Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet51/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Izoh: “Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarning qilgan xarajatlarini to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 4-bandiga ko‘ra tarjimonlar yozma tarjimaga har 1000 bosma (qo‘lyozma) belgi uchun eng kam ish haqiga nisbatan 0,010- 0,015 koeffitsiyenti bo‘yicha haq oladilar.
Sud majlislarida yoki surishtiruv organlari va dastlabki tergov organlari o‘tkazadigan so‘roqlarda tarjimon sifatida qatnashganlik uchun tarjimonlar eng kam ish haqiga nisbatan ishning bir soatiga 0,015-0,020 koeffitsienti bo‘yicha haq oladilar.
Ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar bajargan ishlari uchun surishtiruv yoki dastlabki tergov organlarining qaroriga yoxud sudning ajrimiga binoan haq oladilar.
Bu haqning miqdori ekspert, mutaxassis yoki tarjimonni chaqirgan idora tomonidan ularning malakasi va ishning murakkabligi, shuningdek bajarilgan ish uchun sarflangan vaqtni hisobga olib belgilanadi.
Tarjimon xulq-atvorining qonuniyligi noto‘g‘ri tarjima qilganlik uchun jinoiy javobgarlikning mavjudligi bilan uyg‘unlashadi. Tarjimon noto‘g‘ri tarjima qilganlik uchun jinoiy javobgarlik haqida ogohlatirilganligi haqida tilxat olinadi.

  1. Iqtisodiy protsessda vakillik

Iqtisodiy sudlarda tashkilotlarning ishlarini qonunda, boshqa normativ- huquqiy hujjatlarda yoki tashkilotlarning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan organlari, ya’ni vakillari orqali yuritadi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 70-moddasiga ko‘ra unitar korxonani boshqarish organi uning rahbari bo‘lib, bu rahbar mulkdor tomonidan yoki mulkdor vakil qilgan organ tomonidan tayinlanadi hamda ularga hisob beradi. Tugatilayotgan korxona nomidan tugatish komissiyasining vakolatli vakili ishtirok etadi.
Fuqarolar iqtisodiy sudlarda ishlarni shaxsan o‘zlari yoki vakillari orqali yuritishlari mumkin. Fuqaroning ishni shaxsan yuritishi uni vakilga ega bo‘lish huquqidan mahrum qilmaydi.
Iqtisodiy sudda muomalaga layoqatsiz shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ularning qonuniy vakillari - ota-onalari, farzandlikka oluvchilari, vasiylari yoki homiylari yuritadilar. Ular iqtisodiy sudda ish yuritishni vakillarga topshirishlari mumkin.
Umuman olganda, vakillik deganda bir shaxs (vakil) tomonidan boshqa shaxs (vakolat beruvchi) nomidan unga berilgan vakolat doirasida vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltirish, o‘zgartirish va bekor qilishga qaratilgan protsessual harakatlarni amalga oshiradi.
Boshqacha qilib aytganda, iqtisodiy suddagi vakillik bu vakillik qiluvchi imkon boricha ijobiy qaror qabul qilinishiga erishish, shuningdek vakolat beruvchiga o‘z huquqlarini amalga oshirishga yordam berish, ish ko‘rish jarayonida ularning huquqlari buzilishini oldini olish, shuningdek iqtisodiy sudda odil sudlovni amalga oshirish uchun ko‘maklashishga qaratilgan vakilning faoliyatidir.
Suddagi vakillar bu - ularga berilgan vakolat orqali iqtisodiy sudda vakillik qiluvchining nomidan yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlarda ishtirok etuvchi shaxslardir.
Vakillik zaruriyati shundaki, ishda ishtirok etuvchi barcha shaxslar ham muomala layoqatiga ega bo‘lmaydilar, masalan, voyaga yetmaganlar, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar. Ayrim yuridik shaxslar ham advokatga yuridik yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘ladilar.
Vakillik yuridik va jismoniy shaxslarning iqtisodiy sudda ishlar ko‘rilishida malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan xohishi bilan ifodalanadi.
Protsessual vakillik fuqarolik-huquqiy vakillik bilan umumiy jihatlarga ega bo‘lsa ham, undan farqlanuvchi bir necha belgilari ham mavjud:
birinchidan, fuqarolik huquqida vakil vakolat beruvchi nomidan vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltirish, o‘zgartirish va bekor qilishga qaratilgan bitim tuzadi. Iqtisodiy protsessda esa vakil protsessual harakatlarni amalga oshiradi. Masalan, da’vo arizasi taqdim etadi, iltimosnomalar kiritadi va boshqa holatlar;
ikkinchidan, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda vakillik to‘liq vakolat beruvchining o‘rnini bosadi, iqtisodiy protsessual munosabatlarda esa bundan tashqari vakolat beruvchi bir paytning o‘zida vakil bilan ishtirok etilishiga yo‘l qo‘yiladi. Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkor ishda shaxsan o‘zi, shuningdek vakilning xizmatidan ham foydalanib ishtirok etishi mumkin;
uchinchidan, protsessual vakillikda sudda vakil bo‘lish uchun subyektlarga ayrim talablarni ham qo‘yadi.
to‘rtinchidan, protsessual vakillik moddiy-huquqiy vakillikdan farqli ravishda vujudga kelish asoslari va keltirib chiqaradigan huquqiy oqibatlari bilan ham farqlanadi.
Protsessual vakillikning quyidagi belgilari mavjud:

  1. vakil vakillik qilinuvchining nomidan va uning manfaatlarini ko‘zlab harakat qiladi;

  2. vakil vakillik qilinuvchining huquqlari va majburiyatlarini amalga oshiradi;

  3. vakil o‘zining harakatlari bilan vakillik qilinuvchiga nisbatan huquqiy oqibatlar vujudga keltiradi;

  4. vakil unga berilgan vakolatlar doirasida harakat qiladi.

Sudda vakil sifatida faqat jismoniy shaxslar - fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Hech qanday yuridik shaxs yoki ularning alohida bo‘linmalari iqtisodiy protsessda vakilning maqomini egallay olmaydi.
Ishni iqtisodiy protsessda vakillar orqali yuritishga hamma shaxslar haqli bo‘la olmaydi. Bular taraflar, uchinchi shaxslar, nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi va mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiy sudda birinchi, apellatsiya, kassatsiya instansiyalarida va nazorat tartibida iqtisodiy sudlarning qarorlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishda hamda iqtisodiy sudlarning qarorlarini ijro etishda ham vakillikka yo‘l qo‘yiladi.
Vakil o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal etish maqsadida iqtisodiy sud bilan protsessual munosabatlarga kirishadi. Mazkur munosabatlar iqtisodiy protsessual huquq normalari bilan tartibga solinadi va protsessual xarakter kasb etadi.
Vakil va vakillik qilinuvchining munosabatlari moddiy huquq normalari (fuqarolik, mehnat) bilan tartibga solinadi va o‘z xarakteriga ko‘ra moddiy- huquqiy munosabat hisoblanadi. Masalan, tashkilot bilan huquqshunos maslahatchi o‘rtasida vujudga keluvchi munosabatlar mehnat huquqi normalari bilan tartibga solinadi, shuningdek topshiriq shartnomasidan kelib chiqadigan munosabatlar fuqarolik-huquqiy munosabat hisoblanib, fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Vakil iqtisodiy protsessda vakillik qilinuvchining - tashkilot, fuqaro yoki yakka tartibdagi tadbirkor nomidan qatnashadi. Vakil o‘z vakolatlari doirasida iqtisodiy sud bilan munosabatda bo‘ladi, shuningdek vakillik harakatlarini amalga oshiradi va vakillik qilinuvchining manfaatlarini ko‘zlab huquqiy natijalarga erishishga o‘z harakatlarini yo‘naltiradi.
Iqtisodiy protsessda vakillik mustaqil institut bo‘lib, boshqa huquqiy institutlardan farq qiladi. Iqtisodiy protsessda vakillik instituti fuqarolik huquqidagi vakillardan quyidagi jihatlari bilan farq qiladi:
vakil va vakillik qilinuvchining munosabat maqsadlari;
subyektiv tarkibi;
vujudga kelish asoslari;
yuridik harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan topshiriqning huquqiy oqibati.
Iqtisodiy protsessdagi vakillik instituti yuridik shaxs organlarining protsessdagi ishtirokidan ham farq qiladi, ya’ni yuridik shaxs va vakil, yuridik shaxs va uning organi o‘rtasida vujudga keluvchi munosabatning maqsadi va xarakteri, vakil va yuridik shaxs organining vakolatlarini vujudga kelish asoslarida namoyon bo‘ladi.
Vakillikning turlari tasniflash asoslariga qarab farqlanadi. Bir holatda vakillik vakillik qilinuvchining xohish-irodasi mavjud bo‘lgandagina vujudga kelsa, boshqa holatda esa vakillik uchun vakillik qilinuvchining roziligi talab etilmaydi. Vakillik qilinuvchi shaxslar xohish-irodasining huquqiy ahamiyatiga qarab vakillikning quyidagi turlarini ajratishimiz mumkin:
ixtiyoriy vakillik, bunda vakillik qilinuvchining roziligi majburiy
hisoblanadi;
qonuniy vakillik, uning vujudga kelishi uchun vakillik qilinuvchining roziligi talab etilmaydi.
Vakillik qiluvchi va vakillik qilinuvchi o‘rtasidagi munosabatning xarakteriga ko‘ra ixtiyoriy vakillikni quyidagi guruhlarga ajratishimiz mumkin.
Shartnomaviy vakillik, bunda vakillik qiluvchi va vakillik qilinuvchi o‘rtasida iqtisodiy sudda vakillik qilish uchun shartnomaviy munosabatlar mavjud bo‘ladi.
Jamoat vakilligi, uning vujudga kelish asosi fuqaroning jamoat birlashmalariga a’zoligidir. Ushbu munosabatlar jamoat birlashmalarining nizomlari bilan tartibga solinadi.
Shartnomaviy vakillik - fuqarolik-huquqiy shartnoma bo‘lgan topshiriq shartnomasi asosida vujudga keladi. Ya’ni topshiriq shartnomasi bo‘yicha bir taraf (vakil) ikkinchi taraf (topshiriq beruvchi)ning nomidan va uning hisobidan muayyan yuridik harakatlarni sodir etish majburiyatini oladi. Vakil tuzgan bitim bo‘yicha huquq va majburiyatlar bevosita topshiriq beruvchida vujudga keladi.
Shartnomaviy vakillik mehnat-huquqiy munosabatlar asosida bo‘lishi mumkin. Mehnat-huquqiy munosabatlarda korxonaning doimiy xodimi (huquqshunos-maslahatchi) tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur holatda vakillikning asosini korxona va xodim o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi hisoblanadi.
Shartnomaviy vakil sifatida quyidagi shaxslar ishtirok etishi mumkin: huquqshunos-maslahatchilar va korxonaning boshqa xodimlari, advokatlar, yuridik firmalarning tegishli shaxslari, boshqa sherik ishtirokchilarning topshirig‘iga ko‘ra ulardan birortasi, sud tomonidan vakillik qilish uchun ruxsat etilgan boshqa shaxslar.
Jamoat vakilligi shunday vakillikki, bunda o‘z a’zolarining ishlari yuzasidan jamoat birlashmasi tomonidan vakolat berilgan iqtisodiy protsessdagi vakillikdir. Mazkur turdagi vakillikning vujudga kelish asosi fuqaroning bu jamoat birlashmasidagi a’zoligi hisoblanadi.
Jamoat birlashmalarida a’zolik yoki ushbu birlashma faoliyati bilan shug‘ullanish vakolat beruvchining xohishi bilan vakillikni yuzaga keltirishi mumkin.
Sudda notijorat tashkilotlar vakolatli vakillari sifatida mazkur notijorat tashkilotlarda mehnat shartnomasi (kontrakt)ga asosan ishlayotgan va uning shtatida turgan shaxslar bo‘lishi mumkin.
Sudda vakil sifatida, shuningdek notijorat tashkilotlarning vakolatli vakillari ham ishtirok etishlari mumkin, basharti boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish vazifasi mazkur tashkilotlarga bevosita qonunga binoan yuklatilgan bo‘lsa (masalan, “O‘zbekiston Respublikasining Savdo- sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasi, “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasi va boshqalar).
Davlat va fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan davlat organlari sudda notijorat tashkilot vakili sifatida emas, balki protsessning boshqa ishtirokchisi - davlat boshqaruv organlari sifatida qatnashadilar.
Protsessda bir necha da’vogar yoki javobgar, shuningdek uchinchi shaxslar qatnashganda, vakillik boshqa ishtirokchilar topshirig‘iga binoan sherik ishtirokchilardan biri tomonidan, basharti ulardan hech birining manfaatlari bir- biriga zid bo‘lmasa ham amalga oshirilishi mumkin.
Qonuniy vakillik muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlarini iqtisodiy sudda himoya qilishga qaratilgan. Mazkur vakillikning asosini quyidagilar tashkil etadi:
farzandlarning mazkur ota-onadan ekanligi;
farzandlikka olish fakti;
vasiylik va homiylik tayinlanganlik to‘g‘risida hujjat.
Sudda qonuniy vakillar sifatida ota-onalar, farzandlikka oluvchilar, homiylar va vasiylar ishtirok etadilar.
Qonuniy vakillik bo'yicha vakil qilinuvchi shaxslar - voyaga yetmaganlar, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslar bo‘lishi mumkin. Qonuniy vakillar boshqa ular tomonidan tanlangan vakillarga iqtisodiy sudda ish yuritishni topshirishlari mumkin.
Iqtisodiy sudda ishlarni yuritish yuzasidan vakilning vakolatlari qonun talablariga muvofiq tartibda rasmiylashtirilishi lozim. Tashkilot nomidan harakat qiluvchi rahbarning vakolatlari ular tomonidan sudga taqdim etilgan hujjatlarda o‘z ifodasini topgan bo‘ladi.
Qonuniy vakillarning vakolatlari ularning maqomi va vakolatlari belgilangan hujjatlarda aks ettiriladi. Bunday hujjatlarga ota-onalar, farzandlikka oluvchilarning pasporti, farzandlarning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma, farzandlikka olish haqidagi hujjat. Vasiylar va homiylar iqtisodiy sudga vasiylik yoki homiylik guvohnomalarini ko‘rsatishlari lozim.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra shaxs to‘la muomala layoqatiga 18 yoshida ega bo‘ladi. Fuqaroning o‘z harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga oshirish, o‘zi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala layoqati) u voyaga yetgach, ya’ni o‘n sakkiz yoshga to‘lgach to‘la hajmda vujudga keladi. Qonunchilik mazkur layoqatga muddatidan ilgari ham ega bo‘lish holatlarini nazarda tutadi.
Voyaga yetguniga qadar qonuniy asosda nikohdan o‘tgan fuqaro nikohdan o‘tgan vaqtdan e’tiboran to‘la hajmda muomala layoqatiga ega bo‘ladi. Nikoh tuzish natijasida ega bo‘lingan muomala layoqati o‘n sakkiz yoshga to‘lmasdan turib nikoh bekor qilingan taqdirda ham to‘la saqlanib qoladi. Nikoh haqiqiy emas deb topilganida sud voyaga yetmagan er-xotin sud belgilagan paytdan boshlab to‘la muomala layoqatini yo‘qotganligi haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 28-moddasiga ko‘ra o‘n olti yoshga to‘lgan voyaga yetmagan shaxs mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan bo‘lsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, u to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsni to'la muomalaga layoqatli deb e'lon qilish (emansipatsiya) ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq yoxud bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda sudning qarori bilan amalga oshiriladi.
Ota-ona, farzandlikka oluvchilar va homiy emansipatsiya qilingan voyaga yetmaganning majburiyatlari bo'yicha, xususan, u yetkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar.
Yana bir holatga to‘xtalib o‘tsak, shaxs voyaga yetmaganligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilishi bilan bir qatorda sud tomonidan ham muomalaga layoqatsiz deb topilishi mumkin. Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaroni sud qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin va bunday fuqaroga vasiylik belgilanadi.
Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni uning vasiyi amalga oshiradi. Fuqaroning muomalaga layoqatsiz deb topilishiga sabab bo‘lgan asoslar bekor bo‘lsa, sud uni muomalaga layoqatli deb topadi va unga belgilangan vasiylikni bekor qiladi.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 31-moddasiga ko‘ra spirtli ichimliklarni yoki giyovandlik vositalarini suiiste’mol qilish natijasida o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yayotgan fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan fuqarolik protsessual qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cheklab qo‘yilishi mumkin. Unga homiylik belgilanadi. Bunday fuqaro mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuzish huquqiga ega. U boshqa bitimlarni homiyning roziligi bilangina tuzishi, shuningdek ish haqi, pensiya va boshqa daromadlar olishi hamda ularni tasarruf etishi mumkin. Biroq bunday fuqaro o‘zi tuzgan bitimlar bo‘yicha yetkazgan zarari uchun mustaqil ravishda mulkiy javobgar bo'ladi.
Fuqaroning muomala layoqati cheklanishiga sabab bo‘lgan asoslar bekor bo‘lsa, sud uning muomala layoqatini cheklashni bekor qiladi. Fuqaroga belgilangan homiylik sud qarori asosida bekor qilinadi.
Vakillarning ish yuritish yuzasidan vakolatlari qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnomada aks ettirilishi lozim. Tashkilot nomidan beriladigan ishonchnoma uning rahbari yoki bunga vakolatli boshqa shaxs tomonidan (ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan) imzolanishi va muhr bilan tasdiqlanishi lozim.
Iqtisodiy protsessual kodeks vakillik qiluvchi shaxsning mazkur tashkilotning shtat birligida ekanligini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjat taqdim etilishini talab qilmaydi. Shuning uchun vakilga berilgan ishonchnomada uning mazkur tashkilotdagi lavozimi ko‘rsatilishi lozim.
Fuqaro tomonidan beriladigan ishonchnoma notarial tartibda, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tasdiqlanishi lozim.
Iqtisodiy protsessda vakil o‘zining ish yuritish vakolatlarini, agar bu ishonchnomada nazarda tutilgan bo‘lsa boshqa shaxsga o‘tkazishga haqli.
Fuqarolik kodeksi ishonchnomaga oid qoidalarning umumiy jihatlarini nazar tutadi. Ya’ni unga ko‘ra bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchli vakil o‘ziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.
Yuridik shaxs nomidan, shuningdek yuridik shaxsga ham ishonchnoma faqat yuridik shaxsning ustavida (nizomida) ko‘rsatilgan faoliyat maqsadlariga zid bo‘lmagan bitimlarni tuzish uchungina berilishi mumkin.
Ishonchnoma oddiy yozma shaklda yoki notarial shaklda rasmiylashtiriladi.
Quyidagilar notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtiriladi:
gospitallarda, sanatoriylarda va boshqa harbiy-davolash muassasalarida davolanayotgan harbiy xizmatchilarning hamda boshqa shaxslarning shu muassasalarning boshliqlari, ularning tibbiy qism bo‘yicha o‘rinbosarlari, katta va navbatchi shifokorlari tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari;
harbiy xizmatchilarning, harbiy qismlar, qo‘shilmalar, muassasalar hamda harbiy o‘quv yurtlari joylashgan, notarial idoralar va notarial harakatlarni amalga oshiruvchi boshqa organlar bo‘lmagan punktlarda esa - ishchi va xizmatchilarning, ular oilalarining va harbiy xizmatchilar oila a’zolarining shu qism, qo‘shilma, muassasa va o‘quv yurtlarining komandirlari (boshliqlari) tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari;
ozodlikdan mahrum qilish joylarida bo‘lgan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari.
Xat-xabarlarni, shu jumladan pul va posilkalarni olishga, ish haqini hamda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa to‘lovlarni olishga, mualliflar va kashfiyotchilarga to‘lanadigan haqlarni, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarni, shuningdek bank muassasalaridan summalarni olish haqidagi ishonchnoma vakolat beruvchi ishlaydigan yoki o‘qiydigan tashkilot, u yashaydigan uyga xizmat ko‘rsatuvchi uy-joydan foydalanish tashkiloti, o‘zining yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoxud fuqaro davolanishda bo‘lgan davolash muassasasining ma’muriyati tomonidan tasdiqlanishi mumkin.
Yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnoma rahbar tomonidan imzolanib, unga ushbu yuridik shaxsning muhri bosiladi.
Davlat mulkiga asoslangan yuridik shaxs nomidan pul va boshqa mulkiy boyliklarni olish yoki topshirish uchun beriladigan ishonchnoma shu yuridik shaxsning bosh (katta) buxgalteri tomonidan ham imzolanishi kerak. Bankda operatsiyalarni amalga oshirishga ishonchnoma berish tartibi va uning shakli qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yiladi.
Ishonchnoma ko‘pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida o‘z kuchini saqlaydi.
Berilgan kuni ko‘rsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas.
Notarius tomonidan tasdiqlanib, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida harakatlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan, amal qilish muddati ko‘rsatilmagan ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan bekor qilingunicha o‘z kuchini saqlaydi.
Iqtisodiy sudda ish yuritish uchun ishonchnoma yoki vakolatlarni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni taqdim etmagan shaxs vakil sifatida ishda ishtirok etishi mumkin emas. Vakilning tegishli vakolatlari mavjud emasligi uning harakatlarining yuridik kuchini yo‘qotadi.
Iqtisodiy sud ishida ishtirok etuvchi shaxslar va ular vakillarining vakolatlarini tekshirishi lozim. Sud vakillar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tekshirganidan so‘ng vakilning vakolatlarini tan olish va uni sud majlisida ishtirok etishi uchun ruxsat qilish masalasini hal etishi lozim. Agar iqtisodiy sud zarur deb topsa, vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlarni iqtisodiy ishga qo‘shib qo‘yishi yoki sud majlisi bayonnomasiga tegishli yozuvlarni kiritishi mumkin.
Sud vakilni protsessga kiritish masalasini hal etishda quyidagi holatlarga baho berishi lozim:
shaxs tomonidan vakolatlarini tasdiqlovchi zarur hujjatlarning taqdim etilganligi;
taqdim etilgan hujjatlarning Iqtisodiy protsessual kodeks va boshqa qonunlarga muvofiqligi;
bu shaxsning vakillik qilish layoqatiga ega ekanligi.
Agar iqtisodiy sud vakil sud majlisida ishtirok etishi mumkin emas degan xulosaga kelsa vakilning ishtiroki rad etiladi va bu haqida sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
Advokat iqtisodiy sudda ish olib borish bo‘yicha protsessual vakil hisoblanadi. Vakillar iqtisodiy ishda ular vakillik qilayotgan shaxslarning nomidan ularning manfaatlariga mos ravishda va ularning topshiriqlari bo‘yicha harakat qiladilar.
Iqtisodiy sudda advokatning vakolatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi. O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, advokat o‘z kasbiy faoliyatida amaldagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi, unga yuridik yordam so‘rab murojaat etgan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya etish uchun qonunda ko‘zda tutilgan vositalar va usullardan foydalanishi shart.
Advokat muayyan ish bo‘yicha yuridik yordam ko‘rsatayotgan yoki avval yuridik yordam ko‘rsatgan shaxslarning manfaatlari ishni olib borishni so‘rab murojaat etgan shaxsning manfaatlariga zid kelgan yoki u sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruv o‘tkazuvchi shaxs, jamoat ayblovchisi, sud majlisi kotibi, ekspert, mutaxassis, jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili, guvoh, xolis, tarjimon sifatida ishtirok etgan, shuningdek ishni dastlabki tergov qilishda yoxud sudda advokatning qarindoshi bo‘lmish mansabdor shaxs ishtirok etgan yoki ishtirok etayotgan bo‘lsa, xuddi shuningdek advokat bevosita yoki bilvosita shu ishdan shaxsan manfaatdor bo‘lgan va bu hol unga o‘z ishini topshirgan shaxsning manfaatlariga zid keladigan hollarda yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi topshiriqni qabul qilishga haqli emas.
Agar iqtisodiy sudda vakolatlari tegishli tarzda rasmiylashtirilgan har qanday fuqaro, basharti u iqtisodiy sudda vakil bo‘la olmaydigan shaxslar tarkibiga kirmasa, vakil sifatida ishtirok etishi mumkin bo‘lsa, advokat sifatida esa faqat qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda advokat maqomini olgan shaxsgina ishtirok etishi mumkin.
Ishonchnoma berilgan shaxs o‘z vakolatidagi harakatlarni shaxsan amalga oshirishi shart. Basharti unga ishonchnoma bilan vakolat berilgan bo‘lsa yoki uni ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilishga sharoit majbur qilsa, u harakatlarni amalga oshirishni boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin.
Boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha berilgan ishonchnomaning amal qilish muddati uning berilishiga asos bo‘lgan asosiy ishonchnomaning amal qilish muddatidan oshib ketishi mumkin emas.
Vakolatlarini boshqaga bergan shaxs ishonchnoma bergan shaxsga buni ma’lum qilishi hamda mazkur shaxs va uning yashash joyi to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni xabar qilishi kerak. Mazkur burchlar bajarilmasa, o‘z vakolatlarini boshqaga bergan shaxs undan vakolat olgan shaxsning harakatlari uchun xuddi o‘zining harakatlari kabi javobgar bo‘ladi.
Iqtisodiy protsessual kodeksda advokatning orderi mavjudligini talab etmaydi. Shuning uchun iqtisodiy sudda ishlarni yuritish yuzasidan advokatning vakolatlarini o‘ziga vakil tomonidan beriladigan ishonchnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunda advokatning protsessual harakatlarni amalga oshirishga qaratilgan vakolatlari ishonchnomada ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, advokat iqtisodiy sudga advokatligini tasdiqlovchi guvohnomasini ham taqdim etishi lozim.
Advokat o‘z advokatlik faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining butun hududida kimningdir qo‘shimcha roziligisiz amalga oshiriladi.
IPKning 51-moddasi 1-qismiga ko‘ra vakilning vakolatlari qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomada ifoda etilgan bo‘lishi kerak. Tashkilot nomidan berilgan ishonchnomaga uning rahbari yoki ta’sis hujjatlarida shunday vakolat berilgan boshqa shaxs imzo qo‘yadi va bu imzo tashkilotning muhri bilan tasdiqlanadi.
Advokatning vakolatlari qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadi.
Advokat iqtisodiy sudda vakil sifatida qatnashadi. Iqtisodiy sudda ishni vakillar orqali olib borishning protsessual tartibi IPKning 49-moddasi 1 va 3-qismlarida belgilab qo‘yilgan.

Download 464.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling