Darsni tahlil etish jarayonida metodist quyidagi uslubiy amallarga e’tibor berishi kerak:
Tushuntirishning sodda va ommaviyligi.
O‘quvchilar tushuntirishlarining qulay, oson bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish.
Darslik materialini boyituvchi qo‘shimcha materiallarni o‘quvchi yoshiga moslab taqdim etish.
Mustaqil ishlarning o‘quvchi yoshi va qobiliyatiga mos bo‘lishiga erishish va boshqalar.
Didaktik (ta’limiy) tahlil.Didaktik tahlil – ta’lim turlari samaradorligi va uni belgilovchi qonunlarning darsda qanchalik to‘g‘ri va mukammal bajarilganligini tahlil qilish demakdir.
Didaktik tahlil dars jarayonida o‘qituvchining ta’lim tamoyillarini qay darajada tatbiq etayotganligiga va quyidagi pedagogik talablarga qaratilishi lozim:
a) o‘qituvchi bayonining sinf jamoasiga to‘la tushunarli bo‘lishi;
b) bildirilayotgan fikrning g‘oyaviy jihatdan milliy tarbiya talablariga mos tushishi;
v) o‘quv materialining barcha o‘quvchilar tomonidan ongli ravishda o‘zlashtirilishi;
g) ko‘rsatmali qurollardan, texnika vositalaridan to‘g‘ri foydalanish darajasi;
d)tajriba, laboratoriya ishlarining ko‘zlangan maqsadga yo‘naltirilgan holda o‘tishiga erishish;
ye) darslik bilan ishlashning to‘g‘ri bo‘lishi;
j) keltirilayotgan misollarda, dalillarda ta’limiy-tarbiyaviy maqsadlarning birligi va boshqalar.
Umumiy pedagogik tahlil.Umumiy pedagogik tahlil – darsdagi hamma jihatlarning qisqa va yengil ko‘rinishdagi tahlilidir.
O‘qituvchi darsiga kirishdan oldin yoki darsi kuzatilgach, uning sinf qaydnomasini yuritish, o‘quvchilarning daftarlarini tekshirib borishning ahvoli, ota-onalar bilan olib borilgan ishlari kabi barcha faoliyatdagi yutuq va kamchiliklarni tahlil etilgan darsdagi yutuq, kamchiliklar bilan teng ko‘rsatib o‘tish foydalidir.
Darsni umumpedagogik jihatdan tahlil qilganda quyidagilar hisobga olinadi:
dars jihozlari;
dars bosqichlaridan to‘g‘ri foydalanish;
o‘qituvchining pedagogik-psixologik jihatdan namunali shaxs darajasiga ko‘tarila olishi;
o‘quvchi bilimiga qo‘yiladigan bahoning xolisona, izohli bo‘lishi;
o‘quvchilar intizomi;
o‘qituvchining o‘quvchiga bergan savollari;
o‘quvchining o‘qituvchiga bergan savollari.
Umumiy pedagogik tahlil sohasidagi tajribalardan kelib chiqib, quyidagi maslahatlarni doimo yodda tutmoq kerak:
Berilgan savolga darrov javob ayta olmaydigan o‘quvchi uchun bir oz qo‘shimcha vaqt berilishi lozim.
Javobni boshlashda qiynalgan o‘quvchiga o‘qituvchining yordam berib yuborishi o‘rinlidir.
O‘quvchi bilimiga qo‘yilgan bahoni albatta sharhlash kerak.
Muomala va muloqotda ehtiyotkor bo‘lish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |