Tarixdan xikoyalar
Download 1.55 Mb.
|
Umumiy tarix
RSFSR rahbariyati, bolsheviklar mintaqani siyosiy-ma'muriy qaramlikda tutish bilan birga, bundagi boyliklarga egalik qilishga asosiy e'tiborni qaratdilar. O'zbekiston hududining xom ashyo boyliklarini talon-toroj qilishda davom etish ko'zda tutildi. Bosh mahkamalari Moskvada joylashgan paxtachilik qo'mitasi (XJIOPKOM), pillachilik tresti (mejiKOTpecr) va shu kabi tashkilotlar tashkil qilindi, 1923 yilda O'rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi (CpeziaEKOCO) tuzildi, uning 1-konferensiyasi 1923 yil 5 martda o'tkazildi. Rasman uchta respublika iqtisodiyotining hamkorlik yo'lida birlashuvi e'lon qilindi. Amalda esa mintaqa xo'jaligi ustidan Markaz nazorati o'rnatilishi, boyliklariga amaliy egalik qilish yo'li ochildi. Xalq ommasi davlatchiligi, mustaqilligi va asriy huquqlarining inkor qilinishi, yerli rahbarlar tashabbuskorligiga qarshi choralar, ulug' davlatchilik, shovinistik boshqaruv amaliyotlari mintaqadagi iqtisodiyotga, ijtimoiy-siyosiy muhitga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Bu hol yig'inlarda, matbuotda ochiq e'tirof etib borilgan. 9-§. Asriy xo'jalik jarayonlarining buzilishi va iqtisodiy inqiroz 1. O'z-ton aholisining ijtimoiy tarkibi hamda xo'jalik faoliyati. O'zbekiston hududida o'zbeklar, tojiklar, turkmanlar, qozoqlar, qirg'izlar, qoraqalpoqlar, ruslar, kelib chiqishi hindistonlik, afg'onistonlik, eronlik va boshqa mamlakatdan bo'lgan kishilar yashar edilar. Til va madaniyatdagi ba'zi tafovutlar ularning totuv va bahamjihat yashashlariga xalal bermagan. Ular ijtimoiy-siyosiy faoliyat ko'rsatib, ro'y bergan voqealar, o'zgarishlar, jarayonlar yo'nalishiga o'z ta'sirini o'tkazib borganlar. O'zbekistondagi milliy g'oya sog'lom va adolatli turmush tarzi olib borish, boshqa mamlakatlar xalqlari hayoti bilan tanishish, ular bilan savdo va madaniy aloqalarni o'rnatish kabi an'analarda mujassamlashgan. Ijtimoiy jihatdan aholining ko'pchiligini dehqonlar, so'ngra hunarmandlar, savdo-tijorat ahli, ziyolilar, yollanma ishchi-mardikorlar, ruhoniylar, rus posyolkalarining krestyanlari, aravakashlar, mahkama xodimlari tashkil qilgan. Sovet hokimiyati davrida banklar, aksionerlik jamiyatlari xodimlari, madrasa o'quvchilari, qisman masjidlarning imom-xatiblari guruhlariga zarba berildi, ular yo'q bo'ldi yoki doirasi qisqarib ketdi. Amalga oshirilgan iqtisodiy o'zgarishlar jamiyatning asosiy ijtimoiy guruhlariga salbiy ta'sir ko'rsatganiga qaramasdan, ular 20 yillar boshiga kelganda o'z xo'jalik faoliyatlarini davom ettirishga intildilar. O'zbek dehqonlari xo'jalik salohiyati nuqtai nazaridan uch guruhga bo'linardi: badavlat dehqonlar, o'rta salohiyatli dehqonlar hamda kambag'allar. Sovet hokimiyati davridagi ba'zi o'zgarishlarni hisobga olmaganda, bu holat 20 yillar oxirigacha davom etib keldi. Turkistonning uchta o'zbek viloyatlaridagi dehqon xo'jaliklarining uchdan ikki qismiga yaqini ikkinchi guruhga molik bo'lgan. Buxoro davlatining markazi va g'arbiy qismlarida hamda Xorazmning voha qismida ham manzara umuman olganda shunday edi. Iqtisodiy mustaqil xo'jaliklarning o'rta hisobda 2 desyatina sug'oriladigan yeri, ish hayvonlari va boshqa mehnat vositalari bo'lgan. Dehqonlar tomonidan ekilib, hosili yig'ib kelingan yerlar ijtimoiy, shuningdek, iqtisodiy ahamiyatga ega bo'lib kelgan. Shaharlarda, uyezdlar, volostlar, bekliklar va tumanlar mavzelarida, ishchi posyolkalarida O'zbekiston hududidagi aholining beshdan bir qismi yashar edi. Bu hunarmandlar, savdogarlar, xizmatchilar, ishchilar va boshqalar edi. Materiallar va xom ashyoning kamayib va qimmatlashib borishi, buning ustiga sovet hokimiyatining tazyiqi hunarmandlar ahvoliga ham ta'sir qildi. Lekin hunarmandlar soni qisqarmadi, aksincha, ba'zi joylarda ko'paydi. Chunonchi, chetdan sanoat mollari kelishining kamayishi mahalliy kosibchilar mahsulotlariga talabni oshirib yubordi. Masalan, Farg'ona va Sirdaryo viloyatlaridagi mahalliy to'qimachilik do'konlarini 1913 yilda 1100 kosib ishlatib turgan bo'lsa, 1920 yilda ularning soni 2280 kishiga yetdi. To'la bo'lmagan ma'lumotlarga qaraganda, 1920 yilda Turkistonda 150 ming (1917 yildagi 91241 o'rniga) hunarmand bo'lib, ulardan ko'nchilar 8680, etik va mahsido'zlar 24030, ip yigiruvchilar 20150, to'qimachilar 62150, temirchilar 7470 kishini tashkil qilgan. Ko'plab sanoat korxonalari to'xtab qolishi oqibatida ishsizlar soni ko'paygan, ularning ham bir qismi kosibchilik bilan shug'ullangan. Turkistonning Sirdaryo, Samarqand, Farg'ona viloyatlarida qariyb 400 ta rus posyolkalari bo'lib, undagi aholi 100 ming kishi atrofida edi. Ularni rus krestyanlari, temir yo'l ishchilari, baliqchilar tashkil qilardi. Shuningdek, o'zbek shaharlarining yangi shahar qismlarida ham rus ishchilari, turli xizmatchilar yashagan. 1920 yilda Rossiyaning ko'p guberniyalarida qurg'oqchilik bo'lishi natijasida Turkistonga 60 mingdan ko'p ochlar keldi. Mamlakatning Yevropa qismidan keluvchilar oqimi to'xtovsiz davom etdi. 2. Xalq xo'jaligidagi vayronagarchilik, iqtisodiyotning izdan chiqishi. Turkistonda xususiy mulkchilik bekor qilingan joylarda vayrongarchilik kuchayib bordi, egasiz korxonalar, yer maydonlari maydonlari, bog'lar qarovsiz qoldi, ulardagi jihozlar talab ketildi. O'lkada qimmatchilik va inqiroz chuqurlashib bordi. O'lkada, ayniqsa, shaharlarda g'alla, aholini non bilan ta'minlash muammosi jiddiy tus oldi. Nonni, boshqa mahsulotlarni kartochkalar bilan cheklangan miqdorda taqsimlash joriy qilindi. Bunga sinfiylik omili ham qo'shildi. Iste'molchilar soni esa pasaymadi. Buning ustiga qizil armiya qismlari ham mahalliy zaxiralardan ta'minlanar edi. Sanoat bilan qishloq xo'jaligi, shahar bilan qishloq o'rtasida mol almashuvining yo'qolib ketishi natijasida g'alla, oziq-ovqat mahsulotlarining dehqonlar tomonidan olib kelib sotilishi barham topdi. Oziq-ovqat diktaturasi qoniqarli natija bermadi. Sovet hokimiyati to'g'ridan-to'g'ri dehqonlarni hamda o'lkadagi rus krestyanlarini talashga, zo'rlik bilan ulardagi g'alla, oziq-ovqat, yem-xashak, ot-ulov, mollarni tortib olib ketishga kirishdi. Bunday bosqinchilik xatti-harakatlarini amalga oshirishda Turkistondagi bolsheviklar, qizil armiya qo'mondonligi Rossiyada joriy qilingan tadbirlardan andoza olmoqchi bo'ldilar. Turkistonda 1920 yilga kelib qator dekretlar chiqa-rilib, oziq-ovqat razvyorstkasi joriy qilindi, ya'ni oziq-ovqatga davlat monopoliyasi asosida xo'jaliklardan ortiqcha g'alla va boshqa mahsulotlar majburan tortib oli-nadigan bo'ldi. Amalda esa soldatlar va qurollangan ishchilar (oziq-ovqat otryadlari) xo'jaliklardagi jamiki g'alla va boshqa mahsulotlarni zo'rlik bilan olib keta boshladilar, hatto urug'likka qoldirilganlari ham talab ketildi. Shahar bilan qishloq o'rtasida natural mol almashish va'da qilinganiga qaramasdan, dehqon xo'jaliklari hech qanday sanoat mollari olmadi. "Harbiy kommunizm" nomini olgan bu siyosat asosida shahar va tumanlarda voyaga yetgan va 55 yoshgacha bo'lgan mehnat bilan band bo'lmagan har bir fuqaro majburiy ravishda mehnatga jalb qilindi. Hatto namoz paytida askarlar masjidlarga bostirib kirib odarnlarni zo'rlik bilan ishga haydab borgan. Dehqonlarni talash ularning qahr-g'azabi, noroziligini yanada oshirdi. Razvyorstka o'lkadagi rus krestyanlariga nisbatan ham amalga oshirildi, ularning noroziliklari, qarshiliklari ba'zida jiddiy tus oldi. Shunda ular sovet hokimiyati dushmanlari, krestyanlar posyolkalari esa "quloqlar posyolkalari" deb qoralandi. 1920 yil yozida Markazda ularga qat'iy choralar ko'rish belgilandi. 1921-1922 yillarda krestyanlarning yerlari natsionalizatsiya qilindi, bu tadbir yer reformasi (islohoti) deb ataldi. Uning asosiy rayoni Yettisuv viloyati bo'ldi, Turkrespublika bo'yicha davlat yer fondiga olingan 230 ming desyatina yerdan 26 ming desyatinasi o'troq dehqonlarga berildi. Shu bilan birga yevropalik yer egalariga nisbatan siyosat o'zgaruvchan bo'ldi, ba'zida bog'lar, mollar, yerlar egalariga qaytarib ham berildi. Rossiyaliklarning Turkistonga kelishi, ularning yer bilan ta'minlanishi davom etdi. Sovet hokimiyati dehqonlar qarshiligini sindirish maqsadida ular orasida nizo va dushmanlikni keltirib chiqarmoqchi bo'ldi. 1920 yilda bo'lib o'tgan o'lka sovetlarining IX qurultoyi qishloqda sinfiy tabaqalanishni avj oldirish to'g'risida qaror qabul qildi. Oziq-ovqat razvyorstkasi, "harbiy kommunizm" Turkistonda normal xo'jalik aloqalarini buzdi, xo'jalik faoliya'ining bosh obyektiv qonuniyati bo'lgan moddiy manfaatdorlik tamoyilini yo'qqa chiqardi. Sovet hokimiyatining iqtisodiy sohada ko'rgan choralari samarasiz bo'lib chiqdi. O'lkadagi xo'jalik hayotining inqirozi tobora halokatli tus olib bordi. Asrlar davomida tarkib topgan, dunyo mamlakatlarida mavjud bo'lgan xo'jalik shakllari va munosabatlari Turkistonda inqirozga yuz tutdi. 3. Aholi moddiy turmush darajasining yomonlashib borishi. Turkistonda aholi barcha qatamlarining moddiy va ijtimoiy ahvoli keskin og'irlashib ketdi. Xo'jalikdagi vayrongarchilik, ziroatchi aholining surbetlarcha talanishi xalq ommasini zarur mahsulotlar, birinchi navbatda non bilan ta'minlash ishini butkul izdan chiqardi. Odam-larning tuz, kerosin, sovun, paxta yog'i topishlari amri mahol bo'lib qoldi. To'qimachilik matolari, oddiy kalish, gugurt va shu kabilar savdodan yo'qoldi. Natijada qishloqlarda eski mato to'qish dastgohlari ishga solinib, dag'al bo'z va qalama to'qish bilan zarur ehtiyojlarni qondirish yo'liga o'tildi. Qahatchilik zarbalarini butun aholi seza boshladi. Ayniqsa, shaharlar va posyolkalardagi aholining moddiy ahvoli juda og'ir kechdi. Farg'ona viloyatida achinarli ahvol vujudga keldi. Ishsizlik, ochlar, gadolar, vayron bo'lgan qishloqlardan va Rossiya guberniyalaridan kelgan juldur va boshpanasiz bolalar qayg'uli va mudhish manzarani tashkil qilardilar. Og'ir moddiy ahvol norozilik uyg'otib, yangi shaharlarda o'qituvchilar, tabobat xodimlari, idora xizmatchilari, shuningdek, ayrim ishchi guruhlarning ish tashlashi xavfini tug'dirdi. Turar joy yetmaganligi tufayli ishchilar yuk vagonlaridan uy-joy sifatida foydalandilar. To'rt yil davomida Farg'ona viloyati aholisining soni to'rtdan bir qismga kamaydi. Sunday kamayish o'lkaning boshqa viloyatlarida ham ma'lum darajada ro'y berdi va keyingi qator yillarda davom etib bordi. 1920 yillar o'rtasiga kelib Farg'ona va Samarqand viloyatlaridagi dehqon xo'jaliklari soni 1917 yildagi 613506 tadan 372000 taga qisqardi. Sirdaryo viloyatini ham qo'shib olganda bu uch viloyat hududida aholi soni 3 mln emas, 2 mln 76 ming kishini tashkil qildi. 10-§. Turkistonda ocharchilik va uning oqibatlari 1. Ocharchilikning kelib chiqishi sabalari va uning boshlanishi. 1917 yil qurg'oqchilik bo'lib, g'alla hosili yaxshi bo'lmadi. O'sha yili Turkiston o'lkasi bo'yicha 52,5 mln pud g'alla yetishtirildi. Holbuki, o'lka aholisining faqat jon saqlashi uchun kamida 110 mln pud bug'doy kerak edi. 1917 yil qishida Turkistonda ocharchilik boshlandi. Turkiston Muxtoriyati hukumati Kavkazdan Orenburg orqali Turkistonga g'alla keltirishga harakat qilganligi ma'lum. Biroq Toshkentda zo'ravonlik bilan hokimiyatni egallagan bolsheviklar hukumatining rahbarlari nafaqat siyosiy boshqaruvda, balki iqtisodiy sohada ham qo'pol xato va jinoyatlarga yo'l qo'yishdi. Ana shunday jinoyatlardan biri 1918 yil 26 fevralda Turkiston XKS raisi F.Kolesov imzolagan paxta tolasi va xom paxtani musodara qilish to'g'risidagi dekret edi. Mazkur dekretga ko'ra, qisqa vaqt ichida zavodlarga topshirilgan 3,4 mln pud paxta tolasi, 6 mln pud xom paxta, 600.000 pud paxta yog'i, 4 mln pud chigit, 1,1 mln pud kunjara sovet davlati ixtiyoriga tekin o'tdi. Dehqonlar zavodga topshirilgan paxtasi uchun ham, uyidan olib ketilgan paxta xom ashyosi uchun ham loaqal past narxda bo'lsada, mutlaqo pul olishmadi. Bu hoi, bir tomondan, paxtakor dehqonlarni junbushga keltirsa, ikkinchi tomondan, ocharchilikni kuchaytirib yubordi. Turkistondagi ocharchilik bolshevikcha rejimning qattol siyosati natijasida 1918 yil boshlariga kelganda avj olib ketdi. Oziq-ovqat muammosi bu paytga kelib Turkiston respublikasidagi eng o'tkir muammolardan biriga aylangan edi. Bolsheviklar mahalliy aholi qo'lidai g'alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tortib olish uchun qat'iy choralarni belgilashdi. 1918 yil 9 mayda RSFSR da oziq-ovqat diktaturasi joriy qilindi. Bu masala Markazning o'zida ham qattiqqo'llik bilan amalga oshirildi. 15 iyunda Turkitsonda uch kishidan iborat o'lka oziq-ovqat direktoriyasi tashkil qilindi. Biroq direktoriya o'z faoliyati davomida katta xatolarga yo'l qo'ydi. Natijada ocharchilikdan qutula olmayotgan aholi qirila boshladi. "Ruslarning yangi shahari va unda kun ko'rayotgan sovet hokimiyati bilan mahalliy aholi o'rtasida o'tib bo'lmas devor paydo bo'ldi",-deb e'tirof qilishga majbur bo'lgan edi Turkbyuro raisining muovini G.Safarov. 2. Turkistonda ocharchilikning kuchayishi va uning oqibatlari. Bolshevistik rejim 1919 yil 4 iyunda "G'alla monopoliyasi to'g'risida", "Sinfly non payogi to'g'risida", "Turkiston respublikasida oziq-ovqat siyosatini amalga oshirish yuzasidan oziq-ovqat komissariga favqulodda vakolatlar berish to'g'risida" kabi dekretlarni qabul qilishi bilan Turkistonda oziq-ovqat diktaturasini joriy qildi. G'alla monopoliyasi hech qanday tayyorgarliksiz joriy qilindi va shafqatsiz ravishda amalga oshirildi. Bu holat Turkistonda ocharchilikning nihoyatda kuchayishiga olib keldi. Ocharchilikka qarshi kurash markaziy komissiyasi raisi T.Risqulov o'z tarjimai holida yozganidek, "haqiqatan ham ko'chalar, ariqlar va qishloqlarda o'layotgan millionlab yo'qsullar va bolalarni qutqarish kerak edi, o'sha vaqtdagi hokimiyat bunga panja orasidan qarardi (masalan, 1 mln och kishi uchun hammasi bo'lib 50 mln so'm pul ajratildi)". Qiyoslash uchun shu narsani keltirib o'tamizki, o'sha paytda bir buxanka nonning narxi 1000 so'm atrofida bo'lgan. Farg'ona viloyati sovetlarining 13 s'yezdida viloyat inqilobiy qo'mitasi raisi vodiydagi ocharchilik to'g'risida to'xtalib, shunday degan edi: "1917-1918 yillardagi ocharchilik Farg'ona viloyati xo'jaligining vayron bo'lishida kuchli ta'sir ko'rsatdi... Faqat Qo'qon va Marg'ilon uyezdlarida ocharchilik oqibatida 1917-1923 yillarda 0,5 mln odam o'ldi". Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, " Farg'ona vodiysida 1917-1923 yillarda ocharchilik natijasida 1 mln kishi halok bo'lgan". Turkiston respublikasidagi dahshatli ocharchilik uning boshqa viloyatlariga ham keng tarqaldi. Masalan, Samarqand viloyati Jizzax uyezdining 70 foiz aholisi ochlikdan qirilib ketdi. Boshqa uezdlarda ham ahvol shunday fojiali edi. Samarqand uyezdining o'zida esa 70.000 odam ocharchilikdan o'lib ketdi. T.Risqulov sal keyinchalik yozgan "Inqilob va Turkistonning tub aholisi" asarida o'sha davrda Turkistonda, xususan Farg'ona vodiysi va Yettisuvda avj olgan ocharchilikning butun dahshatlarini ko'rsatib beradi. Uning fikricha, o'lka butun aholisining teng yarmi, taxminan, 2,5 mln kishi ochlikdan azob chekkan. Ocharchilik Turkistonda 1923 yilning oxirigacha davom etdi. T.Risqulov Turkiston sovetlarining favqulodda 7 s'yezdida butun bir millat yo'q bo'lib ketishi mumkinligi haqida gapirganda uning so'zlarida kuchli dard bor edi. Ko'z ko'rib, quloq eshitmagan hodisalar haqida oziq-ovqat komissari V.Lapin tan olib, quyidagi fikrni yozgan edi: "Markaziy Rossiyadagi ocharchiliklar Turkistondagi dahshatlar oldida hech narsa emas". Shu narsa xarakterli holki, ocharchilik Buxoro amirligi va Xiva xonligi hududida deyarli tarqalmagan. Aksincha, bu mamlakatlarda respublika tuzumi o'rnatilgach, ular Turkistondagi birodarlariga iqtisodiy yordam berishgan. 3. Turkistondagi Rossiyaga oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy boyliklarning tashib ketilishi. Dahshatli ocharchilik va og'ir iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayotgan Turkiston o'lkasidan Rossiya markaziga eng avvalo oziq-ovqat mahsulotlarini olib chiqib ketish tobora kuchaydi. Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, 1920 yilda tashib ketilayotgan g'alla mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat turlarining miqdori 4,5 marta ko'paygan. Boshqa bir hujjatda yozilishicha, "1921-1922 yil-larda Turkistondan Rossiyaga 4.400.000 pud g'alla jo'natilgan". O'sha paytda don yetishtirishga ixtisoslashmagan Turkiston qishloq xo'jaligi uchun bu katta miq-dordagi hosil hisoblangan. Chunki, Turkiston chorizm tomonidan bosib olingach, o'lkadagi bug'doyzorlar hiso-bidan paxta ekiladigan maydonlar kengaytirilgan bo'lib, g'alla Rossiyaning markaziy guberniyalaridan bu yerga tashib kelinardi. Ma'lumki, Turkistonda bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgach, Rossiyadagi fuqarolar urushi natijasida o'lkaga g'alla keltirish deyarli to'xtab qolgan edi. 1920 yil boshlariga kelganda g'alla monopoliyasi siyosati bir qadar yumshatildi. Oziq-ovqat razvyorstkasi ko'rinishidagi monopoliyani faqat ko'chirib keltirilgan krestyanlar yashaydigan rayonlarda o'tkazishga qaror qilindi. Mahalliy aholi yashaydigan joylarda natura solig'i joriy qilindi. Biroq oziq-ovqat tayyorlashdagi tabaqalashtirilgan bunday yondashuv uzoq saqlanib qol-madi. Turkkomissiya a'zolari V.Kuybishev va F.Golosh-chyokinning tazyiqi bilan 1920 yil avgustda butun Turkiston respublikasi hududida oziq-ovqat taqsimoti (prodrazvyorstka) ni joriy etish to'g'risida qaror qabul qilindi. Oziq-ovqat razvyorstkasi aholini ochiqdan-ochiq talashga aylanib, ijtimoiy keskinlikni kuchaytirib yubordi. Oziq-ovqat to'plovchi otryadlar mahalliy xalqni qon qaqshatib, uning so'nggi burda nonini ham tortib olishar edi. Turkiston respublikasidagi oziq-ovqat to'plovchi otryadlar faqat 1920-21 xo'jalik yilida mahalliy aholi qo'lidan 9.708.703 pud g'alla, 6.358.144 pud yem-xashak, 1.606.210 pud go'sht va boshqa mahsulotlarni tortib olishdi. Tortib olingan oziq-ovqat mahsulotlari Rossiyaga jo'natilar edi. Shunday qilib, Turkistonda g'alla monopoliyasi va oziq-ovqat razvyorstkasi natijasida mahalliy aholi qo'lidan: 1) 1918-19 yillarda zo'ravonlik va nomigagina tovar ayirboshlash yo'li bilan 4.500.000 pud; 2) 1919-20 yillarda tovar monopoliyasi va tovar ayriboshlash yo'li bilan 5.250.000 pud; 3) 1920-21 yillarda oziq-ovqat razvyorstkasi hiso-bidan 9.700.000 pud; 4) 1921-22 yillarda oziq-ovqat solig'i hisobidan 4.000.000 pud g'alla tortib olindi. Xalq ocharchilikdan qirilayotgan bir mahalda Turkistondagi ayrim oziq-ovqat zaxiralari bolsheviklar tomonidan frontda harbiy maqsadlar uchun foydalanildi. Masalan, 1919 yilning birinchi yarmida faqat Zakaspiy frontida 198 sisterna o'simlik yog'i va 305 sisterna neft yonilg'i sifatida ishlatildi. Turkiston temir yo'llaridagi parovozlarda 53 sisterna o'simlik yog'i va 223 sisterna neft yoqildi. Ayrim zavod va korxonalarda 118 sisterna o'simlik yog'i va 156 sisterna neft ham yoqib yuborildi. Bu davrda aholi ehtiyojlari uchun atigi 63 sisterna o'simlik yog'i ajratildi. Turkiston Xalq Xo'jaligi Markaziy Kengashi (20MK)ning nashri bo'lgan "Turkiston xalq xo'jaligi" jurnalida o'simlik yog'ining frontda ishlatilishi to'g'risida quyidagicha yozilgan edi: "1920 yil fevral oyiga kelib, 600.000 pud o'simlik porovozlarda yonilg'i sifatida ish-latilgan". Ko'mir va o'tin yo'qligidan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ham (Turkistonda yuz minglab odamlar ocharchilikdan qirilayotgan bir paytda) yoqilg'i sifatida ishlatilar edi. Orol dengizi uchastkasida parovozlar quritilgan baliq yoqib yurgizilgan. Shuningdek, parovozlarga kunjara yoqishga urinib ko'rilgan. Eng dahshatli hodisa shundan iboratki, hamma narsani qurbon qilish evaziga yetishtirilgan paxta ham yoqilg'i sifatida ishlatilgan. Turkistondagi og'ir iqtisodiy ahvol respublikada boshlangan ocharchilikni nihoyatda kuchaytirib yubordi. Qishloqlarda nonsiz va yersiz qolgan dehqonlar, shaharda yashovchi hunarmand va ziyolilar, mahalliy aholiga mansub yuz minglab kishilar dahshatli ocharchilikning qurboni bo'lishdi. O'lkadagi bolshevistik rejim, xalq ocharchilikdan qirilayotgan bir paytda Markaziy Rossiyaga g'alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini yuzlab eshelonlarda jo'natish bilan cheklanmasdan, balki o'simlik yog'i, quritilgan baliq, bug'doy kabi tansiq mahsulotlardan parovozlarni yuritishda yoqilg'i sifatida foydalandi, ularni frontda harbiy maqsadlarda ishlatdi. Sovet rejimi davrida keyinchalik ham bir necha marta ocharchilik yuz berdi. 30 yillarning boshida Markaziy Rossiya, Volga bo'ylari va Qozog'istonda ocharchilik ayniqsa dahshatli bo'ldi. 1932-1933 yillarda ocharchilik O'zbekiston SSRga ham o'z ta'sirini ko'rsatdi. Parijda chiqadigan "Yosh Turkiston" jurnalining yozishicha, o'sha kunlarda respublika poytaxti Toshkent ko'chalarida ocharchilik natijasida o'lgan odamlarning jasadlarini uchratish mumkin edi. Ularning aksariyati qo'shni respublikalardan non qidirib, Toshkentga kelishgan edi. Afsuski, bu paytga kelib non shahri-Toshkentning o'zida ham non qolmagan edi... 11-§. Turkistonda sovet mustabid tuzumiga qarshi qurolli harakat 1. Farg'ona vodiysidagi sovet qurolli harakat, uning maqsadlari va mohiyati. Turkistonda sovet hokimiyati va bolshevikcha rejimga qarshi harakat 1918 yil fevral oyining so'ngi o'n kunligida boshlandi. Dastlabki guruhlarning tuzilishi Qo'qon atrofidagi Bachqir qishlog'ida boshlangan. Farg'ona vohasida bu davrda 3 yirik qurolli guruhlar sovetlarga qarshi kurash olib borgan. Ulardan eng yirigi Marg'ilonda, militsiyaning sobiq boshlig'i Muhammad Aminbek Ahmadbek o'g'li-Madaminbek (1892-1920) edi. "O'z oldiga sovet hokimiyatini ag'darish va Farg'ona muxtoriyatini tiklash vazifasini qo'ygan Madaminbek ustomon siyosatchi va uddaburon tashkilotchi fazilatlariga ega edi", deb tan olinadi 1918 yilga oid arxiv hujjatlarning birida. Farg'ona vodiysida 1918 yilning o'rtalariga kelib taxminan yuzga yaqin guruhlar qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar. Bu guruhlarda 15000 yigit bor edi. Bu harakat Qo'qon fojialaridan keyin boshlangan bo'lishiga qaramay, uning ildizlari chor Rossiyasi to-monidan Turkiston bosib olingan 19 asrning 60-70 yillariga borib taqaladi. 1918 yil fevralida Turkiston xalqlarining milliy hukumati yo'q qilinganida ularning milliy g'ururi ham yanchilgan edi. Turkistonda sovet hoki-miyatiga qarshi harakat vujudga kelishining bosh sababi sovet hokimiyatining o'lkada yuritgan mustamlakachilik siyosati va bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan dastlabki sotsialistik tadbirlar, korxonalarning davlat ixtiyoriga o'tkazilishi, xususiy mulkning bekor qilinishi, oziq-ovqat razvyorstkasi va g'alla monopoliyasi, masjid, xususiy maktab va qozixonalarning bekitilishi bo'ldi. Vaqf yerlarining tugatilishi, majburiy mehnatning joriy qilinishi hamda qizil armiya jangchilarining talonchilik va bosqinchiliklari harakatga alohida keskinlik va ko'lam bag'ishladi, uning tobora kengayishi va rivojlanishiga olib keldi. U goh kuchayib, goh pasayib turishiga, unda ishtirok etganlarning tarkibi almashib turganligi va ikkilamchi manfaatlar o'zgarib turishiga, obyektiv va sub'ektiv omillar kuchlar muvozanatiga turlicha ta'sir qilganiga qara may, harakatning asosiy maqsadi Turkiston mustaqilligi bo'lib qolaverdi. Madaminbek Farg'ona fronti qo'shinlari qo'mondoni M.Safonov nomiga yo'llagan maktubida (1919 yil 11 mart) ular qanday maqsad yo'lida kurashayotganliklarini, bu harakatning mohiyati va "bosmachi" deb kimni aytish lozimligini yaqqol ko'rsatib berdi. Harakatning mohiyatini sovet qo'mondonligi vakillari ham e'tirof etishga majbur bo'ldilar. Turkiston frontining qo'mondoni Frunze: "Bosmachilikka qarshi kurash tamoman yangi, ayrim xususiyati bo'lgan, o'ziga xos dushman bilan kurash demakdir", deb yozgan edi. 2. Harakatning Turkiston siyosiy muhitiga ta'siri. Turkiston XKS raisi Qayg'usiz Otaboyev Turkiston MIK 4 plenumida (1922 yil iyul) quyidagi haqiqatni oshkora ta'kidlashdan cho'chimadi: "...dastlabki davrlarda bosmachilik ruhida bo'lgan bu harakat endilikda siyosiy mazmun kasb etdi. Shuni ta'kidlash lozimki, 1919-1920 yillarga kelib Farg'onada qaroqchilik, bosmachilik emas, balki o'ziga xos xalq qo'zg'oloni vujudga keldi. Biz to'rt yil davomida bu harakatga hatto to'g'ri baho berishni ham bilmadik, u xalq qo'zg'oloni bo'lgani holda bosmachilik deb atadik". Asosiy harakatlanuvchi kuch dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar edi. Turkiston respublikasi rahbarlaridan Turor Risqulovning e'tiroflcha, harakatga "asosan dehqonlar va hunarmandlar kelib qo'shilardi". Ularning milliy tarkibi asosan tub joy aholisi-o'zbek, tojik, qirg'iz, qozoq, turkman, qoraqalpoq va uyg'urlardan iborat edi. Download 1.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling