Talim vazirligi toshkent davlat sharqshunoslik instituti
III asrda Rim imperiyasidagi siyosiy inqiroz va Dominat
Download 1.41 Mb. Pdf ko'rish
|
Жахон тарихи. (Қадимги дунё тарихи). У.Абдуллаев
III asrda Rim imperiyasidagi siyosiy inqiroz va Dominat davri. Milodiy II asr oxirlarida Rim hokimiyatini Severlar sulolasi boshqargan (192 - 235 yillar). Bu sulolaga Septimiy Sever asos soladi. Uning davrida Rim viloyatlaridagi munitsiya doiralarining imperiya siyosiy hayotiga aralashishi shahar hududidagi barcha erkin aholiga Rim fuqarolik xuquqlarini berish to‘g‘risidagi farmon bilan qayd qilingan; bu farmon milodiy 212 yili Septimiy Severning Korakalla ismli o‘g‘li - Avreliy Antonin vaqtida chaqirildi. Severlar sulolasining so‘nggi vakili - Aleksandr Sever (222 - 235 yillar) imperiyaning ichki siyosiy ahvolini mustahkamlash uchun muayyan tadbirlar ko‘rgan. U imperiyani idora qilgan davrda huquqshunoslar Rim huquqlari asosini tuzganlar va qonun chiqarishga doir bosh tamoyilni quyidagicha ifodalashgan: “imperatorga manzur barcha narsa qonun kuchiga ega bo‘lishi shart”. Aleksandr Sever toifalar tizimini tiklagan va katta yer egalari - zodagonlarga nisbatan dushmanlik siyosatidan voz kechish bilan cheklanmay, balki imperator ixtiyoridagi yerlarning ko‘p qismini ularga in'om etgan. U qo‘shindagi yordamchi qismlarni mahalliy bo‘linmalar bilan to‘ldirib, jangchilarga chegara viloyatlardan yer bo‘lib bera boshlagan. Aleksandrning bu tadbirlari muntazam qo‘shin - legionlarning noroziligiga sabab bo‘lib, u o‘z sarkardasi tomonidan o‘ldirilgan. 348 Milodiy III asr ikkinchi yarmida german va dunay qabilalarining tazyiqi kuchayib, bu urug‘ va qabilalarni birlashishiga majbur qilgan. Afrikada berber qabilalari Mavritaniya va Namibiyaning bir qismini bosib olgan. Reynda frank va alman qabilalari ittifoqi vujudga kelgan. Dunayda markoman, sarmat va gotlar Dakiyaning qatta qismini qo‘lga kiritdilar. Sarmat, alan va ilk slavyan qabilalari Qora dengiz sohillari, Bolqon va Kichik Osiyo viloyatlariga hujum qilib, bu yerlarni xonavayron qildilar. 299 yili Galliya, Britaniya va Ispaniya hududida Galliya imperiyasi tashkil topdi (poytaxti Triyer) 1 . Katta yer egaligi endi tarkib topa boshladi. Markaziy hokimiyat zaiflashib, siyosiy inqiroz davom etayotgan bir Sharoitda, kuchli xalq harakati qarshisida ojiz qolgan hukmron tabaqalar imperator hokimiyati bilan murosa qilishga majbur bo‘ldilar. O‘z navbatida milodiy III asr oxirlarida imperiyani idora qilgan “askar” imperatorlardan Avrelian (270 - 275 yillar) va Prob (276 - 280 yillar) yer aristokratiyasining moddiy manfaatlari bilan hisoblashganlar va mahalliy qabilalardan askar to‘plab, ularni chegaraga yaqin joylashtirganlar. Murosaga kelish og‘ir kechsa ham, viloyatlardagi (separatizm)ni sindirishga, xalq harakatini bostirishga erishganlar. Avrelian gotlarni Dunay bo‘yi viloyatlaridan haydab chiqarib, Italiyaga bostirib kirishga uringan va imperiya birligiga rahna solgan qabilalarni birin-ketin tor-mor etadi. Avrelian imperiya poytaxtini xavfdan saqlash uchun Rimni katta qal'a devorlari bilan o‘rab oladi. Bu devor qisman hozirga qadar saqlangan. 273 yili Avrelian qo‘shinlari Suriyada Palmira markazini ishg‘ol qiladi. U imperiya birligini saqlash maqsadida “Yengilmas quyosh” degan davlat dinini joriy qilib, barcha unga e'tiqod qilishini talab etgan. 275 yili Avrelian fitnachilar tomonidan o‘ldirilgach, uning siyosatini Mark Avreliy Prob davom ettirdi 2 . U Rim imperiyasi chegaralarini muvaffaqiyat bilan himoya qilsa ham, jangchilar 1 History of ancient civilization. Charlez Seignobos 2006 2 Sezgin F., Mathematical Geography and Cartography in Islam and their Continuation in the Occident III (volume of Maps), being an English version of vol. XII, Geschichte der arabischen Wissenschaften, Frankfurt am Main 2000. 349 beboshligini yenga olmagan. Prob qo‘shin saflarida intizom o‘rnatishga urinayotib, jangchilar tomonidan o‘ldiriladi. Dominat davri. 284 yili imperator Diokletian taxtga o‘tirib, u 305 yilga qadar imperiyani idora etdi. Diokletian g‘oyat katta imperiyani yakka o‘zi idora qila olmasligini tushunib, o‘ziga hokimdoshlar tayinlagan. Ulardan biri Maksimian Galliyadagi bagaudlar harakati va Afrikadagi “yovuz” mavritan qabilalarining qo‘zg‘olonlarini bostirgan. Diokletian va uning har bir noibi muayyan hududda hokimlik qilgan. Diokletianning o‘zi va do‘sti Maksimian avgust unvonini, ikki noibi esa Sezar nomini olgan. Diokletian saroyida dabdabali tantanalar o‘tkazib, imperator hokimiyatining obro‘sini mustahkamlashga harakat qilgan. Imperator bilan salomlashishning alohida tartibi - uning alvon libosi etagini o‘pib, dominus (uy egasi, xo‘jayin) deb murojaat qilish marosimi joriy qilingan. Diokletian o‘rnatgan boshqaruv tartibi tarixda “dominat” deb nom olgan. Dominatning tayanchi bo‘lgan zodagonlar Diokletianni “oltin davr” otasi deb ataganlar. Shu bilan birga hukumat viloyatlardagi zodagonlarning kuchayib borayotgan ta'sirini kamaytirish maqsadida munitsipal yer egaligini qo‘llab-quvvatlagan. Imperator farmonlari (ediktlari) mayda mulkni zo‘rlik bilan tortib olishni cheklab qo‘ygan. Qarz bergan kishining qarzdor yerini o‘zboshimchalik bilan egallab olishi, arzon narxda sotib yuborishi taqiqlangan. Diokletian imperiyaning ichki birligini mustahkamlash maqsadida qator islohotlar o‘tkazgan. Yangi ma'muriy bo‘linishga muvofiq imperiya hududi 12 diotsezga, diotsezlar 114 ta viloyatga bo‘lingan. Soliq olish ham tartibga solingan. Jon boshi solig‘i bilan birga yangi - yer solig‘i joriy qilingan. Bu soliq hajmini belgilashda yer, ish kuchi va jonivorlar soni hisobga olingan. Diokletianning moliyaviy islohoti narx-navoning oshishini to‘xtata olmagan, chunki muomalaga chiqarilgan, to‘la qimmatga ega bo‘lgan pullar qadrsizlanib ketgan. Konstantinning imperatorlik davri (306-337 yy.). Diokletiandan keyin taxt uchun kurashda sezarlardan birining o‘g‘li - Konstantin g‘olib chiqdi. U Sharqiy viloyatlardagi zodagonlarga tayanib ish ko‘rgan va jamoalarning qo‘llab-quvvatlashiga erishishga intilgan. 313 yili Konstantin “diniy e'tiqod erkinligi” to‘g‘risida farmon chiqarib, Buyuk Konstantin nomini oladi. Imperator hokimiyati diniy 350 munozaralarda faol ishtirok etib, hukmron rasmiy cherkov ta'limotini qo‘llab - quvvatlagan. Konstantin Vizantiyada yunon koloniyasi o‘rnida yangi poytaxt ta'sis qiladi. Bu poytaxt Sharqdagi savdo-sotiq bilan bog‘liq zamindor zodagonlarning siyosiy va iqtisodiy tayanchi bo‘lib qoldi. Shahar 10 yil davomida qurilib: unda imperator saroyi, ko‘shklar, kutubxona va ippodrom bino qilingan 1 . Dominat boshqaruv idoralari Konstantin taxt tepasida bo‘lgan davrda tugallangan. Imperiyaning butun hududida yagona ma'muriy taqsimot vujudga keldi. Fuqarolik hokimiyati harbiy hokimiyatdan ajratilib, hokimiyatni zo‘rlik yo‘li bilan tortib olish imkoniyatiga barham berildi. 325 - 326 yillarda shahar aholisi (kurial)lar istiqomat qilib turgan joyiga biriktirilgan. Milodiy 332 yilda kolonlar uchun yangi farmon chiqariladi. Farmonga ko‘ra kolonlar o‘z yerini tashlab ketmasligi, shahar hunarmandlari qo‘shin va ma'muriyatni mahsulot bilan ta'minlab turishga majbur bo‘lgan. Rim va Konstantinopolga g‘alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish savdogarlar zimmasiga yuklangan. Shahar kuriallari jamoat binolarini ta'mirlash va soliq to‘lamaganlarning qarzini to‘lashga majbur etilgan. Yulianning ijtimoiy va diniy siyosati muvaffaqiyat qozonmadi, uning ko‘p farmonlari amalga oshmay qoldi. Imperator Valentin davrida (364 - 373 yillar) esa eski Rim aristokratiyasi bilan birga majusiylikka qarshi kurash olib borildi. Majusiylar ommaviy qirg‘inga uchrab, xristian dini vakillari ustun keldilar. Rim imperiyasining parchalanishi va G‘arbiy Rim imperiyasining inqirozi. Imperiyaning feodallashuvi. Zamindor zodagonlar dominat davrida o‘z mavqyelarini mustahkamlab olib, qishloq erkin va qaram aholisining turli qatlamlarini ekspluatatsiya qila boshladilar. Aholi qaramlik darajasi ortishi oqibatida erkin va qaram dehqonlarning ahvoli o‘zaro tenglashib bordi. 455 yili Rim vandallar tomonidan talon-taroj qilinadi. Italiya varvarlar bilan to‘lib toshdi. V asrda varvar askarlaridan iborat qo‘shin haq ololmaganligi tufayli joylashish uchun yer berilishini talab qiladi. 476 yili qo‘shin o‘z boshlig‘i Odoakrni qirol deb e'lon qiladi va Rimning so‘nggi imperatori Romul Avgustul taxtdan ag‘darib 1 World and Global History : Research and Teaching / edited by Seija Jalagin, Susanna Tavera, Andrew Dilley- Pisa: Plus-Pisa University Press, 2011 351 tashlanadi. G‘arbiy Rim imperiyasi qulab, quldorlik tuzumiga asoslangan tuzum va ijtimoiy munosabatlarga barham beriladi. Mavzuni mustahkamlash uchun savollar: 1. Nima uchun Rim tarixining ilk davrini o‘rganish muammo tug‘diradi? 2. Ilk Rim respublikasining ijtimoiy-siyosiy tuzumi qanday bo‘lgan? 3. Italiyada miloddan avvalgi II - I ming yillikda ilk quldorlik davridagi qullar ahvoli rivojlangan quldorlik davridan farq qilganmi? 4. Nima sababdan Spartak qo‘shinlari va Kriks askarlari ikkiga ajralib ketdilar? 5. Nima uchun milodiy III asr oxirlarida Rimdagi siyosiy vaziyat keskinlashib ketdi? 352 19-mavzu. Qadimgi Rim madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari Reja: 1. Qadimgi Rim madaniyati 2. Qadimgi Rimda ilmiy bilimlar. 3. Adabiyot va teatr. 4. Tasviriy san'at, haykaltaroshlik va me'morchilik. 5. Qadimgi Rim madaniyati va xristian dinining vujudga kelishi. Tayanch iboralar: travertin, osklar, etrusklar, kloakalar va penatlar, atriya, pontifik, avgur, gloriya, viktoriya, konkordiya, virtus, annallar, stoiklar, epikurchilar, satira, atellan, kolumbariylar, amfiteatr, bazilika, akveduk, grammatika maktabi, ritorika maktabi, museyon, stoitsizm, Xristos, messiya (masih), apokrifik, xarizm, apologiya, Apokalipsis. Qadim zamonlarda Rim Tibr daryosi etagidan 20 kilometr Yuqoridagi chap qirg‘oqning qir - tepaliklarini egallagan kichikroq bir manzil edi. Miloddan avvalgi VII-V asrlarda shahar aholisi turli xalqlardan iborat bo‘lgan. Shahar aholisining Palatin tepaligida yashagan asosiy qismi lotin qabilasiga mansub bo‘lib, shu bilan birga Seliy tepaligida samnit qabilasi, Palatin va Kapitoliy tepaliklari o‘rtasidagi sohilda etrusklar yashaganlar (shaharning bir qismi keyingi zamonda ham Tus, ya'ni Etrus mahallasi deb atalgan). VII asrda bir necha tepalik va ular o‘rtasidagi (keyinchalik bozor maydoniga, so‘ngra esa shaharning markaziy maydoni - Rim forumiga aylantirilgan) halqob pastlik tosh devorlar bilan qurshab olingan va bir butun shahar jamoasiga aylantirilgan. Kapitoliy tepaligi shahar markazida bo‘lgan. Bu yerda eng e'tibor ma'budlar Sharafiga ibodatxonalar qurilgan. Kapitoliy etagida Tibr qirg‘og‘ida eng qadim zamonlardan lashkar to‘planadigan joy bo‘lib, xalq majlislari ham shu yerda o‘tkazilgan. Urush ma'budi va shahar aholisining nomi bilan bu joy Mars maydoni deb atalgan. Shaharning Sharqiy darvozasidan forum orqali shimoliy-g‘arbga - Kapitoliy tomon uzun tosh yo‘l qurilgan. Diniy bayram namoyishlari Qadimgi Rim madaniyati 353 va zafar tantanalarida g‘olib sarkardalar boshida Rim qo‘shinlari shu yo‘ldan yurib o‘tganlar. Bu yo‘l Muqaddas yo‘l deb atalgan. Avval boshda shahar uylari xom g‘ishtdan qurilib, tomlari poxol bilan yopilgan. Keyinchalik ibodatxonalar, jamoat binolari va boylarning shaxsiy uylari pishiq g‘ishtdan solinib, devorlari mahalliy arzon marmar-travertin bilan qoplangan. Tomlari cherepitsa bilan yopiladigan bo‘lgan. Miloddan avvalgi III asr o‘rtalaridan e'tiboran yunonlardan namuna olib hashamatli uylar qurila boshlangan, miloddan avvalgi II - I asrlarda shaharda ko‘p qavatli binolar paydo bo‘lib, ularda ayrim uylar ijaraga berilgan. Bu binolar juda omonat qurilib, shaharda tez- tez bo‘lib turadigan yong‘inlarda kuyib kul bo‘lgan. Qadim zamonda Rim binolari bir-biriga yopishib turgan, ko‘chalar egri-bugri labirintdan iborat bo‘lgan. Ko‘pchilik ko‘chalarga tosh yotqizilmagan, ular yomg‘irda yurib bo‘lmaydigan botqoqqa aylangan. Axlat va iflos suvlarni oqizib yuborish uchun Rimda miloddan avvalgi VI asr oxirlarida yer tagidan katta quvur - kloaka o‘tkazilgan 1 . Miloddan avvalgi VII - VI asrlarda etrusk hunarmandlari Rim hunarmandlariga metallsozlik kasbini o‘rgatganlar. Rimliklar qurilish san'atining asosiy usul va tamoyillarini, shuningdek, arxitekturaning muhim xususiyatlarini ham etrusklardan o‘rganganlar. Zodagonlar kiyadigan kiyimlarda, dabdabali mebel yasashda, bir qancha urf-odatlari, diniy marosimlar, xususan, qurbon qilingan jonivorlarning ichak-chavog‘i va qushlarning uchishiga qarab istiqbolni aytib berishlarida ham etrusklar ta'siri namoyon bo‘ladi. Eng qadimgi va ko‘proq afsonaviy Rim tarixining eng muhim davrlariga oid doston va qissalar ham etrusklar bilan bog‘liq. Italiy - Rim madaniyatining vujudga kelishi va taraqqiy etishiga etrusklardan tashqari boshqa qadimgi italiy xalqlari, ayniqsa, janubiy Italiyada, qisman, Kampaniyada yashagan osklar ham birmuncha ta'sir ko‘rsatganlar. Osklar nafaqat o‘z tili, balki yozuviga ham ega bo‘lganlar. Ular boshqa italiy xalqlaridan oldin Apennin yarim 1 История Востока. Восток в древности. Москва Издательская фирма «Восточная литература» РАН 2002. –стр:15. 354 orolining janubidagi yunonlar bilan aloqa bog‘lab, boshqa italiy aholi, jumladan, rimliklarga yunonlarning madaniy ta'sirini o‘tkazganlar. Miloddan avvalgi IV asrning birinchi yarmi va III asr boshlarida rimliklar janubiy italiy aholisi va bu viloyatlarning yunon shaharlari bilan siyosiy-iqtisodiy va madaniy aloqada bo‘lganlar. Greklar qisqa vaqt ichida Rim aholisining shaxsiy va ijtimoiy hayotiga nihoyatda kuchli madaniy ta'sir ko‘rsatgan. Rimliklar janubiy Italiyaning yunon shaharlarini o‘zlariga bo‘ysundirgach, Rimda ko‘plab yunonlar paydo bo‘ldilar. Ular qisman harbiy asir va qullar, qisman ko‘chib kelgan kishilar - savdogarlar, hunarmandlar, erkin kasb egalari edilar. Yunonlar Rim hukmron tabaqalariga yunon tili- ellinizm davrida O‘rta dengiz xalqlarining xalqaro tilini o‘rganishlariga yordam berganlar, ularni yunon adabiyoti, fani va falsafasi bilan tanishtirganlar. Rimda yunonlarning olimpiya xudolarini hurmatlay boshlaganlar, natijada yunon ibodatxonalari paydo bo‘lgan, yunon me'morchiligi va haykaltaroshligi asarlari yaratilgan. Din. Dastavval turli italiy xalqlarining, shu jumladan, rimliklarning ham diniy tasavvurlari lar va penatlar nomini olgan, oila va ro‘zg‘or homiylari hisoblangan ajdodlar ruhi va ma'budlarga sig‘inishdan iborat bo‘lgan. Miloddan avvalgi II - I asrlarda ham ajdodlarning suratlari, lar va penatlar Rim zodagonlarining uylarida, mehmonxona (atriya)da, o‘choq yonida, kichikroq qurbongoh o‘rnatilgan muqaddas joyda saqlangan. Ayniqsa, butun Rim ro‘zg‘ori homiysi ma'buda Vestani ulug‘lashga katta e'tibor berilgan, Rim forumida unga atab ibodatxona qurilgan. Vesta kohinlari - Rimning zodagon urug‘laridan bo‘lgan qizlar o‘sha ibodatxonalarda yashaganlar. Ular erga tegolmaganlar va qurbongohdagi o‘tni o‘chirmay saqlashlari lozim bo‘lgan. O‘t o‘chishiga sababchi bo‘lganlar qatl qilingan. “Muqaddas” Vesta o‘tining biron sabab bilan o‘chib qolishi katta falokat sanalgan. Rimda qadimdan osmon xudolariga sig‘inganlar, buni italiyaliklar etrusklardan o‘zlashtirgan bo‘lsalar kerak. Ularning asosiylari: bosh xudo Yupiter, donishmandlik ma'budasi Minerva va Rim homiysi - urush xudosi Mars. Diniy marosimlarni ijro etuvchi kohinlar (pontifiklar) va turli alomatlarga qarab xudo irodasini aytib beruvchi folbinlar (avgurlar) 355 uzoq vaqtlargacha patritsiylardan saylanib kelingan. Ular Rim respublikasining ijtimoiy va siyosiy hayotiga katta ta'sir ko‘rsatganlar. Ularning kattasi - ulug‘ pontifik Rimning bosh kohini hisoblangan. Davlatning biron tadbiri muvaffaqiyatli bo‘lish-bo‘lmasligi, ayrim shaxslarning taqdirini xudo nishonalariga, ya'ni momaqaldiroq va yashinga, qushlarning qay tarzda uchishiga bashorat qiluvchi avgurlar ham Rim jamiyatida jiddiy o‘rin tutgan. So‘yilgan qurbonlikning jigariga qarab istiqbolni aytib berish rom ochishning muhim turlaridan hisoblangan. Rimliklar xudo bilan “maslahatlashmay” turib na tinchlik, na urush vaqtida biror - bir jiddiy ishga qo‘l urmaganlar. Rimliklar xudolar bilan o‘zaro munosabatlar to‘g‘risidagi tasavvurlarni, duolarni bexato va aniq o‘qish, qurbon berish urf - odatlarini mukammal bajarish asosida qurganlar va ularni ijro etish paytida xudolar sig‘inuvchilarning iltijolarini inobatga oladi deb hisoblaganlar. Jamoat bo‘lib sig‘inish va yakka sig‘inishdan tashqari Rim jamiyatida har xil tushunchalar chunonchi, shon-Sharaf (lotincha - gloriya), g‘alaba (lotincha - viktoriya), bitishuv (lotincha - konkordiya), jasurlik (lotincha - virtus) va hokazolarni ilohiylashtirish keng tarqalgan. Rimning eng qadimgi Yupiter Kapitoliyskiy ibodatxonasi etrusklar nusxasida miloddan avvalgi VI asr oxirlarida qurilgan. Rimda Appolonga va boshqa yunon xudolariga sig‘inish keng yoyilgan, bu xudolar avvalgi xudolardan (Yupiter - Zevsga, Yunona Geraga, Venera - Afroditaga, Diana - Artemidaga, Minerva - Afinaga, Vulkan - Gefestga va h.k.) andoza olgan, desa ham bo‘ladi. Miloddan avvalgi II asrdan e'tiboran Rimda Sharq xudolariga sig‘inish rasm bo‘lgan. Masalan, Kichik Osiyo yurishlaridan keyin xudolarning ulug‘ onasi Kibelga e'tiqod qila boshlaganlar 1 . Miloddan avvalgi II asr o‘rtalarida Italiya va Rimda Osiris, Izida va Dionis (Vakx) Sharafiga bayramlar - vakxanaliyalar o‘tkazilgan. Miloddan avvalgi I asrda eronliklar xudosi Mitraga sig‘inish paydo bo‘lgan. Dastlabki vaqtlarda senat chet el xudolari, ayniqsa, Sharq xudolariga 1 George M.D., English Political Caricature to 1792 (1798-1832). A Study of Opinion and Propaganda, Ox- ford 1959. 356 topinishni qoralagan, hatto man qilgan bo‘lsa ham, keng aholi ommasi ichida bunday e'tiqod tobora keng yoyilib bordi. Bundan tashqari, Rim panteonida ikki qiyofali Yanus (kirish va chiqish xudosi, boshlanish va tugallash xudosi ham) mavjud edi. Xudolar ma'lum tabaqalarga tegishli deb hisoblangan. Plebeylar homiysi - Serera, Prozerpina - o‘simlik va do‘zax xudosi, Libera esa - vino va xushdillik xudosi. Ilm - fan. Rimliklar etrusklar alifbosini lotin tiliga moslab, qisman qayta ishlab chiqqanlar. Eng qadim zamonlarda qisqa yozuvlar faqat qabr toshlariga o‘yilgan va rasmiy hujjatlar (masalan, XII jadval qonunlari) da ishlatilgan. Miloddan avvalgi III asr o‘rtalaridagina avval adabiy, keyinroq, tarixiy va ilmiy asarlar yaratila boshlangan. Rimda savdo arifmetikasi, qurilish ishlari, gidrotexnika va agronomiya bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqarilgan. Qadimda birinchi marta soatlar (dastlab quyosh soati, keyin suv soati) paydo bo‘lgan. Aniq taqvim (kalendar) ham rimliklar tomonidan ishlab chiqilgan. Rim ilmiy tafakkurining amaliy ko‘rinishi, ayniqsa, Katton, Katta Varron asarlarida yorqin aks etgan. Rimda tarixiy adabiyot miloddan avvalgi III asrda paydo bo‘lgan. Kampaniyada tug‘ilib o‘sgan Neviy birinchi Puni urushi tarixini she'riy bayon etgan. Undan keyinroq Kalabriyadan chiqqan Kvint Enniy Rimning eng qadim zamonlardan o‘zi yashagan davr voqyealarigacha tarixni gekzametr (olti turoqli) she'r bilan bayon etgan. Rim tarixi birinchi marta nasr (proza) bilan yunon tilida Fabiy Piktor asarida tasvirlangan (miloddan avvalgi II asr), lekin bu asar to‘liq saqlangan emas. Rim tarixining lotincha nusxasi - Kattonning “Boshlang‘ich” asari bizga qadar yetib kelmagan. Solnomachi - mualliflarning aksar tarixiy asarlari miloddan avvalgi II asrga mansub. Ularning ko‘pchiligi bizgacha saqlanib qolgan qisqa parchalardan ma'lum. Miloddan avvalgi I asrda Rim tarixi prozasi Gay Yuliy Sezar (miloddan avvalgi 101 - 44 yillar) va Gay Sallyustiy Krisp (miloddan avvalgi 86 - 85 yillar) asarlarida kamol topdi. Sallyustiy aslida Sezar va uning tarafdorlari manfaatlarini himoya qilgan. Miloddan avvalgi I asrda boshqa bir qancha tarixchilar - kichik solnomachilar bo‘lib o‘tgan voqyealarni o‘z siyosiy qarashlariga 357 muvofiq tarzda yoritganlar. Rimda tarixiy proza bilan birga sof publitsistika tipidagi asarlar keng tarqalgan. Mark Publiy Sitseron (miloddan avvalgi 106 - 43 yillar) - Rim publitsistikasining eng yorqin namoyandasi. Sitseron sud, senat, xalq majlislarida so‘zlangan nutqlar, bir necha (“Davlat to‘g‘risida”, “Vazifalar to‘g‘risida” ) traktat va g‘oyat ko‘p maktublardan iborat boy adabiy meros qoldirgan. Download 1.41 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling