Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet73/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   69   70   71   72   73   74   75   76   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatni tashkiliy jihatdan uyushtirishda Farg'ona vodiysi, Buxoro va Xorazmdagi guruh rahbarlarining mazkur davrda bo'lib o'tgan o'ttizdan ortiq qurultoylarining ahamiyati katta bo'lgan. Ularda rahbarlar saylangan, yagona qo'mon-donlik ostiga birlashtirilgan. Ammo bunga doim ham amal qilinmas edi.

Turkiston ziyolilari va taraqqiyparvarlari-namanganlik Nosirxon to'ra Said Kamolxon to'ra o'g'li, toshkentlik muftiy Sadriddinxon Maxsum Sharifxo'ja qozi o'g'li, Turkiston M1K raisining sobiq o'rinbosari To'raqul Jonuzoqov, asli boshqirdistonlik Ahmad Zaki Validiy va boshqalar bu harakatni qo'llab-quvvatladilar.

3. Zulm va istibdodga qarshi olib borilgan janglar. Farg'ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati 1919 yil yozining oxiri va kuzida o'zining eng yuqori cho'qqisiga chiqdi. Madaminbek boshchiligidagi qo'shinlar safiga Jalolobodda turgan rus krestyanlar armiyasining qo'shilishi vodiyda sovet hokimiyatini ag'darish uchun real kuch edi. Sentabr oyining dastlabki kunlarida Madaminbek lashkarlari Jalolobod va O'sh shaharlarini egallashdi. Ular 13 sentabrda Eski Marg'ilon shahrini qizil bosqinchilardan ozod qildilar. Shu bilan birga vodiydagi eng yirik strategik shahar-Andijonni qamal qilishga kirishdilar. Madaminbek boshchiligidagi qo'shinning hujumi Farg'ona vodiysini larzaga keltirdi. 1919 yil 22 oktabrda Pomirning Ergashtom ovulida bo'lgan anjumanda Madaminbek boshchiligidagi Farg'ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga 16 yerli aholi va 8 rus vakili kiritildi. Madaminbek hukumat boshlig'i bo'lish bilan birga, Oliy Bosh qo'mondon ham etib tayinlandi.

1919 yil kech kuziga kelib Madaminbek qo'l ostida 30000 ga yaqin yigit qizil armiyaga qarshi istiqlol janglarini olib bordilar.

Madaminbek siymosida sarkardalik, davlat va siyosat arbobiga xos sifatlar uyg'unlashgan edi. U vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda o'z siyosiy boshqaruv usulini joriy qildi. "U bizning rahbarlik faoliyatimizda yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarimizdan ustalik bilan foydalanardi. Uning "boshqaruv apparati", o'zining tribunali, o'zining "genshtabi" bo'lgan; u qonunlar chiqargan", deb e'tirof etadi Madaminbekka qarshi kurashgan dushmanlardan biri-qizil komissar Gramatovich.

Tarixchi Ra'no Rajabovaning yozishicha, qizil armiya qo'mondonligi, bolsheviklar bu kurashda jiddiy yutuqlarni qo'lga kirita olmaganliklari oqibatida Farg'ona vodiysining tinch aholisidan vahshiylarcha o'ch ola boshladi. Chunonchi, 1918 yilda qizil askarlar va dashnoqlar Chustda 1500 kishini qatl qildilar. 1918 yil oxiri-1919 yil boshida bu kuchlar Bozorqo'rg'on, Qo'qon-qishloq, So'zoq qishloqlariga bosqinchilik hujumlari uyushtirib, dehqonlarni qirg'in qildilar, mol-mulklarini taladilar, qishloqlarga o't qo'ydilar.

1919 yil bahorida rus krestyanlari sovet hokimiyati siyosati, tinch aholining qirg'in qilinishidan norozi bo'lib, krestyanlarning Monstrov qo'mondonligi ostidagi armiyasi Madaminbek lashkarlari bilan qo'shildi. Qizil armiyaga qarshi janglar olib bordi.

Farg'ona vodiysiga bolsheviklar tomonidan qo'shimcha kuchlarning tashlanishi natijasida 1920 yil yanvar oyining o'rtalariga kelib jangovar tashabbus qizil armiya qo'liga o'tdi. Katta Ergash qo'rboshining qo'shini mag'lubiyatga uchragach (u 1921 yil dekabrda Xonoboddagi qarorgohida qizil askarlar bilan bo'lgan jangda o'ldirildi), Shermuhammadbek asosiy kuchlarini olib Oloy vohasiga chekindi. Madaminbek vaqtdan yutish uchun Farg'ona fronti qo'shinlari qo'mondonligiga yarash muzokaralari boshlashni taklif qildi. Natijada Madaminbek bilan 2-Turkiston o'qchi diviziyasining boshlig'i Veryovkin-Roxalskiy o'rtasida 1920 yil 6 martda Farg'ona shahrida yarash bitimi imzolandi.

Shuni aytish kerakki, ko'pincha guruh boshliqlari o'zaro kelisholmasdi, ular orasida jipslik, hamjihatlik yo'q edi. Shuning uchun ham bu harakat mag'lubiyatga uchradi. Bir-birini qo'llab-quvvatlash o'rniga qo'rboshilar raqobatchilik psixologiyasidan chiqa olmadilar. Shu sababga ko'ra Madaminbek qon to'kishni to'xtatish maqsadida muzokaralar olib borish uchun qo'rboshilar bilan uchrashganda Shermuhammadbekning roziligi bilan Xolxo'ja eshon 1920 yil 14 mayda Qorovul qishlog'ida uni xiyonatkorona o'ldirdi. Madaminbek o'rtadan ko'tarilgach, ertasigayoq bolsheviklar qurolli harakatlarni kengaytirdilar. Ammo Turkiston xalqlarining sovetlarga qarshi janglari 1920 yilda va undan keyin ham davom etdi. Farg'ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi kurashlar bilan bir qatorda, endilikda Buxoro va Xorazmda ham bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurash boshlandi.

Turkistondagi harakat 1920 yilning yozi va kuzida o'zining yangi bosqichiga kirdi. Kurash yana ham shafqatsiz va murosasiz tus oldi. Turkiston MIK raisi Inomjon Xidiraliyevning keyinchalik yozishicha, "1920 yil sentabrda bosmachilarning soni 70000 kishiga yetdi va kuchli vahima uyg'otdi...".

Turkistondagi sovet hokimiyatiga qarshi harakatning 1921-1922 yillarda qaytadan ko'tarilishi va avj olishiga sovet hokimiyati tomonidan yuritilgan o'ziga xos mustamlakachilik siyosati, tinch aholining ommaviy ravishda qirg'in qilinishi jiddiy sabab bo'ldi.

1921 yil 13 sentabrda Farg'ona vodiysida favqulodda holat e'lon qilindi. 1921 yil noyabrda Farg'ona viloyatida harbiy diktatura o'rnatildi va Turkfront harbiy inqilobiy kengashi a'zosi P.Baranov Farg'ona viloyatining harbiy boshlig'i qilib tayinlandi.

Turkkomissiya, keyinchalik Turkbyuro qizil qo'shinlar harakatini boshqarib, Markazga hisobot berib turdilar. Markaz harakat boshliqlariga nisbatan shafqatsiz jazo choralari qo'llash lozimligini qat'iy talab qildi.

Shermuhammadbek boshchiligida tuzilgan Turkiston muvaqqat hukumati 1922 yil oxirida tarqalib ketdi. Uning o'zi qator janglardan keyin 1922 yil dekabr oyining so'nggi kunlarida Buxoro respublikasi hududiga, 1923 yil bahorida esa Afg'oniston davlatiga o'tib ketdi.

Farg'ona vodiysida 1923-1924 yillarda kurashchilarning kichik-kichik guruhlari jang harakatlarini olib bordilar. Farg'onada ularning soni 1923 yilda 350-400 atrofida edi. Lekin ular kurashning mazkur bosqichida turli sabab va mahalliy shart-sharoitlar natijasida doim ham bir-birlari bilan kelishib ish ko'rmadilar.

Bu harakat sovet totalitar tuzumi o'zbek xalqiga va butun Turkiston xalqlariga o'tkazgan zulmi, istibdodiga qarshi qaratilgan edi. Shuning uchun ham biz uni milliy-ozodlik harakati deb baholaymiz.

Lekin uning rahbarlari hammasi ham progressiv fikr yurituvchi bo'lgan deyish mumkin emas. Ayrimlari (masalan, Madaminbek) dunyoviy taraqqiyotga intilgan davlat qurmoqchi bo'lsa, boshqalari (masalan, Ibrohim-bek) Buxoroga amir hokimiyatini qaytarish tarafdori edi. Ularning ayrimlari dunyoqarashlari tor, bir-biridan ustun bo'lishni xohlar edilar. Shuning uchun ham ular orasida jipslik, hamjihatlik yo'q edi.

Shu bilan birga sovet hokimiyati zo'ravonlik usuli bilan xalqni o'ziga og'dirolmaganligini tushunib, ayrim islohotlarga yo'l ochib berdi. Masalan, yangi iqtisodiy siyosatning (YaIS-NEP) kiritilishi, vaqflarning qaytarilishi, eski maktablarning qaytadan ochilishi urushlardan charchagan xalqni chalg'itdi. Ammo bu islohotlar vaqtincha nayranglar bo'lganligi qurolli harakat tugatilishidan keyin ayon bo'ldi va ular yo'qqa chiqarildi.

Ammo shubhasiz, sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatni xalq qo'llab-quvvatladi va uning tarixi bolshevizm mafkurasining Turkiston xalqlari turmush tarziga zidligini ko'rsatib beradi.

12-§. Iqtisodiy inqirozdan chiqish tadbirlari.

Yangi iqtisodiy siyosat va uning natijalari

1. Iqtisod sohasidagi yangi chora-tadbirlar hamda siyosatning mazmun-mohiyati. Xo'jalikning vayronligi, qahatchilik jamiyatning barcha qatlamlari, ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar, guruhlar faoliyati, manfaatlari, qarashlari, kayfiyatiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Ular iqtisodiy inqirozdan chiqishni qat'iy talab qilish bilan birga, buning yo'llari to'g'risida ham mushohada qildilar. Turkistonda aholining ko'pchiligi-ni tashkil qilgan dehqonlar razvyorstka asosida ortiqcha mahsulotni tortib olishni to'xtatishni, majburiy mehnatga jalb qilishni, savdo, mol ayirboshlashni tartibga solishni talab qildilar. Hunarmand-kosiblar materiallar olish, tayyor mahsulotlarni sotish uchun sharoitlar bo'lishi talabi bilan chiqdilar. Ishchilar, idora xodimlari, ziyolilar xo'jalikni oyoqqa turg'izish asosida ishsizlikka, qahatchilikka barham berish, hayot darajasini ko'tarishga intildilar, madaniy-ma'rifiy muammolarga diqqatni qaratdilar. Nihoyat, sobiq korxonalar egalari, tijorat ahli iqtisodiyotdagi inqirozli ahvoldan qutulish uchun mulkdorlar faoliyati, moddiy manfaatdorlik tamoyillari, pul-tovar munosabatlarining tarixan hal qiluvchi rol o'ynaganiga jamoatchilik diqqatini tortdilar.

Sovet hokimiyatining inqilobiy o'zgarishlari, ilgari surgan so'l xayoliy, hayot voqeligidan butkul uzoq siyosati mag'lubiyatga uchragan bilan bir qatorda bolshevistik hukumatga halokatli xavf tug'dirardi. Mar-kazdagi "dohiy"lar buni tushunib yetdilar. Ular o'rtasida kurash keskinlashdi. Og'ir iqtisodiy vaziyat, jumladan, Turkistondagi ahvol iqtisodiyot tarmoqlarida, uni boshqarishda tub o'zgarishlar yasash zarurligini ko'rsatdi.

1921 yil boshlarida qator muhokamalar natijasida iqtisodiyot sohasida bir qator ko'nikmalar e'lon qilindi, bu sovet mamlakatida yangi iqtisodiy siyosat (YaIS) nomini oldi. Uning asosiy mazmun-mohiyati harbiy kommunizm siyosati, oziq-ovqat razvyorstkasi dehqon mahsulotlarini tortib olishni yo'q qilish, mulkchilikning turli shakllari, soliqlar tizimini joriy etish va erkin bozor-ga o'tishdan iborat edi.

O'ta salbiy inqilobiy o'zgartirishlarni tanqidiy qayta qurish, ulardan voz kechish bozor munosabatlariga asoslangan yo'lning tiklanishini bildirmas edi, albatta. Hokimiyat batamom erkin rivojlanish jarayoniga yo'l ochish, iqtisodiyot ustidan siyosiy-partiyaviy nazorat va ta'sirni bo'shashtirib yuborishni xohlagan emas. Xalq xo'jaligida yetakchi tarmoqlar yirik korxonalar, temir yo'l, tashqi savdo, Turkistonda paxtani qayta ishlash korxonalari-davlat tasarrufida saqlab qolinib, ularni tiklash, ishga solish rejalashtirildi. Boshqa tarmoqlarni vayrongarchilikdan qutqarish uchun shaxsiy sarmoya-larni jalb qilish, qishloqda va shaharda chakana tad-birkorlik, ijara, yollash-yollanish, savdo erkinligi e'lon qilindi. Xo'jalik faoliyati, munosabatlarining soliqlar orqali boshqarilishi, qishloqda natural oziq-ovqat solig'ining joriy qilinishi ko'zda tutildi. Shahar bilan qishloq o'rtasidagi iqtisodiy munosabatlarga siyosiy tus berilib, mol-tovar ayirboshlash mo'ljallandi. Dehqon xo'jaliklarini soliqqa tortish asosan oziq-ovqat, birinchi galda g'allakorlik borasida nazarda tutilgan. Boshqa ekinlar, xususan, paxta to'g'risida aniq ko'rsatmalar dastlab bo'lgan emas. Shunga qaramay, Turkistonda yangi iqtisodiy siyosat asosida xo'jalikni jonlantirish, ishlab chiqarish kuchlarini tiklash uchun imkoniyatlar paydo bo'ldi. Hokimiyatning iqtisodiy siyosatida yangi tadbirlar muayyan maqsadlarga yo'naltirilgan edi.

2. Turkistonda iqtisodiyotdagi kelishuvchilik jarayonlari. O'lkada yangi voqelik dastlab shaharlarda, ishlab chiqarish, tijorat sohalarida yuz berdi. 1921-1922 yillarda faqat Toshkentda 86 ta korxona, 2386 ta do'kon, shuningdek, bozorlar, karvonsaroylar, hammomlar, tomoshaxonalar va boshqalar davlat tasarrufiga olindi, ular qisqa vaqtda ishga tushirilib, xizmat ko'rsata boshladilar. Shirkatlar, birjalar tiklandi, yarmarkalar uyushtirildi.

Hunarmandchilik tez tiklandi. Turkistonda 1920 yilda 30 ming atrofida kosib qolgan bo'lsa, 1923 yilda ularning soni 110 mingga yetdi. Hunarmandlar aholining deyarli barcha ehtiyojlarini qondirar edilar. Hunarmandlar bozorga chiqarilgan poyafzalning 86 %ini, ish-langan terining 76 %ini, kiyim-kechak va bosh kiyimlarning 85 %ini, idish-tovoqlarning 60 %ini ishlab chiqardilar. Ko'pgina ro'zg'or buyumlari, dehqonchilikda zarur qurollar ham hunarmandchilik mahsulotlari edi.

Davlat iqtisodiyotni boshqarish tizimini yangi sharoitlarga moslashtirish choralarini ko'rdi. 1921 yil mart oyida Turkiston Iqtisodiy Kengashi (TurkEKOSO) tuzilib, mahalliy iqtisodiy kengashlar uning tasarrufiga o'tkazildi. Shuningdek, TurkEKOSO tarkibida Davlat Planlashtirish Komissiyasi (Gosplan) tuzildi.

Pul xo'jaligi jiddiy amaliy ifoda kasb etdi. 1921 yilda Turkiston bonlari muomaladan chiqarilib, Rossiya qog'oz pullari muomalaga kiritildi, lekin ular tez orada qadrsizlanib qoldi. 1922 yilda boshlangan pul islohoti (pul almashtirish) uch yil davom etdi. Oltin hisobidagi chervonlar, kumush va mis tangalar chiqarildi. Markaziy banklarning bo'limlari, Turkistonning o'z banklari tashkil etilib, faoliyat ko'rsatdi. Davlat daromadlari va xarajatlari hisobga olinib, byudjet tuzishga kirishildi.

Davlat tasarrufida qoldirilgan korxonalarning xo'jalik hisobida faoliyat ko'rsatib, xarajatlarni daromaddan qoplay olganlari kreditlar bilan ta'minlandi, mahsulot chiqarish kengaytirildi. Bu jarayonda ba'zida ishchi, xiz-matchilar soni qisqartirildi. Transport, sanoat tiklanib bordi. Elektrstansiyalar, tramvay ishga tushirildi, korxonalar, ijaraga olingan obyektlar aholi talablari uchun mahsulot chiqarib, xizmat qila boshladilar. Chunonchi, o'lka sanoat korxonalari mahsulotining umumiy hajmi 1923/24 xo'jalik yilida 1921 yildagiga nisbatan 1,7 rnarta o'sdi. Sanoat mahsulotlarining miqdori 1923 yildagi 5 mln oltin so'mdan 1924 yilda 7 mln 322 ming oltin so'mga yetdi.

Sanoat va hunarmandchilik sohalariga nisbatan iqtisodiy siyosatdagi liberallashuv (kelishuvchilik)ning mazmun-mohiyatini ma'muriy-siyosiy tazyiqni bo'shashtirish, moddiy manfaatdorlik uchun imkoniyatlar yaratish, xo'jalik hisobi tamoyillaridan keng foydalanish tashkil qildi. Xo'jalik faoliyatiga erkin raqobat kirib kelib, yakkahokimlik (monopoliya), jumladan, davlat monopoliyasi dastlab cheklandi, keyinchalik esa bekor qilindi.

3. Dehqon xo'jaliklari va Ya.I.S tamoyillari. Qishloq xo'jaligini tiklash, oziq-ovqat taqchilligini bartafaf qilish uchun oziq-ovqat solig'iga o'tildi. Bu dehqon xo'jaligini ko'tarish uchun yo'l ochdi. Soliqni to'lagandan so'ng ortiqcha mahsulotni bozorda sotish, xo'jalikka zarur narsalarni sotib olish imkoniyati tug'ildi. Dastlab o'lkada oziq-ovqat solig'i sakkizta natural soliqdan tarkib topdi. Bu chalkashlik va suiiste'mollarga sabab bo'ldi. Soliq tizimini takomillashtirish choralari ham ko'rildi. 1921 yilda ekin yerlari maydoni oldingi yilga nisbatan ancha kengaydi. Lekin chalkashlik hamon salbiy ta'sir ko'rsatardi. Oziq-ovqat solig'i 1921 yilda 76 % ga, 1922 yilda qariyb 98 %ga bajarildi. Yangi yengillik tug'dirgan tamoyillar dehqonlar o'rtasida keng targ'ib qilinmadi. Rahbarlikning ma'muriy usullarini qo'llash davom etdi. Chunonchi, 1921 yilning yozida irrigatsiya tarmog'i harbiylashtirildi. Dehqon xo'jaligi bu tarmoqda majburiyatni bajarish bilan birga, suv solig'ini to'lashi lozim edi.

Qishloq xo'jaligida moddiy yordam ko'rsatish uchun yagona oziq-ovqat solig'iga, keyinchalik natural shakldan pul bilan to'lashga o'tildi. 1923 yili Toshkentda qishloq xo'jalik banki ta'sis etildi. O'lkada irrigatsiyani tiklash uchun 1922-1923 xo'jalik yiliga 5 mln 850 ming oltin so'm, kelgusi yilga 4 mln 800 ming va 1924/25 xo'jalik yiliga 6,5 mln oltin so'mga yaqin mablag' ajratildi. Bu mablag'lar sug'oriladigan ekin maydonlarini qayta tiklash uchun dehqonlarga ularning uyushmalari orqali kreditga berildi.

Paxtachilikni tiklashga Rossiya markaziy to'qimachilik korxonalari ayniqsa muhtoj edi. Markaz bunga alohida ahamiyat berdi. Bu ishni tashkil qilish uchun Markazda paxtachilik bosh boshqarmasi (FjiaEXJionicoM) ta'sis etildi, uning bo'limlari Turkistonda, boshqa joylarda ish ko'rdi. Turkistonga g'alla, boshqa mollar yuborila boshlandi. Paxta soliqdan ozod qilindi, uning xarid narxi oshirildi. Hatto paxta yetishtirgan boy dehqonlarga ham paxtachilik qo'mitasi homiylik qila boshladiki, bu hol o'lkadagi rahbar bolsheviklarning noroziligini uyg'otdi. 1923 yilda paxtaga davlat monopoliyasi bekor qilindi.

Qishloq xo'jaligi, xususan, paxtachilikni tiklash uchun shirkatchilik uyushmalari (kooperatsiya) shakllari tashkil qilindi, davlat-bank mablag'lari shular orqali dehqon xo'jaliklariga kredit qilib beriladigan bo'ldi. Kooperatsiya turlari oldin ham bo'lgan, ammo sovet hokimiyati ularni burjuacha tashkilot deb tarqatgan edi. Yangi kooperativlar 1921 yilda tuzildi. Paxta tozalash zavodlari, paxtani xarid qilgan idoralar paxtakor dehqonlarni kooperativlarga uyushtirib, ularga hosilni terguncha kredit berib turganlar. Bularning soni 57 ta edi. Davlat keng miqyosda kreditlashni 1923 yil bahorida amalga oshirdi. Paxtakor kooperativlar va melioratsiya kooperativlari tuzildi. Paxtakor kooperativlar soni 1923 yil oxirida 417 tani, ularga a'zolar soni 66 ming xo'jalikni tashkil etdi. Ularning soni 1924 yilda 523 va 124 ming, 1925 yilda 723 va 270 ming xo'jalikka yetdi. Meliorativ kooperativlar soni 1923 yilda 7 ta, 1924 yilda 29 taga yetdi. Kreditdan foydalangan dehqon xo'jaliklari paxta maydonlarini kengaytirib bordilar.

Turkistonning uch viloyatida 1922 yilda paxta hosili 39 ming tonnani, 1923 yilda 111 ming va 1924 yilda 209 ming tonnani tashkil etdi. 1924 yilda ekin yerlarining umumiy maydoni Birinchi jahon urushidan oldingi hajmning 60 % ini tashkil qildi. Qishloqda chorvachilik va boshqa tarmoqlar ham tiklana bordi.

4. Ijtimoiy hayotdagi ahvol. Bozor munosabatlariga, xo'jalik faoliyatida moddiy manfaatdorlikka imkoniyatlarning tug'ilishi qiyinchiliklarni yenga boshladi. Ocharchilik chekindi. 1924 yilda Farg'ona vodiysi halokatli ahvoldan qutuldi.

Soliq sohasida kambag'al oilalarga imtiyozlar berildi. Soliqlarni asosan tadbirkorlar, tijoratchilar, o'rtahol va yirik dehqon xo'jaliklari, hunarmandlar to'lar edilar. 1922 yil may oyidan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari-ning yakka shaxslar tomonidan o'lkadan tashqariga olib chiqib ketilishi taqiqlandi.

Eski shaharlar, mavzelar va tumanlarning aholisi dala yerlari, bog'-rog'lari hosili, sigir, qo'y-echkilari mahsulotlaridan foydalanar, bir qismini sotuvga ham olib chiqar edi.

Ijtimoiy siyosatda davlat yer maydonlariga artellar, kolxozlar, sovxozlar tuzib, ularning faoliyatini yo'lga qo'yishga harakat qildi. Lekin bu tadbirlar ijobiy natija bermadi. Mehnat vositalari, urug'lik, dastlabki mablag'lar bilan ta'minlanmagan kolxoz va artellar tarqalib ketar edi. Ayrim sovxozlarni xlopkomlar ijaraga olib, ishchilar yollab ixtisoslashtirdilar. Keng dehqon xo'jaliklariga nisbatan yuritilgan siyosat va amaliy chora-tadbirlar o'rtahol xo'jaliklarni qo'llab-quvvatlash, ularning sonini ko'paytirib borishga qaratildi.

Qishloq xo'jaligida ish hayvonlarining yetishmasligi jiddiy muammo tug'dirdi. O'lkada chetdan, ayniqsa, Xitoyning chegara oldi yerlaridan ho'kiz va otlar sotib olishga mablag' (oltin, kumush pullar) ajratildi, sotib olingan qoramollarni chegaradan boj to'lamay olib kirishga ruxsat berildi. 1924 yilda Farg'ona vodiysiga 20 ming bosh qoramol keltirildi.

Xususiy savdo bilan birga davlat savdosi ham olib borildi. Ammo davlat magazinlari, do'konlarida gazmol, kiyim, kerosin va boshqa mollarning narxi baland bo'lib, keng aholining ularni sotib olishga qurbi yetmay qoldi. Natijada 1923 yil kuziga kelib, bir tomondan, savdo inqirozi (mollarning sotilmay qolishi), ikkinchi tomondan esa qimmatchilikdan noroziliklar kelib chiqdi. Bu hol shunday jiddiy tus oldiki, hukumat tezda narxlarni tushirishga majbur bo'ldi.

Xo'jalikni ko'tarishga qaratilgan siyosatda salbiy jihatlar ham bor edi. Chunonchi, davom etib kelgan an'anaga ko'ra, mintaqada gidrotexnika va katta ariqlar davlat mablag'lari hisobiga, mahalliy ahamiyatga ega ariqlar esa dehqonlarning o'zi tomonidan yil sayin ta'mirlanib, tartibga keltirib turilardi. Biroq sovet organlari bunga amal qilmadi, ishning ba'zi og'irliklari xalq zimmasiga yuklatildi. Sug'orish inshootlarini tiklash ishlari iqtisodiy jihatdan rag'batlantirilmadi.

20 yillarning o'rtalarigacha iqtisodiy liberallashuv, kelishuvchilikning tiklanishi bilan bir qatorda hokimiyat siyosatida sinfiylik va siyosatlashtirish tamoyillari ham ko'zga tashlandi.

13-§. Xorazm Respublikasida ijtimoiy-siyosiy jarayonlar

(1920-1924 yillar)

1. Respublikada hokimiyat tizimining shakllanishi. 1920 yil 1 fevralda xon taxtdan voz kechdi, 2 fevralda yangi hokimiyat o'rnatilgani e'lon qilindi. Yosh xivaliklardan iborat muvaqqat huku-mat eski, xon davridagi boshqaruv mahkamalarini tarqatib yuborish, yangi hokimiyat organlari, qonun-qoidalarni joriy qilishga kirishdi. Xalq noroziliklari kuchaydi. Xon davri soliqlarini bekor qilish, sudlov, vaqf mulklari, pul muomalalari, yangi soliqlar to'g'risidagi bir qator dekretlar shoshilinch qabul qilindi.

26 aprel kuni xalq vakillarining Butun Xorazm 1 qurultoyi Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilganini e'lon qildi, respublika hukumati-Nozirlar sho'rosi tayinlandi. Qurultoyda respublika Konstitutsiyasi tasdiqlandi. Hukumat raisi etib Yosh xivaliklardan Polvonniyoz Hoji Yusupov, uning muovinlari qilib Jumaniyoz Sultonmurodov va turkman Qo'shmamedxon Sapiyev saylandilar. Adliya noziri qilib Bobooxun Salimov tayinlandi.

Xorazm respublikasi Konstitutsiyasi 1 Butun Xorazm xalq qurultoyida qabul qilingan bo'lsa ham, bu masala takror ko'rildi. 2 va 3 qurultoylarda Konstitutsiya to'la-to'kis qabul qilindi, ammo 4 qurultoy (1923 yil oktabr) unga jiddiy o'zgartirishlar kiritdi. Bunda g'oyaviy-siyosiy kurashlar o'z aksini topdi. Konstitutsiyaning asosiy g'oyasi barcha fuqarolarning tengligi, jamiki boyliklar, yer-suv xalqniki kabi tamoyillardan iborat bo'ldi.

Hokimiyat xalq vakillari qatnashgan boshqaruv organlari tizimi shaklida tarkib topdi. Oliy hokimiyat xalq vakillari Butun Xorazm qurultoyi edi, keyinchalik u sovetlar qurultoyi deb ataladigan bo'ldi. Ijroiya hokimiyati xalq nozirlari soveti, shuningdek, mahalliy tuzilmalar-mahalliy sovetlar edi. Joylardagi bir qator mansabdorlar, jumladan, oqsoqollar aholi tomonidan saylanadigan bo'ldi. Shahar beklari, mahalliy hokimlar lavozimlari bekor qilindi. Revkomlar va hukumat tayinlaydigan 3-5 kishidan iborat xalq vakillari sovetlari tashkil etildi. Qozikalon o'z o'rnida qoldi, shu bilan birga oliy sud (qozilik kollegiyasi) joriy qilindi, joylarda qozilar o'rniga adliya mahkamalari tashkil etildi. Qozilar belgilangan maosh olishga ko'chirildi, chakana daromad olish man qilindi. Maorif va madaniyat nozirligi tarkibida vaqf mulklari boshqarmasi tuzildi.

Respublikada rus harbiylari va bolsheviklar tashkil qilgan tribunallar ham bo'lib, ularning ishi siyosiy yo'naltirilgan edi. Tribunallar xohlagan ishni o'z tasarrufiga olib ko'rar, inqilobiy qonunchilik asosida hukmlar chiqarar va ularni ijro etardi. 1921 yil oxiri-1922 yil yozi davomida 32 ta ish ko'rilib, ularning 10 tasi bo'yicha oliy jazo chiqarildi. O'limga hukm etilganlar orasida hukumatning sobiq a'zolari ham bor edi. Qisqa vaqt ichida tribunallar yana 23 ish bo'yicha oliy jazolar chiqardi.

Qoziliklar, yangi adliya mahkamalari asosan shariat yuzasidan ish yurg'izardilar.

Ma'muriy jihatdan respublika 4 viloyat: Hazorasp, Urganch, Toshhovuz, Xo'jayli va 26 ta tumanga bo'lingan. 1922 yilda turkman, qozoq, qoraqalpoq ma'muriy viloyatlarini tuzish haqida qaror qabul qilingan.

Xorazm aholisi, uning turli qatlamlari va vakillari yangi sharoitlarda boshqaruv organlarini tashkil etishda va ularning faoliyatida qizg'in ishtirok etdilar. Jamiyatda barqarorlikni joriy qilish, iqtisodiy-xo'jalik hayotini yo'lga qo'yish uchun sa'y-harakatlar qilindi.

Hokimiyatni dastlab Yosh xivaliklar partiyasi boshqardi. Uning siyosiy yo'lini 1920 yil 8 aprelda qabul qilingan "Xiva inqilobiy partiyasi dasturi" hamda 30 aprelda qabul qilingan respublika Konstitutsiyasi belgiladi.

Yana bir siyosiy uyushma Xorazm kompartiyasi edi. U xon hokimiyati ag'darilgandan so'ng Turkiston bolsheviklari homiyligi ostida tashkil topdi, so'1-ekstremistik siyosatni o'tkazish vositasiga aylandi. Xorazm kompartiyasining 1 qurultoyi 1921 yil 10-11 dekabrda o'tib, uning a'zolari soni 1200 kishini tashkil qildi. RKP(b) tomonidan o'tkazilgan 1923 yilgi "chistka"da XKP a'zo-larining 32 %i partiyadan o'chirildi.

1921 yil martida Yosh xivalik P.Yusupov boshliq hukumatning ag'darilishi oqibatida hukumat tarkibida kompartiya a'zolari soni ko'paydi. Ammo hokimiyatning boshqa qismlarida Yosh xivaliklar va ularning g'oyalari ta'siri kuchli edi. Bu hol respublikadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning mazmun va mohiyatini belgilab bordi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   69   70   71   72   73   74   75   76   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling