Suv minoradan suv o‘tkazgich tarmog‘i 10 ga kelib, 9 va 11 iste’molchilarga tarqatiladi. Suvning sifatiga, joy relyefiga va boshqa sharoitlarga qarab suv bilan ta’minlash sxemasi o‘zgartirilishi mumkin. Suv bilan ta’minlash sxemasi muayyan sharoitlarga qarab va texnik-iqtisodiy hisoblarga asosan tanlanadi, bunda tizimning ishonchliligi va tejamliligi hisobga olinadi. Suv va uning sifati. Tabiiy suv hech qachon toza bo‘lmaydi. Eng toza suv yomg‘ir suvidir. Biroq unda ham havodan qo‘shilgan turli aralashmalar, masalan, erigan tuzlar yoki chang bo‘ladi. Suvning kimyoviy tarkibi hosil bo‘lishida tuproq ostidagi grunt katta rol o‘ynaydi, chunki suv ana shu grunt oralab o‘tadi. Tuproq orqali filtrlanib o‘tgan suv, yo‘lida uchragan ba’zi bir minerallarni eritadi. Yerosti suvlarning minerallanish darajasi tuproq va gruntlarning kimyoviy tarkibiga, suvning grunt oralab o‘tish vaqtiga hamda bosib o‘tgan yo‘liga bog‘liq. Tabiiy suvda erigan aralashmalar (tuzlar, gazlar) va erimaydigan (muallaq) zarralardan tashqari har xil mikroblar, shu jumladan kishi yoki hayvonlar organizmiga o‘tib turli kasalliklarga chalintiradigan mikroblar ham bo‘ladi. Chorvachilik fermalari va aholi yashaydigan punktlar, odatda, bitta manbadan suv oladi. Shunga muvofiq suvning sifati ichiladigan va xo‘jalik ehtiyojlari uchun ishlatiladigan suvlarga qo‘yiladigan barcha talablarni qondirishi lozim. Agar yaroqli suv manbayi bir vaqtning o‘zida aholi va fermaning ehtiyojlarini ta’minlay olmasa, u holda alohida-alohida suv bilan ta’minlash tizimlari quriladi (masalan, quduqlardan xo‘jalik-maishiy ehtiyojlarga, ochiq suv havzalaridan esa mollarni sug‘orish uchun suv olinadi). Suvning sifatini tekshirish va uning iste’mol qilishga yaroqliligini aniqlash uchun fizik-kimyoviy va baktereologik analiz o‘tkaziladi. Fizikaviy analizda suvning temperaturasi, loyqaligi, rangi, mazasi va hidi tekshiriladi. Kimyoviy analiz natijasida suv tarkibidagi turli kimyoviy elementlar (kalsiy, magniy, temir, marganes va boshqalar) miqdori aniqlanadi. Baktereologik analiz suvda bakteriyalar bor-yo‘qligini aniqlashga imkon beradi. Analizlar laboratoriyalarda o‘tkaziladi. Suvning xo‘jalik-maishiy ehtiyojlar uchun yaroqliligi haqida sanitariya inspeksiyasi organlari xulosa chiqaradi. Agar zararli aralashmalar va bakteriyalarning miqdori ruxsat etilgan normadan ortiq bo‘lsa, suv maxsus ishlovdan o‘tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |