Siydik tanosil a’zolarining nospetsifik yallig‘lanish kasalliklari
Download 306.57 Kb. Pdf ko'rish
|
o\'tkir pielonefrit
Simptomlari va klinik kechishi. Agar buyrak karbunkuli ikkilamchi o‘tkir
pielonefritning asorati sifatida rivojlansa, unda u klinik ko‘rinishi bo‘yicha siydik oqimining buzilishi natijasida paydo bo‘ladigan apostematoz pielonefritdan kam farq qiladi. Juda kam hollarda, buyrakda gematogen cheklangan septik o‘choq sifatida urodinamikaning buzilishi bo‘lmasdan karbunkul paydo bo‘lsa, uning klinik ko‘rinishi umumiy infeksion kasalliklarning ko‘rinishiga juda o‘xshaydi: gavda haroratining yuqori bo‘lishi (39–40 0 S), takrorlanib turadigan kuchli qaltirash, ko‘p terlash bilan, tobora kuchayib boruvchi umumiy holsizlik, tomir urishning va nafas olishning tezlashishi, ko‘ngil aynishi, qusish, meteorizm, ich kotishi kuzatiladi. Karbunkul vujudga kelishining birinchi kunlarida buyraklar sohasida mahalliy og‘riq, leykotsituriya, bakteriuriya va siyish buzilishining yo‘qligi kasallikni o‘z vaqtida aniqlashni juda qiyinlashtiradi. SHu sababli buyrakning karbunkuli bilan bemorlar ko‘pincha jarroxlik, terapiya va yuqumli kasalliklar bo‘limlariga gripp, o‘pka yallig‘lanishi, o‘tkir xoletsistit, o‘tkir appenditsit, ich terlama, infeksion gepatit va b. tashxislar bilan davolash uchun yotqiziladi. Tashxisi. Buyrak karbunkulining tashxisi apostematoz pielonefritni aniqlashdan farq qilmaydi. Patognomik klinik belgilari bo‘lmaganligi uchun aniqlash ancha qiyin. Buyrakdagi og‘ir septik jarayonning yuqorida sanab o‘tilgan klinik belgilari katta ahamiyatga ega. Karbunkulning kosacha–jom tizimi bilan aloqasi borligi to‘g‘risida dalolat beruvchi ko‘p miqdordagi leykotsituriyaning paydo bo‘lishi kasallik tashxisini anchagina darajada engillashtiradi. Kasallik tomondagi bel sohasidan olingan qonda barmoqdan yoki qarama–qarshi tomondagi bel sohasidan olingan qondagiga nisbatan leykotsitlar ancha ko‘p bo‘lishi ham buyrak karbulining tashxisini qo‘yishga yordam berishi mumkin. Buyrak karbunkulida periferik qonda faol limfotsitlarni aniqlash testi mavjud. Sog‘lom odamlar qonida ularning miqdori 0,5–1,0% dan oshmaydi. Buyrakda yiringli o‘choq bo‘lganda faol limfotsitlar soni 7–10% ga etadi. Qonning zaharliligi keskin ko‘tariladi: o‘rta molekulalar darajasi va V 2 – mikroglobulin 3–5 marta oshadi, qonda parametsiylarning hayot davri 10–15 daq.kam bo‘ladi. Eng xarakterli belgilari rentgenologik va radioizotop tekshirish usullari yordamida aniqlanadi. Karbunkul buyrakning yuqori segmentida joylashganda ko‘krak qafasi a’zolari rentgenoskopiyasi diafragmaning nafas harakatchanligi cheklanganligini va kasallik tomondagi plevra sinusida ekssudat borligini aniqlashga yordam beradi. Umumiy rentgenogrammada buyrak konturining bo‘rtib chiqqanligini va paranefral kletchatkada shish borligi hisobiga bel mushaklarining noaniqligini ko‘rish mumkin. Nafas olganda va chiqarganda qilingan ekskretor urogrammada zararlangan tomonda buyrak harakatchanligining keskin cheklanganligi yoki harakatsiz ekanligini aniqlashga imkon beradi. Buyrak karbunkulining asosiy rentgenologik belgisi kosachalarning qisilishi, deformatsiyasi, ikki tomonga surilishi yoki amputatsiyasi bo‘lib, buyrak parenximasi o‘smalardagi o‘zgarishlarga juda o‘xshab ketadi. Zararlangan buyrakning funksiyasi keskin pasayganda bu belgilar retrograd pielogrammada aniqroq ko‘rinadi. Buyrak karbunkulining tashxisida buyraklarning 197 Ng–neogidrin bilan qilingan ssintigrafiyasi muhim yordam ko‘rsatib, bu buyrak parenximasining karbunkul joylashgan joyda to‘lish nuqsoni borligini aniqlashga imkon beradi. Ultratovush skanerlashda karbunkul joylashgan zonada buyrak parenximasining siyraklanishi (buyrak parenximasining katta o‘choqli joyida exotuzilishini xilma– xilligi, o‘zgarmagan parenxima bilan solishtirganda buyrak tashqi konturining deformatsiyalanishi bilan exogenligining kamayganligi) aniqlanadi. Download 306.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling