Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet50/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   46   47   48   49   50   51   52   53   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Izoh: O‘zbekiston Respubliasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-yanvardagi 5-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi namunaviy nizomning 3-bandiga ko‘ra ekspertizalar davlat sud eksperti, boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs (keyingi o‘rinlarda ekspert deb ataladi) tomonidan o‘tkaziladi.
Ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) bilan kelishmasdan boshqa shaxslarni ekspertiza o‘tkazish uchun jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ekspertizalarni o‘tkazishda ekspertning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Surishtiruv, dastlabki tergov organlari, sud va sud muhokamasidagi taraflar sud ekspertiga faqat unga topshirilgan sud ekspertizasi va u tomonidan berilgan xulosa munosabati bilan murojaat etishga haqli.
Sud eksperti faqat o‘zi tomonidan berilgan xulosa va shaxsan o‘tkazgan tekshirishlari yuzasidan so‘roq qilinishi mumkin. Sud ekspertini u xulosa berguniga qadar so‘roq qilish taqiqlanadi.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar sud eksperti sifatida jalb etilishi mumkin emas. Shaxsning sud eksperti sifatida ishtirok etishini istisno etadigan boshqa holatlar protsessual qonunda nazarda tutiladi.
Izoh: “Sud ekspertizasi to‘g‘isida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15, 16-moddalariga asosan sud eksperti quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud ekspertizasi predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish;
sud ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish;
tergov harakatlari o‘tkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsati bilan hozir bo‘lish va shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga sud ekspertizasi predmetiga oid savollar berish;
sud muhokamasida sud ekspertizasi predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va so‘roq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish;
ashyoviy dalillar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish;
o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki sud ekspertizasi predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etish;
uning xulosasi yoki ko‘rsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan bayonotlar berish;
agar u ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, o‘z ona tilida xulosa taqdim etish va ko‘rsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish;
agar uning huquq va erkinliklarini ishni yuritayotgan organning qarorlari, shaxsning harakatlari (harakatsizligi) buzayotgan bo‘lsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Sud eksperti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Sud eksperti:
sud eksperti sifatida o‘zini o‘zi rad etishi uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, bu haqida sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yoki davlat sud-ekspertiza muassasasining yoxud boshqa tashkilotning rahbariga darhol ma’lum qilishi;
o‘ziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va to‘liq tekshirishdan o‘tkazishi, o‘z oldiga qo‘yilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona xulosa berishi;
surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning chaqiruviga binoan surishtiruvda, dastlabki tergovda yoki sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi;
o‘zi o‘tkazgan sud ekspertizasi xususida ko‘rsatuvlar berishi va o‘zi bergan xulosani tushuntirish uchun qo‘shimcha savollarga javob berishi;
sud ekspertizasini o‘tkazishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi;
taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini ta’minlashi;
ish tergov qilinayotganda va sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Ekspert: IPKning 21 va 22-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda o‘zini o‘zi rad etishi haqida darhol arz qilishi; o‘ziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va to‘liq tekshirishdan o‘tkazishi, o‘z oldiga qo‘yilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; iqtisodiy sudning chaqiruviga binoan sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi; o‘zi o‘tkazgan ekspertiza xususida ko‘rsatuvlar berishi va o‘zi bergan xulosani tushuntirish uchun qo‘shimcha savollarga javob berishi; ekspertizani o‘tkazishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini ta’minlashi; sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Ekspert: ekspertiza predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish; joyida ko‘zdan kechirishda ishtirok etish va ekspertizani o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; sud muhokamasida ekspertiza predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va guvohlarga iqtisodiy sudning ruxsati bilan savollar berish; ashyoviy dalillar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish; o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etish; uning xulosasi yoki ko‘rsatuvlari ishda ishtirok etuvchi shaxslar va guvohlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligi xususida sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan bayonotlar berish; agar u sud muhokamasi yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, o‘z ona tilida xulosa taqdim etish va ko‘rsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ishni yuritayotgan iqtisodiy sudning qarorlari, sudyaning harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
Iqtisodiy protsessual kodeksga muvofiq ekspert o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etish huquqi nazarda tutilgan.
Ushbu holatda ekspert tashabbusi huquqini amalga oshirishda uning o‘zi sud tomonidan qo‘yilmagan savollarni shakllantiradi va o‘zi lozim deb topgan javobni beradi. Bunday holatda ekspert tortishuvchilik tamoyilini buzgan holatda sudning savollarni uzil-kesil belgilashga oid vakolatlariga ham daxl qiladi.
Sud eksperti zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Sud eksperti:
sud ekspertizasini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan, ishning natijasidan o‘zining manfaatdor emasligini shubha ostiga qo‘yadigan masalalar yuzasidan protsess ishtirokchilari bilan shaxsiy aloqaga kirishishga;
sud ekspertizasini o‘tkazish uchun mustaqil ravishda materiallar to‘plashga;
sud ekspertizasi natijalarini sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) tashqari biron-bir shaxsga xabar qilishga haqli emas.
Davlat sud eksperti:
agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, davlat sud- ekspertiza muassasasi rahbaridan tashqari bevosita boshqa biron-bir organdan (shaxsdan) sud ekspertizasini o‘tkazish to‘g‘risida topshiriqlar qabul qilishga;
boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs sifatida sud ekspertizasini o‘tkazishga haqli emas.
Sud ekspertizasi bir xil (komissiyaviy sud ekspertizasi) yoki turli xil (kompleks sud ekspertizasi) sud-ekspert ixtisosligidagi bir necha sud eksperti tomonidan o‘tkazilishi mumkin.
Sud ekspertizasining sud ekspertlari komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) yoki mazkur ekspertizaning o‘tkazilishini tashkil etuvchi davlat sud-ekspertiza muassasasi yoxud boshqa tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Sud ekspertizasini o‘tkazish topshirilgan sud ekspertlari komissiyasi o‘z oldiga qo‘yilgan masalalarni hal etish zarurligidan kelib chiqib, o‘tkaziladigan tekshirishlarning maqsadi, ketma-ketligi va hajmini kelishib oladi.
Sud ekspertizasini o‘tkazish topshirilgan sud ekspertlari komissiyasi tarkibidagi har bir sud eksperti tekshirishlarni mustaqil va alohida olib boradi, shaxsan o‘zi va komissiyaning boshqa a’zolari tomonidan olingan natijalarni baholaydi hamda qo‘yilgan savollar yuzasidan o‘z maxsus bilimlari doirasida fikrlarini shakllantiradi.
Tekshirishlarning sud ekspertlari komissiyasi tarkibiga kiritilmagan shaxslar tomonidan to‘liq yoki qisman o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar sud eksperti qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-yanvardagi 5-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi namunaviy nizomning 21-bandlariga ko‘ra, ekspert quyidagi hollarda qo‘yilgan masalalar yuzasidan xulosa berish mumkin emasligi to‘g‘risida asoslangan dalolatnoma tuzadi:

  1. agar qo‘yilgan masala ekspertning maxsus bilimlari (vakolatlari) doirasidan chetga chiqsa yoki uni hal etish uchun maxsus bilimlar talab qilinmasa yoxud masala huquqiy tusga ega bo‘lsa;

  2. taqdim etilgan tekshirish obyektlari yoxud materiallar ularning to‘liq yoki sifatli emasligi tufayli xulosa berish uchun yaroqsiz bo‘lsa va to‘ldirilishi mumkin bo‘lmasa;

v) agar ilm-fan va ekspertiza amaliyotining holati qo‘yilgan masalalarga javob berish imkonini bermasa;
g) tekshirishlarni o‘tkazish va xulosalar berish uchun zarur shart-sharoitlar, uslubiy vositalar va asbob-uskunalar mavjud bo‘lmasa.
Ekspert bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, shuningdek uzrsiz sabablarga ko‘ra xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgar bo‘ladi.
Sudning chaqiruvi bo‘yicha kelish va o‘z oldiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan xolis xulosa berish ekspertning majburiyati ekanligidan kelib chiqqan holda ekspert zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaslik oqibatlari to‘g‘risidagi protsessual qonun talablariga og‘ishmay rioya qilish, shuningdek bila turib yolg‘on xulosa berganlik, sud uzrsiz deb topgan sababga ko‘ra xulosa berishdan bosh tortganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238 va 240-moddalari asosida javobgar bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirilishi lozim.
Maslahatlar (tushuntirishlar) berish va ilmiy-texnika vositalarini qo‘llashda yordam ko‘rsatish yo‘li bilan dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashda ko‘maklashish maqsadida fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilim va malakaga ega bo‘lgan, voyaga yetgan, ish natijasidan manfaatdor bo‘lmagan shaxs sud majlisida yoki protsessual harakatlarda ishtirok etish uchun sud tomonidan mutaxassis sifatida jalb qilinishi mumkin.
Mutaxassis sifatida chaqirilgan shaxs: qanday maqsadda chaqirilganligini bilish; agar tegishli bilim va malakaga ega bo‘lmasa, ish yuritishda ishtirok etishni rad qilish; sudning ruxsati bilan protsessual harakat ishtirokchilariga savollar berish; protsessual harakat ishtirokchilarining e’tiborini o‘zining dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashda, ilmiy-texnika vositalarini qo‘llashda, ekspertiza tayinlash uchun materiallar tayyorlashda ko‘maklashish chog‘idagi harakatlari bilan bog‘liq holatlarga qaratish; o‘zi ishtirok etgan protsessual harakat bayonnomasi, shuningdek sud majlisi bayonnomasining tegishli qismi bilan tanishish va uning ishtirokida amalga oshirilgan harakatlarning kechishi hamda natijalari qayd qilinishining to‘liqligi va to‘g‘riligi xususida bayonnomaga kiritilishi lozim bo‘lgan arzlar va fikrlarni bildirish; agar ish yuritishda ishtirok etish uning xizmat vazifalari doirasiga kirmasa, protsessual harakatlarni amalga oshirishdagi ishtiroki bilan bog‘liq xarajatlar o‘rni qoplanishi va bajargan ishi uchun pul mukofoti olish huquqiga ega.
Mutaxassis etib tayinlangan shaxs: sudning chaqiruvi bo‘yicha kelishi; protsessual harakatlarni amalga oshirishda va sud muhokamasida maxsus bilim, malaka va ilmiy-texnika vositalaridan foydalangan holda ishtirok etishi; maslahatlar berishi; o‘zi bajarayotgan harakatlar yuzasidan tushuntirishlar berishi shart.
Iqtisodiy protsessual kodeksning 10-moddasiga ko‘ra sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sud ishtirokchilarining tarjimon yordamida ishga taalluqli materiallar bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish hamda o‘z ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.
Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar o‘rtasidagi iqtisodiy nizolarni ko‘rib chiqish va hal qilishda davlat tili qo‘llaniladi. Iqtisodiy nizolar taraflarning roziligi bilan boshqa tilda ham ko‘rib chiqilishi mumkin.
Tarjima qilish uchun zarur bo‘lgan tillarni biladigan hamda IPKda nazarda tutilgan hollarda iqtisodiy sud tomonidan tayinlangan shaxs tarjimondir.
Tarjimon muomala layoqatiga ega bo‘lgan, 18 yoshga to‘lgan va tarjima qilish uchun yetarli bilimga ega bo‘lgan shaxs bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari, garchi tarjima qilish uchun zarur bo‘lgan tillarni bilsalar ham tarjimonlik vaziflarini o‘z zimmalariga olishga haqli emaslar.
“Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 11-moddasiga ko‘ra sudlov ishlarini yuritish davlat tilida yoki o‘sha joydagi ko‘pchilik aholi tilida olib boriladi. Ishda ishtirok etayotgan, sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarga tarjimon orqali ishga oid materiallar bilan tanishish, sud jarayonida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.
Ushbu tamoyilga rioya qilmaslik kelgusida sudning qarori bekor bo‘lishiga olib keladi. Iqtisodiy protsessual kodeksning 279, 302-moddalariga asosan ishni ko‘rishda sud ishi yuritiladigan til to‘g‘risidagi qoidalar buzilgan bo‘lsa, birinchi instansiya iqtisodiy sudning hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Iqtisodiy protsessual kodeksning 21-moddasida ko‘rsatilgan asoslarga muvofiq prokuror, ekspert, sud majlisi kotibi va tarjimon ishni ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emas va ular rad qilinishi lozim.
Sud ishga tarjimonni jalb qilish uchun ajrim chiqaradi. Shunga ko‘ra iqtisodiy sudda tarjima qilishi mumkin bo‘lgan tarjimonlar ro‘yxati bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taklif etilgan tarjimonlardan biri ham tarjimon sifatida jalb qilinishi mumkin.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritish jarayonida tarjimon tegishli huquq va majburiyatlarga ega.
Tarjimon quyidagi huquqlarga ega:

  • tarjima to'g'ri qilinishini ta'minlash uchun ishda ishtirok etayotgan shaxslarga savollar berish;

  • sud majlisi bayonnomasi yoki alohida protsessual harakatlar bilan tanishish;

  • tarjimani to‘g‘ri qayd etilayotganligi yuzasidan fikrini bildirish;

  • noto‘g‘ri tarjima qilganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligidan xabardor bo‘lish;

  • tarjimani qilganlik uchun haq olish.

Tarjimonning majburiyatlari quyidagilardan iborat:

  • iqtisodiy sudning chaqiruviga binoan kelish;

  • tarjimani aniq, to‘liq va to‘g‘ri amalga oshirishi;

  • sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.

Ushbu talablar iqtisodiy sud tomonidan jalb qilingan surdotarjimon (karlar uchun tarjimani amalga oshiruvchi shaxslar)lar uchun ham tatbiq etiladi.
Tarjimonning ishtiroki sudning hal qiluv qarorida qayd etiladi.
Tarjimonga amalga oshiriladigan to‘lovlar sud chiqimlari bo‘lib, ishning natijasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar taraflar zimmasiga yuklanadi.

Download 464.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   46   47   48   49   50   51   52   53   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling