2.1-rasm. Silindr shaklidagi to’sinsiz ustyopmani bir butun quyma temir-beton sig’im
1 - sig’im devori; 2 - lyuk; 3 - to’sinsiz ustyopma; 4 - kolonnalar ; 5 - kolonnalarning kengaytirilgan qismi (kapitel); 6 - inshoot tubi; 7 - chuqurcha.
Bir butun quyma temir-beton sig’imlarning yuqorida bayon etilgan konstruktiv echimlaridan tashqari boshqa loyiha variantlari ham mavjud. Masalan, ayrim hollarda to’sinli ustyopmaga ega bo’lgan temir-beton sig’imlardan ham foydalaniladi. Bunday sig’imlarda kolonnalar qadami 6x6 m va undan ham katta bo’lishi mumkin. Sig’im devorlariga tayanadigan ustyopma gumbaz shaklida bo’ladi va uning tubi konus shaklida bo’lib, chetlaridan markaziga tomon pasayib boradi. Lekin bunday temir-beton sig’imlarni qurish texnologiyasi birmuncha murakkab bo’lganligi uchun, ular juda kam quriladi. Suv ta’minoti tizimida aksariyat xollarda silindr shaklidagi yig’ma temir-beton suv saqlash sig’imlaridan keng foydalaniladi. Bunday sig’imlarning tubi ko’pincha bir butun quyma tarzda, devorlari va ustyopmalari esa yig’ma tarzda etib loyihalanadi (2.2-rasm).
2.2-rasm. Silindr shaklidagi yig’ma temir-beton sig’im
1-trapesiya shaklidagi yopma plitalar; 2-xalqasimon to’sin; 3-kolonnalar; 4-devor panellari; 5-inshoot tubi; 6-beton taglik; 7-oldindan zo’riqtirilgan xalqasimon armaturalar; 8-himoya qatlami (torkret-beton).
Yig’ma temir-beton sig’imlarning devorlari uzunliklari sig’im balandligiga teng bo’lgan bir nechta yig’ma temir-beton panellardan tashkil topadi. Devor panellari sig’im tubining perimetri bo’yicha joylashgan ikki xalqasimon qovurg’alar orasiga vertikal tarzda joylashtiriladi. (2.3, a-rasm). Devor panellari orasidagi vertikal choklar beton bilan to’ldiriladi. Choklarga quyilgan betonning mustahkamligi uning loyihadagi mustahkamligining 70% ga etganida, sig’im devorlari tashqaridan oldindan zo’riqtirilgan xalqasimon armaturalar bilan siqiladi. Shundan so’ng sig’im devorlari tashqi tomondan himoya qatlami sifatida “torkret-beton” bilan qoplanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |