Siydik tanosil a’zolarining nospetsifik yallig‘lanish kasalliklari
Download 306.57 Kb. Pdf ko'rish
|
o\'tkir pielonefrit
Davolash. Birlamchi o‘tkir pielonefritning davosi ko‘p hollarda konservativ
bo‘lib, bemor kasalxonaga yotqizilishi kerak. Bemorga to‘shakda yotish, suyuqlik(sharbatlar, morslar) ni sutkasiga 2.2,5 l.gacha ichish, uglevodlarga boy bo‘lgan ovqatlar (puding, engil xamir ovqat, ho‘l va pishgan mevalar va b.) hamda sut–qatiq mahsulotlari (tvorog, kefir va b.) tavsiya qilinadi. O‘tkir pielonefritda oqsillar ko‘p parchalanishi sababli shifokor ko‘rsatmasiga binoan bemorlarga parenteral yo‘l bilan oqsilli preparatlar yuborish tayinlanadi. Bemorning ahvoli engillashganda tez hazm bo‘ladigan oqsillar hisobiga parxez kengaytiriladi. Agar bemorda buyrakning ikki tomonlama og‘ir zararlanishi va qon bosimining yuqori ko‘tarilishi bo‘lmasa, osh tuzi chegaralanmaydi. Davolashda asosan kasallikning qo‘zg‘atuvchisiga antibiotikogramma ma’lumotlariga muvofiq antibiotiklar va kimyoviy antibakterial preparatlar bilan ta’sir qilib, intoksikatsiyaga qarshi va immunodefitsit holat bo‘lganda immunostimullovchi terapiya o‘tkaziladi. O‘tkir pielonefritda davolashni buyrakdagi yallig‘lanish jarayonini tezroq bartaraf qilish mumkin bo‘lgan, uning yiringli–destruktiv shakliga o‘tishiga yo‘l qo‘ymasdan, siydik mikroflorasi sezuvchan bo‘lgan eng samarali antibiotiklardan va kimyoviy antibakterial preparatlardan boshlash kerak. Standart disklar yordamida siydik florasining antibakterial preparatlarga nisbatan sezgirligini aniqlash uchun 2 sutka zarur, uchfeniltetrazol xlorid testi asosida tezlashtirilgan usulni qo‘llaganda esa natijalarni 6–9 soat oralig‘ida olish mumkin. Bu usulni har qanday poliklinikada qo‘llash mumkin, chunki buning uchun bakteriologik laboratoriya talab qilinmaydi. Usulning moxiyati shundan iboratki, bir nechta sterillangan probirkaga 2 ml dan bemorning siydigi va 0,5 ml uchfeniltetrazol xlorid eritmasi quyiladi. Keyin hamma probirkalarga (nazoratdagidan tashqari) ma’lum bir dozada biror–bir antibakterial preparat qo‘shiladi va xarorati 37 o S bo‘lgan termostatga 6–9 soat qo‘yiladi va keyin tekshirish natijalari baholanadi. Mikroorganizmlarning o‘sishi va ko‘payishi jarayonida degidrogenazalar hosil bo‘ladi, ular rangsiz uchfeniltetrazol xlorid eritmasini qizil rangli uchfenilformazinga o‘tkazadi. Uchfeniltetrazol xlorid bilan reaksiya to‘liq bosilsa siydik florasi ushbu preparatga sezgir deb, uning intensivligi nazorat probirkadagi reaksiyaga nisbatan pasayganda – kuchsiz sezgir, uning intensivligi nazorat probirkadagi reaksiya intensivligiga to‘la o‘xshash bo‘lsa, sezgir emas deb hisoblanadi. Agar zamonaviy antibiotiklarga qo‘zg‘atuvchining sezgirligini tezlik bilan aniqlash mumkin bo‘lmasa, bunday hollarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘zg‘atuvchilarga nisbatan faol preparatlar buyuriladi. Agar bemor o‘tkir pielonefrit bilan biror–bir antibakterial dori qabul qilgan bo‘lib, siydigidan kasallikning qo‘zg‘atuvchisini ajratib olish mumkin bo‘lmasa, unda to‘g‘rirog‘i kasalxonaga yotqizilgunga qadar o‘tkazilgan antibakterial davolash samarali bo‘lib, uni davom ettirish kerak. Kombinatsiyalangan dorilar biseptol va poteseptilning ochilishi va klinik amaliyotga joriy qilinishi sababli pielonefrit bo‘lgan bemorlarni davolashda sulfanilamid preparatlarning ahamiyati ko‘rinarli darajada oshdi. Ular 7–10 kun davomida kuniga 2 marta 1g dan beriladi. Bu preparat ko‘k yiring tayoqchasidan tashqari, buyraklar va siydik yo‘llaridagi nospetsifik yallig‘lanish kasalliklarining ko‘pchilik qo‘zg‘atuvchilarga keng doirada ta’sir qiladi. Kamroq samara beradigan sulfanilamid preparatlar (sulfadimetoksin, etazol, urosulfan va b.) kuniga 4–6 marta 0,5g dan buyuriladi. Sulfanilamid preparatlar ko‘p suyuqlik (kuniga kamida 2 l.) ichish bilan birga qabul qilinadi Urologiyada so‘nggi 10 yil mobaynida nitrofuran qatoridagi preparatlar (furagin, furadonin kuniga 4 marta 0,05–0,1g dan va b.) muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Ular grammmanfiy floraga sulfanilamid preparatlarga o‘xshab enterokokk va stafilokokkka samarali ta’sir ko‘rsatadi. Nitrofuran preparatlarning yaxshi tomoni shundan iboratki, ularga infeksiyaning rezistentligi asta–sekin rivojlanadi. Nevigramon (sinonimlari: negram, nalidaksin kislotasi) ko‘pchilik grammanfiy mikroorganizmlarga jumladan vulgar proteyalarga ta’sir qiladi. Preparat kuniga 4 marta 0,5–1,0g dan buyuriladi. Ko‘k yiring tayoqchasi nevigramonga chidamli bo‘ladi. Nalidaksin kislota ham kislotali, ham ishqorli muhitda bakteritsid ta’sir ko‘rsatadi. Bu preparat nisbatan zaharli bo‘lganligi sababli 2 haftadan ko‘p buyurish mumkin emas. Agar nalidaksin kislotani 2 haftadan ko‘p ishlatish zaruriyati tug‘ilsa, preparat dozasini 2 marta kamaytirish kerak. Gramurin (oksalin kislota) – hozirgi vaqtda samarali kimyoviy antibakterial preparatlardan biri hisoblanadi. Uni 12–15 kun davomida kuniga 4 marta 0,25g dan buyuriladi. Bu preparatning afzalligi shundan iboratki, unga ko‘pincha kasalxona (gospital) shtammli mikroorganizmlar sezgir bo‘ladi. Nitroksolin (5–NOK) buyraklar va siydik yo‘llari nospetsifik yallig‘lanish kasalliklarining asosiy qo‘zg‘atuvchilariga keng doirada ta’sir qilish xususiyatiga ega. Uni kuniga 4 marta 0,1g dan buyuriladi. Nitroksolin ko‘p miqdorda siydik bilan ajraladi va uni buyrakning surunkali etishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda boshqa preparatlar (nevigraman, sulfanilamidlar) siydikda terapevtik ta’sir qilish uchun zarur bo‘lgan etarli konsentratsiyada yig‘ilmaganda pielonefritni davolash uchun qo‘llash mumkin. Pielonefrit qo‘zg‘atuvchilari pimidel kislotasiga yuqori sezuvchanligi sababli, oxirgi yillarda uroantiseptik palin (pimidel) samarali qo‘llanilmoqda, u kuniga 2 marta 0,4g dan buyuriladi. Pielonefritning qo‘zg‘atuvchilariga nisbatan eng samarali antibiotiklar parenteral va peroral qabul qilinadigan ftorxinolonlar (norfloksatsin, ofloksatsin, pefloksatsin, siprofloksatsin) kuniga 2 marta 0,4g dan; sefalosporinlarning II–III avlodi (sefuroksim, aksetil, sefaklor, sefiksim, seftibuten kuniga 2–4 marta 0,5–1,0g dan mushak orasiga); aminoglikozid qatoriga kiruvchi antibiotiklar (gentamitsin sulfat kuniga 2–3 marta 80 mg dan mushak orasiga, amikatsin kuniga 2 marta 0,5g dan mushak orasiga) buyuriladi. Hozirgi vaqtda zaxira dorilarga sefalosporinlarning IV avlodi (sefepim) kuniga 2 marta 1g dan mushak orasiga va karbapenemlarni (tienam, meropenam) har 6–8 soatda 0,5– 1,0 g dan vena ichiga yuboriladi. Pielonefritni davolashda qo‘llaniladigan antibiotiklar va kimyoviy antibakterial preparatlarga nisbatan infeksiyaning chidamliligi rivojlanishini oldini olish uchun, ularni 5–7 kunda galma–gal almashtirib turish kerak. Pielonefritning qaytalanishi va uning surunkali shaklga o‘tib ketishi ehtimolligini kamaytirish uchun antibakterial davolashni uzluksiz kamida 6 hafta davom ettirish kerak. CHunki o‘tkir pielonefrit qulay kechganda buyrakka infeksiyaning kirish paytidan boshlab yallig‘lanish jarayonining to‘liq tamom bo‘lishigacha o‘rtacha 5 hafta o‘tadi. Keyingi yillarda antibakterial preparatlar immunostimullovchi samara beradigan dori vositalari bilan birga muvaffaqiyatli ishlatilmoqda. Ulardan eng samarali natija berayotgan dekaris (levamizol), haftada bir marta 150 mg dan 6–8 hafta davomida ichishga buyuriladi va prodigiozan haftada bir marta 50 g dan mushak orasiga 6–8 hafta davomida yuboriladi. Vitaminlar, aloe ekstrakti va boshqa preparatlar ham immunostimullovchi ta’sir ko‘rsatadi. T–limfotsitlarning mutloq soni kamayganda 1ml dan T–aktivin mushak orasiga 5–10 kun davomida har kuni yuboriladi. Har xil yoshdagi bolalarga antibiotiklar dozasi ularning gavda og‘irligini hisobga olib buyuriladi. Ko‘pchilik bemorlarda davolashni barvaqt boshlaganda o‘tkir pielonefritning kechishi yaxshi bo‘ladi. 3–5 sutka o‘tgandan keyin gavda harorati me’yordagi raqamgacha pasayadi, umumiy ahvol yaxshilanadi, bel sohasidagi og‘riq kamayadi, keyin yo‘qoladi, qondagi o‘zgarishlar me’yorga keladi, o‘rta malekulalar, V 2 – mikroglobulin va parametsiyn testining darajasiga qarab aniqlanadigan qonning zaharliligi kamayadi. Bakteriuriya 7 kun davomida, leykotsituriya – keyinroq, bakteriuriyadan 7–10 kun keyin yo‘qoladi. ECHT yaqin 3–4 haftada me’yordagi raqamgacha pasayadi. Umumiy holsizlik uzoqroq vaqt saqlanadi, lekin kasallik boshlanishidan taxminan 3–4 hafta keyin ko‘pchilik bemorlarda klinik tuzalish boshlanadi. Ba’zi bir bemorlarda noqulay sharoitda (ayrim virulent infeksiya, organizmning immunobiologik kuchi anchagina pasayganda) birlamchi o‘tkir pielonefrit shiddatli kechishi mumkin: 2–3 sutkadan keyin apostematoz pielonefrit rivojlanadi yoki buyrakda ko‘plab karbunkullar paydo bo‘ladi, shu sababli operativ davolashga – buyrak dekapsulyasiyasi, yiringlarni ochish, yalpi zararlanganda esa nefrektomiyaga qilishga to‘g‘ri keladi. O‘tkir birlamchi pielonefrit yaxshi kechganda bemorlar kasalxonada o‘rtacha 10–12 kun davolanadi, keyin urologning doimiy kuzatuvi ostida va siydik tahlillarini nazorat qilib turgan holatda ambulator sharoitda 6 haftagacha uzluksiz antibakterial preparatlar qabul qilishni davom ettiradi. Klinik sog‘aygandan keyin antibakterial davolashdan 2–3 haftaga tanaffus qilish kerak. Keyin bemorning qoni va siydigini batafsil nazorat tekshiruvidan o‘tkazish lozim. Siydik tekshiruviga quyidagilar kiradi; umumiy taxlil, leykotsitlar, eritrotsitlar va silindrlar sonini biror bir usul bilan hisoblash, bakteriuriya darajasi, siydik mikroflorasining xususiyatlari va uning antibakterial hamda kimyoviy preparatlarga sezuvchanligini aniqlash. Agar bemorda kasallikning remissiya davri bo‘lsa, retsidivga qarshi antibakterial davolash 6 oy davomida har oyda 7–10 kun o‘tkaziladi. Davolash uchun shunday preparatlarni qo‘llash maqsadga muvofiqki, ularga oldin pielonefrit qo‘zg‘atuvchilarining sezgirligi aniqlangan bo‘lsin. Keyinchalik kasallikning zo‘rayish belgilari bo‘lmasa, bemorni ikki yil davomida har 3 oyda bir marta nazorat tekshiruvidan o‘tkaziladi. Birlamchi o‘tkir pielonefritni boshidan kechirgan bemorlar uchun qaytalanishga qarshi davolash va uzoq muddat nazorat dispanser kuzatuvida bo‘lish zaruriyatining sababi shundan iboratki, bunday bemorlarni uzoq muddatda (pielonefritning xurujidan 2–2,5 yildan keyin) tekshirganda, ularning 20–25% da kasallikning surunkali turi aniqlanadi. Download 306.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling