sifatida faqat o’zini tan oladi. (“Men o’zim barcha narsalarga mas’ulman. Mening hayotim va yutuqlarim faqat o’zimga bog’liq, shuning uchun o’zim uchun ham, oilam uchun ham o’zim javob beraman”). Mas’uliyatlilikning ikkinchi turi undan farqli, barcha ro’y bergan va beradigan voqyea, hodisalarning sababchisi tashqi omillar, boshqa odamlar (ota-ona, o’qituvchilar, hamkasblar, boshliqlar, tanishlar va boshqalar). Xorij mamlakatlarda o’tkazilgan tadqiqotlarning ko’rsatishicha, ikkinchi turli mas’uliyat ko’proq o’smirlarga xos bo’lib, ulardan 84% mas’uliyatni faqat boshqalarga yuklashga moyil ekanlar. Bu ma’lum ma’noda yoshlar o’rtasida mas’uliyatsizlikning avj olganligidandir. Shuning uchun ham “Nazorat lokusi” tushunchasini fanga kiritgan amerikalik olim J.Rotter (J.Rotter)ning fikricha, mas’uliyatni o’z bo’yniga olishga o’rgatilgan bolalarda xavotirlik, neyrotizm, konformizm holatlari kam uchrarkan. Ular hayotga tayyor, faol, mustaqil fikr yurituvchilardir. Ularda o’z-o’zini hurmat hissi ham yuqori bo’lib, bu boshqalar bilan ham hisoblashish yashashga sira xalaqit bermaydi. Shuning uchun ijtimoiylashuvning muhim bosqichi kechadigan ta’lim muassasalarida yoshlarga ko’proq tashabbus ko’rsatish, mustaqil fikrlash va erkinlikni his qilishga sharoit yaratish kerak. Ijtimoiylashuvning mas’uliyat hissiga bog’liq yo’nalishlaridan yana biri shaxsda shakllanadigan maqsadlar va ideallardir. Ular shaxsni kelajakni bashorat qilish, ertangi kunini tasavvur qilish va uzoq va yaqinga mo’ljallangan rejalarni amalga oshirishga tayyorligini ta’minlaydi. Maqsad va rejasiz inson – ma’naviyatsiz pessimistdir. Bu maqsadlar doimo o’zining anglanganligi va shaxs real imkoniyatlariga bog’liqligi bilan xarakteralanadi. Ularning shakllanishi va ongda o’rnashishida ma’lum ma’noda ideallar ham rol o’ynaydi. Ideallar – shaxsning hozirgi real imkoniyatlari chegarasidan tashqaridagi orzu-umidlari bo’lib, ongda mavjudligi va har doim ham amalga oshmasligi bilan xarakterlanadi. Chunki ularning paydo bo’lishiga sabab bevosita tashqi muhit bulib, o’sha ideallar obyekti bilan shaxs imkoniyatlari o’rtasida tafovut bo’lishi mumkin. Masalan, o’smirning ideali otasi, u otasiday mashhur va el suygan yozuvchi bo’lmoqchi. Bu orzuga yaqin kelajakda erishib bo’lmaydi, lekin aynan ana shunday ideallar odamga maqsadlar qo’yib, unga erishish yo’lidagi qiyinchiliklarni yengishga irodani safarbar qilishga yordam beradi. Qiziqishlar ham anglangan motivlardan bo’lib, ular shaxsni atrofida ro’y berayotgan barcha hodisalar, olamlar, ularning o’zaro munosabatlari, yangiliklar borasida faktlar to’plash, ularni o’rganishga imkon beruvchi omildir. qiziqishlar mazmunan keng yoki tor, maqsad jihatidan professional, bevosita yoki bilvosita bo’lishi, vaqt tomondan barqaror, doimiy yoki vaqtinchalik bo’lishi mumkin. qiziqishlarning eng muhim tomoni shundaki, ular shaxs dunyoqarashi va e’tiqodini shakllantirishga asos bo’ladi. Chunki e’tiqod shaxsning shunday ongli yo’nalishiki, u insonga o’z qarashlari, prinsiplari va dunyoqarashiga mos tarzda yashashga imkon beradi. Xalq doimo e’tiqodli insonlarni hurmat qiladi. E’tiqodning predmeti turlicha bo’lishi mumkin – Vatanga e’tiqod, dinga, fanga, kasbga, ahloqiy normalarga, oilaga, go’zallikka va shunga o’xshash. Insonning insonligi, uning jamiyatdagi mavqyei va nufuzi ma’lum ma’noda undagi e’tiqodlilik darajasi bilan belgilanadi. Ayrim insonlar butun umri mobaynida faqat bitta narsaga e’tiqod qiladilar. Masalan, Mir Alisher Navoiyning butun hayoti xalqqa va millatga fidoiylikning namunasi sifatida, turkiy xalqlar adabiyotiga asos solishga bag’ishlanganligi, Imom Buxoriy, Ibn Sino singari buyuk allomalarning turli tayziqlarga qaramay ilm va ijod yo’lidagi qat’iyatlari, erishgan yutuqlari e’tiqodlilikning yorqin namunasidir. Bunday misollar Sharqning va g’arbning buyuk shaxslari misolida juda ko’p. Mansur Xalloj, Nasimiy, Boborahim Mashrab kabi hur fikrli zotlar esa qatl qilingan chog’larida ham o’z e’tiqodlari va tanlagan yo’llaridan qaytmaganlar. E’tiqodlilik nuqtai nazardan ham odamlar bir-birlaridan farq qiladilar. Tarixda shunday shaxslar borki, ular butun ongi hayotini faqat bir narsaga bag’ishlab o’tib ketadilar, lekin ularga o’sha ixlos va kuchli e’tiqod xalq tomonidan e’tirof etilib, mehnatlari, ilmiy kashfiyotlari yoki o’sha kasbga sadoqatlari tufayli o’zlariga tiriklidayoq o’chmas xaykal qoldirganlar. Ayrim odamlar esa o’zlaridagi qiziqishlar va e’tiqodni hayotlari mobaynida o’zgartirib boradilar. Masalan, yoshligida sportning biror turiga astoydil ixlos qilgan odam bu borada katta natijalarga erishadi, uni yurt taniydi. Umrining ma’lum bosqichida u shu erishgan yutuqlarini boshqa shaklda takomillashtirib, ustoz-murabbiy sifatida o’qitishga astoydil kirishadi. Umrining yana bir bo’lagida tashkilotchi-rahbar sifatida ana shu sohani yanada yuksaklikka ko’tarishga xizmat qiladi. Mukarrama Turg’unboyeva, Yunus Rajabiy, Komil Yashin, Rufat Risqiyev, Abror Hidoyatov, Abdulla Oripov, Ozod Sharofuddinov kabi yuzlab zamonamiz qahramonlarining hayot-faoliyatlari ana shunday e’tiqodlilikning yorqin misolidir. Demak, agan insonda biror narsaga e’tiqod shakllangan bo’lsa, undan yaxshi inson bo’lib, odamlarga nafi tegishiga umil qilish mumkin. Lekin e’tiqodsizlikdan qo’rqish kerak. Agar atrofimizda biror bir narsaga aniq ishonmaydigan, maqsad-maslagi yo’q kishini ko’rsangiz, unga yordam berish yo’lini izlash kerak, chunki bu odamdagi e’tiqodsizlik nafaqat uning o’ziga, balki atrofdagilarga ham faqat salbiy ta’sir ko’rsatadi. E’tiqodli inson avvalo o’zgalarga ziyon keltiruvchi amallardan o’zini tiyadi, yolg’on gapirmaydi. Unda har doimo lafz bo’ladi, ya’ni bir nrasani qilaman, deb ahd qilsa, albatta, butun kuchi va iqtidorini safarbar qilib, ungi bajaradi, boshlagan ishini oxiriga yetkazadi. E’tiqodli inson nima qilayotganligini, nima uchun aynan shu ishni qilayotganligini juda yaxshi anglaydi. Shu tufayli haqiqiy e’tiqodli inson ilmga intiladi, o’z hayotining mazmun-mohiyatini tushunishga intiladi, go’zallik yaratish, har tomonlama barkamol bo’lishga tirishadi, yaxshilarga oshno bo’lish, buyuklikka havas uning hayotiy shioriga aylanadi. Haqiqiy e’tiqod sohibida sog’lom fikr bo’lib, bu fikr orqali u insoniyatning umrboqiyligini idrok etadi, o’zidan oilasiga, farzandlariga nimadir qoldirib ketishni istab yashaydi. Shuning uchun ham e’tiqodlilik – shaxsdagi jur’at, mardlik, fidoiylik, iroda, vijdon, qat’iyat, halollik, isnonparvarlik, vatanparvarlik kabi qator ijobiy sifatlar bilan bog’liqdir. Download 121.22 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling