Tahririyatga maktub
Download 256.56 Kb.
|
637den baslap 231 aqirǵi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tahririyatga maktub
Jarayonida mahkumalar hayoti bilan yaqindan tanishib boramiz. Mahkumalar orasida ham mening ularning kechinmalarini kitob qilish uchun meni da’vat qilganlari ham bo’ldi. Oldiniga kitob yozishga o’zimda jur’at topolmadim, qo’rquv bor edi. Keyinchalik o’zim ham ko’nika boshladim, bo’sh paytlarim bo’ldi degandan, darhol hikoyalar yoza boshlardim. Ayrim mahkumalarda esa nega bu ayol bo’sh bo’lsa, darhol yozishga tushadi deganlar ham bo’ldi. Oldiniga she’rlar, keyin maqolalar yozdim, bora-bora hikoyalar yozib ularni jamladim. Qarabsizki, yangi-yangi kitobiy qo’yozmalar dunyoga keldi. Keyin Allohga tavakkal qilib ularni ketma-ketlik bilan joylashtirdim. Tahririyatga maktub Rango-rangdur, betakror har sahifalar, She’ru g’azal, hikoyalar latifalar, O’qiganlar uchun saboq, ibrat bo’lar, Maslahatim, aziz do’stlar “Vaqt”ni o’qing. Assalomu alaykum hurmatli “Vaqt-Время” gazetasi tahririyati xodimlari, barcha muxlislaringiz, o’quvchilaringiz qatori men ham sevimli gazetamizning har bir sonini intizorlik bilan kutganman va uni muntazam ravishda kuzatib o’qib borganman. Ayniqsa, “Tazarru”, “She’riyat bo’stoni”, “Xabarlar” nazmiy va nasriy asarlarni alohida qiziqish bilan mutolaa qilardim. Rangbarang sahifalarga boy gazetamiz orqali ozodlik atalmish aziz ne’matning qadrini anglab yetdim, undagi turli hil qismatlardan so’zlovchi hikoyalar, qalblarni qitiqlovchi she’rlar, pushaymonlik maktublari kishini o’ylantirmay qo’ymaydi. Men ham sevimli gazetamizga o’zimning ijodiy ishlarim bilan doimiy qatnashib turdim. Kamtarona she’rlarimga e’tibor qaratib, gazeta sahifalarida chop etayotganlaringiz uchun, siz aziz tahririyat xodimlaridan minnatdorman. Men hozirda jazoni yengil tartibda o’tash muassasiga o’tkazilganman. Bir necha kundan keyin u yerga boraman. Ikki oydan keyin esa men mahkumalar ro’yxatidan o’chirilib, ozodlikka chiqaman. Lekin, ayting azizlar endi men inson sifatida, ona sifatida qanday yashayman? Bu vijdon azobidan qanday qutulaman. Yoshim ellik birda ziyoli oilaning qizi edim. Ota-onam o’qituvchi edilar. Onam og’ir kasallikdan vafot etdilar. Otam hozirda yuz yoshni qarshi olib, nevara va evaralar ardog’ida baxtli qarilik gashtini surishdek baxtga muyassar bo’lganlar. Men o’qituvchiman, kollejda bir necha yillar ishladim, obro’-e’tibor topdim. Ikki nafar voyaga yetgan bolalarim va aka-uka, opa-singillarim bor. Xudoga shukr hammalari o’qimishli, ulardan noliydigan joyim yo’q. Oila tashvishi, farzandlarimni boqish, ularni o’qitish, uylantirish va uy-joyli qilish mening zimmamda edi. Aslida mening irodam zaif ekan. Sabr va chidam bilan ish tutganimda bu qora kunlar boshimga tushmasmidi. Hayotning achchiq sinovlariga dosh bermay, yengil yo’lni oson pul kelish yo’lini tanladim. Bu mening hech ham kechirib bo’lmas achchiq xatoyim bo’ldi. Men shu o’ylar azobida o’zimni yeb bo’ldim. Bilasizmi, men sizga hikoya qilmoqchi bo’lgan ushbu voqea bundan bir necha oy ilgari bo’lib o’tgan. Men yuqoridagi bo’lib o’tgan voqealardan keyin o’z xatoyimni tushunib yetishimga va to’g’ri yo’lni tanlab olishimga sizni “Vaqt-Время” gazetangiz sababchi bo’lgan. Kunlarning birida men hibsxonaga keltirilib joylashtirilgach, ko’p vaqtgacha o’zimni noto’g’ri bosgan bir qadamimdan o’z-oz’imni kechirolmay qiynalganman. Shu kezda men bilan 2-son TH si boshlig’i B Kenjaev ahvolimni eshitib yakkama-yakka suhbat o’tkazgan. Ular mening ham dunyoqarashim o’zgarishiga sababchi bo’ldilar. Talay foydali fikrlarga ham ega bo’ldim. Xato qilish insonga xos. To’g’ri jinoyat jazosiz qolishi kerak emas. Xatolarim tufayli tegishli jazoyimni o’tab kelmoqdaman. Mening iztirobga to’la dardimning yana bir boisi men sababli yaqinlarim ham azoblanayotganliklaridir. Men ana shu kechinmalarimni boshliqga gapirib berdim. Ular meni tingladilar keyin esa menga ko’p foydali maslahatlar berdilar. Va ular bilan xayrlashib xonani tark etar ekanman, qo’limga stol ustida turgan gazetani olib, tutqazdilar. Uni qo’limga olar ekanman, uning bosh sarlavhasiga ko’zim tushdi. Unga “Vaqt-Время” - deb yozilgan ekan. Bu gazetani o’qib chiqing, aminmanki bu gazeta sizga juda yoqadi. Men ham bu gazetani har bir sonini muntazam kuzatib o’qib boraman dedi. Men ularga rahmat aytib xonadan chiqdim. O’sha kundan boshlab bu gazeta mening hayotimga o’zgarish yasadi. U mening eng yaqin sirdosh va dilkash do’stimga aylandi. Men o’sha kundan boshlab umuman boshqa ayolga aylanganman. Hayotning bir boshga bergan sinovin, “Sabr” - deb cho’maman bir zum hayolga, Qadrning, qimmatin tinglab mubordan Aylandim tamoman boshqa ayolga. Gazetaning har bir sonini o’qir ekanman, men yanada zavq bilan ijod qilishga intildim. Ijodim esa kun sayin oshib toshardi. Va men oldiniga she’rlar, keyin hikoyalar va bora-bora ijodim mahsuli kitobiy qo’lyozmalarimni yozar ekanman, bularni hibsxona boshlig’iga ko’rsatib, ularning foydali nasihatlaridan bahramand bo’ldim. Ular ham kitoblarni judayam yaxshi ko’rar ekanlar. Kitoblar to’g’risida ular menga ko’pgina yaxshi va foydali maslahatlar berdilar. Hattoki bu qo’lyozmalarni kitob qilib chop ettirish yo’llarini ham tushuntirdilar. Bu qo’lyozmalarimni bitishimga, menga ko’makdosh bo’lgan, menga e’tibor ko’rsatib ishonch bildirgan va ijod qilishimga qulay sharoit yaratib berganlari uchun hibsxona boshlig’iga, tarbiyaviy ishlar bo’lim boshlig’i Alisher akaga, muassasa xodimi Tarixov B. ga va barcha xodimlariga, turkum boshliklariga qolaversa, siz tahririyat xodimlariga o’z minnatdorchiligimni bildiraman. Maktubim orqali sizlarga mustahkam sog’liq, ishlaringizga omad, xonadoningizga fayzu barokat va oilangizga tinchlik tilayman. Nasib etsa, ozodikga chiqqanimdan so’ng ham tinim bilmay ijod qilib, insonlarga, jamiyatga Ona Vatanimga nafi tegadigan chin ijodkor bo’lishga intilaman. Aslida ijod, she’riyat mening hayot yo’lim ekan, sizlar orqali ushbu haqiqatni anglab yetdim. O’z hayot yo’limni belgilab oldim. Bilasizmi, shu tobda sizlarga maktub bitar ekanman quvonchim cheksiz. Mana shu bir dona gazetangiz orqali mana hozir bir nechta kitoblar dunyoga keldi. Bir nechta she’rlar tug’ildi. 1. “Sog’inch” - nomli she’riy to’plam, unga 400 dan ortiq she’rlar kiritilgan. 2. “Panjara ortidan bitiglar” - Avtobiografik asar. 3. “Zulmatdan yorug’lik izlab” - hikoyalar to’plami. 4. “Osmonni titratgan ko’z yoshlarim” - hikoyalar to’plami. 5. “Mahkumalar hayotidan hikoyalar” - hikoyalar to’plami. 6. “Nensining ko’rgan-kechirganlari” - hikoyalar to’plami. Mana shu bitta gazeta orqali mana qancha qo’lyozmalar bitildi. Bilasizmi, har gal kundalik daftarlarimga ko’zim tushsa, ularni tez-tez qo’limga olib, o’qib turaman. Mening achchiq xotiralarim o’sha daftarlar ichida joylashgan. Essiz. O’sha kundalik daftarlar yoniga yana yangi yozilgan daftarlar qo’shildi. Men ularni qo’limga olib varaqlar ekanman, hayot sahifalarimni varaqlagandek bo’laman. Qani edi shu qo’lyozmalar durustroq bir yozuvchi qo’liga tushsa-yu, kattaroq bir roman-mi bitilsa deyman. Har gal bu daftarlarni qo’limga olib ko’z yugurtirarkanman B. Kenjaevning menga aytgan so’zlari yodimga tushaveradi. Ularning olis nigohlaridan “Yozishni to’xtatmang qiyinchiliklardan qo’rqmang, kerak bo’lsa ozodlikka chiqqach o’z kasbingiz bo’yicha dissertatsiya ishingizni yoqlang. Men sizga ishonaman bu qo’lingizdan keladi,” - ularning bu gaplaridan chorlovini uqqandek bo’laveraman. Men bor yo’g’i bir yarim yilcha panjara ortida yashadim. Lekin bu davr mobaynida men turfa hil taqdirlar bilan duchma-duch keldim. Shunday paytlar bo’ldi-ki, hatto she’r va hikoyalarimni yozishga, ularni oq qog’ozga tushirishga bitta varaq, bitta qalam izlab ko’z yosh to’kkan kunlarim ham bo’lgan. Ijod esa hech ham meni tinch qo’ymasdi. Bu yerlarda material ko’pligidan qaysi hikoyani oldin bitsam ekan deya o’ylayverib boshim qotgan kunlari ham bo’lgan. Asosiysi, xotiram hech ham to shu kungacha pand bergan emas. Qiyinchiliklar ham yo’q emasdi. Hattoki bu qo’lyozmalarni yozishimga qarshi chiqqanlar han bo’lgan. Mahkumalar orasida qo’lyozmalarimga tegansoqlik qilishga uringanlar ham bo’lgan. Men shuning uchun ham qo’lyozmalarimni xuddi bolalarimdek asrab avaylab, gohida ularni yovuz odamlardan yashirib yurgan kunlarim ham bo’lgan. Lekin nima bo’lgandayam men ularni asrab avaylab saqlab qoldim. Bu qo’lyozmalar esa aholi va aholi yoshlari uchun bir ko’zgu bo’lsa ajabmas. Agar bu qo’lyozmalar chop etilsa men ozgina bo’lsada, “Yangi O’zbekiston”-imizni gullab yashnashiga o’z hissamni qo’shgan bo’lardim. Kim o’ylabdi deysiz, o’sha bitta gazetangiz orqali bu kitoblarni dunyoga kelishini. Men bundan juda-juda xursandman. Men shu kitoblarim uchun o’z-o’zimni noto’g’ri bosgan bir qadamimni kechirarman. Lekin otajonim va yaqinlarim meni kechirarmikin? Kitobga mehr qo’ygan, uning buloqday toza chashmasidan ma’naviy-ma’rifiy tashnaligini qondirishni niyat qilgan qalblarda yovuzlik jaholatga o’rin qolmaydi. Mahkumalar bo’sh vaqtlarida dam olish kunlarida kitob mutolaasi bilan band bo’lishmoqda. Zero, kitob adashgan insonlarni yaxshilik sari yetaklashiga bu insonlar ham qattiq ishonadilar. Lekin afsuski ular orasida kitobsevar desak, kitobso’yarlari ham yo’q emas. Ularning ba’zan kitoblarga ozor yetkazib, ularni yirtishlari yoki rasmlarini qo’porib olishlarini ko’rsam tanbeh berib achchig’im keladi. Shuncha kitobsevarlar orasiga qo’shilib qolgan bu “kitobso’yar”ga pand-nasihatlar ham kor qilmaydiganga o’xshaydi. Yuzsizlarcha senga nima deganiga o’laymi yana, kitobni sevmasa sevmasin, o’qimasa-o’qimasin loaqal, unga zarar yetkazmasa qaniydi deysan. Nahotki ularning qalbi shunchalar qattiq bo’lsa. Shunday paytlarda hazrat Navoiyning hamma davrda ham o’zining ma’naviy kuchini yo’qotmaydigan, serma’no misralari yodimga tushdi. Nokasu nojins avlodin kishi bo’lsun debon, Chekma mehnatkim, latifa o’lmas kasofat olami. Kim kuchuk birla xo’dukka necha qilsang tarbiyat, It bo’lur, dog’i eshak, bo’lmaslar aslo odami. Xulosa o’rnida aytmoqchimanki, hayot deb atalmish eng katta muallimning o’gitlariga quloq sola bilim inson uchun to’g’ri yo’lni topishiga juda muhimdir. Yon atrofimdagilarga aytgim keladi: “Ey insonlar, ko’zimizni kattaroq ochaylik, bizni kutgan qora ko’zlar, mehridaryo insonlar bor”. Men ijodiy ishlarim orqali muassasaga va sevimli gazetamizga, Vatanimga nafim tegsa bundan cheksiz bahtiyor bo’laman, o’z maqsadimga yetgan bo’laman. Yana bir bor siz, aziz tahririyat xodimlariga va muassasa rahbariyatiga o’z minnatdorchiligimni bildiraman. Nasib etsa ozodlikka chiqsam “Vaqt-Время” - gazetani izlab topib o’z rahmatimni aytaman va men yozgan kitoblarni siz aziz tahririyat xodimlariga minnatdorchilik yuzasidan taqdim etaman. Download 256.56 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling