Tuproqning singdirish sig‘imi va unga o‘g‘itlarning ta’siri
Tuproqqa yutilgan, almashinish xususiyatiga ega bo‘lgan barcha kationlarning yig‘indisiga tuproqning singdirish sig‘imi deyiladi. U 100 g tuproqda mg/ekv birlik bilan ifodalanadi. Masalan: 100 gr tuproqda 200 mg. Ca, 36 mg. Mg va 9 mg. NH4 singdirilgan bo‘lsa bu tuproqning singdirish sig‘imi:
200 36 9
----- + ------ + ------- = 13,5 mg/ekv.ni tashkil qiladi.
20 12 18
Tuproqning singdirish sig‘imiga tuproq tarkibidagi kolloidlar miqdori, kolloidlarning tarkibi, tuproq reaksiyasi (rN) kabi faktorlar ta’sir qiladi.
Tuproqqa fiziologik asosli va fiziologik nordon o‘g‘itlarning qator yillar, ayniqsa yuqori me’yorda solinishi tuproq eritmasi muhitning asosli yoki nordonlik tomonga o‘zgartirib yuboradi. Bu esa tuproq singdirish xususiyatlari va singdirish sig‘imining u yoki bu tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
Tuproqqa mahalliy o‘g‘it (ayniqsa go‘ng) solinishi tuproqdagi organik va organo-mineral kolloidlarning oshishiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida, tuproq singdirish sig‘imining oshishida katta rol o‘ynaydi.
Savollar
Qanday zarrachalarni tuproq kolloidlari deyiladi?
Tuproq singdirish turlarini sanab bering.
Tuproq singdirish sig‘imi o‘g‘itlar ta’sirida qanday o‘zgaradi?
V-bob. Tuproq eritmasi, buferligi va reaksiyasining
o‘g‘itlar qo‘llash bilan bog‘liq xususiyatlari
5.1. Tuproq eritmasining bosimi va uni o‘zgargiruvchi faktorlari
Tuproq qatlamlariga shimilgan nam undagi moddalarni eritib tuproq eritmasini hosil qiladi. Tuproq eritmasining tarkibi mineral, organik, va organo-mineral birikmalardan hamda HC03-, OH-, Cl- N03-, H2PO4- kabi aniaonlar hamda H+, Na+, K+, Ca+, Mg+2, Fe3+ kabi kationlardan iborat.
Tuproqdagi suv miqdori, issiqlik darajasi va turli biologik, bioximik va kimyoviy hodisalar hamda gumifikatsiya va mineralizatsiya jarayonlari natijasida tuproq eritmasining tarkibi va konsentratsiyasi tez-tez o‘zgarib turadi. Bunday hol o‘g‘itlanadigan va sug‘oriladigan tuproqlarda, ayniqsa kuchli namayon bo‘ladi.
O‘simliklarning oziqlanishiga ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim faktorlardan biri bu tuproq eritmasining osmotik bosimi bo‘lib, u eritmaning konsentratsiyasiga, undagi moddalar dissotsialanish darajasiga bog‘liq.
Tuproq eritmasining osmotik bosimi sho‘rlanmagan tuproqlarda 1,40, sho‘rxoklarda 24,4 atmosferani tashkil qiladi. Eritmaning bosimi yil davomiga qarab ham o‘zgarib turadi. Bo‘z tuproqlar eritmasining bosimi bahor faslida 2,3 atm. bo‘lsa, yozda 3,3 atm. ga boradi. Sug‘organda tuproq bosimi kamayadi. Tuproq eritmasi bosimi 2-3 atm bo‘lganda ko‘pchilik o‘simliklar oziqlanishi uchun optimal sharoit yaratiladi. Mineral o‘gitlarning solinishi, tuproq tarkibidagi tuzlar miqdorining ko‘payishi, tuproq namligining kamayishi tuproq eritmasi bosimining oshishiga sabab bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |