Toshkent davlat yuridik universiteti iqtisodiy protsessual huquq


Download 464.55 Kb.
bet77/306
Sana05.02.2023
Hajmi464.55 Kb.
#1166720
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   306
Bog'liq
ИПҲ-дарслик-2018

Izoh: O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 11-moddasi tahlili shuni ko'rsatadiki, unda xususiy va ommaviy munosabatlar sohasida vujudga keluvchi huquq buzilishlarini himoya qilish usullari belgilangan. Shunday qilib, xususiy shaxslarning subyektiv fuqarolik huquqlari buzilganida agar bu huquq, buzilishlari ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan taqdirda ham himoya qilish tartibi fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Masalan, davlat organi yoki mahalliy o'zini o‘zi boshqarish organining hujjatlarini haqiqiy emas deb topish to’g’risidagi ishlar da’voli tartibda ma’muriy sudlar tomonidan ko’rib chiqiladi.
Protsessual qonunchilikka ko‘ra, iqtisodiyot sohasida tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari vujudga kelishi, o‘zgarishi yoki bo‘lish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarini aniqlash to‘g‘risidagi ishlar ham taalluqlidir. Shuningdek, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar umumiy yurisdiksiya sudlariga ham taalluqlidir. Mazkur toifadagi ishlarning iqtisodiy yoki umumiy yurisdiksiya sudlariga taalluqliligini ajratish ikkita mezon asosida amalga oshiriladi:

  1. yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktni aniqlash to‘g‘risida sudga murojaat qilish subyektiga qarab;

  2. aniqlanayotgan faktning xarakteriga ko'ra.

Ushbu toifadagi ishlarning subyektiga yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar kirsa, aniqlanayotgan faktning xarakteri subyektlarning tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatidagi yuridik ahamiyatida namoyon bo'ladi.
Iqtisodiy sudlarga tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatda huquqiy oqibat keltirib chiqaruvchi faktlarni aniqlash to'g'risidagi ishlar taalluqlidir.
Yuridik ahamiyatga ega faktlarni aniqlash to'g'risidagi ishlar, agar ularda huquq to'g'risida nizo bo'lmasa, alohida tartibdagi ish yurituvda ko'rib chiqiladi. Agar huquq to'g'risida nizo kelib chiqsa, da'voli tartibda ko'rib chiqiladi. Bunday ish yurituvda sud yuridik ahamiyatga ega fakt mavjud yoki mavjud emasligini aniqlaydi va bir vaqtning o'zida da'vogar va javobgarlarning huquq hamda majburiyatlari to'g'risidagi masalani hal etadi.
Boshqacha qilib aytganda, tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor bunday holatda mazkur faktlarni aniqlashni so'rab iqtisodiy sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega bo'la olish holatlari nazarda tutiladi. Yuridik ahamiyatga ega faktlarni aniqlash subyektiv huquqlarni himoya qilish usullaridan biri bo'lib, tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish uchun zarurdir.
Konstitutsiya har bir fuqaroga o‘z huquq va erkinliklarini sudda himoya qilinishini kafolatlaydi.
Demak, tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar hech qanday cheklovlarsiz o'zining tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatini amalga oshirishdagi huquqlarini himoya qilishni so'rab iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqiga ega. Suddan tashqari yuridik ahamiyatga ega bo'lgan faktlarni aniqlash rad etilgan takdirda ham sudga murojaat qilish huquqi cheklanmaydi.
Iqtisodiy sudlov ishlarini yuritishda iqtisodiyot sohasida fuqarolar tashkilotlarning subyektiv huquq va qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish belgilangan. Asosan buzilgan va nizolashilayotgan huquqlar da'voli tartibda ish yurituv orqali himoya qilinadi. Lekin ayrim holatlarda ba'zi huquqlar hech kim tomonidan buzilmaydi va nizolashilmaydi, ular faqat ayrim holatlarga ko'ra aniqlanmagan bo'lganligi sababli sud tomonidan himoya qilinishiga ehtiyoj sezadi. Bu holatda manfaatdor shaxslarda u yoki bu yuridik faktni iqtisodiy sudlov ishlarini yuritish tartibida belgilanishiga zaruriyat sezadi. Ya'ni fuqaro yoki tashkilotlarning huquqiy maqomi, uning mulki va boshqa holatlari aniqlanadi, chunki ular ma'lum bir huquqiy oqibatlar bilan aloqadordir. Shuning uchun ham mazkur toifadagi ishlarda huquq to'g'risidagi nizo bo'lmaganligi sababli qonunchilik ularga nisbatan alohida tartibda ish yuritish qoidalarini o'rnatgan. Mazkur turdagi ish yurituv quyidagi o'ziga xos xususiyatlarga ega:

  1. huquq to'g'risidagi nizoning mavjud emasligi (bunda bir shaxsning boshqa shaxsga nisbatan moddiy-huquqiy talabi mavjud bo'lmaydi);

  2. o'rtasida nizo kelib chiquvchi taraflarning mavjud emasligi, ya'ni da'vogar va javobgar.

Alohida toifada ish yuritish iqtisodiy sudlar tomonidan ko'rib chiqiladi va hal etiladi, ya'ni bunda Iqtisodiy protsessual kodeksning 24-bobida belgilangan unga xos xususiyatlar inobatga olinadi. Mazkur ish yurituvda da'voni tan olish, da'vo talablarini ko'paytirish yoki kamaytirish, kelishuv bitimi tuzish kabi huquqiy institutlar qo'llanilmaydi. Agarda alohida tartibda ariza berish yoki ishni ko'rish jarayonida huquq to'g'risida nizo kelib chiqsa, iqtisodiy sud da'voni ko'rmasdan qoldirish to'g'risida ajrim chiqaradi va manfaatdor shaxslarga huquq to'g'risidagi nizoni da'voli tartibda murojaat qilishi mumkinligini tushuntiradi.
Alohida tartibda ish yurituvi ham boshqa iqtisodiy sudlov ishlarini yuritish tartibi bilan o'zaro aloqador bo'lib, unda ham boshqa ishlar kabi iqtisodiy protsessining umumiy tamoyillariga asoslangan holda ishni ko'rib chiqish va hal etishning qoidalariga rioya qilinadi.
Shunday qilib, yuridik ahamiyatga ega bo'lgan faktlarni aniqlash to'g'risidagi ishlarni yuritishda odil sudlovni amalga oshirish, sudyalarning mustaqilligi, oshkoralik kabi tamoyillar tatbiq etiladi. Sud muhokamasi bosqichida oshkoralik va bevositalik tamoyillari qo'llaniladi. Lekin taraflar bo'lmaganligi sababli tortishuvchilik tamoyili da'voli tartibda ish yurituvga qaraganda kam darajada qo'llaniladi.
Iqtisodiy protsessual kodeksning 25-moddasiga ko'ra iqtisodiy sudlarga iqtisodiyot sohasida tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari vujudga kelishi, o'zgarishi yoki bekor bo'lishi uchun ahamiyatga ega bo'lgan faktlarni aniqlash to'g'risidagi ishlar taalluqdidir.
Yuridik ahamiyatga ega bo'lgan faktlarni isbotlash predmetiga quyidagilar kiradi:

  • ariza beruvchidan u aniqlashni so'rayotgan faktdan ko'zlangan maqsadni ko'rsatish talab etiladi, ya'ni huquqiy oqibat keltirib chiqaruvchi faktlarning natijasi;

  • mazkur yuridik faktlarni aniqlash natijasida fuqarolar va tashkilotlarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini vujudga keltirish, o'zgartirish va bekor qilishining oqibati. Alohida tartibda aniqlanadigan faktlarning ahamiyati moddiy huquq bilan aniqlanadi, bu holatda ish yuzasidan kim manfaatdor shaxs deb tan olinishi to'g'risidagi masala hal etiladi;

  • huquq to'g'risidagi nizoning mavjud emasligi;

  • mazkur hujjjatlarning sud tartibidan boshqacha tartibda olish imkoniyatining mavjud emasligi;

  • mazkur faktni aniqlashning boshqacha tartibi mavjud emasligi;

  • yuridik faktni aniqlashdan huquqiy maqsadning mavjudligi.

Agar ariza beruvchi yuridik ahamiyatga ega bo'lgan bir necha faktlarni aniqlash to'g'risida ariza bilan murojaat qilgan bo'lsa, arizalar birlashtirilib ko'rilishi mumkin.
Iqtisodiy sudyuridik ahamiyatga ega bo'lgan faktlarni tasdiqlash to'g'risidagi arizalarni, agar aniqlanayotgan fakt huquqiy oqibat keltirib chiqarsa, aytaylik, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tabirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatidan kelib chiqadigan huquqlarni vujudga keltirish, o'zgartirish va bekor qilishga olib keladigan holatda o‘z ish yurituviga qabul qilish va ko'rib chiqish huquqiga ega. Agar fakt hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmasa, ya'ni yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatidagi huquqlarini vujudga keltirish, o'zgartirish va bekor qilinishiga olib kelmasa sudya arizani qabul qilishni rad qilishi mumkin. Agar bu turdagi arizalar iqtisodiy sud tomonidan noto'g'ri ish yurituvga qabul qilinib, u yuzasidan sud muhokamasi boshlangan bo'lsa, sudya ish yurituvni tugatishi lozim.
Yuridik ahamiyatga ega bo'lgan faktlarni aniqlash to'g'risidagi ishlarda taraflar bo'lmaganligi sababli sudga murojaat qilgan shaxs arizachi deb ataladi.
Sudlarda yuridik ahamiyatga ega bo'lgan faktlarni aniqlash to'g'risidagi ishlar alohida javobgarga nisbatan da'vo taqdim etish bilan emas, balki yuridik ahamiyatga ega bo'lgan u yok bu holatni tasdiqlash to'g'risida iltimosnoma-ariza bilan qo'zg'atiladi.
Yuridik ahamiyatga ega bo'lgan faktlarni aniqdash to'g'risidagi ariza arizachining joylashgan yoki turar joyidagi iqtisodiy sudga takdim etiladi. Iqtisodiy sudlarda bankrotlik to'g'risidagi ishlar ham taalluqlidir.
Bankrotlik to'g'risidagi ish “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq iqtisodiy sudga murojaat etish huquqiga ega bo'lgan shaxsning (organning) arizasi asosida qarzdor joylashgan erdagi (yashash joyidagi) iqtisodiy sudtomonidan qo'zg'atiladi.
Qarzdorning bankrotligi to'g'risidagi ishlar O'zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo'yicha, “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan o'ziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda iqtisodiy sud tomonidan ko'rib chiqiladi.
Bankrotlik to'g'risidagi ishda quyidagilar ishtirok etuvchi shaxslar deb hisoblanadi:

  • qarzdor;

  • sud boshqaruvchisi;

  • kreditorlar, ular tomonidan qarzdorga “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan tartibda talablar taqdim etilgan paytdan e'tiboran;

  • bankrotlik to'g'risidagi ishlar bo'yicha davlat organi;

  • bankrotlik to'g'risidagi ish prokurorning arizasi asosida ko'rilayotgan hollarda prokuror.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda bankrotlik to'g'risidagi ishda qarzdorning xodimlari vakili, qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) vakili yoki qarzdorning mol-mulki egasi, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning vakili, kreditorlar yig'ilishi (kreditorlar qo'mitasi) vakili hamda boshqa shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Qarzdorni bankrot deb topish to'g'risidagi arizani qabul qilish va bankrotlik to'g'risidagi ishni qo'zgatish yoki arizani qabul qilishni rad etish yoxud qaytarish to'g'risidagi masalani sudya ariza tushgan paytdan e'tiboran besh kundan kechiktirmay hal etadi.
Sudya qarzdorni bankrot deb topish to'g'risida O'zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi va “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etilgan holda berilgan arizani o‘z ish yuritishiga qabul qiladi.
Sudya qarzdorni bankrot deb topish to'g'risidagi arizani ish yuritishiga qabul qilar ekan, kuzatuvni joriy etish va muvaqqiyat boshqaruvchini tayinlash to'g'risida ajrim chiqarishi mumkin.
Iqtisodiy sudning qarzdorni bankrot deb topish to'g'risidagi arizani qabul qilish va bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zgatish haqidagi ajrimi iqtisodiy sud tomonidan davlat soliq xizmati organlariga va boshqa vakolatli organlarga, qarzdor joylashgan yerdagi (yashash joyidagi) sud ijrochisiga yuboriladi. Qarzdor yuridik shaxsning o‘ziga nisbatan bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ajrimning nusxasini o‘zining vakolatxonalari va filiallari joylashgan eragi shunday shaxslar (organlar)ga yuborish majburiyati uning o‘ziga yuklatiladi.
Agar “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun 5-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan shart buzilgan bo'lsa, sudya qarzdorni bankrot deb topish to'g'risidagi arizani qabul qilishni rad etadi.
Agar qarzdorni bankrot deb topish to'g'risidagi ariza “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunning 37-44-moddalarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo'lmasa, sudya arizani qaytaradi. Ariza bilan murojaat etish qarzdorning rahbari uchun majburiy bo'lgan va arizaga “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunning 45- moddasida nazarda tutilgan hujjjatlar ilova qilinmagan hollarda bunday ariza iqtisodiy sud tomonidan qabul qilinadi, etishmayotgan hujjjatlar esa bankrotlik to'g'risidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash tartibida talab qilib olinadi.
Bankrotlik to'g'risidagi ish iqtisodiy sudning majlisida qarzdorni bankrot deb topish to'g'risidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi haqida ajrim chiqarilgan kundan e'tiboran uch oydan ortiq bo'lmagan muddatda ko'rib chiqilishi lozim. Bankrotlik to'g'risidagi ishni ko'rish alohida hollarda ikki oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Bankrotlik to'g'risidagi ishni ko'rib chiqish natijalari bo'yicha iqtisodiy sud quyidagi sud hujjatlaridan birini qabul qiladi:

  • qarzdorni bankrot deb topish to'g'risidagi va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi qaror;

  • qarzdorni bankrot deb topishni rad etish to'g'risidagi karor;

  • sud sanatsiyasini joriy etish va uning muddatini uzaytirish to'g'risidagi ajrim;

  • tashqi boshqaruvni joriy etish va uning muddatini uzaytirish to'g'risidagi ajrim;

  • bankrotlik to'g'risidagi ish yuritishni tugatish haqidagi ajrim;

  • qarzdorni bankrot deb topish to'g'risidagi arizani ko'rmasdan qoldirish haqidadagi ajrim;

  • kelishuv bitimini tasdiqlash to'g'risidagi ajrim.

Bankrotlik to'g'risidagi ish bo'yicha sud hujjjatlari, agar “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunda boshqacha qoida belgilangan bo'lmasa, darhol ijro etilishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, iqtisodiy sudlar iqtisodiyot sohasida fuqarolik, ma’muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda odil sudlovni amalga oshiruvchi organ hisoblanadi. Iqtisodiy sudlarga taalluqli normalarning aniq mezonlarga asosan ishlab chiqilganligi kelgisida bu borada kelib chiqadigan muammolarning oldini olishning vosita bo‘lib xizmat qiladi.


  1. Download 464.55 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   306




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling