Siydik tanosil a’zolarining nospetsifik yallig‘lanish kasalliklari
Download 306.57 Kb. Pdf ko'rish
|
o\'tkir pielonefrit
Differensial tashxislash. O‘tkir ikkilamchi pielonefritning rivojlanishida
asosiy omil siydik yo‘llarining to‘silishi bo‘lsa, unda dastlabki klinik simptomi zararlangan buyrak sohasidagi og‘riq, ko‘pincha buyrak sanchig‘i hisoblanadi. Bu holat o‘tkir ikkilamchi pielonefritni umumiy infeksiyali kasalliklar bilan, o‘tkir appenditsit va o‘tkir xoletsistit bilan differensial tashxisini engillashtiradi. Buyrakning paypaslanishi, Pasternatskiy simptomining musbat bo‘lishi, dizuriya, bakteriuriya, leykotsituriya, siydikda ko‘p sonda faol leykotsitlar bo‘lishi, kasallangan tomonda buyrak funksiyasining pasayishi yoki bo‘lmasligi o‘tkir ikkilamchi pielonefrit ekanligidan dalolat beradi. Agar uning sababi siydik nayining pastki uchdan biridagi tosh bo‘lsa, unda bir qancha hollarda bachadon ortiqlarining yallig‘lanishi bilan differensial tashxis o‘tkazish kerak. Qorinning pastidagi og‘riq qorin parda chanoq qismining ta’sirlanishi simptomlari bilan birga kuzatilsa, qin orqali tekshirilganda bachadon ortig‘ining kattalashganligi va og‘riqli bo‘lishi, leykotsituriya va bakteriuriya bo‘lmasligi, siydik passajining buzilmaganligi o‘tkir adneksit deb tashxis qo‘yishga imkon beradi. Differensial tashxislashda buyraklarni ultratovush bilan tekshirish, ekskretor urografiya va ikkilamchi o‘tkir pielonefritda siydik oqimining buzilganligini aniqlaydigan xromotsistoskopiya katta yordam ko‘rsatadi. Davolash. Ikkilamchi o‘tkir pielonefritda davolashni buyrakdan siydik oqimini tiklashdan boshlash kerak. Bu prinsipial muhim asosiy qoida. Siydik nayining kichikroq tosh bilan to‘silib qolishi natijasida paydo bo‘lgan o‘tkir pielonefritda, keyinchalik toshning mustaqil ravishda chiqib ketishiga ishonishga imkon bo‘lsa, buyrakdagi o‘tkir yallig‘lanish jarayoni boshlanishining dastlabki muddatlarida (1 dan 3 kunigagacha) siydik oqimini siydik nayini kateterlash yordamida tiklashga harakat qilib ko‘rish mumkin. Agar kateterni toshning yonidan jomga o‘tkazishga muvaffaq bo‘linsa va jom ichidagi siydik evakuatsiya qilinsa, pielonefrit xurujini to‘xtatish mumkin. Agar buyrak jomini u yoki bu sabablar bilan (ko‘pincha siydik nayining tosh turgan joyida o‘tkazib bo‘lmaydigan to‘siq bo‘lishi sababli) kateterlash imkoni bo‘lmasa, dorilar bilan davolash esa birinchi 3 sutka davomida pielonefritning xurujini bartaraf qilishga olib kelmasa, unda shoshilinch operatsiya – ureterolitotomiya yoki kam shikastlaydigan teri orqali punksiya qilish usuli bilan ( teri orqali punksiyali nefrostomiya) buyrakni ultratovush nazorati ostida drenajlash o‘tkaziladi. Agar jom–siydik nayi segmenti yoki siydik nayi tosh bilan to‘silgan bo‘lib, uning kattaligi tezda mustaqil chiqib ketishiga ishonch bermasa, shoshilinch operativ davo qilinadi. Bemorni operatsiyaga tayyorlash jarayonida yiringli zaharlanishni kamaytirish uchun vaqtinchalik chora sifatida siydik nayini yoki buyrak jomini kateterlashga ijozat berish mumkin. Bemorning yoshini va uning ahvolini hisobga olib, ayniqsa bolalarda ko‘rsatmasiga binoan kosacha–jom tizimi anchagina kengaygan sharoitda teri orqali nefrostomiya qilish maqsadga muvofiqdir, bu jomdan siydik oqimini adekvat chiqarishga imkon beradi. O‘zini ushlab turuvchi siydik nayi kateteri (stenti)ni qo‘llash nafaqat pielonefrit xurujini to‘xtatishga, balki keyingi muddatda buyrak jomidagi toshni ekstrakorporal yo‘l bilan maydalashga qilishga imkon beradi. Bundan tashqari, buyrakdan toshni teri orqali punksiyali nefrostomiya (mexanik, maxsus asbob bilan ) yordamida olib tashlash yoki to‘lqinli zarba bilan (nefrostomik oqma orqali) jomda maydalash mumkin. Bu kateter (stent) toshni maydalagandan keyin buyrakdan siydik oqimini erkin ta’minlaydi, toshning bo‘lakchalari bilan siydik nayining to‘silib qolishi oldini oladi va o‘tkir ikkilamchi pielonefritning profilaktikasiga yordam beradi. Buyrakni siydik nayi kateteri bilan drenajlash jomdan bemalol siydik oqimini ta’minlaydi va buning fonida maqsadga muvofiq buyurilgan jadal antibakterial davolash bemorning ahvoli yaxshilanishiga, gavda haroratining me’yordagi daraja pasayishiga, qaltirashning yo‘qolishiga, buyrak sohasida og‘riqning kamayishiga, qonda leykotsitozning tushishiga olib keladi. O‘tkir ikkilamchi pielonefritning hujumi sekin–asta to‘xtatiladi. Lekin bemorlarning siydigida hamma vaqt ko‘p sonda shilimshiq – yiringli parchalar bo‘lib, ular siydik nayi kateterining bo‘shlig‘ini to‘sib, siydik oqimini buzishi mumkin. Odatda, bu buyrakda yallig‘lanish jarayonining yana zo‘rayishiga olib keladi va teri orqali punksiyali nefrostomiya yoki ochiq operatsiya qilishga ko‘rsatma bo‘ladi. Ikkilamchi o‘tkir pielonefritning dastlabki bosqichida (2–3 kuniga), ya’ni buyrakda seroz yoki bir oz yiringli yallig‘lanish jarayoni borligiga taxmin qilinganda, juda cheklangan ko‘rsatmaga binoan buyrak jomini drenajlamasdan jomdan yoki siydik nayidan toshni olish choralarini ko‘rish mumkin. Kasallikning ko‘proq kechki muddatida (4–6 kuniga), ya’ni buyrakda yiringli nekrotik jarayon paydo bo‘lganda, buyrak yoki siydik nayidan toshni olgandan keyin albatta buyrak jomini pielo – yoki nefrostomiya yo‘li bilan drenajlash va bir vaqtning o‘zida buyrakni dekapsulyasiya qilish kerak. Buyrakda yiringli–yallig‘lanish jarayoni yanada kechki muddatlarda organizmning yaqqol zaharlanishi belgilari bilan kechganda operatsiyaning asosiy maqsadi buyrakni drenajlash va dekapsulyasiya qilishdan iborat. Ikkilamchi o‘tkir pielonefritning kelib chiqishi sabablarini yo‘qotishga esa, (masalan, siydik nayidagi toshni olish) agar u operatsiyani qiyinlashtirmasa va bemorning ahvolini og‘irlashtirmasa ruxsat etiladi. Buyrakda ko‘p karbunkullar bo‘lganda, uning parenximasi yiringli erib ketganda, pionefrozda ikkinchi buyrakning funksiyasi yaxshi bo‘lganda nefrektomiya qilinadi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling