12 BOB. ISHNI SUDDA KO‘RISHGA TAYYORLASH
Ishni sudda ko‘rishga tayyorlashning maqsadi va vazifalari
Har bir ishni sudda ko‘rishga tayyorlash sudning odil sudlovni amalga oshirish vazifasini bajarishiga qaratilgan iqtisodiy protsessning zaruriy hamda mustaqil bosqichi hisoblanadi. Bu bosqich da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish bilan sud muhokamasi bosqichlarini o‘zaro bog‘lab turuvchi bo‘g‘indir, uning maqsadi iqtisodiy nizoni to‘g‘ri va o‘z vaqtida qabul qilinishini ta’minlashdan iborat.
Ishni ko‘rishga tayyorlash vazifalari:
nizoli huquqiy munosabatning xarakteri va qo'llanishi lozim bo'lgan qonun hujjatlarini, ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni aniqlash;
ishda ishtirok etuvchi shaxslar tarkibi va iqtisodiy protsessning boshqa ishtirokchilarini aniqlash masalasini hal etish;
ishda ishtirok etuvchi shaxslarga zarur bo‘lgan dalillarni taqdim etishda ko‘maklashish;
taraflarni murosaga keltirish hisoblanadi.
Ishni sudda ko‘rishga tayyorlash bosqichi sudya tomonidan har qanday ishni ko‘rishda amalga oshirilishi lozim. Bu qoidaga rioya qilmaslik amaliyotda ishlar ko‘rilishini cho‘zilib ketishiga, ayrim hollarda esa noto‘g‘ri qarorlarni qabul qilinishiga olib keladi. Ishni ko‘rishga puxta, to‘liq tayyorgarlik ko‘rilmasligi natijasida sudda ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga, bu esa sudya tomonidan yangi sud majlisi o‘tkazishni tashkillashtirish va o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha harakatlarni amalga oshirishini, yana qo‘shimcha vaqt sarflashini talab etadi. Buning natijasida sudya tomonidan ko‘riladigan boshqa ishlarning o‘z vaqtida ko‘rilishiga va ularning sifatiga ham ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shu bilan birga, bularning hammasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning xam ortiqcha vaqt va harajatlar sarflashiga ham olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |