Tarixdan xikoyalar
Download 1.55 Mb.
|
Umumiy tarix
1919 yil 19 yanvarda harbiy komissar K.Osipov boshchiligida isyon ko'tarildi. Ular 14 komissarni otib tashlashdi. K.Osipovning xalqqa qilgan murojaatida ko'plab va'dalar berilganligiga qaramay, tub aholi betaraf qoldi. Biroq isyon tezda Toshkent temir yo'l ustaxonalari ishchilari va boshqa kuchlar tomonidan bostirildi. Osipov Farg'ona vodiysiga qochib ketdi. To'ntarishga bo'lgan urinish yangi qatag'on va terror usullarining paydo bo'lshiga olib keldi. O'lka bolsheviklari 1919 yil mart oyi boshida so'l eserlarni hukumatdan siqib chiqardilar. Turkiston MIK va XKS tarkibi nuqul kommunistlardan iborat qilib tuzildi. Markaz bolsheviklari Turkistonning siyosiy va iqtisodiy qaramligini huquqiy yo'l bilan "qonuniy" mustahkamlagach, o'lkani boshqarish uchun Markaz manfaatlarining so'zsiz ijrochisi bo'lgan o'z emissarlarini jo'nata boshladi. Turkiston bilan Markaz vaqtinchalik bog'lanib turgan qisqa muddat ichida (1919 yil yanvar aprel) Kreml hukumati bu yerga ana shunday emissarlar yuborishni muntazam yo'lga qo'ydi. 1919 yil 12 fevralda RKP(b) MK va RSFSR XKS-ning Turkiston ishlari bilan shug'ullanuvchi alohida muvaqqat komissiyasi (raisi-Sh.Z.Eliava) tuzildi. Komissiya a'zolaridan P.Kobozev boshchiligidagi bir guruh xodimlar 4 mart kuni Toshkentga yetib kelishdi. Kobozev sovetlarning favqulodda 7 s'yezdida (1919 yil mart) shunday da'vo qilgan edi: "RSFSR hukumatining qabul qilgan har bir qonuni MIK tomonidan Turkistonda so'zsiz amalga oshirilishi shart". Markazdan kelgan bolsheviklar bilan Turkistondagi sovet amaldorlari o'rtasida hokimiyat uchun kurash qaytadan avj olib ketdi. Bu holat, xususan, sovetlarning 8 s'yezdida (1919 yil 6 sentabr-3 oktabr) yaqqol namoyon bo'ldi. A.Kazakov boshchiligidagi Turkiston MIK raisi bilan Markaz vakili P.Kobozev o'rtasida hokimiyat uchun bo'lgan kurashda Kobozev zo'rg'a g'olib chiqdi. Tub xalqlarga nisbatan shovinistik munosabatini oshkora namoyish qilgan A.Kazakov va o'rin-bosari Uspenskiy, ularning hamtovoqlari o'z lavozimlaridan olib tashlandi. A. Kobozev Turkiston MIK ning yangi raisi Lapinga mustamlakachilik siyosatini o'ta noziklik bilan yuritish, tub xalqlarning manfaatlariga oshkora qarshi chiqmaslik xususida ko'rsatmalar berdi. Turkiston o't-olov ichida yonayotgan bir paytda-1919 yil 8 oktabrda V.I.Lenin buyrug'i bilan butun Rossiya MIK va RSFSR XKS ning Turkiston ishlari bo'yicha komissiyasi-Turkkomissiya (raisi-Sh.Z.Eliava) tuzildi. 1919 yil 4 noyabrda Eliava, V.Kuybishev, F.Goloshchekin, Ya.Rudzutakdan iborat tarkibdagi Turkkomissiya Toshkentga yetib keldi. M.Frunze va G.Bokiy keyinchalik bu yerga kelishdi. Turkkomissiya amalda mintaqadagi barcha partiya, sovet, xo'jalik va harbiy tashkilotlarga rahbarlik qilib, Markazdagi bolshevikcha siyosatni qat'iy ravishda amalga oshirishga kirishdi. Turkkomissiyaning tazyiqi bilan 1920 yil yanvar oyining oxirida Musbyuro o'z faoliyatini to'xtatdi. Turkkomissiya o'lkamiz yangi tarixida o'ta mash'um rol o'ynadi. U bolsheviklar hukmronligini kuchaytirish va o'lkaning sovet Rossiyasiga qaramligini kengaytirish bilan jiddiy shug'ullandi. Turkkomissiyaning Toshkentga kelishi bilan Turkistonda bolshevistik diktaturani o'rnatish jarayoni muayyan marraga yetdi. Bolshevistik diktaturaga asoslangan sovet rejimi tub aholining manfaatlari va intilishlariga zid bo'lgan, faqat sinfiy kurashga asoslangan va xalqqa qarshi qaratilgan totalitar rejim edi. 5-§. Turkistonda boshqaruv tizimining tuzilishi va iqtisodiyot sohalaridagi o'zgarishlar 1. Bolshevikcha boshqaruv-ma'muriy tizimning tashkil qilinishi. So'l-bolshevistik guruhlar o'lkaning yevropaliklar yashagan joylarida o'z hokimiyatlarini o'rnatganidan so'ng inqilobiy aqidaiar asosida boshqaruv-ma'muriy idoralar tizimini tashkil qilishga kirishdi. Oldingi amaldorlar hokimiyatdan mahrum qilinib, mahkamalar yopildi. Turkiston komissarlari soveti tuzilib, u inqilobiy dekretlar-majburiy qoidalar chiqarib bordi. 1918 yil bahor-yozidan Turkiston sovet respublikasi e'lon qilinishi bilan hukumat tuzildi, qator komissarliklar, jumladan, ichki ishlar, yer ishlari, maorif, millatlar ishlari komissarliklari barpo qilindi. Sovet hokimiyati dushmanlari bilan kurash olib boruvchi ChK (Чрезвычайная комиссия-Favqulodda komissiya) o'z faoliyatini amalga oshira boshladi. Siyosiy vaziyat keskinlashishi munosabati bilan tribunallar, siyosiy bo'limlar, uchliklar ham tuzilib, faoliyat ko'rsatdilar. Xo'jalikni boshqaruvchi idoralar tashkil etildi. Farg'ona, Sirdaryo, Samarqand viloyat boshqaruv idoralari, komissarliklar, boshqa markaziy ma'muriy idoralarning bo'limlari barpo qilindi, shuningdek, uyezdlar va volostlar ma'muriyatlari tashkil etildi. Aholi ijtimoiy hayoti tartib-intizomini yo'lga qo'yish tadbirlari joriy etib borildi. Qator muddat davomida sovet boshqaruvi, lining siyosati barcha joylarni qamrab ololmay keldi. Asosan shaharlar va atroflardagi joylar bu jarayonga tortildi. Markazlardan olislardagi joylardan esa vaqti-vaqti bilan sovet hokimiyati amaldorlari qurolli kuch hamrohligida paydo bo'lib, oziq-ovqat, yem-xashak, otlar, boshqa dehqonchilik mahsulotlarini yig'ib olib qaytganlar. Siyosiy vaziyat murakkablashgan joylarda, jumladan, Farg'ona viloyatida inqilobiy hokimiyatning favqulodda organi-inqilobiy qo'mita (revkom)lar harbiy sharoit qoidalari bo'yicha hokimiyatni boshqarganlar. Turkiston o'lkasi, viloyatlar va mahalliy ishchi, soldat sovetlariga saylovlar o'tkazilib, ularning qurultoylarida turli masalalar muhokama qilingan. Umumturkiston sovetlarining 12 ta qurultoyi o'tgan. O'lka bolsheviklari siyosiy muxoliflarini chetlashtirgandan so'ng Turkiston sovetlarining so'nggi oltita 7-12 qurultoylari muttasil ular rahbarligida o'tdi. Sovetlar qurultoyidan oldin o'lka bolsheviklarining qurultoyi o'tkazilib, muhim siyosiy ko'rsatmalar tasdiqlab olingach, sovetlar qurultoyiga ko'rsatma sifatida tavsiya etilgan. Turkiston kompartiyasining sakkiz qurultoyi bo'lib o'tdi. Sovetlar hukmronligi boshlanishi bilan vaqf mulklarining davlat ixtiyoriga olinishi elon qilindi. 1918-1920 yillarda ko'plab joylarda bu narsa amalga oshirildi. 1919 yil iyun oyida qoziliklar yopildi. Bular milliy an'analarga hujumning bir qismi edi va xalq ommasining noroziligiga sabab bo'ldi. 1919 yil kuzida Rossiya markazidan kelgan Turkkomissiya favqulodda va cheklanmagan, siyosiy-partiyaviy hamda davlat hokimiyati vakolatlarini amalga oshirdi. U Turkiston Kompartiyasi MK, Turkiston MIK va XKS ustidan qattiq nazorat o'rnatdi, lozim topganda ularni tarqatib yubordi, tarkibini o'zgartirdi. Ichki va tashqi siyosat, iqtisodiyot, armiya, kadrlar masalasini o'z qo'liga olib markazlashtirdi. Rossiyadan yuborilgan moddiy resurslar, harbiy qismlar, bolshevik kadrlar Turkkomissiya ixtiyoriga kelar edi. Turkiston kompartiyasi a'zolarining soni kam bo'lib, tez-tez o'zgarib turardi. Masalan, 1920 yil oxirida 58 mingga yaqin a'zo bo'lsa, partiya faoliyatining oxirgi yili-1924 yil o'rtalarida uning qatorlarida 6 ming a'zo bor edi. Chunki kommunistlar xalq o'rtasida obro'-e'tiborga ega emasdilar. Asossiz va real voqelikdan yiroq bo'lgan boshqaruv jarayoni uzluksiz siyosiy to'qnashuvlar va g'oyaviy muxoliflikni keltirib chiqarar edi. Bularga javoban bolshevik rahbarlar sovet idoralarida, ijtimoiy tashkilotlarda, kompartiyaning o'zida ham tez-tez tozalash (chistka)lar o'tkazib bordilar. 2. Moliya, sanoat tarmoqlari, transport, hunarmandchilikdagi o'zgarishlar. Inqilobiy hokimiyat tub o'zgarishlar shiorlari va dabdabali dasturini e'lon qilibgina qolmasdan, Turkistonda ularni amalda tadbiq qilishga ham kirishdi. Dastlab barcha bank muassasalari, ulardagi mablag' va boyliklar, shuningdek, temir yo'l, aloqa vositalari natsionalizatsiya qilindi. Sanoat va tog'-kon korxonalarida ishchilardan boshqaruvni, ishchi nazoratini amalga oshirish e'lon qilindi, lekin bundan natija chiqmadi. Ikkinchi bosqichda sanoat korxonalari, so'ngra boshqa ob'ektlar (mehmonxonalar, restoranlar, tamaddixonalar), hunarmandchilik ustaxonalari va shu kabilar musodara (natsionalizatsiya) qilindi. Sanoat bo'yicha sanoat, savdo, qishloq xo'jaligi va boshqa komissarliklar tuzilib, ish olib bordi. Turkiston respublikasining Xalq xo'jaligi Kengashi (1918 yil aprel), uning joylardagi tashkilotlari xo'jalik faoliyatiga rahbarlik qildilar. Tadbirkorlik bilan shug'ullanib kelgan jamiyatlar tarqatib yuborildi, xususiy mulk egalari tekinxo'rlar deb e'lon qilinib, fuqarolik huquqlaridan mahrum qilindi. Buning ustiga ularga tez-tez kontributsiyalar (tovon, jarima) solindi, ular majburiy mehnatga jalb qilindilar. Xususiy mulk yo'q qilinib, egasiz qolgan iqtisodiyot shiddat bilan talon-taroj bo'ldi. 1917 yilda o'lkada 326 ta paxta tozalash, yog'-sovun zavodlari bor edi. Ularning soni qisqarib borib, 1918 yilda 69 taga, 1919 yilda 43 taga, 1920 yilga kelib esa 37 taga tushib qoldi. Paxta yog'i, sovun ishlab chiqarish, toshko'mir va neft qazib olish nihoyat darajada pasayib ketdi. Temir yo'lda ishlamayotgan parovozlar, vayron bo'lgan vagonlar soni tez ortib bordi. 1917 yilda Turkistonda 91242 hunarmand bo'lib, ulardan 52796 tasi shaharlarda, 38446 tasi qishloqlarda faoliyat ko'rsatgan. Farg'ona, Samarqand viloyatlari, Toshkent shahri va atrofida 31353 ta hunarmandchilik korxonalari bo'lib, ular hunarmandlarning xususiy mulki bolgan. Ular davlat mulki deb e'lon qilindi. Hunarmandchilik ustidan qattiq nazorat o'rnatildi, mahsulotlar hokimiyat tomonidan taqsimlanadigan bo'ldi. O'lkada savdo-sotiq buzildi, oziq-ovqat tanqisligi natijasida hamma bozorlar yopildi, non bilan ta'minlash, g'alla davlat idoralari ixtiyorida markazlashtirildi. Iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf qilish uchun Turkiston XKS pul emissiyasiga zo'r berish yo'lini tanladi. 1918 yil yoziga kelganda pul-moliya tangligi pulning o'ta qadrsizlanishiga olib keldi. O'lka hukumati o'z pul qiymati-Turkiston bonlarini' chiqara boshladi, ba'zi joylarda o'z kredit biletlari chiqarildi. Ishchilarning moddiy ta'minoti buzildi, ishlab turgan korxonalarga ishchilar yetishmay qoldi. 1919 yil yozidan 16 yoshdan 55 yoshgacha bo'lgan aholi yalpi majburiy mehnatga tortildi. 1920 yilda paxta tozalash sanoati, so'ngra irrigatsiya tarmoqlari ishchilari harbiy holatga ko'chirildilar. Shuningdek, ba'zi harbiy qismlar mehnat qismlariga aylantirildi. Ko'rilgan chora-tadbirlar o'lka xalq xo'jaligini og'ir ahvoldan-jiddiy inqirozdan qutqara olmadi. 3. Qishloq xo'jaligiga nisbatan siyosat va o'tkazilgan chora-tadbirlar. Turkiston aholisining 80 % dan ortig'ini dehqonlar tashkil qilardi. Shuning yer-suv (agrar) munosabatlari va ular bilan bog'liq bo'lgan sanoat uchun xom ashyo, oziq-ovqat muammolari jiddiy ahamiyat kasb etdi. Rossiyada oktabr to'ntarishi kuniyoq pomeshchik (yirik) yer egaligini yo'q qilish to'g'risida dekret e'lon qilindi, yerlar qashshoq dehqonlarga taqsimlab berildi. Bu tadbirni Turkistonda ham o'tkaz-moqchi bo'ldilar. Lekin bu yerda sharoit, ya'ni dehqonlar ommasining urf-odati, kayfiyati boshqacha edi. Lekin sovet hokimiyati qishloqda o'z ta'sirini o'tkazishga qaror qildi. 1917 yil 9 dekabrda Turkiston XKS yerni sotish va sotib olishni man qiluvchi, yerni ijara berishni cheklovchi qaror qabul qildi. Ammo u qog'ozda qoldi. 1918 yil boshidan XKS hamda yer ishlari komissarligi o'zi mehnat qilmagan egalar ixtiyoridagi bog' va uzumzorlarni natsionalizatsiya qilish hamda bunday shaxslarning yer-suv, uy-joy sharoitlari, qoramollarini ro'yxatga olish to'g'risida buyruq va ko'rsatma chiqardi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun yer-suv komitetlari tuzilib, ular tarkibiga kambag'al dehqonlar, batraklar kiritilishi ko'z-da tutildi. 1918 yil avgustida Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida 74 ta volost yer-suv komitetlari ish ko'rgan. Yil oxirida bular kambag'allar komiteti (комбеды) va kambag'allar uyushmasi (союзы бедноты) deb ataldi. Lekin yirik dehqonlar yer egaligini surunkali tuga-tishga qaratilgan harakatlar natija bermadi. Dehqonlar ommasi bunga qat'iy qarshi chiqdi. 1918 yil 11 yanvarda Qo'yliqda Toshkent uyezdi vakillarining qurultoyi bo'ldi, unda 586 vakil qatnashdi. Qurultoy sovet hokimiyatiga, yer-suv komitetlarining tuzilishiga qarshi chiqdi, inqilobiy agrar tadbirlarni rad etdi. Shu yil sentabr oyida Farg'ona viloyatining Vodil qishlog'ida to'plangan dehqonlar majlislari kambag'allar uyushmasini tuzish, yer maydonlarini natsionalizatsiya qilishga qarshi chiqdilar. Bu hol Asaka volostida, boshqa joylarda ham bo'ldi. Tuzilgan yer-suv komitetlari esa inqilobiy choralarni amalga oshirmas edi. Shunday qilib, yer to'g'risidagi dekret bajarilmadi, dehqonlar agrar masalaning Turkistonda inqilobiy zo'ravonlik bilan qayta ko'rilishiga yo'l qo'ymadilar. Agrar tadbirlar asosan o'lkadagi yevropalik mulkdorlar va dehqonlarga nisbatan amalga oshirildi. 1918 yil boshida ko'pchilik imeniye (yevropacha agrar majmua)lar, bog'lar va yirik xo'jaliklar natsionalizatsiya qilindi. Faqat natsionalizatsiya qilingan bog'lar va uzum-zorlar maydoni 13.361 desyatinadan iborat edi. Bolsheviklar hokimiyatining buzg'unchilik tadbirlarini tobora avj oldirishi, ziroatchilikni talash, buning ustiga jahon urushi zug'umi Turkiston qishloq xo'jaligiga katta zarar yetkazdi. Chunonchi, 1915 yilda Turkistonda 3,5 mln (bundan 2,4 mln sug'oriladigan) desyatina ekin maydoni bo'lgan. Biroq u 1917 yil oxiriga kelib yarmiga, 1918 yilda uchdan ikki qismga qisqargan. O'lkaning uchta o'zbek viloyatlarida 1917 yilda 8440 ming bosh qoramol bo'lsa, 1920 yilda ular 3440 ming boshni tashkil qildi. Paxtachilikdagi inqiroz surunkali tus oldi. 1915 yili 542 ming desyatina yerda paxta yetishtirilib, uning yalpi hosili 831 ming tonnani tashkil etgan bo'lsa, 1921 yili bu raqamlar 76 ming desyatina va 15 ming tonnani tashkil etdi. Yung, pilla yetishtirish va qishloq xo'jaligining boshqa sohalarida ham mahsulot hajmi pasayib ketdi. 6-§. Xorazmda milliy-demokratik harakat. Xon hokimiyatining ag'darilishi Xiva xonligi va Buxoro amirligida rivojlanib kelgan demokratik harakat qo'shni davlatlarda bo'lgani kabi kengaydi. Birinchi jahon urushi hamda chorizmning ag'darilishi ularga ham sezilarli ta'sir ko'rsatdi. Bu ikki xonlikda ham ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, siyosiy o'zgarishlar yuz berdi. Ijtimoiy harakat ko'p hollarda demokratik jarayonga o'sib bordi, islohotchilik talablari amaliyotda mujassamlashdi. Xalq ommasi tabaqalari, vakillari, ijtimoiy arboblarining qarashlari, talablari namoyon bo'ldi. Shunga yarasha siyosiy tashkilotlar, yangi davlat boshqaruvlari o'rnatildi. 1. Xorazmda 1917 yildagi istilochilik harakati: natijalari va mohiyati. Yosh xivaliklar partiyasi ommaning barcha talablari istak-manfaatlarini ifoda qilib, o'z faoliyatini kengaytirib bordi. Uning saflarida ziyolilar, hunarmandlar, savdo-tijorat doiralarining vakillari, bir qator ruhoniylar, ilg'or yoshlar to'plangan edi. Polvonniyoz Hoji Yusupov (1861-1936). Bobooxun Saliraov (1874-1929), Husaynbek Matmurodov va boshqalar ommaga rus podshosi ag'darilishining mohiyatini, unda Davlat dumasining rolini, Muvaqqat hukumat tuzilishi mohiyatlarini tushuntirib, Xorazm xalqi oldida turgan vazifalar to'g'risida gapirdilar. Xalq ommasini islohotlar, ijobiy o'zgarishlar g'oyalari asosida uyushtirishga intildilar. 1917 yil fevralida Xiva xoni Asfandiyorxon davolanishga ketgan edi. Xorazmda tartibni saqlab turishni Muvaqqat hukumatning Turkiston Komiteti amalga oshirdi. Xivada va Petro-Aleksandrovsk (hozirgi To'rtko'l)da rus armiyasining garnizonlari joylashgan edi. Shuningdek, Toshkentdan general Mirbadalov qo'mondonligi ostidagi harbiy otryad ham Xivaga yetib keldi. Yosh xivaliklar xon poytaxtga qaytgan zahoti u bilan muloqotga tayyorgarlik ko'rdilar. Katta miting o'tkazish va xon oldiga vakillar yuborish rejalashtirildi. 16 kishidan iborat delegatsiya saylandi, unga turli tabaqa vakillari kiritildi. Xon oldiga qo'yilajak talablar ishlab chiqildi. Ular Majlis (parlament)ni tashkil qilish, o'ta reaksion amaldorlar (ministrlar)ni qamoqqa olish, Yosh xivaliklardan yangi hukumatni tuzish, soliqlar tizimini tartibga solish, qator boshqa ijobiy o'zgarishlarni amalga oshirishdan iborat edi. 1917 yil 4 aprelda devonbegi hovlisi oldida ko'p ming kishilik miting bo'lib o'tdi. Shu kuni rus soldatlari Muvaqqat hukumatga sodiqlikka qasamyod qildilar. Miting qatnashchilari soldatlarni tabrikladilar va Nurullaboy saroyi tomon yo'l oldilar. Polvonniyoz Yusupov va Husaynbek Matmurodov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari xon oldiga kirib, islohotlar o'tkazish talablarini bayon qildilar. Xon xalq harakatining keng quloch yozganidan qo'rqib ketdi. U talablarni qondirishga rozilik berdi. Mamlakatning ko'zga ko'ringan arboblari, ular qatori Yosh xivaliklar manifesti matnini ishlab chiqdilar va u 5 aprelda tantanali sharoitda e'lon qilindi. Xon Majlisni chaqirishga va boshqa islohotlarni o'tkazishga rozilik bildirdi. U reaksion, xalqqa ko'p jabr-zulm o'tkazgan amaldorlar Ibrohimxo'ja, Ashur mahram, Ota mahram, Ro'zimuhammad mahram, Shohnazarboy yasovulboshini qamadi. Ular o'rniga Yosh xivaliklardan yangi odamlar tayinlandi. Mahkamai adliya deb atalgan Majlisga saylovlar o'tkazildi, deputatlar soni 49 kishidan iborat bo'ldi. Manifestda ko'rsatilishicha, bu organ islohotlar o'tkazilishini nazorat qilishi kerak edi. 1917 yil 26 aprelda Majlis ish boshladi. Unda Majlis raisi qilib Bobooxun Salimov, hukumat raisi qilib Husaynbek Matmurodov saylandilar. Shunday qilib, mamlakatdagi ijtimoiy harakat dastlabki demokratik o'zgarishlar-islohotlar to'g'risidagi manifestning e'lon qilinishi va Yosh xivaliklar ishtirok etgan Majlisning tashkil qilinishiga olib keldi. Xon hokimiyatining cheklanishi belgilandi: bu o'zgarishlarning ahamiyati shunda ediki, demokratiya yo'lidagi dastlabki qadamlar qon to'kilmasdan sodir bo'ldi. Yosh xivaliklar, mamlakat ilg'or doiralarining maqsad-intilishlari shu jihatdan so'1-ekstremistik bolshevikcha maqsad va siyosatdan farq qilar edi. 2. Xonlikda vaziyatning keskinlashib borishi. Xorazmning siyosiy, iqtisodiy hayotida boshqa turdagi voqealar sodir bo'ldiki, natijada vaziyat o'ta murakkablashdi va chigallashdi. Jahon urushi xonlikning chetga paxta, beda urug'i, boshqa mahsulotlar sotishiga, bir qator mollarni olib kelishiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Paxta ekin maydonlari qisqardi, paxta tozalash zavodlari ishi to'xtadi. Hunarmandlar uchun temir, ba'zi boshqa mollar taqchil bo'lib bordi. Amaldorlar xalq ommasi ustidan zo'ravonlikni davom ettirdilar. Soliqlarni yig'ishtirib olishda tartib va izchil qoidalarning yo'qligi, oddiy fuqarolarga nisbatan adolatsizliklar jamiyatda norozilikning kuchayib borishiga olib keldi. Iqtisodiy hayotning izdan chiqishi natijasida ochlar soni ko'paydi, ijtimoiy ziddiyatlar keskinlashdi. Yosh xivaliklar boshchiligidagi Majlis qator masalalar bilan shug'ullandi. Maorif islohotini o'tkazish, amaldorlar daromadlarini hisobga olish va nazorat qilish, boshqaruvni markazlashtirish, yo'llar va aloqa vositalarini rivojlantirish ana shunday masalalardan edi. Majlis va Yosh xivaliklar hukumati mamlakatning tashqi aloqalarini yo'lga qo'yishga ham harakat qildilar. Bu xalq ommasining o'sishiga ancha ijobiy ta'sir ko'rsatar edi. Asfandiyorxon, uning atrofidagi reaksion amaldorlar progressiv o'zgarishlar, ayniqsa, xon hokimiyatining cheklanishini istamadilar. Yosh xivaliklar hamda Majlisga qarshi doiralar o'z kuchlarini to'play boshladilar va qarshi harakatga kirishdilar. 1917 yil may oyi boshida Bobooxun Salimov boshchiligidagi Majlis delegatsiyasi Turkiston Komiteti bilan aloqa o'rnatish uchun Toshkentga jo'naydi. Shu paytda Asfandiyorxon Yosh xivaliklarga qarshi fitna uyushtiradi. Hukumat raisi Matmurodov va yana 16 kishi qamoqqa olinib, shariatga zid ish ko'rganlikda ayblanadilar. Majlis tarkibi yangilanadi, unga xon amaldorlari va reaksion ruhoniylar kiritiladi. Yosh xivaliklar hukumati faoliyatining dastlabki bosqichi (1917 yil 26 apreldan iyun o'rtalarigacha) shu bilan yakunlandi. Asfandiyorxon o'z mavqeini mustahkamladi, demokratik o'zgarishlar jarayoniga to'siqlar qo'yildi, xon manifestida aytilgan islohotlar bekor qilindi. Majlis keyinchalik xonga yon bosib, faoliyati bo'shashib ketishiga qaramasdan 1917 yil noyabr oyi oxirlarida xon Majlisni tarqatib yubordi. Asfandiyorxon Rossiya Muvaqqat hukumati, uning Turkistondagi vakillari bilan aloqa o'rnatishga intildi. Boshqaruvni yo'lga qo'yish uchun polkovnik Zaytsev Muvaqqat hukumatning Xorazmdagi harbiy komissari etib tayinlandi. U mamlakatdagi va Amudaryo bo'limidagi rus harbiy qismlari qo'mondoni ham bo'ldi. Zaytsev sentabr oyi boshida katta harbiy otryad bilan Xivaga keldi. Shu vaqtning o'zida turkman yovmutlarining boshlig'i Junaidxon (1857-1938) Xorazmga keldi. U 1916 yil qo'zg'oloni bostirilgandan so'ng Afg'onistonga o'tib ketgan edi. Junaidxon qisqa vaqt ichida o'z qo'l ostiga bir yarim ming qurolli otliqlarni to'pladi. 1917 yil oktabr voqealari Xorazm mustaqilligi uchun ham xavf tug'dirdi. Shu sababli mamlakat kuchlarini birlashtirish uchun harakat boshlandi. 1918 yil yanvar oyida Junaidxon mamlakat qurolli kuchlari qo'mondoni etib tayinlandi. Amudaryo bo'limi (markazi Petro-Aleksandrovsk-To'rtko'l) Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kirgan. Fevral inqilobidan keyin To'rtko'lda ham sovetlar tuzildi va faoliyatini boshladi. Bundagi so'l-ekstremistik guruhlar sovetlarga rahbarlikni qo'lga olish bilan qanoat-lanmasdan, bu yerdan butun Xorazmga tahdid sola boshladilar. 3. Bolshevistik tajovuzkorlikning kuchayishi. Xonning ag'darilishi. Respublikaning tuzilishi. Ma'lumki, oktabr to'ntarishi oqibatida tuzilgan sovet hokimiyati Sharq xalqlari, jumladan, Buxoro va Xorazm hududlari daxlsiz, podsho hokimiyati tuzgan mustamlakachilik bitimlari bekor qilindi, deb e'lon qilgan edi. Chorizm Amudaryoning o'ng qirg'og'i (To'rtko'l)ni Xorazmdan tortib olib, Turkiston general-gubernatorligiga qo'shgan edi. Xiva xoni To'rtko'l va uning atrofidagi yerlarni qaytarib berishni Turkiston bolshevistik rahbariyatidan talab qildi. Bunday talabni qo'yishga yana sabab shu ediki, To'rtko'l inqilobiy kuchlari Amudaryo so'l qirg'og'i yerlariga tahdidni kuchaytirib yubordilar. Xonga qarshi siyosiy muxoliflarni inqilobiy fitnachilik, zo'ravonlik ishlari doirasiga torta boshladilar. Ham Xiva xoni, ham TSR hukumati To'rtko'l (undagi harbiy istehkom, kemalar to'xtash joyi-pristan)ning muhim siyosiy-strategik ahamiyatini tushunar edilar va yon berishni istamadilar. To'rtko'ldagi harbiy garnizon, shuningdek, sovet-lardagi siyosiy unsurlar ichida kelishmovchiliklar va ziddiyatlar tobora kuchayib bordi. Xiva aholisi ham rus armiyasining mamlakatda turishiga norozilik bildirdi. Shu sababli Zaytsev ikkita piyodalar otryadini To'rtko'lga ko'chirdi. 1918-1919 yillarda Xorazmning iqtisodiy ahvoli og'irlashib, xalq ommasining moddiy qiyinchiliklari ortib bordi. Matbuotda ocharchilikning kuchaygani haqida xabar qilinadi. Asfandiyorxon hukmronligidan xalq ommasigina emas, amaldorlar va turkman qabilalari boshliqlari ham norozi edilar. 1918 yil 1 oktabrda saroy fitnasi oqibatida Asfandiyorxon o'ldirildi. Uning katta akasi Said Abdulla xon deb e'lon qilindi, hukumat boshlig'i Davlatmurod mahram bo'ldi. Yangi xon davlat ishlari bilan shug'ullanmas edi. Hokimiyat Junaidxon qo'lida markazlashdi. 1918 yil 25 noyabrda Junaidxon qo'shinlari Amudaryodan o'tib, To'rtko'lni olmoqchi bo'ldi va uni qamal qildi. Ammo Chorjo'ydan "Toshkent" paroxodida harbiy kuch yordamga yetib keldi va hujum natijasiz chiqdi. 9 aprelda Xiva yaqinidagi Taxtada bitim imzolandi. Unda, chunonchi, sovet hukumati Xorazm aholisining mustaqilligini tan oladi, deyilgan edi. Ammo Xorazmga qarshi tajovuzkorliklar to'xtamadi. To'rtko'l, o'ng qirg'oqning boshqa joylarida xonga qarshi muxolifatchilardan drujinalar tuzildi, ular qurol bilan ta'minlandilar. 1919 yil 19 avgustda katta kommunistik otryad Chorjo'ydan To'rtko'lga yetib keldi. Shuningdek, qator bolshevistik tashkilotchi va targ'ibotchilar ham yuborildi. 1919 yil kuzidan amaliy tajovuz boshlandi. Bolsheviklar Xorazm xalqi inqilob uchun yetilib, hatto mamlakatda qo'zg'olonlar boshlandi degan bahonada, go'yo ularga yordamga tayyor ekanliklarini e'lon qildilar. 1919 yil 21 noyabrda Turkfront harbiy inqilobiy soveti o'z vakili Skalovni yubordi. 28-va 30 noyabr kunlari To'rtko'lga qo'shimcha harbiy qismlar yetib keldi. Tajovuzkorlik harakatlari 1919 yil dekabridan boshlandi. 22 dekabrda shimoliy otryad, 24 dekabrda janubiy otryad Amudaryoni kechib o'tib, shahar va qishloqlarni ishg'ol qildi. 1920 yil 20 yanvarigacha shimoliy otryad Xo'jayli, Ko'hna Urganch, Porsu, Ilyali, Toshhovuzni egalladi, janubiy otryad 20 yanvarda Taxtani, 1 fevralda Xivani ishg'ol qildi. Download 1.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling